Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligiNing
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligiNing
Qarori
Akademik litseylarda saralash imtihonlarini oʻtkazish, rasmiylashtirish va natijalarini eʼlon qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 17-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3040]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 26-avgustdagi 24-mh-sonli “Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3553, 27.08.2024-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-martdagi 212-son “Akademik litseylarga umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻquvchilarini tanlab olish, oʻqishga qabul qilish, ularning oʻqishini koʻchirish va oʻqishdan chetlatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Xalq taʼlimi vazirligi qaror qiladi:
1. Akademik litseylarda saralash imtihonlarini oʻtkazish, rasmiylashtirish va natijalarini eʼlon qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I. MADJIDOV
Toshkent sh.,
2018-yil 9-iyul,
12-2018-son
Xalq taʼlimi vaziri Sh. SHERMATOV
Toshkent sh.,
2018-yil 9-iyul,
7-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Xalq taʼlimi vazirligining 2018-yil 9-iyuldagi 12-2018, 7-mh-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Akademik litseylarda saralash imtihonlarini oʻtkazish, rasmiylashtirish va natijalarini eʼlon qilish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-martdagi 212-son “Akademik litseylarga umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻquvchilarini tanlab olish, oʻqishga qabul qilish, ularning oʻqishini koʻchirish va oʻqishdan chetlatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq akademik litseylarda saralash imtihonlarini oʻtkazish, rasmiylashtirish va natijalarini eʼlon qilish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-martdagi 212-son qarori bilan tasdiqlangan Akademik litseylarga umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻquvchilarini tanlab olish, oʻqishga qabul qilish, ularning oʻqishini koʻchirish va oʻqishdan chetlatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga asosan dastlabki tanlovdan oʻtgan 9-sinf bitiruvchilarini akademik litseylarga qabul qilish uchun saralash imtihonlari (bundan buyon matnda saralash imtihonlari deb yuritiladi) tashkil etiladi.
2. Saralash imtihonlari ijodiy imtihon yoki test sinovlari tarzida tashkil etiladi.
Saralash imtihonlarini test sinovlari yoki ijodiy imtihon shaklida oʻtkazish taʼlim yoʻnalishiga muvofiq akademik litseylar tomonidan mustaqil belgilanadi.
3. Saralash imtihonlari barcha oʻquvchilar uchun teng huquqlilik, yagona qabul qoidalari va yagona tanlov asosida amalga oshiriladi.
4. Saralash imtihonlari har yili 10-iyuldan 25-iyulga qadar oʻtkaziladi.
5. Ijodiy imtihonlar har bir fan boʻyicha Maslahat kengashi tavsiyasiga asosan oliy taʼlim muassasasi rektor buyrugʻi bilan tashkil etiladigan har biri kamida 5 — 7 nafar aʼzodan iborat komissiya tomonidan oʻtkaziladi.
6. Test sinovlari Maslahat kengashi tavsiyasiga asosan oliy taʼlim muassasasi rektori buyrugʻi bilan tashkil etiladigan kamida 7 nafar aʼzodan iborat test sinovlarini oʻtkazish boʻyicha komissiya tomonidan oʻtkaziladi.
7. Komissiya tarkibi quyidagi tartibda shakllantiriladi:
komissiya raisi — akademik litsey direktori;
komissiya aʼzolari — tegishli oliy taʼlim muassasasi hamda akademik litseyning professor-oʻqituvchilari va masʼul xodimlari;
komissiya kotibi — akademik litsey direktorining oʻrinbosari.
8. Komissiya raisi:
saralash imtihonlarida ishtirok etadigan kuzatuvchilar roʻyxatini shakllantiradi;
komissiya ishini tashkil etadi;
komissiya vazifalarini belgilaydi;
komissiya faoliyatini muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi.
Komissiya raisi mazkur Nizomda belgilangan boshqa vazifalarni ham bajaradi.
9. Komissiya saralash imtihonlarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-martdagi 212-son qarori bilan tasdiqlangan Akademik litseylarga umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻquvchilarini tanlab olish, oʻqishga qabul qilish, ularning oʻqishini koʻchirish va oʻqishdan chetlatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan tartibda tashkil etishga, shuningdek saralash imtihonlarining adolatli, oshkoralik tamoyillari asosida oʻtkazilishiga hamda imtihon natijalarining xolisligi uchun javobgar boʻladi.
