Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Qarori
Bank xizmatlari isteʼmolchilari bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qoʻyiladigan minimal talablar toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 2-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3030]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 23-martdagi PQ-3620-son “Bank xizmatlari ommabopligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Markaziy bank Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Bank xizmatlari isteʼmolchilari bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qoʻyiladigan minimal talablar toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2018-yil 28-aprel,
16/18-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2018-yil 28-apreldagi 16/18-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Bank xizmatlari isteʼmolchilari bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qoʻyiladigan minimal talablar toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 23-martdagi PQ-3620-son “Bank xizmatlari ommabopligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq bank xizmatlari isteʼmolchilarining huquq va manfaatlarini himoyalash maqsadida bank xizmatlari isteʼmolchilari (bundan buyon matnda isteʼmolchilar deb yuritiladi) bilan munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining (bundan buyon matnda bank deb yuritiladi) faoliyatiga qoʻyiladigan minimal talablarni belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
isteʼmolchilar — bank xizmatidan foydalanish istagida bankka murojaat qilgan, ushbu xizmatdan foydalanayotgan yoki oldin foydalangan jismoniy yoki yuridik shaxslar;
shaxsiy kabinet — bankning rasmiy veb-saytida joylashtirilgan, isteʼmolchiga bank xizmatini koʻrsatish shartnomasi boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarishi yuzasidan axborot olish, shuningdek Internet tarmogʻidan foydalangan holda xabarlar almashish orqali bank bilan oʻzaro hamkorlik qilish imkonini beruvchi axborot resursi;
Keyingi tahrirga qarang.
murojaat — isteʼmolchi (yoki uning vakili) tomonidan ogʻzaki, yozma yoki elektron shaklda bankka yuborilgan bank xizmatlarini koʻrsatishga taalluqli ariza, shikoyat yoki taklif;
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Isteʼmolchilar bank va bank xizmatlarini erkin tanlash huquqiga ega.
Bank tomonidan bir xizmatning isteʼmolchiga qoʻshimcha xizmatdan foydalanish sharti bilan koʻrsatilishi taqiqlanadi.
3. Bank xizmatlari bank va isteʼmolchi oʻrtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq koʻrsatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Shartnomalarning matni isteʼmolchilar tushunishi uchun aniq va sodda tarzda bayon etilishi va kompyuter vositasida bosib chiqarishda “Times New Roman” 12 oʻlchamli shriftdan kam boʻlmagan yoki shunga oʻxshash shriftni qoʻllagan holda Misrosoft Word matn redaktoridan foydalanilishi lozim.
Isteʼmolchilar tanloviga koʻra shartnoma matni davlat yoki rus tilida tuzilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
2-bob. Isteʼmolchiga axborot berishning minimal talablari
1-§. Maʼlumotlar berishning umumiy minimal talablari
4. Bank tomonidan koʻrsatiladigan barcha xizmatlar toʻgʻrisida maʼlumotlar isteʼmolchiga oshkor etilishi lozim.
Xizmatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tijorat yoki bank sirini oʻz ichiga olmasligi zarur.
5. Bank xizmatlarini taqdim etish shartlarining oʻzgarishi haqidagi maʼlumot bankning rasmiy veb-saytida joylashtirilishi hamda bankning axborot stendlarida doimiy ravishda joylashtirilib borilishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Isteʼmolchilarga bank xizmatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar shartnomalar tuzilishidan avval bepul taqdim etilishi va tanishtirilishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Bank tomonidan isteʼmolchilarga bank xizmatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar davlat va rus tillarida yetkaziladi. Bank xizmatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning matni loʻnda, oddiy va ravon tilda bayon etilishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Isteʼmolchilarga bank tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar toʻliq va toʻgʻri tushuntirilishi lozim.
Bank xizmatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar qogʻoz shaklda berilganda “Times New Roman” 12 oʻlchamli shriftdan kam boʻlmagan yoki shunga oʻxshash shriftni qoʻllagan holda Misrosoft Word matn redaktoridan foydalanish kerak.
9. Bank tomonidan kredit boʻyicha xizmat koʻrsatish davrida isteʼmolchining ogʻzaki yoki yozma soʻrovi olingan kundan eʼtiboran bir ish kuni ichida unga quyidagi axborotlar yozma shaklda oyda bir marta bepul taqdim etiladi:
kreditlash limiti;
kredit boʻyicha toʻlangan pul mablagʻlari summasi;
asosiy summa boʻyicha qarz qoldigʻi;
navbatdagi toʻlovlarning miqdori, tarkibi va muddatlari (toʻlovlar jadvali);
kreditni muddatidan oldin qisman yoki toʻliq soʻndirish istagi bildirilgan taqdirda toʻlash lozim boʻlgan summalar miqdori;
muddati oʻtkazib yuborilgan qarzdorlik miqdori va tarkibi;
kelib tushayotgan pul mablagʻlari kredit boʻyicha qarzni soʻndirishga yoʻnaltirilishi haqida axborotlar.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Bank isteʼmolchining talabiga koʻra quyidagi hujjatlarning bank tomonidan tasdiqlangan nusxalarini bepul (bitta bank xizmatini koʻrsatish shartnomasi boʻyicha bir marta) berishga majbur:
bank va isteʼmolchi tomonidan imzolangan bank xizmatini koʻrsatish haqidagi shartnomasini;
isteʼmolchi tomonidan berilgan ariza (agar qonun hujjatlariga muvofiq bunday arizaning rasmiylashtirilishi majburiy boʻlsa yoki bankning ichki qoidalariga asosan bank xizmatini koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomani tuzish chogʻida bunday arizani rasmiylashtirilishi shart boʻlganda);
Keyingi tahrirga qarang.
