Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Tibbiyot tashkilotlari vrachlarining kasbiy faoliyatini oʻrganish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 22-yanvardagi PF-5308-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Tibbiyot tashkilotlari vrachlarining kasbiy faoliyatini oʻrganish tartibi toʻgʻrisida Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
Tibbiyot tashkilotlari vrachlarining kasbiy faoliyatini oʻrganish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni Fargʻona viloyati davlat tibbiyot tashkilotlari faoliyatiga 2019-yil 1-yanvargacha eksperiment tariqasida joriy etsin;
2019-yil 31-yanvargacha eksperiment natijalarini tahlil etsin, uning amal qilish muddatini uzaytirish va barcha tibbiyot tashkilotlari faoliyatiga tatbiq etish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
birlamchi tibbiy hujjatlarni, jumladan, retseptni elektron shaklda toʻldirishni joriy etish va uni tegishli dorixonalardagi maʼlumotlar bazasiga joylashtirishni taʼminlaydigan axborot tizimini bosqichma-bosqich amalga kiritishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar rejasini uch oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ular qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri A.K. Shadmanov zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Taʼlim, sogʻliqni saqlash, jismoniy tarbiya, sport va turizm masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 18-iyun,
456-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 18-iyundagi 456-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Tibbiyot tashkilotlari vrachlarining kasbiy faoliyatini oʻrganish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom tibbiyot tashkilotlari vrachlarining kasbiy faoliyatini oʻrganish, tahlil qilish, davolash-diagnostika standartlariga rioya etilishini nazorat qilish, davolash jarayonida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni aniqlash, ularni oldini olish, vrachlar tomonidan yoʻl qoʻyilayotgan tizimli kamchiliklarni oldini olish boʻyicha tegishli choralar koʻrish hamda xatoga yoʻl qoʻygan vrachlarga nisbatan intizomiy taʼsir choralarini qoʻllash tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizom talablari xususiy tibbiyot tashkilotlari uchun tavsiyaviy tusga ega.
3. Tibbiyot tashkilotlari vrachlarining kasbiy faoliyatini oʻrganish ushbu Nizomga ilovaga muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
2-bob. Vrachlarning kasbiy faoliyatini oʻrganish boʻyicha ekspert guruhi faoliyatini tashkil etish
4. Har bir tibbiyot tashkilotida vrachlarning kasbiy faoliyatini oʻrganish boʻyicha ekspert guruhi (keyingi oʻrinlarda Ekspert guruhi deb ataladi) tashkil etiladi.
5. Ekspert guruhi vrachlar tomonidan bemorlarga tibbiy xizmat koʻrsatish jarayonida diagnostika va davolash standartlariga rioya etilishini nazorat qilish, vrachlarning kasbiy faoliyatini oʻrganish hamda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni aniqlash va ularning takrorlanishini oldini olish maqsadida tuziladi.
6. Qoida tariqasida, Ekspert guruhi tarkibiga tibbiyot tashkilotida koʻrsatiladigan ixtisoslik yoʻnalishlaridan bittadan vrach kiritiladi. Ekspert guruhining tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda tibbiyot tashkiloti rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
Ekspert guruhi aʼzolari soni tibbiyot tashkiloti ish hajmidan kelib chiqib, ushbu tibbiyot tashkiloti rahbari tomonidan belgilanadi.
Ekspert guruhi aʼzolari jamoatchilik asosida faoliyat yuritadi va uning aʼzolari tarkibi har yili qaytadan tasdiqlanadi.
Ekspert guruhi raisi tibbiyot tashkiloti umumiy majlisida diagnostika va bemorlarni davolash ishlarida ishtirok etadigan barcha vrachlarning uchdan ikki qismi qatnashgan holda koʻpchilik ovoz berish yoʻli bilan bir yilga saylanadi.
Nodavlat tibbiyot tashkilotlarida Ekspert guruhi aʼzoligiga boshqa tibbiyot muassasalarining tegishli tibbiy ixtisosliklar boʻyicha malakali mutaxassislari jalb etilishi mumkin.
