O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
O‘zbekiston davlat filarmoniyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Mamlakatda an’anaviy va akademik musiqa hamda raqs san’atini rivojlantirish, ijrochilarning kasb mahoratini oshirish va iqtidorli yoshlarni aniqlash uchun shart-sharoitlar hamda imkoniyatlar yaratilgan, musiqa ijrochilari va raqs jamoalari ijodini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirish ta’minlanmoqda.
Shu bilan birga, musiqa va raqs san’atini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat siyosatining vazifalarini kompleks hal etish ushbu sohadagi boshqaruv tizimini takomillashtirish zarurligini taqozo etmoqda.
Shuningdek, badiiy jamoalar va orkestrlarning moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash, san’atni ommalashtirishning lozim darajadagi tizimini yaratish masalalarini hal etish ehtiyoji mavjud.
Xalqimizning ma’naviy saviyasini oshirish, o‘sib kelayotgan avlodni musiqa-estetik jihatdan tarbiyalash tizimini takomillashtirish hamda milliy, mumtoz va zamonaviy san’atni targ‘ib qilish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining:
O‘zbekiston badiiy jamoalari ijodiy birlashmasi, O‘zbekiston milliy simfonik, kamerli va xalq cholg‘u asboblari orkestrlari jamoalari birlashmasi hamda “Turkiston” san’at saroyi negizida davlat muassasasi shaklida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi O‘zbekiston davlat filarmoniyasini (keyingi o‘rinlarda Davlat filarmoniyasi deb yuritiladi);
akademik va xalq badiiy jamoalari direksiyalari, birlashmalari negizida Davlat filarmoniyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi hamda viloyatlardagi hududiy bo‘linmalarini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
2. Belgilab qo‘yilsinki:
Davlat filarmoniyasi O‘zbekiston badiiy jamoalari ijodiy birlashmasi, O‘zbekiston milliy simfonik, kamerli va xalq cholg‘u asboblari orkestrlari jamoalari birlashmasi hamda “Turkiston” san’at saroyining barcha huquq, majburiyat va shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
Davlat filarmoniyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi hamda viloyatlardagi hududiy bo‘linmalari tegishli akademik va xalq badiiy jamoalari direksiyalari, birlashmalarining huquqiy vorisi hisoblanadi.
3. Quyidagilar Davlat filarmoniyasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
milliy, mumtoz va zamonaviy musiqa hamda raqs san’atini ilg‘or yutuqlar asosida rivojlantirish;
aholining musiqa va raqs san’atiga bo‘lgan ma’naviy ehtiyojini lektoriy, konsert ishlari hamda musiqiy-ma’rifiy ishlar orqali shakllantirish va qondirish;
musiqa va raqs san’ati sohasidagi ijodkorlarning samarali ish yuritishi uchun shart-sharoitlar yaratish;
musiqa va raqs san’atidagi yutuqlarni O‘zbekistonda va xorijda targ‘ib qilish;
Davlat filarmoniyasi repertuarini milliy va xorijiy mumtozning eng sara namunalari bilan to‘ldirish;
musiqiy-ma’rifiy ishlar orqali barkamol shaxsni shakllantirish, aholini estetik va axloqiy tarbiyalash, iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish;
barcha turdagi va janrdagi musiqa hamda raqs san’atini faol targ‘ib qilish, ularni radio va televideniye, boshqa ommaviy axborot vositalari orqali, shu jumladan Internet tarmog‘ida ommalashtirish;
aholini madaniy hayotga jalb etish maqsadida ularning barcha qatlamlari uchun konsert tadbirlariga borish imkoniyatlarini ta’minlash;
musiqa va raqs jamoalari hamda ijrochilarining badiiy darajasi va kasb mahoratini takomillashtirish.
4. Quyidagilar:
O‘zbekiston davlat filarmoniyasining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘linmasining tuzilmasi hamda O‘zbekiston davlat filarmoniyasi viloyatlar bo‘linmalarining namunaviy tuzilmasi 1 va 2-ilovalarga muvofiq;
O‘zbekiston davlat filarmoniyasiga operativ boshqarish uchun beriladigan bino va inshootlar ro‘yxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziriga, zarur hollarda, Davlat filarmoniyasining tuzilmasiga, shuningdek, Davlat filarmoniyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘linmasi va viloyatlar bo‘linmalarining tegishincha tuzilmasi hamda namunaviy tuzilmalariga xodimlarning tasdiqlangan umumiy cheklangan soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bir oy muddatda O‘zbekiston davlat filarmoniyasining, jumladan, moddiy-texnika bazasini mustahkamlashni nazarda tutgan holda, uning faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin.