isteʼmolchiga kredit berilganligini tasdiqlovchi hujjat (order, toʻlov topshiriqnomasi, elektron toʻlov vositasiga pul mablagʻlari oʻtkazilganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma);
kredit shartnomalari boʻyicha isteʼmolchi tomonidan majburiyatlari toʻliq bajarilganligini tasdiqlovchi hujjat (maʼlumotnoma).
Bank isteʼmolchining talabiga koʻra mazkur bandda nazarda tutilgan hujjatlarni ularni tayyorlash xarajatlaridan oshmaydigan haq evaziga cheklanmagan tarzda taqdim etishi mumkin. Bunday hujjatlarni taqdim etishning imkoni mavjud boʻlmagan taqdirda, bu haqida bank tomonidan isteʼmolchiga asosli ravishda yozma xabar berilishi kerak.
11. Bank isteʼmolchilarga maʼlumot berish uchun bank xizmatini koʻrsatish shartnomasini tuzish chogʻida ular bilan bogʻlanish aloqa vositalarini kelishib olishi va ushbu aloqa vositalari orqali bogʻlanish imkoniyatini taʼminlashi lozim.
12. Isteʼmolchining tegishli soʻrovi bankda roʻyxatdan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn ish kuni ichida bank xizmatini koʻrsatish haqidagi shartnoma, isteʼmolchi tomonidan berilgan ariza va isteʼmolchiga kredit berilganligini tasdiqlovchi hujjat hamda bir ish kuni ichida kredit shartnomalari boʻyicha isteʼmolchi tomonidan majburiyatlari toʻliq bajarilganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
2-§. Bankning rasmiy veb-saytida axborot berish xususiyatlari
13. Bank oʻzining rasmiy veb-saytiga ega boʻlishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Bankning rasmiy veb-saytida saytning tuzilishini bayon etuvchi, ushbu tuzilmadagi rasmiy veb-saytning har bir sahifasi joylashgan joyni qulay shaklda aniqlash imkonini beruvchi boʻlim boʻlishi kerak.
15. Bankning rasmiy veb-sayti Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 2-iyuldagi 176-son qarori bilan tasdiqlangan Aksiyadorlik jamiyatlarining korporativ veb-saytlariga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq boʻlishi kerak.
16. Bankning rasmiy veb-saytidagi axborotdan foydalanishda:
isteʼmolchilar zarur maʼlumotlardan xohlagan paytida tanishib chiqish va undan foydalanish imkoniga ega boʻlishi kerak. Maʼlumot bilan tanishganlik yoki undan boshqacha tarzda foydalanganlik uchun haq undirilmasligi hamda boshqa cheklovlar qoʻyilmasligi lozim;
isteʼmolchi maʼlumot bilan bepul va keng tarqalgan dasturiy taʼminot yordamida foydalanish imkoniga ega boʻlishi lozim;
axborot shifrlangan yoki boshqa vositalar orqali himoyalangan boʻlmasligi kerak;
bank oʻz rasmiy veb-saytida joylashtirilgan axborotdan (isteʼmolchining shaxsiy kabinetida joylashtirilgan axborotdan tashqari) foydalanish uchun isteʼmolchidan roʻyxatdan oʻtish yoki shaxsiy maʼlumotlarini taqdim etishini, shuningdek u bilan turli xil bitimlar tuzishni talab qilishga haqli emas.
17. Bank rasmiy veb-saytining mazkur bank va koʻrsatilayotgan bank xizmatlari shartlari toʻgʻrisida axborotlarni oʻz ichiga olgan boʻlimiga veb-saytning bosh sahifasidan giperhavolalar orqali bir oʻtishda kirish uchun imkoni yaratilgan boʻlishi kerak.
18. Bank isteʼmolchiga uning shaxsiy kabinetida kredit shartnomasi boʻyicha isteʼmolchi bilan tuzilgan shartnoma va unga kiritilgan oʻzgartirishlar hamda mazkur Nizomning 9-bandida koʻrsatilgan maʼlumotlardan foydalanish imkoniyatini taʼminlab berishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
3-§. Bank faoliyatga oid reklama tusidagi axborotlar berish
19. Reklama tusidagi axborot isteʼmolchining ishonchini suiisteʼmol qilmaydigan tarzda va (yoki) isteʼmolchining tajribasi va bilimi yetishmasligidan foydalanishni koʻzlamagan holda taqdim etilishi lozim.
