Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi huzuridagi Foydali qazilmalar zaxiralari boʻyicha Davlat komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 1-martdagi PQ-3578-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi huzuridagi Foydali qazilmalar zaxiralari boʻyicha davlat komissiyasi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin:
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Foydali qazilmalar zaxiralari boʻyicha davlat komissiyasi haqidagi Nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida” 2010-yil 24-dekabrdagi 310-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2010-y., 12-son, 72-modda);
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Statistik, soliq va moliyaviy hisobotlarni, litsenziyalanadigan faoliyat turlarini va ruxsat berish tartib-tamoyillarini tubdan qisqartirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2012-yil 16-iyuldagi PF-4453-son Farmoni)” 2012-yil 1-noyabrdagi 313-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2012-y., 11-son, 79-modda) 1-ilovaning 106-bandi.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — “Oʻzbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi A.S. Sultanov va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi raisi B.F. Islamov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 23-may,
388-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-maydagi 388-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi huzuridagi Foydali qazilmalar zaxiralari boʻyicha davlat komissiyasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi huzuridagi Foydali qazilmalar zaxiralari boʻyicha davlat komissiyasining (keyingi oʻrinlarda Davlat komissiyasi deb ataladi) asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari, javobgarligi va faoliyatining tashkiliy asoslarini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Davlat komissiyasi geologiya materiallarini davlat ekspertizasidan oʻtkazuvchi va foydali qazilmalar zaxiralarini tasdiqlovchi kollegial organ hisoblanadi.
3. Davlat komissiyasi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
4. Davlat komissiyasining oʻz vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha qarorlari yer osti boyliklarini geologik jihatdan oʻrganish, kon-qazib olish korxonalarini loyihalashtirish, qurish va rekonstruksiya qilish, mineral xom ashyoni qazib olish va qayta ishlash hamda chiqindilarni saqlash va koʻmib tashlash maqsadida yer osti inshootlarini qurish va ulardan foydalanishni amalga oshiruvchi barcha yuridik va jismoniy shaxslar uchun majburiy hisoblanadi.
2-bob. Davlat komissiyasining vazifalari va funksiyalari
5. Quyidagilar Davlat komissiyasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
foydali qazilmalar zaxiralarini tasniflash hamda hisoblab chiqish, ularni geologiya-iqtisodiy jihatdan baholash va ularning sanoatdagi ahamiyatini aniqlashning maqbul prinsiplarini belgilash sohasida yagona siyosatni oʻtkazish;
geologik materiallarni davlat ekspertizasidan oʻtkazish;
oqilona iqtisodiy va ekologik asosda konlar zaxiralarini eng toʻliq va kompleks qazib olish talablariga muvofiq boʻlgan yer osti boyliklaridagi foydali qazilmalar zaxiralarini ishonchli hisoblab chiqish uchun konditsiyalarni tasdiqlash;
respublikaning mineral xom ashyo bazasini rivojlantirishni taʼminlovchi foydali qazilmalarning barcha turlari zaxiralarini tasdiqlash.
6. Davlat komissiyasi oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
a) foydali qazilmalar zaxiralarini tasniflash hamda hisoblab chiqish, ularni geologik-iqtisodiy jihatdan baholash va ularning sanoatdagi ahamiyatini aniqlashning maqbul prinsiplarini belgilash sohasida yagona siyosatni oʻtkazish sohasida:
foydali qazilmalar zaxiralarini tasniflash va hisoblab chiqishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, bosqichlar boʻyicha geologiya-qidiruv ishlarini olib borish, shuningdek, konlarning sanoatdagi ahamiyatini (kondinsiyalarning dastlabki texnik-iqtisodiy asoslanishini, shu jumladan, neft va gaz kondensati qazib olishning cheklangan koeffitsiyentlarini, konditsiyalarning texnik-iqtisodiy asoslanishini) geologiya-iqtisodiy jihatdan baholash jarayonida metodik rahbarlikni amalga oshiradi;
b) geologiya materiallarini davlat ekspertizasidan oʻtkazish sohasida:
foydali qazilmalar zaxiralarini hisoblab chiqqan holda geologiya materiallari ekspertizasini tashkil qiladi va foydali qazilmalarning hisoblab chiqilgan zaxiralarini tasdiqlaydi, ushbu zaxiralarning oʻrganilganlik va ishonchlilik darajasining foydali qazilmalar konlari zaxiralarining amaldagi tasniflariga muvofiqligini, ularning sanoatdagi ahamiyatini hamda konlarning (yoki ular qismlarining) sanoat yoʻli bilan oʻzlashtirishga tayyorligini belgilaydi. Foydali qazilmalar zaxiralari konni geologik oʻrganishning barcha bosqichlarida konditsiyalarning texnik-iqtisodiy asoslanishi va zaxiralarni hisoblab chiqish boʻyicha taqdim etilgan materiallar zaxiralarning miqdori, sifati va sanoatdagi ahamiyati boʻyicha xolisona baholash imkonini bergan taqdirda tasdiqlanishi mumkin;
chiqindilarni saqlash va koʻmib tashlash maqsadida qurilish va (yoki) yer osti inshootlaridan foydalanish uchun beriladigan yer qaʼri uchastkalari boʻyicha geologik materiallar va boshqa materiallar ekspertizasini tashkil qiladi, ushbu uchastkalarning belgilangan maqsadga muvofiq foydalanish uchun yaroqliligini aniqlaydi;
geologik materiallarning ekspertizasini tashkil qiladi va yer qaʼridan foydalanish huquqiga litsenziya bergan organning, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi huzuridagi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasining, yer qaʼridan foydalanuvchining taqdimnomasi boʻyicha, shuningdek, litsenziya berilgan vaqtda foydali qazilmalarning yangi turlari yoki qoʻshimcha komponentlar mavjudligi, shuningdek, foydali qazilmalarning yangi xossalari yoki sifatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar aniqlangan taqdirda xatlovdan oʻtkazish natijalari boʻyicha foydali qazilmalar zaxiralarini qayta tasdiqlaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
v) oqilona iqtisodiy va ekologik asosda konlar zaxiralarini eng toʻliq va kompleks qazib olish talablariga muvofiq boʻlgan yer osti boyliklaridagi foydali qazilmalar zaxiralarini ishonchli hisoblab chiqish uchun konditsiyalarni tasdiqlash sohasida;
konditsiyalar loyihalarining texnik-iqtisodiy asoslanishi ekspertizasini tashkil qiladi va har bir kon boʻyicha foydali qazilmalar zaxiralarini hisoblab chiqish uchun ushbu konditsiyalar parametrlarini (koʻrsatkichlarini) tasdiqlaydi;
neft va gaz kondensati zaxiralarini qazib olishning cheklangan koeffitsiyentlari texnik-iqtisodiy asoslanishi ekspertizasini tashkil qiladi va qazib olinadigan zaxiralarni hisoblab chiqish uchun ularni tasdiqlaydi;
g) respublikaning mineral xom ashyo bazasini rivojlantirishni taʼminlovchi foydali qazilmalar barcha turlarining zaxiralarini tasdiqlash sohasida:
texnik-iqtisodiy asoslash mavjud boʻlgan taqdirda yangi konditsiyalarni tasdiqlaydi va qoʻshimcha geologiya-qidiruv ishlari olib borilganda yoki konni (uning ayrim qismlari va uchastkalarini) qazib olishda dastlabki konditsiyalarda qabul qilinganlarga nisbatan geologik, kon-texnik, iqtisodiy va boshqa shartlar oʻzgargan taqdirda, ular asosida hisoblab chiqilgan foydali qazilmalar zaxiralarini qayta tasdiqlaydi;
sanoat uchun ahamiyatini yoʻqotgan yoxud keyingi geologiya-qidiruv ishlarida yoki konni qazib olishda tasdiqlanmagan foydali qazilmalar zaxiralarini yer qaʼridan foydalanuvchining balansidan belgilangan tartibda chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
3-bob. Davlat komissiyasining huquqlari va javobgarligi
7. Davlat komissiyasi quyidagi huquqlarga ega:
Davlat komissiyasiga taqdim etilgan konditsiyalarning texnik-iqtisodiy asoslanishini, neft va gaz kondensatini qazib olish koeffitsiyentlarini, foydali qazilmalar hisobini tekshirish uchun zarur boʻlgan geologiya axborotlari hamda boshqa maʼlumotlarni Davlat komissiyasining koʻrib chiqishi uchun konditsiyalar loyihalarini taqdim etishning yillik rejalari va jadvallarini, foydali qazilmalar zaxiralarining holati va harakati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan birga hisobotlarni geologiya-qidiruv ishlarini olib boruvchi va foydali qazilmalarni qazib oluvchi tashkilotlardan belgilangan tartibda soʻrash va olish;
yigʻilishlar, seminarlar oʻtkazish, Davlat komissiyasining vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha xorijiy mamlakatlarning shunga oʻxshash organlari bilan ilmiy-texnik aloqalar oʻrnatish;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasiga (keyingi oʻrinlarda Davlat geologiya qoʻmitasi deb ataladi) keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish uchun yer qaʼri toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritish.
