Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING DAVLAT MADHIYASI TOʻGʻRISIDA
1-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining matni va musiqaviy tahriri tasdiqlansin (ilova qilinadi).
2-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat suverenitetining ramzidir.
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasiga zoʻr ehtirom bilan qarash Oʻzbekiston Respublikasi har bir fuqarosining vatanparvarlik burchidir.
3-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi:
1) Oʻzbekiston Respublikasida nishonlanadigan umumxalq bayramlariga bagʻishlangan tantanali yigʻilishlar va majlislarning ochilishi hamda yopilishi vaqtida;
2) Yangi yil kechasi Toshkent vaqti bilan soat 24 da respublika televideniyesi va respublika radiosi orqali; Oʻzbekiston Respublikasida nishonlanadigan umumxalq bayramlari kunlarida respublika televideniyesi orqali — dasturlarning boshlanishida; har kuni Oʻzbekiston radiosi respublika ichki radioeshittirishlar orqali dasturlarning boshlanishi va tugallanishi oldidan;
3) respublika hayotidagi muhim tarixiy voqealarni nishonlash yuzasidan, atoqli siyosiy, davlat va harbiy arboblar, xalq qahramonlari, fan, adabiyot va sanʼat arboblari sharafiga oʻrnatilgan haykallar, shuningdek monumentlar, yodgorliklar va boshqa inshootlarning ochilishi vaqtida;
4) davlat idoralari, korxonalar, muassasalar va jamoat birlashmalari tomonidan oʻtkaziladigan marosimlar va boshqa tantanali tadbirlarda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻini koʻtarish chogʻida;
5) rasmiy safar bilan Oʻzbekiston Respublikasiga tashrif buyurgan xorijiy mamlakatlarning davlat boshliqlari va hukumat boshliqlarini kutib olish va kuzatish vaqtida — tegishli xorijiy davlatning Davlat madhiyasi ijro qilib boʻlinganidan keyin ijro etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
4-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi ushbu Qonun talablariga rioya etgan holda davlat idoralarining, korxonalar, muassasalar va jamoat birlashmalari rahbarlarining qaroriga binoan boshqa hollarda ham ijro etilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
5-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi orkestr, xor, ham orkestr ham xor tomonidan yoki oʻzga vokal va cholgʻu asboblari bilan ijro etilishi mumkin. Bunda ovoz yozib olish vositalaridan foydalanilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi vokal hamda vokal-cholgʻu asboblari bilan ijro etilgan taqdirda toʻliq ijro etiladi, cholgʻu asboblarining oʻzida ijro etilgan taqdirda esa madhiya qisman ijro etilishiga yoʻl qoʻyiladi — ashulaning boshlanishi va naqorat bir martadan aytiladi.
6-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi madhiyaning ushbu Qonun bilan tasdiqlangan matni va musiqaviy tahririga aynan muvofiq holda ijro etilmogʻi lozim.
7-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi koʻpchilik huzurida ijro etilgan taqdirda hozir boʻlgan kishilar madhiyani tik turib, erkaklar bosh kiyimini olgan holda yoki qoʻlini chekkasiga qoʻyib tinglaydilar.
Keyingi tahrirga qarang.
8-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasini:
harbiy qismlarda, harbiy kemalarda ijro etish, shuningdek madhiya ijro etilayotgan paytda harbiy xizmatchilarning harbiy salom berishi — harbiy ustavlar bilan;
Keyingi tahrirga qarang.
ichki ishlar idoralarida ijro etish, shuningdek madhiya ijro etilayotgan paytda ichki ishlar idoralarining oddiy askarlar va boshliqlar tarkibidan boʻlgan shaxslarning salom berishi — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi belgilab qoʻyadigan qoidalar bilan;
Keyingi tahrirga qarang.
oʻquv yurtlarida ijro etish — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi manfaatdor tashkilotlar bilan kelishib turib belgilab qoʻyadigan qoidalar bilan tartibga solinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
9-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida respublika va xalqaro sport musobaqalarini oʻtkazish vaqtida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi manfaatdor tashkilotlar bilan kelishib turib belgilab qoʻyadigan qoidalarga muvofiq ijro etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Xalqaro sport musobaqalarini oʻtkazish vaqtida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasini ijro etish marosimi xalqaro sport tashkilotlarining mavjud amaliyotini inobatga olgan holda belgilanadi.
10-modda.
Xorijiy davlatlar hududida Oʻzbekiston Respublikasining muassasalari va tashkilotlari oʻtkazadigan tadbirlar vaqtida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi oʻsha mamlakat tajribasi va mahalliy urf-odatlarini inobatga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi belgilab qoʻyadigan qoidalarga muvofiq ijro etiladi.
11-modda.
Ichki ishlar idoralarida, oʻquv yurtlarida, sport musobaqalari vaqtida, shuningdek xorijiy davlatlar hududida Oʻzbekiston Respublikasining muassasalari va tashkilotlari tegishli tadbirlar oʻtkazgan vaqtda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasini ijro etish qoidalari ushbu Qonun talablariga asoslanib belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
12-modda.
Ushbu Qonunning aniq bajarilishini kuzatib borish davlat idoralarining, korxonalar, muassasalar va jamoat birlashmalarining rahbarlari zimmasiga, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻini koʻtarish vaqtida ijro etiladigan hollarda esa Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisidagi qonunning aniq bajarilishini kuzatib borishi shart boʻlgan korxonalar, muassasalar, tashkilotlar rahbarlari hamda boshqa mansabdor shaxslar zimmasiga ham yuklanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 10-dekabr,
№ 768-XII
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi
Serquyosh, hur oʻlkam, elga baxt, najot,
Sen oʻzing doʻstlarga yoʻldosh, mehribon!
Yashnagay to abad ilmu fan, ijod,
Shuhrating porlasin toki bor jahon!
Oltin bu vodiylar — jon Oʻzbekiston,
Ajdodlar mardona ruhi senga yor!
Ulugʻ xalq qudrati joʻsh urgan zamon,
Olamni mahliyo aylagan diyor!
Bagʻri keng oʻzbekning oʻchmas iymoni,
Erkin, yosh avlodlar senga zoʻr qanot!
Istiqlol mashʼali, tinchlik posboni,
Haqsevar, ona yurt, mangu boʻl obod!
Oltin bu vodiylar — jon Oʻzbekiston,
Ajdodlar mardona ruhi senga yor!
Ulugʻ xalq qudrati joʻsh urgan zamon,
Olamni mahliyo aylagan diyor!
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 1-son, 52-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 51-son, 514-modda; 2010-y., 51-son, 484-modda; 2017-y., 24-son, 487-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2018-y., 03/18/486/1559-son; 24.05.2019-y., 03/19/542/3177-son, 05.09.2019-y., 03/19/563/3685-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 09.09.2024-y., 03/24/957/0689-son)