20. Reklama tusidagi axborot bevosita yoki bilvosita, ikki xil maʼnoda qoʻllash yoki oshirib koʻrsatish vositasida isteʼmolchini chalgʻitishi, xususan bank xizmatining shartlari yuzasidan isteʼmolchining tanloviga taʼsir oʻtkazmasligi kerak.
21. Reklama beruvchi bank Internet tarmogʻida kontekstli reklamani joylashtirishda boshqa kredit tashkilotining firma nomi va (yoki) tovar belgisidan kalit soʻzlar sifatida foydalanishi mumkin emas.
22. Reklama beruvchi bank isteʼmolchiga notoʻgʻri axborot taqdim etilishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida oʻz rasmiy veb-saytini boshqa kredit tashkilotining ilgari eʼlon qilingan rasmiy veb-saytiga oʻxshatib niqoblamasligi kerak.
4-§. Isteʼmolchiga beriladigan axborotning minimal hajmi
23. Bankning axborot stendlarida va rasmiy veb-saytida quyidagi axborotlar joylashtirilishi shart:
bankning toʻliq va qisqartirilgan nomi, manzili, filiallari manzillari, ish vaqti, bogʻlanish uchun aloqa telefonlari, rasmiy veb-sayti va elektron pochta manzili;
mazkur Nizomning matni;
isteʼmolchilarga bank xizmatlarini koʻrsatish tartibi, shartlari va qiymati, shu jumladan bank xizmati boʻyicha shartnoma va boshqa hujjatlar shartlarini izohlab berilgan matni;
Keyingi tahrirga qarang.
bank operatsiyalari boʻyicha tariflar, foiz stavkalari va vositachilik haqlari toʻgʻrisida;
Keyingi tahrirga qarang.
isteʼmolchilar murojaatlarini koʻrib chiqish tartibi, shu jumladan murojaat qilish usullari va ular yoʻllanadigan manzillar toʻgʻrisida;
isteʼmolchining huquqlarini himoya qilish usullari, shu jumladan nizoni sudgacha hal etish imkoniyati va usullari haqida.
24. Bank isteʼmolchini taraflarning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi haqida xabardor qilishi, shuningdek isteʼmolchining talabiga koʻra mazkur Nizomning 23-bandida koʻrsatilgan axborotni taqdim etishi shart.
Taqdim etilayotgan xizmatlarning shartlari va qiymati haqidagi axborotni berishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
25. Bank omonati shartnomasi shartlariga omonatchining huquq va qonuniy manfaatlariga daxl qiladigan oʻzgartirishlarni bank tomonidan bir tomonlama kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
26. Bank omonati shartnomasi tuzilgunga qadar bank isteʼmolchiga ogʻzaki tarzda quyidagi axborotni taqdim etadi:
omonat turi (talab qilib olguncha, muddatli, jamgʻarma);
omonat muddati (mavjud boʻlganda);
omonatning eng kam summasi;
mukofot stavkalari;
qoʻshimcha bitim tuzmagan holda omonat muddatini uzaytirish shartlari;
omonatni toʻldirish imkoniyati;
omonatni toʻliq yoki qisman muddatidan oldin qaytarib olish shartlari;
Keyingi tahrirga qarang.
bank omonati shartnomasi boʻyicha nazarda tutilgan bank va isteʼmolchining huquq va majburiyatlari, ularning javobgarligi toʻgʻrisida.
Keyingi tahrirga qarang.
27. Kredit shartnomasi tuzilgunga qadar bank isteʼmolchiga quyidagi axborotni taqdim etadi:
kreditning eng koʻp miqdori va valyutasi, shu jumladan chet el valyutasi bilan bogʻliq ehtimoliy tavakkalchiliklari (chet el valyutasi boʻyicha kurslar oʻzgarishi natijasida yuzaga keladigan moliyaviy yoʻqotish bilan bogʻliq tavakkalchilik) haqida ogohlantiradi;
kreditdan foydalanish muddati;
foiz stavkasining yillik nominal qiymati, shuningdek isteʼmolchi murojaat qilgan sanadagi yillik real foiz stavkasining miqdori;
Keyingi tahrirga qarang.
