Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Qarori
Banklararo pul bozorida elektron savdo platformasi orqali operatsiyalarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 12-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3010]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 13-sentabrdagi PQ-3272-son “Pul-kredit siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Banklararo pul bozorida elektron savdo platformasi orqali operatsiyalarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2018-yil 31-mart,
12/12-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2018-yil 31-martdagi 12/12-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Banklararo pul bozorida elektron savdo platformasi orqali operatsiyalarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 13-sentabrdagi PQ-3272-son “Pul-kredit siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq banklararo pul bozorida elektron savdo platformasi orqali operatsiyalarni amalga oshirish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
banklararo pul bozori — elektron birja savdolarini tashkil etish va oʻtkazish orqali milliy va xorijiy valyutada pul mablagʻlarini qisqa muddatga (1 yilgacha) joylashtirish va/yoki jalb qilish operatsiyalarini (bundan buyon matnda pul bozoridagi operatsiyalar deb yuritiladi) amalga oshirish tizimi;
Oldingi tahrirga qarang.
valyuta birjasi — chet el valyutasi, davlat qimmatli qogʻozlari, moliyaviy hosila instrumentlari (derivativlar) oldi-sotdisi hamda ular bilan bogʻliq boshqa birja bitimlari boʻyicha birja savdolarini, shuningdek banklararo pul bozorini hamda Markaziy bankning tijorat banklari, shu jumladan mikromoliya banklari (bundan buyon matnda banklar deb yuritiladi) bilan amalga oshiriladigan kredit va depozit auksionlarini tashkil etuvchi yuridik shaxs;
(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2026-yil 5-maydagi 13/5-sonli qarori (roʻyxat raqami 3841, 26.05.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.05.2026-y., 10/26/3841/0538-son)
elektron savdo platformasi (bundan buyon matnda savdo tizimi deb yuritiladi) — banklararo pul bozorida elektron shaklda birja savdolarini oʻtkazish imkonini beruvchi hamda qabul qilingan buyurtmalarni roʻyxatga olish, birja bitimlarini tuzish, joriy maʼlumotlarni savdo ishtirokchilari ish oʻrinlarida aks ettirish, savdo jarayonini bayonlashtirish va yakuniy birja hujjatlarini shakllantirishni taʼminlovchi valyuta birjasining avtomatlashtirilgan tizimi;
kontragent — banklararo pul bozorida pul mablagʻlarini joylashtirish va/yoki jalb etish boʻyicha birja bitimi ishtirokchilaridan biri;
Oldingi tahrirga qarang.
savdo ishtirokchilari — banklararo pul bozorida savdo tizimi orqali operatsiyalarni amalga oshirishda ishtirok etuvchi banklar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki (bundan buyon matnda Markaziy bank deb yuritiladi);
(1-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2026-yil 5-maydagi 13/5-sonli qarori (roʻyxat raqami 3841, 26.05.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.05.2026-y., 10/26/3841/0538-son)
buyurtma — buyurtma beruvchi tomonidan maʼlum miqdordagi pul mablagʻlarini joylashtirish va/yoki jalb etish boʻyicha shartlar aks ettirilgan elektron shakldagi birlamchi taklif;
birja bitimi — birja tomonidan roʻyxatga olingan, birja savdosining birjada qayd etilgan natijasi boʻyicha tuzilgan birja tovariga doir oldi-sotdi shartnomasi;
qarshi buyurtmalar — qarama-qarshi yoʻnalishga ega boʻlgan buyurtmalar, yaʼni pul mablagʻlarini joylashtirish uchun taklifga pul mablagʻlarini jalb etish uchun qoʻyilgan buyurtma yoxud pul mablagʻlarini jalb etish uchun qoʻyilgan buyurtmaga pul mablagʻlarini joylashtirish uchun taklif;
indikatorlar — savdo tizimi orqali savdo ishtirokchilari tomonidan amalga oshirilgan pul bozoridagi operatsiyalar boʻyicha hisoblangan oʻrtacha tortilgan foiz stavkalari.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Pul bozoridagi operatsiyalar Markaziy bank bilan banklar hamda banklar oʻrtasida oʻzaro savdo tizimi orqali amalga oshiriladi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2026-yil 5-maydagi 13/5-sonli qarori (roʻyxat raqami 3841, 26.05.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.05.2026-y., 10/26/3841/0538-son)
Oldingi tahrirga qarang.