2-bob. Saralash imtihonlarini oʻtkazish
1-§. Umumiy qoidalar
10. Saralash imtihonlarini oʻtkazish muddatlari va tegishli yoʻnalishlar boʻyicha saralash imtihonlari topshiriladigan fanlar roʻyxati va fanlar boʻyicha saralash imtihoni shakli, shuningdek saralash imtihonlari natijalarini baholash mezonlari saralash imtihonlari oʻtkazilishidan kamida 10 kun oldin oʻquvchilarga ular taʼlim olgan umumiy oʻrta taʼlim muassasasi orqali xabar qilinadi, shuningdek ommaviy axborot vositalari orqali, shu jumladan akademik litseyning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi va akademik litseyning eʼlonlar taxtasiga ilib qoʻyiladi.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, tegishli oliy taʼlim muassasasi rektori akademik litseylarga kirish uchun sinovlar katta sigʻimdagi binolarda oʻtkazilishi, test jarayonining eng koʻp darajada ochiqligi va shaffofligini taʼminlab, videokuzatuvlar orqali jamoatchilik, shu jumladan, oʻquvchilarning ota-onalari sinovlarni onlayn rejimida kuzatib borishlariga imkoniyat yaratilishini taʼminlaydi.
12. Oʻquvchilar chet tillar sifatida ingliz, nemis, fransuz tillaridan biri boʻyicha saralash imtihoni topshiradi. Oʻquvchi oʻqigan chet tilidan qatʼi nazar, xohlagan (ingliz, nemis, fransuz) chet tilidan saralash imtihoni topshirishi mumkin.
Agar umumiy oʻrta taʼlim muassasasida ingliz, nemis yoki fransuz tillari oʻtilmasdan boshqa chet tillari oʻqitilgan holda, shu chet tilidan test sinovi oʻrniga ijodiy imtihon topshiriladi.
13. Saralash imtihonlari savollari (topshiriqlari) akademik litsey direktorining tavsiyasiga koʻra tegishli oliy taʼlim muassasasi rektorining buyrugʻi bilan tuzilgan ekspert guruh (bundan buyon matnda Ekspert guruh deb yuritiladi) tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
Ekspert guruh aʼzolari akademik litseyning va tegishli oliy taʼlim muassasasining professor oʻqituvchilari tarkibidan shakllantiriladi.
Ekspert guruhi ishiga akademik litsey direktori rahbarlik qiladi.
14. Saralash imtihonlari savollari (topshiriqlari) Davlat taʼlim standartlari doirasida 5 — 9 sinf oʻquv dasturlariga muvofiq tuziladi.
15. Tuziladigan savollarning (topshiriqlarning) sifati va mazmuni boʻyicha ekspert guruhi aʼzolari masʼul hisoblanadi.
16. Saralash imtihonlarning savollari (topshiriqlari) saralash imtihonlar oʻtkazilishidan 5 kun oldin toʻliq ishlab chiqiladi.
Saralash imtihonlari savollari (topshiriqlari) akademik litsey direktorida saqlanadi va maxfiyligi uchun akademik litsey direktori javobgar boʻladi.
17. Saralash imtihonlari oʻquvchining tanloviga asosan oʻzbek, rus yoki qoraqalpoq tilida oʻtkaziladi.
18. Saralash imtihonlari oʻtkaziladigan kuni akademik litseylar tomonidan berilgan tegishli ruxsatnomaga ega boʻlmagan shaxslarning saralash imtihonlari oʻtkaziladigan binolarga kirishi taqiqlanadi.
Saralash imtihonlarida umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻqituvchilari, ota-onalar (vasiylar), tasarrufida akademik litseylar boʻlgan vazirlik va idoralar hamda tegishli oliy taʼlim muassasasining xodimlari kuzatuvchi sifatida ishtirok etadi.
2-§. Test sinovlarini oʻtkazish
19. Akademik litseyning ayrim taʼlim yoʻnalishlari xususiyatlaridan kelib chiqib 3 ta umumtaʼlim fanidan test sinovlari oʻtkaziladi.
20. Test sinovi oʻtkaziladigan kuni oʻquvchilar test sinovlari oʻtkaziladigan bino hududiga soat 7:00 dan boshlab videotasvir orqali shaxsini tasdiqlovchi hujjati va akademik litsey tomonidan oʻquvchiga beriladigan ruxsatnoma bilan birga kiritiladi.