vositachilik haqlari, tariflar va kredit olish hamda unga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa toʻlovlarning batafsil roʻyxati va miqdorlari;
kredit shartnomasi boʻyicha majburiyatlar bajarilmagan taqdirda isteʼmolchining javobgarligi va tavakkalchiliklari;
garovga qoʻyuvchi, kafil (kafolat beruvchi) va kredit shartnomasining tarafi hisoblangan boshqa shaxsning javobgarligi;
bank va isteʼmolchining huquqlari va majburiyatlari, shu jumladan muddati oʻtkazib yuborilgan qarzdorlikni undirish jarayonida isteʼmolchining huquqlari, shuningdek bank xizmatlarini koʻrsatish shartnomasida koʻzda tutilgan taraflarning javobgarligi haqidagi maʼlumotlar.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
28. Bank isteʼmolchini quyidagi omillarni hisobga olgan holda oʻz moliyaviy ahvolini tahlil qilishi zarurligi toʻgʻrisida ogohlantirishi lozim:
isteʼmolchining qarz yuki joriy moliyaviy ahvoliga mos kelishi;
bank xizmatini koʻrsatish shartnomasida koʻrsatilgan majburiyatlarini bajarishi uchun taxminan qaysi muddatlarda va qancha miqdorda pul mablagʻlari kelib tushishi kutilayotganligi (masalan, jismoniy shaxslar uchun — ish haqi toʻlanishi, boshqa daromadlar olishi davriyligi);
kredit shartnomasi boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajara olmasligiga olib kelishi mumkin boʻlgan yengib boʻlmas kuch taʼsiridagi vaziyatlar va boshqa holatlar yuz berishi ehtimoli (shu jumladan jismoniy shaxslar uchun — ishini yoʻqotish, oʻziga bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra ish haqi va boshqa turdagi daromadlarni kechikib olishi, ishga joylashishi, sogʻligʻining yomonlashganligi natijasida daromadlarining tushib ketishi);
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
29. Bank isteʼmolchi kredit shartnomasi boʻyicha oʻz majburiyatlarini lozim darajada bajarmasligi bilan bogʻliq tavakkalchiliklar toʻgʻrisida, shu jumladan isteʼmolchiga nisbatan majburiyatlarni buzganligi uchun qoʻllaniladigan neustoyka (jarima, penya) va ularning natijasida isteʼmolchining xarajatlari summasi oshishi ehtimoli toʻgʻrisida axborot beradi.
30. Bank soʻroviga javoban isteʼmolchi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar — tuzilayotgan kredit shartnomasining shartlariga taʼsir koʻrsatishi mumkinligi haqida isteʼmolchi ogohlantirilishi zarur.
Keyingi tahrirga qarang.
3-bob. Bankning isteʼmolchi bilan munosabatlarni tashkil etishi
1-§. Bank tomonidan isteʼmolchi bilan munosabatlarni amalga oshirishning asosiy qoidalari
31. Isteʼmolchida bank xizmatini koʻrsatish shartnomasi boʻyicha taraflarning oʻzaro munosabatlari yuzasidan savollar yuzaga kelganda, bank isteʼmolchiga ushbu savollarning mohiyati boʻyicha asosli javob va boshqa tegishli tushuntirishlar berishi shart. Bunda, bank isteʼmolchilarga qarz toʻlashdan boʻyin tovlash va (yoki) uni toʻlamaganlik uchun javobgarlikdan qochishning usul va yoʻllarini qoʻllash, shuningdek boshqa shunga oʻxshash masalalar yuzasidan (shu jumladan boshqa moliya tashkilotlar tomonidan koʻrsatiladigan bank xizmatlari boʻyicha ham) maslahat berish bilan bogʻliq faoliyat bilan shugʻullanishga haqli emas.
32. Isteʼmolchi ogʻzaki maslahat soʻrab murojaat qilganda kutish muddati oʻttiz daqiqadan oshmasligi kerak.
33. Bank faoliyatida insofsiz xizmat koʻrsatish amaliyotlarining qoʻllanilishiga yoʻl qoʻyilmaydi, jumladan:
isteʼmolchi boshqa kredit tashkiloti bilan bank xizmatini koʻrsatish shartnomasini tuzishiga toʻsqinlik qilish maqsadida bank tomonidan kredit byurosiga yoki boshqa tashkilotlarga notoʻgʻri axborot berish;
Keyingi tahrirga qarang.
isteʼmolchi uchun maqbul shartlarda rasmiylashtirilgan boshlangʻich qarzni qaytarish maqsadida uni boshqa kredit shartnomasini tuzishga ragʻbatlantirish;
Keyingi tahrirga qarang.
isteʼmolchilarning qarzi miqdorini oshirishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirganligi uchun bank xodimlarini mukofotlash va ragʻbatlantirish taqiqlanadi.
34. Isteʼmolchilarga kreditlar boʻyicha xizmat koʻrsatayotganda banklar kreditlash javobgarligining halollik, shaffoflik, ishonchlilik, sherikchilik munosabatlari, iqtisodiy manfaatlar va imkoniyatlarni hisobga olish tamoyillariga rioya qilishlari shart.