3. Pul bozoridagi operatsiyalar banklar tomonidan bankning likvidligini taʼminlash yoki pul mablagʻlarini joylashtirish orqali daromad olish maqsadida, Markaziy bank tomonidan esa pul-kredit siyosati maqsadlaridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2026-yil 5-maydagi 13/5-sonli qarori (roʻyxat raqami 3841, 26.05.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.05.2026-y., 10/26/3841/0538-son)
4. Savdo ishtirokchilari pul bozoridagi operatsiyalarni amalga oshirishda mazkur Nizom talablariga hamda valyuta birjasining birja savdolari qoidalariga rioya qilishlari shart.
5. Markaziy bank banklararo pul bozorida tuzilgan barcha birja bitimlari boʻyicha toʻliq maʼlumotlar bilan tanishish huquqiga ega.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Banklar banklararo pul bozorida oʻz bitimlari va boshqa banklar tomonidan oʻzaro amalga oshirilgan operatsiyalar boʻyicha maʼlumotlar (bank nomlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bundan mustasno) bilan tanishish huquqiga ega.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2026-yil 5-maydagi 13/5-sonli qarori (roʻyxat raqami 3841, 26.05.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.05.2026-y., 10/26/3841/0538-son)
7. Valyuta birjasi oʻz vakolati doirasida:
banklararo pul bozorida birja savdolarini tashkil etadi va oʻtkazadi;
savdo ishtirokchilariga savdo tizimi dasturiy taʼminotini taqdim etadi va ularning texnik sozligini taʼminlaydi;
banklararo pul bozori indikatorlarini shakllantiradi;
pul bozoridagi operatsiyalarga oid maʼlumotlarning konfidensialligini taʼminlaydi;
savdo ishtirokchilarini savdolarni oʻtkazish joyi, vaqti va savdo yakunlari toʻgʻrisida oʻz vaqtida xabardor qiladi.
2-bob. Savdo tizimida operatsiyalarni amalga oshirish
8. Pul bozoridagi operatsiyalar valyuta birjasi hamda banklar tomonidan tuziladigan Bosh bitimga muvofiq amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
9. Bosh bitimda xoʻjalik subyektlari faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa shartlar bilan bir qatorda quyidagilar koʻrsatilishi lozim:
(9-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Markaziy bank va banklar oʻrtasida hamda banklar oʻrtasidagi oʻzaro tuziladigan birja bitimlari uchun majburiy shartlar;
(9-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2026-yil 5-maydagi 13/5-sonli qarori (roʻyxat raqami 3841, 26.05.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.05.2026-y., 10/26/3841/0538-son)
foiz toʻlovlarini hisoblash, ularni toʻlash tartibi va muddatlari;
Bosh bitimning amal qilish muddati.
10. Savdo ishtirokchilari birja savdolarida ularning nomidan birja bitimlari tuzishga vakolatli boʻlgan oʻz xodimlari (treyderlar) (bundan buyon matnda treyder deb yuritiladi) orqali ishtirok etadi.
11. Birja savdolar bank ish kunlari soat 9:00 dan boshlanib Markaziy bankning banklararo toʻlov tizimi ish vaqti yakunlanishiga 30 daqiqa qolguniga qadar amalga oshiriladi.
12. Savdo ishtirokchilari mustaqil ravishda savdo tizimiga kirishning quyidagi uslublaridan birini tanlashlari mumkin:
masofaviy — ish oʻrnidan foydalanish orqali;
valyuta birjasi savdo zalidagi ish oʻrnidan foydalanish orqali.