8. Davlat komissiyasi mineral xom ashyoga konditsiyalar, neft va gaz kondensati qazib olish koeffitsiyentlari, tasdiqlanayotgan zaxiralar miqdori va sifati, sanoat maqsadida oʻzlashtirish uchun konlarning (yoki ular qismlarining) tayyorligini baholash yuzasidan qabul qilingan qarorlarning asoslanganligi yuzasidan qonun hujjatlariga muvofiq javob beradi.
4-bob. Davlat komissiyasi faoliyatini tashkil etish
9. Davlat komissiyasi tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
10. Davlat komissiyasining raisi:
Davlat komissiyasi faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi va unga yuklangan vazifalarning bajarilishi uchun javob beradi;
Davlat komissiyasi raisi oʻrinbosari va Davlat komissiyasi aʼzolarining ushbu Nizomda nazarda tutilgan vazifalarga muvofiq huquq va majburiyatlarini belgilaydi;
Davlat komissiyasining ish rejalarini, Davlat komissiyasiga tushgan materiallarni koʻrib chiqish jadvallarini tasdiqlaydi;
Davlat komissiyasi majlislarida raislik qiladi.
Rais boʻlmaganda Davlat komissiyasi majlisi Davlat komissiyasi raisi oʻrinbosari tomonidan oʻtkaziladi.
11. Davlat komissiyasi tarkibiga manfaatdor vazirliklar va idoralarning, shuningdek, respublikaning yetakchi kon qazib olish korxonalari va Davlat geologiya qoʻmitasi ixtisosli tashkilotlarining rahbarlari va malakali mutaxassislari kiradi.
12. Davlat geologiya qoʻmitasining Foydali qazilmalar zaxiralari boʻlimi Davlat komissiyasining ishchi organi (keyingi oʻrinlarda ishchi organ deb ataladi) funksiyasini bajaradi.
13. Ishchi organ:
bajaruvchi tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan konditsiyalarning texnik-iqtisodiy asoslanishi va foydali qazilmalar zaxiralarini hisoblab chiqish materiallarini, shuningdek, boshqa geologik materiallarni Davlat komissiyasining koʻrib chiqishi uchun qabul qilib oladi;
koʻrib chiqilayotgan obyektlarning murakkabligiga koʻra ekspertizalarning zarur turlarini va ularni oʻtkazish uchun ekspertlarning shaxsiy tarkibini belgilaydi;
koʻrib chiqilayotgan masalalar boʻyicha ekspertlar tomonidan xulosalarning oʻz vaqtida taqdim etilishini, ularning toʻliqligi va xolisonaligini nazorat qiladi;
taqdim etilgan materiallarning bajaruvchi tashkilotlaridan mineral xom ashyo uchun konditsiyalarning texnik-iqtisodiy asoslanishini, neft va gaz kondensati qazib olish koeffitsiyentlarini, foydali qazilmalar zaxiralari hisobini, chiqindilarni saqlash va koʻmib tashlash maqsadida foydalanish uchun moʻljallanayotgan yer qaʼri uchastkalari boʻyicha geologik va boshqa maʼlumotlarning toʻliqligi baholanishini tekshirish uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha maʼlumotlarni soʻrab oladi;
geologiya-qidiruv ishlarini va foydali qazilmalarni qazib olish ishlarini olib borayotgan tashkilotlardan Davlat komissiyasi tomonidan koʻrib chiqish uchun konditsiyalar loyihalarini, zaxiralarni hisoblab chiqishga doir hisobotlarni va boshqa materiallarni taqdim etish jadvallarini soʻrab oladi, Davlat komissiyasi raisi bilan kelishgan holda taqdim etilgan materiallarni koʻrib chiqish jadvallarini tuzadi;
Davlat komissiyasi tomonidan konditsiyalarning texnik-iqtisodiy asoslanishini, foydali qazilmalar zaxiralari hisobini koʻrib chiqish natijalarini umumlashtiradi va tahlil qiladi hamda kamchiliklarni bartaraf etish, geologik va boshqa maʼlumotlarning toʻliqligi va sifatini oshirish, zaxiralarni hisoblashning va konlarni geologik-iqtisodiy baholashning ishonchliligini oshirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqadi, foydali qazilmalar zaxiralarining hisobi bilan birga koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha har yilgi sharhlarni tuzadi, ular Davlat komissiyasi raisi bilan kelishgan holda nashr etiladi va manfaatdor tomonlarga yuboriladi;