35. Bank:
kredit boʻyicha nominal va real foiz stavkalarni kredit berish sanasidagi eʼlon qilingan foiz stavkalari koʻrsatkichlaridan oshirmasligi (foiz toʻlovlari nominal stavka boʻyicha kredit asosiy summasining kamayib boradigan qoldigʻiga hisoblab yoziladi);
kredit shartnomasi tuzilgunga qadar mazkur Nizomning 27 — 29-bandlariga muvofiq axborot isteʼmolchiga maʼlum qilishi;
kredit shartnomasi tuzilgunga qadar qarz oluvchining toʻlovga qobiliyatliligi puxta oʻrganishi;
qonun hujjatlariga muvofiq isteʼmolchidan undirilishi taqiqlangan qoʻshimcha yigʻimlar, vositachilik haqlari va boshqa toʻlovlarni kredit shartnomasi shartlariga kiritmasligi;
Keyingi tahrirga qarang.
kredit yoki lizing shartnomasida shartnoma tuzilgandan keyin va mijoz tomonidan pul mablagʻlari olingunga yoxud lizing boʻyicha mol-mulk uchun toʻlov amalga oshirilgunga qadar boʻlgan davrda isteʼmolchining kredit yoki lizing olishdan bepul asosda voz kechish huquqini nazarda tutishi;
kredit shartnomasida jarima sanksiyalarini undirmagan holda istalgan vaqtda isteʼmolchining kreditni (lizingni) muddatidan oldin soʻndirish huquqini nazarda tutishi;
kredit qarzdorligi boʻyicha hisoblangan foizlar, vositachilik haqi va neustoykalarning (penya, jarimalar) eng koʻp umumiy summasi qonun hujjatlarida belgilangan miqdordan oshib ketmasligini nazorat qilishi;
Keyingi tahrirga qarang.
garov predmeti sifatida qoʻyilgan birdan-bir turar joy faqat sud tartibida undirilishi mumkinligini va u ommaviy savdolar orqali realizatsiya qilinishini (qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno) isteʼmolchiga maʼlum qilishi;
Keyingi tahrirga qarang.
kredit shartnomasining shartlariga qarz oluvchining huquqlarini cheklanishiga va/yoki majburiyatlarini oshirilishiga olib keluvchi oʻzgartirishlarni bir tomonlama kiritilishi yoʻl qoʻyimasligi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
351. Tijorat banklariga:
jismoniy shaxslarga xorijiy valyutada kreditlar (qarzlar) berish va kreditlar (qarzlar) boʻyicha ularning majburiyatlarini xorijiy valyutada hisobga olish;
ilgari olingan kreditlar (qarzlar) boʻyicha soʻndirilmagan muddati oʻtgan qarzdorlik mavjud boʻlgan taqdirda jismoniy shaxslarga yangi mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatish taqiqlanadi.
(351-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2019-yil 24-avgustdagi 21/13-sonli qaroriga (roʻyxat raqami 3030-2, 25.09.2019-y.) asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.09.2019-y., 10/19/3030-2/3804-son)
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
36. Kredit boʻyicha toʻlovlarni kredit shartnomasi valyutasidan boshqa valyutaga bogʻlangan holda indeksatsiya qilishni nazarda tutuvchi kredit mahsulotlaridan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
37. Bank kredit boʻyicha qarzdorlikni undirishni kredit shartnomasida va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda va asoslarda amalga oshiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Kredit boʻyicha qarzdorlikni undirish maqsadida bank qarzdorlikni soʻndirish zarurligi va kredit boʻyicha majburiyatlar bajarilmasligining oqibatlari haqida tegishli tarzda qarzdorni xabardor qiladi. Qarzdorlik toʻgʻrisidagi xabarnoma asosiy qarz summasi, hisoblangan foizlar, vositachilik haqi, neustoyka, boshqa toʻlovlar (agar mavjud boʻlsa) koʻrsatilgan holda qarzdorlik miqdori toʻgʻrisida qarzdor uchun qisqacha axborotni oʻz ichiga olgan boʻlishi kerak. Xabarnomani mahalliy vaqt bilan soat 20:00 dan 8:00 gacha qoʻlga topshirish va u haqda telefon vositalari orqali ogʻzaki eslatmalar qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
371. Qarz oluvchi kredit (qarz) boʻyicha garovda turgan oʻzining depozitidagi (omonatidagi) mablagʻlarini kredit (qarz) shartnomasi davrining xohlagan vaqtida depozit (omonatning) amal qilish muddatidan qati nazar, mazkur kreditni (qarzni) qaytarish uchun yoʻnaltirish huquqiga ega.
Bunda, qarz oluvchi kredit (qarz) boʻyicha garovda turgan oʻzining muddatli depozitidagi (omonatidagi) mablagʻlarini shartnomada koʻrsatilgan depozit (omonat) muddati tugagunga qadar kreditni (qarzni) qaytarish uchun yoʻnaltirmoqchi boʻlsa, u bu haqda bankni depozitni (omonatni) qaytarishni moʻljallayotgan sanadan kamida bir oy oldin xabardor qilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
372. Qarzdordan kreditning joriy toʻlovi uchun kreditni (qarzni) qaytarish jadvalida belgilangan summaga nisbatan koʻp mablagʻ kelib tushsa, u holda bank kelib tushgan mablagʻning ortiqcha qismini karz oluvchining kreditining (qarzning) asosiy qarzini soʻndirishga yoʻnaltiradi hamda kredit (qarz) summasini qayta hisoblaydi, agar shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa.