13. Valyuta birjasi savdo tizimida ishlash uchun savdo ishtirokchilarini ikki bosqichli login va parol bilan taʼminlaydi.
Birinchi bosqich logini va parolidan foydalanish huquqiga faqatgina treyder ega boʻladi.
Birinchi bosqich logini va paroli savdo ishtirokchisi savdo tizimini faollashtirish huquqini beradi.
Ikkinchi bosqich logini va parolidan foydalanish huquqi bank rahbari tomonidan vakolat berilgan birja savdolari boʻyicha birja bitimlarini tuzishga masʼul boʻlgan shaxsga beriladi.
Ikkinchi bosqich logini va paroli savdo ishtirokchisi birja bitimini tasdiqlash huquqini beradi.
3-bob. Savdo tizimida operatsiyalarning amalga oshirilishi
14. Birja bitimlari savdo tizimida tomonlar bir-birini birja bitimi boʻyicha kontragent sifatida koʻrsatuvchi qarshi buyurtmalar asosida tuziladi.
15. Birja bitimlarini tuzish uchun savdo tizimiga bitim tuzishga tashabbus qilayotgan savdo ishtirokchisining pul mablagʻlarini joylashtirish va/yoki jalb etish boʻyicha buyurtmasi (bundan buyon matnda dastlabki buyurtma deb yuritiladi) kiritiladi.
16. Dastlabki buyurtmada quyidagi koʻrsatkichlar koʻrsatilishi lozim:
pul mablagʻlarini jalb etish yoki joylashtirish;
jalb etiladigan yoki joylashtiriladigan valyuta turi;
jalb etiladigan yoki joylashtiriladigan pul mablagʻlari miqdori;
pul mablagʻlarini jalb etish yoki joylashtirish muddati;
pul mablagʻlarini jalb etish yoki joylashtirish boʻyicha foiz stavkasi;
foiz toʻlovlarini toʻlash muddati.
17. Savdo tizimiga kiritilgan dastlabki buyurtmaga pul mablagʻlarini jalb etish va/yoki joylashtirish maqsadida kontragentlar tomonidan qarshi buyurtmalar kiritiladi.
18. Pul mablagʻlarini joylashtirish uchun buyurtmalar navbati foiz stavkasining oʻsib borishi tartibida, foiz stavkalari teng boʻlganda esa buyurtmalar taqdim etilgan vaqt tartibida joylashtiriladi.
19. Pul mablagʻlarini jalb etish uchun buyurtmalar navbati foiz stavkasining kamayib borishi tartibida, foiz stavkalari teng boʻlgan taqdirda esa buyurtmalar taqdim etilgan vaqt tartibida joylashtiriladi.
20. Birja bitimlarini tuzishda savdo tizimi qarshi buyurtmalarning bitim koʻrsatkichlarining bir-biriga muvofiqligini tekshiradi.
21. Dastlabki buyurtma taqdim etgan savdo ishtirokchisi kontragentlar tomonidan kiritilgan qarshi buyurtmalardan oʻziga mos kelganlarini dastlabki buyurtma doirasida tasdiqlaydi.
Dastlabki buyurtmani tasdiqlash natijasida savdo tizimida birja bitimi avtomatik tarzda roʻyxatdan oʻtadi.
22. Birja bitimi savdo tizimida qarshi buyurtmalarning (dastlabki buyurtma va qarshi buyurtmalar) roʻyxatga olinishi bilan tuzilgan hisoblanadi.
23. Har bir birja bitimi tuzilganda savdo tizimi uni roʻyxatga oladi, unga roʻyxatga olish raqamini biriktiradi va savdo ishtirokchilariga oʻzaro hisob-kitoblarni amalga oshirishga asos boʻladigan birja guvohnomalarini taqdim etadi.
24. Tuzilgan birja bitimlari boʻyicha barcha hisob-kitob operatsiyalarining ijrosi savdo ishtirokchilari tomonidan bitim tuzilgan bank ish kuni Markaziy bankning banklararo hisob-kitoblar boʻyicha elektron toʻlov hujjatlarini uzatish, qabul qilish va nazorat qilish vaqti yakunlanishiga qadar amalga oshiriladi.