7. Tibbiyot tashkilotida jami vrachlar soni uchtadan kam boʻlsa hamda bitta ixtisoslik yoʻnalishi boʻyicha faoliyat koʻrsatsa, ushbu tibbiyot tashkilotining bosh vrachi Ekspert guruhi vazifasini bajaradi.
8. Ekspert guruhi majlislari zaruratga qarab, biroq har oyda kamida bir marta oʻtkaziladi.
Ekspert guruhi faoliyatiga uning raisi boshchilik qiladi.
9. Ekspert guruhi majlislarida:
tibbiyot tashkiloti vrachlarining kasbiy faoliyatini oʻrganish reja-jadvali tasdiqlanadi;
tibbiyot tashkiloti vrachining kasbiy faoliyati boʻyicha tushgan shikoyatlar atroflicha oʻrganib chiqiladi;
tibbiyot tashkiloti vrachlarining kasbiy faoliyatini oʻrganish natijalari muhokama qilinadi, tegishli xulosa tayyorlanadi va tibbiyot tashkiloti rahbariga taqdim etiladi.
10. Ekspert guruhining xulosasi uning aʼzolari tomonidan ovoz berish yoʻli bilan tasdiqlanadi. Ovozlar teng boʻlib qolganda, Ekspert guruhi raisining ovozi hal qiluvchi boʻlib hisoblanadi.
11. Ekspert guruhi aʼzosining kasbiy faoliyati oʻrganilganda, uning oʻrniga sohaga oid boshqa vrach Ekspert guruhi tarkibiga kiritiladi.
12. Ekspert guruhi aʼzosi oʻziga yuklangan vazifalarni vijdonan va adolatli bajarmagan taqdirda Ekspert guruhi raisining taqdimnomasiga binoan tibbiyot tashkiloti rahbari tomonidan uning oʻrniga boshqa mutaxassis aʼzolikka jalb qilinadi.
13. Ekspert guruhiga, zarurat boʻlganda, tibbiyot tashkiloti rahbari bilan kelishgan holda boshqa tibbiyot tashkilotining malakali mutaxassislari jalb etilishi mumkin.
3-bob. Ekspert guruhining asosiy vazifalari va funksiyalari
14. Quyidagilar Ekspert guruhining asosiy vazifalari hisoblanadi:
tibbiyot tashkiloti vrachlarining kasbiy faoliyatini oʻrganish;
tizimli kasbiy xatolar sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish.
15. Ekspert guruhi oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
tibbiyot tashkilotida vrachlar tomonidan bemorlarga yuritilgan birlamchi tibbiy hujjatlarni tahlil qilish;
vrachlar tomonidan bemorlarni davolashda davolash — diagnostika standartlariga rioya qilinganligini va zarurat boʻlganda davolash jarayonida qatnashgan boshqa ixtisoslik yoʻnalishi boʻyicha vrach va paraklinik xizmatlar yozma xulosalarini tahlil qilish;
vrachlar tomonidan koʻrsatilgan tibbiy xizmat boʻyicha fuqarolarning shikoyatlarini belgilangan tartibda koʻrib chiqish;
vrachlar tomonidan koʻrsatilgan tibbiy xizmat natijasida ahvoli ogʻirlashgan yoki sogʻligʻiga zarar yetkazilgan bemorlarni aniqlash;
kasbiy xatoga yoʻl qoʻygan vrachlarning aybdorlik darajasidan kelib chiqib tegishli xulosa tayyorlash;
kasbiy xatoga yoʻl qoʻygan vrachlarga nisbatan intizomiy taʼsir choralarini qoʻllash yuzasidan tibbiyot tashkiloti rahbariga koʻrib chiqish majburiy boʻlgan takliflar kiritish;
vrachlar tomonidan yoʻl qoʻyilayotgan tizimli kasbiy xatolar sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etish yuzasidan tibbiyot tashkiloti rahbariga takliflar kiritish.
4-bob. Vrachlarning kasbiy faoliyatini oʻrganish tartibi
16. Ekspert guruhi tomonidan vrachlarining kasbiy faoliyatini oʻrganish navbati tasdiqlanadigan reja-jadval asosida amalga oshiriladi.