(371-372bandlari Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2019-yil 24-avgustdagi 21/13-sonli qaroriga (roʻyxat raqami 3030-2, 25.09.2019-y.) asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.09.2019-y., 10/19/3030-2/3804-son)
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
38. Kredit boʻyicha talabni boshqa bankka oʻtkazish faqat qarzdorning roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin. Qarzdorning roziligidan qatʼi nazar, kredit boʻyicha talabni uchinchi shaxslarga oʻtkazish boʻyicha bankning (kreditorning) huquqini kredit shartnomasiga kiritishga yoʻl qoʻyilmaydi. Kredit boʻyicha talabni uchinchi shaxsga oʻtkazish huquqi alohida bitim bilan rasmiylashtiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
2-§. Isteʼmolchilarga xizmat koʻrsatish boʻyicha minimal talablar
39. Bank:
ushbu Nizomning 23-bandida nazarda tutilgan, xizmat koʻrsatish joylarida oshkor etiladigan axborotdan barcha isteʼmolchilar butun ish vaqti davomida foydalana olishlariga imkon yaratib berish kerak;
axborot isteʼmolchilar uchun qulay va moneliksiz tanishish imkonini beradigan tarzda joylashtirilishini taʼminlashi kerak;
isteʼmolchilar bilan bevosita ishlovchi bank xodimlarini (bundan buyon matnda administratorlar deb yuritiladi) isteʼmolchilar koʻra oladigan, xodimning familiyasi, ismi va lavozimi qayd etilgan vizual identifikatsiya vositalariga ega boʻlishlarini taʼminlashi lozim;
bank xizmatlarini koʻrsatish uchun moʻljallangan joyida isteʼmolchilar va nogironligi boʻlgan hamda imkoniyati cheklangan isteʼmolchilar bilan shartnomalarni tuzish imkoniyatini taʼminlashi kerak.
40. Administratorlar ushbu Nizomda nazarda tutilgan, isteʼmolchiga beriladigan axborotning minimal hajmi sodda shaklda taqdim eta olishi, shuningdek isteʼmolchining bunday axborot qayd etilgan bank hujjatlari bilan tanishishi uchun imkon yaratishi shart.
Bank administratorlarga ushbu Nizomning 23-bandida koʻrsatilgan axborotni olish, oʻrganish va yangilash imkoniyatini taʼminlashi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
3-§. Tijorat banklarining mijozlarga xizmat koʻrsatishda qonun hujjatlari talablarini buzganlik uchun sanksiyalarin qoʻllash
401. Markaziy bank qonun hujjatlarida nazarda tutilgan barcha zaruriy hujjatlar taqdim etilganidan keyin banklar tomonidan hisobvaraqlar ochishda sababsiz kechiktirilganlik yoki ochishdan bosh tortganlik, shuningdek mazkur turdagi hisobvaraq ochish uchun ortiqcha hujjatlarni talab qilganligi uchun bank ustav kapitali eng kam miqdorining 0,02 foizi miqdorida jarima toʻlaydi.
402. Banklar tomonidan ish xaqi va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa ehtiyojlar uchun oʻz vaqtida nakd pul bermaganlik uchun mijozlarga, shu jumladan, tadbirkorlik subyektlariga ular hisobvaraqlarida mablagʻ boʻlganida bank ustav kapitali eng kam miqdorining 0,005 foizi miqdorida jarima toʻlaydi.
403. Qonun hujjatlarida oʻrnatilgan mijozlar hisobvaraqlariga pullarni hisobga kiritish va hisobdan chiqarish tartibini buzganlik uchun, elektron toʻlovlarni amalga oshirishning va xato amalga oshirilgan elektron toʻlovlarni qaytarishning oʻrnatilgan muddatlarini buzishni istisno etgan holda, bank har bir holat uchun bank ustav kapitali eng kam miqdorining 0,01 foizi miqdorida jarima toʻlaydi.
Elektron toʻlovlarni amalga oshirishning qonun hujjatlarida belgilangan muddatlari bank tomonidan buzilgan taqdirda, u mijozga kechiktirilgan har bir kun uchun kechiktirilgan elektron toʻlov summasining 0,1 foizi miqdorida, lekin kechiktirilgan elektron toʻlov summasining 10 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda penya toʻlashi shart.
Bankning aybi bilan elektron toʻlov notoʻgʻri amalga oshirilgan taqdirda, u mablagʻni xatolik aniqlangan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmasdan oluvchining hisobvaragʻiga oʻtkazishi shart. Aks holda, mijoz bankdan mablagʻlarni qaytarishni, shuningdek kechiktirilgan har bir kun uchun notoʻgʻri amalga oshirilgan elektron toʻlov summasining 0,1 foizi miqdorida, lekin notoʻgʻri amalga oshirilgan elektron toʻlov summaning 10 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda penya toʻlashni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda talab qilish huquqiga ega.