Davlat geologiya qoʻmitasi tomonidan yuritiladigan Oʻzbekiston Respublikasi foydali qazilmalari zaxiralarining davlat balansini tahlil qiladi hamda geologiya-qidiruv ishlari natijalari boʻyicha yangi maʼlumotlarni va konlardan foydalanilishni hisobga olgan holda unga tuzatishlar kiritish, shuningdek operativ hisoblar boʻyicha balansga qabul qilingan zaxiralarni Davlat komissiyasiga davlat ekspertizasiga taqdim etish yuzasidan tavsiyalar beradi;
geologiya-qidiruv ishlarini oʻtkazishni tartibga soluvchi normativ-metodik hujjatlarni (konlarning zaxiralarini va foydali qazilmalarning prognoz resurslarini tasniflash, foydali qazilmalarning har xil turlari konlariga zaxiralar tasnifini qoʻllash boʻyicha yoʻriqnomalar, tegishli materiallarning mazmuni, rasmiylashtirilishi va Davlat komissiyasiga taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomalar, shu jumladan, foydali qazilmalar zaxiralari hisoblangan holda hisobotlar) va Davlat komissiyasi vakolatiga tegishli boʻlgan boshqa hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
Davlat komissiyasi vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha materiallar va qarorlar loyihalari tayyorlanishini va koʻrib chiqish uchun Davlat komissiyasiga kiritilishini taʼminlaydi.
14. Davlat komissiyasining ishchi organi toʻgʻrisidagi nizom Davlat geologiya qoʻmitasi raisi tomonidan tasdiqlanadi.
15. Mineral xom ashyoga konditsiyalar loyihalari, foydali qazilmalar zaxiralarini hisoblab chiqish materiallari hamda Davlat komissiyasi koʻrib chiqishi uchun tushadigan boshqa geologik materiallar ekspertizasi ham ishchi guruh aʼzolari tomonidan, ham jalb etilgan ekspertlar tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat komissiyasining eksperti toʻgʻrisidagi nizom, ekspertlarning shaxsiy tarkibi Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
16. Ishchi organ tomonidan tayyorlangan Davlat komissiyasi qarorlari loyihalari zarur materiallar bilan birgalikda Davlat komissiyasi raisiga taqdim etiladi, u Davlat komissiyasi majlisida ularni koʻrib chiqish muddatlarini tasdiqlaydi.
17. Davlat komissiyasining foydali qazilmalar zaxiralarini hisoblab chiqish uchun konditsiyalarni, neft va gaz kondensati qazib olish koeffitsiyentlarini hamda foydali qazilmalarning hisoblab chiqilgan zaxiralarini tasdiqlash toʻgʻrisidagi, shuningdek, koʻrib chiqiladigan boshqa masalalar boʻyicha qarori Davlat komissiyasi majlisida materiallarni taqdim etgan ekspertlar, manfaatdor vazirliklar, idoralar tashkilotlarning vakillari ishtirokida qabul qilinadi.
Davlat komissiyasi majlislari komissiya aʼzolari roʻyxatdagi tarkibining kamida uchdan ikki qismi qatnashgan taqdirda oʻtkaziladi. Kvorum boʻlmagan taqdirda Davlat komissiyasining majlisga kelgan aʼzolari tomonidan majlisni kechiktirish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi, majlisni oʻtkazishning yangi sanasi va vaqti toʻgʻrisida qoʻshimcha ravishda xabar qilinadi.
Davlat komissiyasining majlislarida uning aʼzolarining vakolatli shaxslari belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma bilan ishtirok etishlari mumkin.
18. Davlat komissiyasining qarorlari komissiyaning majlisda qatnashayotgan aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlib qolgan taqdirda Davlat komissiyasi raisining ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
Davlat komissiyasining ayrim aʼzolari qabul qilingan qarorga rozi boʻlmagan taqdirda ular oʻzining alohida fikrini yozma ravishda bayon qilishi va uni Davlat komissiyasi majlisi protokoliga ilova qilishi mumkin.