Oʻquvchi test sinovlari oʻtkaziladigan binoga soat 8:20 gacha kiritiladi. Test sinovlari boshlangandan keyin oʻquvchi binoga kiritilmaydi va belgilangan vaqtda test sinovlariga kelmagan oʻquvchi uchun qoʻshimcha test sinovlari oʻtkazilmaydi.
21.Test sinovlari soat 8:30 da boshlanadi.
Soat 8:30 dan 9:00 gacha oʻquvchilar javoblar varaqasini toʻgʻri toʻldirish tartibi bilan tanishadilar, javoblar varaqasining va savollar kitobi muqovasining belgilangan joyiga oʻzi haqidagi tegishli maʼlumotlarni (F.I.O. va taʼlim yoʻnalishi) yozadi va imzosi bilan tasdiqlaydi.
Bu vaqt test oʻtkazish uchun ajratilgan vaqt meʼyoriga kirmaydi.
22. Test boshlangandan keyin hech kim test sinovlari oʻtkazilayotgan binoga kiritilmaydi va test topshiriqlari boʻyicha oʻquvchilar bilan savol-javob qilinmaydi.
Test sinovi davomida test sinovlari oʻtkazilayotgan bino eshiklari ochiq holatda turadi. Komissiya aʼzolari va kuzatuvchilar test oʻtkazilayotgan binodan chiqishi taqiqlanadi.
23. Oʻquvchi javoblar varaqasi raqami bilan savollar kitobi raqamining bir-biriga mosligini va savollar kitobida fanlar boʻyicha test savollarida tipografik xato yoki boshqa nuqsonlar yoʻqligini tekshiradi. Agar test savollarida nuqson boʻlganda soat 9.00 gacha bu haqda komissiya aʼzolariga xabar beradi va 9:00 dan keyin eʼtirozlar qabul qilinmaydi.
Nuqsonlari aniqlangan savollar kitobi va javoblar varagʻi komissiya tomonidan boshqasiga almashtirilib beriladi.
24. Oʻquvchiga test topshiriqlarini bajarish uchun har bir fandan 15 ta test savoli beriladi. Test savollarini yechish uchun oʻquvchilarga har bir fan uchun 30 daqiqa vaqt beriladi.
Har bir test savoliga 4 tadan (A, V, S, D) javoblar varianti berilgan boʻlib, oʻquvchi ulardan faqat bittasini savollar kitobchasida belgilashi (savollar kitobida belgilangan javoblarni oʻzgartirish mumkin), keyinchalik javoblar varaqasidagi mos doirachalarini belgilangan tartibda tegishli belgini (+) qoʻyishi kerak (javoblar varaqasida belgilangan javoblarni oʻzgartirish mumkin emas).
Har bir test savoliga faqat bitta javob belgilanishi shart.
Toʻldirilgan javoblar varaqasi oʻquvchining bilim darajasini belgilovchi asosiy hujjat hisoblanadi.
25. Javoblar varaqasi oʻquvchi tomonidan havorang pastali sharikli ruchka bilan toʻldiriladi.
Javoblar varaqasi toʻgʻri toʻldirilishi uchun oʻquvchi shaxsan javobgardir.
Javoblar varaqasini toʻldirishga test sinovi uchun belgilangan vaqt meʼyoriga qoʻshimcha 20 daqiqa ajratiladi.
Javoblar varaqasi namunasi har bir akademik litsey tomonidan mustaqil ravishda belgilaniladi.
26. Test sinovlarini topshirish vaqtida oʻquvchining binodan chiqishi taqiqlanadi, binodan chiqqan oʻquvchi qaytadan test sinovlariga qoʻyilmaydi, sogʻligʻi yomonlashgan holatlarda test materiallarisiz komissiya aʼzosi va tibbiy xizmat xodimi kuzatuvi ostida binodan chiqish hollari bundan mustasno.
27. Komissiya raisi tomonidan testni bajarish uchun ajratilgan vaqt tugagani va savollar kitobida belgilangan javoblarni javoblar varaqasini toʻldirish uchun qoʻshimcha vaqt boshlanganligi eʼlon qilinganda oʻquvchi savollar kitobi bilan ishlashni toʻxtatib, savollar kitobida belgilangan javoblarni javoblar varaqasining mos doirachalariga tegishli belgi (+) qoʻyishni boshlashi, qoʻshimcha ajratilgan vaqt tugagani eʼlon qilinganda javoblar varaqasi bilan ishlashni toʻxtatishi shart.
28. Test sinovlarini belgilangan muddatdan oldin tugatgan yoki test sinovlari uchun ajratilgan vaqt tugagach, oʻquvchilar test materiallarini topshiradi.