6. Quyidagilar Davlat filarmoniyasi va uning hududiy bo‘linmalari faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari;
konsert-tomosha faoliyatidan tushumlar;
yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya institutlari hamda donor tashkilotlar grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari Davlat filarmoniyasi va uning hududiy bo‘linmalarini saqlash, jumladan, moddiy-texnika ta’minot uchun ularning o‘z daromadlari bilan qoplanmagan xarajatlarini qoplash maqsadida ajratiladi.
7. Davlat filarmoniyasi va uning hududiy bo‘linmalari artistlari hamda badiiy xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1995-yil 20-oktabrdagi “O‘zbekistonda teatr va musiqa san’atini yanada rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-1280-son Farmonining amal qilishi, artistlar hamda badiiy xodimlarning avvalgi ish joylarida uzoq muddat xizmat qilgani saqlab qolingan holda, tatbiq etilsin.
8. Belgilansinki, Davlat filarmoniyasi va uning hududiy bo‘linmalari, qonun hujjatlari talablariga rioya qilgan holda, konsert-tomosha faoliyatini tegishli litsenziyani olmasdan, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida konsert-tomosha tadbirlarini bir martalik ruxsatnoma olmasdan amalga oshirish huquqiga ega.
9. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat filarmoniyasiga samarali konsert-tomosha tadbirlari o‘tkazilishini ta’minlash uchun ikkita yengil avtomobil, ikkita katta sig‘imdagi avtobus va bitta yuk avtomobili xarid qilish uchun mablag‘lar ajratsin.
10. Davlat filarmoniyasi Toshkent shahri, Navoiy ko‘chasi, 2-uy manzilida joylashtirilsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi:
bir oy muddatda Davlat filarmoniyasi ustavini tasdiqlasin hamda uning belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin;
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Davlat filarmoniyasi hamda uning hududiy bo‘linmalari namunaviy shtatlarini tasdiqlasin;
manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.M. Sultonov va O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri B.S. Sayfullayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 27-iyun,
PQ-3813-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyundagi PQ-3813-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
O‘zbekiston davlat filarmoniyasining
TUZILMASI
Izoh. Boshqaruv xodimlarning umumiy cheklangan soni — 35 birlik.
Texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar soni qonun hujjatlarida belgilangan normativlarga muvofiq aniqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyundagi PQ-3813-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘linmasining
TUZILMASI
Izoh. Boshqaruv xodimlarning umumiy cheklangan soni — 16 birlik.
Texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar soni qonun hujjatlarida belgilangan normativlarga muvofiq aniqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyundagi PQ-3813-son qaroriga
2a-ILOVA
2a-ILOVA
O‘zbekiston davlat filarmoniyasi viloyatlar bo‘linmalarining
NAMUNAVIY TUZILMASI
Izoh. Boshqaruv xodimlarning umumiy cheklangan soni — 9 birlik.
Texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar soni qonun hujjatlarida belgilangan normativlarga muvofiq aniqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyundagi PQ-3813-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
O‘zbekiston davlat filarmoniyasiga operativ boshqarish uchun beriladigan bino va inshootlar
RO‘YXATI
1. O‘zbekiston badiiy jamoalari ijodiy birlashmasining Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Shota Rustaveli ko‘chasi, 25-uy manzilida joylashgan binosi.
2. O‘zbekiston badiiy jamoalari ijodiy birlashmasining Toshkent shahar, Yunusobod tumani, Amir Temur ko‘chasi, 119-uy, “B” korpus manzilida joylashgan binosi.
3. O‘zbekiston milliy simfonik, kamerli va xalq cholg‘u asboblari orkestrlari jamoalari birlashmasining Toshkent shahar, Yashnobod tumani, Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi, 2-uy manzilida joylashgan binosi (“Musiqa saroyi”).
4. Toshkent shahar, Navoiy ko‘chasi, 2-uy manzilida joylashgan “Turkiston” san’at saroyi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyundagi PQ-3813-son qaroriga
4-ILOVA
4-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 15-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-2778-son qaroriga kiritilayotgan
O‘ZGARTISHLAR
1. 1-ilovaning rus tilidagi matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“ORGANIZATSIONNAYA STRUKTURA
Ministerstva kulturi Respubliki Uzbekistan
Ministerstva kulturi Respubliki Uzbekistan
”.
2. 2-ilovaning rus tilidagi matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“STRUKTURA
sentralnogo apparata Ministerstva kulturi Respubliki Uzbekistan
sentralnogo apparata Ministerstva kulturi Respubliki Uzbekistan
Obshaya predelnaya chislennost upravlencheskogo personala: 49 yed.”.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.06.2018-y., 07/18/3813/1411-son)