Yakuniy qaror qabul qilish uchun materiallar qoʻshimcha ekspertiza oʻtkazishga yuborilishi mumkin, shundan keyin ular Davlat komissiyasining majlisiga takroran koʻrib chiqish uchun kiritiladi.
19. Zarur hollarda foydali qazilmalar zaxiralari konditsiyalarini va hisobini tasdiqlash masalalari Davlat komissiyasining koʻchma majlislarida koʻrib chiqilishi mumkin.
20. Davlat komissiyasi tomonidan qabul qilingan qarorlar bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladi, ularning nusxalari ekspertiza materiallari bilan birgalikda bir hafta muddatda materiallarni taqdim etgan bajaruvchi tashkilotga yuboriladi.
21. Konditsiyalarning, foydali qazilmalarning hisoblab chiqilgan zaxiralari loyihalari yetarli darajada asoslanmagan, chiqindilarni saqlash va koʻmib tashlash maqsadida foydalanish uchun yer qaʼri uchastkalarining yaroqliligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar yetarli boʻlmagan taqdirda taqdim etilgan materiallar Davlat komissiyasi bayonnomasi va ekspertlar xulosalari nusxalari bilan birgalikda bajaruvchi tashkilotga qaytariladi.
Materiallar Davlat komissiyasi bayonnomasida bayon qilingan mulohazalar va tavsiyalarga muvofiq puxta ishlangan taqdirda ular takroran koʻrib chiqish uchun Davlat komissiyasiga taqdim etilishi mumkin.
22. Foydali qazilmalarning razvedka qilingan zaxiralarini davlat hisobiga qoʻyishga, konni sanoat asosida oʻzlashtirish uchun jalb etishga, chiqindilarni saqlash va koʻmib tashlash maqsadida inshootlar qurish va ulardan foydalanish uchun yer qaʼri uchastkalaridan foydalanishga faqat Davlat komissiyasining ijobiy xulosasi mavjud boʻlgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi.
23. Davlat komissiyasining qarorlari yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.
24. Davlat komissiyasiga taqdim etilgan materiallarni koʻrib chiqish muddati uch oydan oshmasligi kerak.
25. Davlat komissiyasi majlislarida uning faoliyatiga taalluqli boʻlgan normativ-metodik hujjatlar loyihalari ham koʻrib chiqilishi mumkin.
26. Davlat komissiyasiga jalb qilingan mutaxassislar xizmatlariga haq toʻlash xarajatlarini moliyalashtirish:
Davlat geologiya qoʻmitasi tizimida mineral xom ashyo bazani rivojlantirish va takomillashtirish boʻyicha davlat dasturlari doirasida amalga oshiriladigan geologiya-qidiruv ishlari boʻyicha — Davlat geologiya qoʻmitasining oʻz mablagʻlari hisobiga;
yer qaʼridan foydalanuvchilarning oʻz mablagʻlari hisobiga amalga oshirilgan geologiya-qidiruv ishlari obyektlari boʻyicha — geologiya-qidiruv ishlarini olib boruvchi tashkilotlar (yoki yer qaʼridan foydalanuvchilar) bilan tuzilgan shartnomalar asosida amalga oshiriladi;
Davlat komissiyasiga taqdim etilgan konditsiyalar loyihalarini va foydali qazilmalar zaxiralarini hisoblab chiqish materiallarini koʻrib chiqish, shuningdek, geologik materiallarning davlat ekspertizasi tuzilgan shartnoma shartlariga muvofiq shartnomaviy asosda amalga oshiriladi. Materiallarni taqdim etgan tashkilotlar, shuningdek, jalb etiladigan ekspertlar bilan shartnomalar tuzish Davlat geologiya qoʻmitasi raisi tomonidan amalga oshiriladi.
Ushbu turdagi ishlar va xizmatlarning baholanishi Davlat geologiya qoʻmitasi taqdimnomasi boʻyicha Davlat komissiyasining qarori bilan tasdiqlanadi.
27. Davlat komissiyasi tegishli blankalardan foydalanadi. Davlat komissiyasi bayonnomalari Davlat geologiya qoʻmitasining muhri bilan tasdiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
5-bob. Yakunlovchi qoida
28. Davlat komissiyasi faoliyatini tugatish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori asosida amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.05.2018-y., 09/18/388/1268-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.03.2022-y., 09/22/133/0237-son)