25. Savdo tizimiga taqdim etilgan har qanday dastlabki buyurtma u bekor qilingunga, toʻliq qondirilgunga yoki birja savdolari yakuniga qadar amal qiladi. Savdo tizimiga taqdim etilgan har qanday buyurtma birja bitimlari tuzilgunga qadar savdo ishtirokchilari tomonidan oʻzgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
26. Savdo tizimi orqali tuzilgan birja bitimlari boʻyicha pul mablagʻlarini qaytarish muddati kelganda jalb qilingan mablagʻlar va unga hisoblangan foizlarni qaytarish bank tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Pul mablagʻlarini qaytarish kuni pul mablagʻlari tegishli hisobraqamiga kelib tushgan kun deb hisoblanadi.
(26-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
27. Birja bitimlari boʻyicha barcha toʻlovlar bitim tuzilgan valyutada amalga oshiriladi.
28. Birja bitimlari boʻyicha joylashtirilgan pul mablagʻlari tomonlarning oʻzaro kelishuviga asosan muddatidan avval qaytarilishi mumkin.
29. Savdo tizimining vositachilik haqi birja savdolari qoidalarida belgilangan tartibda undiriladi.
30. Savdo ishtirokchilariga quyidagilar taqiqlanadi:
boshqa savdo ishtirokchilariga, ularning bozor xatti-harakatlarini oʻzgartirish maqsadida, toʻgʻridan-toʻgʻri yoki bilvosita bosim oʻtkazish;
savdo tizimida soxta bitimlar tuzish;
savdo tizimida tuzilgan bitimlar boʻyicha hisob-kitoblarni oʻtkazishdan voz kechish;
savdo tizimida shakllanayotgan bozor holatiga bosim oʻtkazish maqsadida bila turib yolgʻon axborot tarqatish;
valyuta birjasi va savdo ishtirokchilariga haqqoniy boʻlmagan va buzib koʻrsatilgan axborotni taqdim etish;
bozor konyunkturasini shakllantirishga sezilarli taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan axborotni valyuta birjasiga taqdim etmaslik (yashirish).
4-bob. Banklararo pul bozori indikatorlari
31. Valyuta birjasi savdo ishtirokchilari tomonidan savdo tizimi orqali amalga oshirilgan operatsiyalarning foiz stavkalari asosida pul bozori indikatorlarini shakllantiradi.
32. Indikatorlar pul bozorida amalga oshirilgan operatsiyalarning stavkalari asosida quyidagi belgilangan standart muddatlar kesimida hisoblanadi:
1 kunlik;
2 kundan 7 kungacha;
8 kundan 30 kungacha;
31 kundan 90 kungacha;
91 kundan 180 kungacha;
181 kundan 1 yilgacha.
Indikatorlarni hisoblashda pul bozoridagi operatsiyalar joylashtirilgan muddatlarga koʻra tegishli belgilangan standart muddatlar oraliqlariga kiritiladi.
33. Valyuta birjasi savdo tizimi orqali standart muddatlar kesimida shakllangan indikatorlarni muntazam ravishda (haftada kamida bir marta) Markaziy bankka taqdim etadi hamda ushbu maʼlumotlar Markaziy bank va valyuta birjasining rasmiy veb-saytlarida joylashtirib boriladi.
5-bob. Yakuniy qoidalar
34. Savdo ishtirokchilari tomonidan savdo tizimida tuzilgan birja bitimining amal qilish muddati Bosh bitimning amal qilish muddati doirasida boʻlishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
35. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(35-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
36. Mazkur Nizom “Oʻzbekiston respublika valyuta birjasi” AJ bilan kelishilgan.
“Oʻzbekiston Respublika valyuta birjasi” AJ bosh direktori N. BEKMIRZAYEV
2018-yil 30-mart
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.05.2018-y., 10/18/3010/1215-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 26.05.2026-y., 10/26/3841/0538-son)