29. Komissiya aʼzolari quyidagi holatlarda test sinovi jarayonidan chetlashtiriladi:
bino va qavatga taqiqlangan vositalarni olib kirganda;
oʻquvchiga taqiqlangan vositalardan foydalanish uchun sharoit yaratib berganda;
bino va qavatda test sinovi jarayoniga boshqa shaxslarning aralashuviga, ruxsatnomasi boʻlmagan shaxslarning kirishiga yoʻl qoʻyganda;
yuklatilgan vazifalarini suiisteʼmol qilganda;
xatti-harakati test sinovini oʻtkazish tartibining buzilishiga olib kelganda;
test sinovi vaqtida komissiya aʼzosi va kuzatuvchi tomonidan auditoriya eshigi yopib qoʻyilishi yoki auditoriya eshigi oldida turib qavatdagi harakatlarni kuzatilishiga yoʻl qoʻyganda;
test sinovi jarayonida bino va qavatda nazoratni qoʻldan chiqarganda va tartibsizlik kelib chiqishiga sabab boʻlganda;
binoda test sinovi tartibini buzgan oʻquvchilarni chetlashtirish toʻgʻrisida dalolatnoma tuzilishiga qarshilik qilganda;
test sinovi jarayonida yuklatilgan vazifalarni bajara olmayotganligi aniqlanganda va shu kabi boshqa holatlarda.
30. Oʻquvchi tomonidan uyali telefonlar va boshqa aloqa vositalarini olib kirish va foydalanish qatʼiy man etiladi.
Test sinovlari oʻtkaziladigan binoga kirishda oʻquvchi mikrokalkulyator, lugʻat, jadval, kitob, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya vositalari va shpargalkalar olib kirishga harakat qilsa yoki olib kirgan boʻlsa, test sinovlari davomida test materiallarini boshqa oʻquvchiga uzatsa yoki yordam bersa, oʻquvchi test sinovlarini oʻtkazish tartibini buzgan hisoblanadi va dalolatnoma tuzilib, u test sinovidan chetlashtiriladi.
31. Oʻquvchiga test sinovlarini qayta topshirishga ruxsat berilmaydi.
32. Test sinovlari oʻtkazilayotgan vaqtda test sinovlari oʻtkazilayotgan binoda oʻquvchilar, komissiya aʼzolari va kuzatuvchilardan tashqari boshqa shaxslarning boʻlishi taqiqlanadi.
3-§. Ijodiy imtihonlarni oʻtkazish
33. Ixtisoslik xususiyatidan kelib chiqib ayrim taʼlim yoʻnalishlarida 3 ta umumtaʼlim fanidan koʻp boʻlmagan fanlardan ijodiy imtihonlar oʻtkaziladi.
34. Ijodiy imtihonlar ogʻzaki, yozma ish, insho, bayon, diktant shaklida boʻlishi mumkin. Bunda ijodiy imtihon oʻtkazish jarayonlari videotasvirga tushirilishi shart.
35. Ijodiy imtihonlar belgilangan kunda soat 8:30 da boshlanadi.
36. Ijodiy imtihonlarni oʻtkazish uchun oʻquvchilarga har bir fan uchun 45 daqiqa vaqt beriladi.
37. Oʻquvchi tomonidan uyali telefonlar va boshqa aloqa vositalarini olib kirish va foydalanish qatʼiy man etiladi.
Ijodiy imtihonlar oʻtkazilayotgan binoga kirishda oʻquvchi mikrokalkulyator, lugʻat, jadval, kitob, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya vositalari va shpargalkalar olib kirishga harakat qilsa yoki olib kirgan boʻlsa, ijodiy imtihonlar davomida boshqa oʻquvchiga yordam bersa, oʻquvchi ijodiy imtihonlarni oʻtkazish tartibini buzgan hisoblanadi va dalolatnoma tuzilib, u ijodiy imtihondan chetlashtiriladi.
38. Oʻquvchiga ijodiy imtihonlarni qayta topshirishga ruxsat berilmaydi.
39. Ijodiy imtihonlar oʻtkazilayotgan vaqtda ijodiy imtihon oʻtkazilayotgan binoda oʻquvchilar, komissiya aʼzolari va kuzatuvchilardan tashqari boshqa shaxslarning boʻlishi taqiqlanadi.