17. Ekspert guruhi tomonidan bitta vrachning kamida uchta bemorga oid yuritilgan tibbiy hujjatlari oʻrganib chiqiladi.
18. Vrachlarining kasbiy faoliyatini oʻrganish quyidagi metodlarda amalga oshiriladi:
bemorlarga yuritilgan tibbiy hujjatlarni oʻrganish;
bemorlar bilan bevosita suhbat oʻtkazish;
vrachning kasbiy faoliyati boʻyicha tushgan shikoyatlarni oʻrganish;
kasbiy faoliyati oʻrganilayotgan vrach bilan bevosita suhbat oʻtkazish.
19. Bemorlarga yuritilgan tibbiy hujjatlarni oʻrganishda quyidagilarga eʼtibor qaratiladi:
ambulatoriya-poliklinika tizimida — kasallik barvaqt aniqlanganligini, dispanser nazoratiga olinganligini, tekshirish va davolash taktikasi toʻgʻri belgilanganligini, statsionar davolanishga muhtoj bemorlarga yoʻllanma toʻgʻri berilganligini, bemorlarga rasmiylashtirilgan ambulatoriya kartalarini, yuritilgan tibbiy jurnallarni oʻrganib chiqish va boshqalar;
tez tibbiy yordam tizimida — chaqiriqlar oʻz vaqtida va sifatli bajarilganligini, birinchi tibbiy yordam davolash va tashxis qoʻyish standartlariga mos ravishda koʻrsatilganligini va koʻrsatmalarga muvofiq oʻz vaqtida shifoxonaga yotqizilganligini, transportirovkani toʻgʻri tashkil etilganligini va oʻz vaqtida bajarilganligini, kechikib bajarilgan chaqiriqlar sababini aniqlash va boshqalar;
statsionar bosqichda koʻrsatilgan tibbiy xizmatda — bemor qabul boʻlimida oʻtkazilgan vaqti, asosiy tashxis va uning asorati aniqlangan muddat, laboratoriya, diagnostika, konservativ va operativ davo muolajalari asosli va toʻgʻri bajarilganligini, anesteziya va reanimatsiya jarayonidagi kamchiliklarni, kechikib tashxis qoʻyish, tekshirish va davolash muolajalari nomuqobil (davolash — diagnostika standartlariga rioya qilinmagan xolda) olib borilganligi sababli kasallikning ogʻirlashuvi va uning asoratlari rivojlanishi, davolash jarayonida va tuzalishning erta davrlarida bemorlarning parvarishi toʻgʻri olib borilganligi tahlillarini amalga oshirish.
20. Vrach tomonidan bemorlarga koʻrsatilgan tibbiy xizmat sifati va uning natijadorligini oʻrganish maqsadida Ekspert guruhi tomonidan bemorlar yoki ularning qonuniy vakillari bilan bevosita suhbat oʻtkazilishi mumkin.
Bemor yoki uning qonuniy vakili bilan oʻtkazilgan suhbat dalolatnoma shaklida rasmiylashtiriladi va vrachning faoliyatini oʻrganish hujjatlariga ilova qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
21. Vrachning kasbiy faoliyati boʻyicha tushgan shikoyatlar qonunchilikda belgilangan tartibda Ekspert guruhi tomonidan oʻrganib chiqiladi.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
22. Oʻrganish natijasida vrachning kasbiy xatosi aniqlanganda quyidagi obyektiv va subyektiv holatlar tahlil qilinadi:
obyektiv sabablar — alohida holatlarda bemorlarga tibbiy yordam koʻrsatish yoki tashxis qoʻyish uchun muassasaning moddiy-texnika bazasi quvvati yetishmasligi, zarur dori vositalarining mavjud emasligi, bemorning ahvoli ogʻir holatdaligi va qisqa muddat statsionarda boʻlganligi sababli tegishli tekshirish va davolash muolajalarini oʻtkazish imkoniyati boʻlmaganligi, hayotga xavf tugʻdiruvchi holatlar paytida tibbiy koʻrsatmalarga asosan shoshilinch operatsiyalar oʻtkazilishi oqibatida bemorning ahvoli ogʻirlashishi va boshqa oʻxshash holatlar;
subyektiv sabablar — vrach bilimi saviyasining yetishmasligi oqibatida bemorning holatini toʻgʻri baholay olmaslik, mavjud imkoniyatlarga qaramasdan davolash-diagnostika standartlariga rioya qilmaslik, vrach tomonidan notoʻgʻri taktika qoʻllanilganligi, tajribasi yetishmasligi va boshqa shu kabi holatlar.