404. Mazkur Nizomning 402 va 403-bandlarida tijorat banklari uchun nazarda tutilgan sanksiyalar bank va mijoz oʻrtasida tuzilgan shartnomasida koʻrsatilishi shart.
405. Banklar quyidagi hollarda jarima toʻlashdan ozod qilinadi:
a) fors-major holatlari, shu jumladan, banklararo elektron toʻlovlar tizimida roʻy berishi mumkin boʻlgan uzilish;
b) bank mijozi tomonidan amaldagi qonunlarda belgilangan talablarga mos kelmaydigan toʻlov hujjatlari taqdim qilinganda;
v) qonunlarda belgilangan tartibga bank yoki mijoz hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalar toʻxtatilganda.
406. Tijorat banklariga nisbatan mazkur paragrafda nazarda tutilgan jarima jazo choralarini qoʻllash sud qaroriga asosan amalga oshiriladi. Bunda bu kabi nizolar yuzasidan mijozlarning oʻzlari tomonidan sudga daʼvo kiritiladi.
407. Mazkur Nizomning 401 — 403-bandlariga muvofiq bank tomonidan toʻlangan jarima summasi qisman qonunbuzarlikka yoʻl qoʻygan bank (filiali) rahbari va bosh buxgalteri tomonidan qoplanadi.”.
(3 paragraf Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2019-yil 24-avgustdagi 21/13-sonli qaroriga (roʻyxat raqami 3030-2, 25.09.2019-y.) asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.09.2019-y., 10/19/3030-2/3804-son)
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
4-bob. Qarzdorlik yuzaga kelganda banklarning isteʼmolchilar bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshirish
41. Kredit shartnomasi boʻyicha muddati oʻtkazib yuborilgan qarzdorlik yuzaga kelganda, bank isteʼmolchi zimmasidagi qarz yuki yanada oshib ketishining oldini olish maqsadida muddati oʻtkazib yuborilgan qarzdorlik yuzaga kelgan sanadan boshlab 7 (yetti) kalendar kuni davomida isteʼmolchi bilan shartnomada kelishilgan har qanday aloqa bogʻlash usullaridan, shu jumladan elektron aloqa vositalaridan yoki qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa usullardan foydalanib, isteʼmolchiga muddati oʻtkazib yuborilgan qarzdorlik yuzaga kelganligi haqida soʻndirish jadvalini ilova qilgan holda xabar berishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
42. Bank qonun hujjatlari talablarini hisobga olgan holda isteʼmol krediti shartnomasi boʻyicha isteʼmolchini muddati oʻtkazib yuborilgan qarzdorlikni qaytarish majburiyatlari bajarilmaganligi holati, muddati, summalari, tarkibi va oqibatlari haqida xabardor qilishi, isteʼmolchidan muddati oʻtkazib yuborilgan qarzdorlik yuzaga kelishi sabablari haqida soʻrashi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
43. Isteʼmolchi kredit shartnomasi boʻyicha qarzning asosiy summasini qaytarish va (yoki) foizlarni toʻlash muddatlarini buzganda, bank tegishli kredit shartnomasida nazarda tutilgan usulda nizoni sudgacha hal qilish yuzasidan oʻz talabnomasini isteʼmolchiga yetkazadi.
Keyingi tahrirga qarang.
44. Bank yoʻllaydigan talabnomada quyidagi axborot koʻrsatilgan boʻlishi kerak:
bank nomi va uni identifikatsiyalash uchun yetarli maʼlumotlar;
talabnoma tuzilgan sanadagi isteʼmolchining joriy qarzi miqdori va tarkibi;
qarzni toʻlash usul(lar)i;
talabnomada koʻrsatilgan muddatgacha isteʼmolchi oʻz majburiyatlarini bajarmasligi oqibatlari;
nizoni suddan tashqari hal qilish usullari.
Keyingi tahrirga qarang.
45. Bank va isteʼmolchi taraflarning oʻzaro roziligiga koʻra qonun hujjatlarida belgilangan nizoni hal qilishning suddan tashqari usullarini, shu jumladan muzokaralar oʻtkazish orqali, qoʻllashga haqli.
Keyingi tahrirga qarang.
46. Talabnomada belgilangan muddatda oʻttiz kun ichida isteʼmolchi unda koʻrsatilgan talablarni lozim darajada bajarmaganda, bank tegishli talab bilan sudga murojaat qilishga haqli.
Keyingi tahrirga qarang.
5-bob. Isteʼmolchilarning murojaatlarini koʻrib chiqishga qoʻyiladigan talablar
47. Bank isteʼmolchilarning murojaatlarini koʻrib chiqish tartibiga ega boʻlishi kerak. Bank isteʼmolchilarning murojaatlarini koʻrib chiqish tartibi mazkur Nizomga va qonun hujjatlariga muvofiq boʻlishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
Bank tomonidan murojaatlarni koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bankning (filialning) stendlarida va rasmiy veb-saytida joylashtirilgan boʻlishi lozim.