3-bob. Saralash imtihonlari natijalarini baholash, rasmiylashtirish va eʼlon qilish
40. Saralash imtihonlari 0 baldan 100 balgacha boʻlgan oraligʻida, yagona koʻp balli tizim boʻyicha baholanadi.
Baholash mezonlari har bir fanga ajratilgan umumiy ballar doirasida, oʻquvchilarga qoʻyilgan talablarning xususiyatlari hisobga olingan holda, Ekspert guruh tomonidan belgilanadi.
41. Saralash imtihonlari ijodiy imtihon shaklida oʻtkazilganda, imtihon natijalari komissiya tomonidan baholanadi.
Saralash imtihonlari test sinovlari shaklida oʻtkazilganda, imtihon natijalari Ekspert guruh tomonidan baholanadi.
Komissiya va Ekspert guruh aʼzolari tomonidan imtihon natijalarini tekshirish va baholash uchun ajratilgan xonaga uyali telefonlar va boshqa aloqa vositalarini olib kirish taqiqlanadi.
42. Saralash imtihonlari natijalari boʻyicha komissiya tomonidan qaydnoma rasmiylashtiriladi. Qaydnomada oʻquvchilarga qoʻyilgan ballar koʻrsatiladi. Bunda toʻplangan eng yuqori balldan boshlab kamayib borish tartibida joylashtiriladi. Qaydnoma komissiya raisi, kotibi, aʼzolari va tegishli ravishda Ekspert guruh aʼzolari tomonidan imzolanadi.
43. Saralash imtihonlarining natijalari test sinovlari yoki ijodiy imtihonlar oʻtkazilgan kunning ertasiga tegishliligi boʻyicha oliy taʼlim muassasasi yoki akademik litseyning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi hamda akademik litseyning eʼlonlar taxtasiga ilib qoʻyiladi.
44. Saralash imtihonlari natijalaridan norozi boʻlgan oʻquvchilar yoki uning ota-onasi yoxud ularning oʻrnini bosuvchilari (vasiylar) saralash imtihonlari natijasi eʼlon qilingandan keyin 2 kun davomida saralash imtihonlari oʻtkazilgan taʼlim muassasasida tegishli oliy taʼlim muassasasi rektorining buyrugʻi bilan tashkil etilgan apellyatsiya komissiyasiga yozma murojaat etish huquqiga ega.
Apellyatsiya shikoyatiga oʻquvchi ruxsatnomasining nusxasi ilova qilinadi. Apellyatsiya shikoyati qabul qilinganligi toʻgʻrisida oʻquvchiga yoki uning ota-onasi yoxud ularning oʻrnini bosuvchilariga (vasiylarga) xabarnoma beriladi.
Apellyatsiya komissiyasi tarkibi komissiya (Ekspert guruh) faoliyatida ishtirok etmagan oliy taʼlim muassasasi hamda akademik litsey masʼul xodimlari orasidan tuziladi.
Apellyatsiyani koʻrib chiqishda oʻquvchi yoki uning ota-onasi yoxud ularning oʻrnini bosuvchilari (vasiy) ishtirok etish huquqiga ega.
Apellyatsiya komissiyasi 24 soat ichida apellyatsiya shikoyatlarini koʻrib chiqadi. Bunda apellyatsiya komissiyasi tomonidan oʻquvchining saralash imtihonida topshirgan ishiga qoʻyilgan ballning toʻgʻriligiga baho beriladi va uning natijasi boʻyicha tegishli qaror qabul qilinadi. Qarorda oʻquvchining saralash imtihonlaridan oʻtgan yoki oʻtmaganligi koʻrsatiladi.
Qaror 24 soat ichida oʻquvchiga yetkazilishi lozim.
45. Akademik litseylarga oʻqishga qabul qilingan oʻquvchilarning saralash imtihonlari natijalari ularning shaxsiy hujjatlar yigʻma jildlariga tikib qoʻyiladi.
Oʻqishga qabul qilinmagan oʻquvchilarning saralash imtihonlari natijalari 6 oy davomida saqlanadi, belgilangan tartibda yoʻq qilinadi.
46. Oʻquvchilarni akademik litseylarga oʻqishga qabul qilishni rasmiylashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-martdagi 212-son qarori bilan tasdiqlangan Akademik litseylarga umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻquvchilarini tanlab olish, oʻqishga qabul qilish, ularning oʻqishini koʻchirish va oʻqishdan chetlatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga asosan amalga oshiriladi.
4-bob. Yakuniy qoida
47. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
(47-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.07.2018-y., 10/18/3040/1525-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)