Subyektiv sabablarga koʻra bemorning sogʻligʻiga jiddiy zarar yetkazilgan yoki oʻlim holati yuzaga kelgan boʻlsa, bunda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan vrachning kasbiy faoliyati belgilangan tartibda oʻrganib chiqiladi.
23. Vrachning kasbiy faoliyatini oʻrganish yakuni boʻyicha Ekspert guruhining xulosasi shakllantiriladi.
24. Vrachning kasbiy faoliyatini oʻrganish davomida vrach tomonidan bemorga tibbiy xizmat koʻrsatilishi natijasida uning sogʻligʻi holati ogʻirlashgan yoki sogʻligʻiga zarar yetkazilganligi aniqlansa, vrach aybi bilan bemorga yetkazilgan moddiy zararning taxminiy miqdori va kasbiy xatoga yoʻl qoʻygan vrachga nisbatan intizomiy taʼsir chorasini qoʻllash masalasi Ekspert guruhi xulosasida aks ettiriladi.
25. Ekspert guruhi xulosasi Ekspert guruhi majlisida muhokama qilinadi va uning raisi tomonidan tasdiqlanadi. Faoliyati oʻrganilgan vrach Ekspert guruhining majlislarida ishtirok etish va Ekspert guruhi xulosasi yuzasidan oʻz fikrlarini bildirish huquqiga ega.
26. Ekspert guruhi xulosasi belgilangan tartibda tasdiqlanganidan soʻng tegishli tibbiyot tashkiloti rahbariga bir ish kuni ichida taqdim etiladi.
27. Tibbiyot tashkiloti rahbari uch ish kunida Ekspert guruhi xulosasi asosida kasbiy xatoga yoʻl qoʻygan shifokorga nisbatan mehnat haqidagi qonunlarda belgilangan tartibda taʼsir choralarini qoʻllaydi.
28. Agar vrach Ekspert guruhi xulosasida aks ettirilgan kasbiy xatoni tan olsa va bemorga yetkazilgan moddiy zararni ixtiyoriy ravishda qoplasa, ushbu vrachga nisbatan tibbiyot tashkiloti rahbari tomonidan moddiy taʼsir chorasi qoʻllanilmaydi.
29. Tibbiyot tashkiloti rahbari Ekspert guruhi xulosasini hamda uning yuzasidan koʻrilgan choralar haqida maʼlumotlarni vrachning kasbiy faoliyatidan zarar koʻrgan bemorga uch ish kunida, shuningdek, umumlashtirilgan maʼlumotlarni har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga taqdim etadi.
30. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Nazorat inspeksiyasi Ekspert guruhlari xulosalarini toʻplash va ular yuzasidan koʻrilgan choralarni umumlashtirish, kasbiy xatoga yoʻl qoʻygan vrachlar haqida maʼlumotlarni yuritishga masʼul hisoblanadi.
31. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi vrachlar tomonidan yoʻl qoʻyilayotgan tizimli kamchiliklarni oʻrganadi va ularni bartaraf etish hamda oldini olish boʻyicha tegishli koʻrsatmalar beradi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
32. Faoliyati oʻrganilgan vrach Ekspert guruhi xulosasidan norozi boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega.
Oldingi tahrirga qarang.
33. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(33-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Tibbiyot tashkilotlari vrachlarining kasbiy faoliyatini oʻrganish tartibi toʻgʻrisida nizomga
ILOVA
ILOVA
Tibbiyot tashkilotlari vrachlarining kasbiy faoliyatini oʻrganish tartibi
SXEMASI
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.06.2018-y., 09/18/456/1362-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)