Isteʼmolchining talabiga muvofiq bank isteʼmolchiga murojaatlarni koʻrib chiqish tartibini tushuntirib berishi lozim.
Bank murojaatlarni oʻz vaqtida va xolisona koʻrib chiqilishini taʼminlaydi hamda uning natijalari boʻyicha murojaat etuvchilarni xabardor qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
48. Isteʼmolchilarning barcha yozma va elektron murojaatlari oʻsha kunning oʻzida, ish vaqti tugaganidan keyin kelib tushgan taqdirda esa, keyingi ish kuni murojaatlar hisobini qayd etish daftarida roʻyxatdan oʻtkazilishi kerak.
Isteʼmolchilarning murojaatlari hisobini qayd etish daftari raqamlangan, tikilgan va muhrlangan boʻlishi kerak.
Isteʼmolchilarning murojaatlari hisobini qayd etish daftari toʻliq maxfiylik va axborot xavfsizligi taʼminlangan hollarda elektron shaklda yuritilishi mumkin. Daftar kamida besh yil saqlanadi.
49. Isteʼmolchilardan kelgan murojaatlar bank (filial) rahbari koʻrsatmasiga asosan belgilangan ijrochi tomonidan koʻrib chiqiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
50. Bank (filial) rahbariyati bankning rasmiy veb-sayti va axborot stendlarida joylashtirilgan jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish jadvaliga muvofiq isteʼmolchilarni shaxsan qabul qilishlari shart. Shaxsiy qabul bayonnoma asosida rasmiylashtirilib, isteʼmolchi tomonidan imzolanadi yoki isteʼmolchini xabardor qilgan holda maxsus (audio va video) texnika vositalari orqali ovozlar yozib olinishi yoki videotasvirga tushirilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
51. Isteʼmolchilarni shaxsiy qabul qilish bankning masʼul xodimi tomonidan muntazam ravishda, bank xizmatlarini koʻrsatish uchun moʻljallangan joyda amalga oshiriladi.
52. Telefon orqali murojaat etilganda, ushbu murojaatni keyinchalik koʻrib chiqishda foydalanish maqsadida isteʼmolchini oldindan xabar qilgan holda suhbat maxsus (audio) texnika vositalari orqali yozib olinishi mumkin.
53. Bank xodimining harakatlari yoki harakatsizligi ustidan kelib tushgan murojaat, shu xodimning oʻziga koʻrib chiqish uchun topshirilishi mumkin emas.
54. Isteʼmolchining murojaati yuzasidan yoʻllanadigan javob xati bank (filial) rahbariyati tomonidan imzolanishi lozim.
Murojaatlarga javoblar mumkin qadar murojaat etilgan tilda bayon qilinadi, javoblar murojaatda koʻrsatilgan har bir masala boʻyicha vajlarni inkor etuvchi yoki tasdiqlovchi aniq asoslarni (zaruratga qarab qonun hujjatlari normalariga havolalar qilingan holda) oʻz ichiga olgan boʻlishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
55. Agar bankka bir nechta (ikki yoki undan ortiq) isteʼmolchi tomonidan murojaat etilganda, agar murojaatda javobni boshqa shaxsga yuborish talab etilmagan boʻlsa, murojaat qiluvchilarning roʻyxatida birinchi koʻrsatilgan shaxsga yuboriladi.
56. Isteʼmolchining murojaati asosli deb topilgan hollarda, bank kamchiliklarni bartaraf etish, isteʼmolchining qonuniy manfaatlari va huquqlarini tiklash yuzasidan tegishli choralarni koʻrishi zarur.
57. Bank murojaatlarni koʻrib chiqish boʻyicha ichki nazoratni taʼminlashi lozim.
58. Bank muntazam ravishda:
isteʼmolchilarning murojaatlarini monitoring qiladi, unda qayd etilgan masalalarni hamda murojaatlar dinamikasini tahlil etadi, umumlashtiradi;
isteʼmolchilarning murojaatlari bilan ishlashni takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqadi;
aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida bank faoliyatida bunday kamchiliklar takrorlanmasligini taʼminlash lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
6-bob. Yakuniy qoida
Keyingi tahrirga qarang.
59. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03.07.2018-y., 10/18/3030/1440-son; 15.07.2019-y., 10/19/3030-1/3428-son; 25.09.2019-y., 10/19/3030-2/3804-son; 22.11.2019-y., 10/19/3030-3/4059-son; 21.02.2020-y., 10/20/3030-4/0204; 07.09.2020-y., 07/20/3030-5/1266-son; 14.01.2021-y., 10/21/3030-6/0039-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son, 23.09.2021-y., 10/21/3030-7/0907-son; 27.01.2023-y., 10/23/3030-8/0057-son; 16.10.2024-y., 10/24/3030-9/0821-son; 14.07.2025-y., 10/25/3030-10/0608-son; 29.10.2025-y., 10/25/3030-11/0994-son; 03.08.2026-y., 10/26/3030-12/0810-son)