Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalariga “Chaqiriqqacha harbiy taʼlim” yoʻnalishi boʻyicha qabul qilishda kasbiy (ijodiy) imtihon oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 5-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2995]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkmasining 2017-yil 9-oktabrdagi 809-son “Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarining harbiy tayyorgarlik oʻquv boʻlinmalari toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalariga “Chaqiriqqacha harbiy taʼlim” yoʻnalishi boʻyicha qabul qilishda kasbiy (ijodiy) imtihon oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Mudofaa vaziri A. AZIZOV
Toshkent sh.,
2017-yil 5-dekabr,
34-son
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I. MADJIDOV
Toshkent sh.,
2017-yil 5-dekabr,
27-2017-son
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamda Oliy va oʻrta-maxsus taʼlim vazirligining 2017-yil 5-dekabrdagi 34, 27-2017-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalariga “Chaqiriqqacha harbiy taʼlim” yoʻnalishi boʻyicha qabul qilishda kasbiy (ijodiy) imtihon oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-oktabrdagi 809-son “Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarining harbiy tayyorgarlik oʻquv boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalariga (bundan buyon matnda OTM deb yuritiladi) “Chaqiriqqacha harbiy taʼlim” yoʻnalishi boʻyicha qabul qilishda kasbiy (ijodiy) imtihon (bundan buyon matnda imtihon deb yuritiladi) oʻtkazish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Imtihonning asosiy maqsadi abituriyentlarning tanlangan fan boʻyicha bilim koʻnikmalari va darajasini, ularning tanlangan yoʻnalishi boʻyicha taʼlim olish va kelgusida ishlash imkoniyatini belgilaydigan ijodiy, jismoniy va fiziologik qobiliyatini baholashdan iborat.
2. Imtihon topshirish uchun abituriyentlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-oktabrdagi 809-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarining harbiy tayyorgarlik oʻquv boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan talablarga javob berishi zarur.
3. Abituriyentlardan imtihon qabul qilish uchun OTMda imtihon boshlanishidan bir oy oldin imtihon oʻtkazish boʻyicha komissiya (bundan buyon matnda komissiya deb yuritiladi) tashkil etiladi va Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bilan kelishgan holda OTM rektorining buyrugʻi bilan quyidagi tarkibda uning aʼzolari tasdiqlanadi:
komissiya raisi — Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi markaziy apparati masʼul xodimi;
komissiya aʼzolari:
“Chaqiriqqacha harbiy taʼlim” yoʻnalishi boʻyicha mutaxassislar tayyorlashni amalga oshiruvchi harbiy taʼlim fakulteti (bundan buyon matnda fakultet deb yuritiladi) boshligʻi;
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi masʼul xodimlari;
fakultet oʻqituvchilari;
komissiya kotibi — fakultet oʻqituvchisi.
4. Komissiya imtihon oʻtkazish jarayonida kerakli sharoitlar yaratilishi, joylarda imtihonlarni oʻtkazish talablariga qatʼiy rioya etgan holda tegishli ravishda tashkil etilishi va adolatli oʻtkazilishi, shuningdek ular natijalarining xolisligi uchun javobgar boʻladi.
5. Komissiya raisi:
OTM rektori bilan kelishgan holda imtihon oʻtkazish joyi, kuni va vaqti belgilanadigan reja-jadvalni (bundan buyon matnda reja-jadval deb yuritiladi) tasdiqlaydi;
komissiyaning ishini tashkil etadi;
komissiyaning vazifalarini belgilaydi;
komissiyaning faoliyatini muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi.
2-bob. Imtihon oʻtkazish
Oldingi tahrirga qarang.
6. Imtihon har yili abituriyentlarni roʻyxatdan oʻtkazish yakunlangandan boshlab 20-iyulga qadar (20-iyul kuni ham) chaqiriqqacha boshlangʻich tayyorgarlik dasturi asosida oʻtkaziladi.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining 2026-yil 6-maydagi 12-son hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2026-yil 5-maydagi 30-Q/Q-sonli qarori (roʻyxat raqami 2995-3, 19.05.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.05.2026-y., 10/26/2995-3/0505-son)
7. Imtihon test majmualarida fanning oʻrniga qarab uning uchun nazarda tutilgan eng koʻp ballning 0 dan 100 foizigacha boʻlgan oraliqda yagona koʻp balli baholash tizimi boʻyicha amalga oshiriladi.
8. Imtihon quyidagi uch bosqichda oʻtkaziladi:
umumjismoniy tayyorgarlikni baholash;
oʻq otish tayyorgarligi boʻyicha nazorat normativini bajarishni baholash;
chaqiriqqacha boshlangʻich tayyorgarlik dasturi boʻyicha bilim darajasini baholash.
9. Abituriyentlar imtihonlar oʻtkaziladigan joy, kun va vaqt haqida imtihon oʻtkazilishidan oldin ogohlantiriladi.
10. Imtihon oʻtkazish jarayonlarining shaffofligi va xolisligini taʼminlash maqsadida abituriyentlarning umumjismoniy tayyorgarligini baholash, oʻq otish tayyorgarligi boʻyicha nazorat normativini bajarishini baholash hamda chaqiriqqacha boshlangʻich tayyorgarlik dasturi boʻyicha bilim darajasini baholash jarayonlari uzluksiz ravishda videoyozuvga tushiriladi.
11. Abituriyentlarning umumjismoniy tayyorgarligini baholash komissiya tomonidan reja-jadval asosida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadigan joylarda mazkur Nizomning 1-ilovasida keltirilgan metodikaga muvofiq oʻtkaziladi.
12. Abituriyentlarning oʻq otish tayyorgarligi boʻyicha nazorat normativini bajarishini baholash komissiya tomonidan reja-jadval asosida mazkur Nizomning 2-ilovasida keltirilgan metodikaga muvofiq oʻtkaziladi.
13. Abituriyentlarning chaqiriqqacha boshlangʻich tayyorgarlik boʻyicha bilim darajasini baholash test oʻtkazish usuli yordamida komissiya tomonidan reja-jadval asosida mazkur Nizomning 3-ilovasida keltirilgan metodikaga muvofiq oʻtkaziladi.
14. Abituriyentlarning imtihon natijalari boʻyicha umumiy bali ularning umumjismoniy tayyorgarligini, oʻq otish tayyorgarligi boʻyicha nazorat normativini bajarishini hamda chaqiriqqacha boshlangʻich tayyorgarlik dasturi boʻyicha bilim darajasini baholash natijasida toʻplagan ballarini qoʻshish natijasida aniqlanadi.
15. OTMga oʻqishga kirishda fanlar blokidagi oʻringa qarab, imtihonni topshirishda toʻplash mumkin boʻlgan maksimal ballarning 33,3 foizidan kam ball toʻplagan abituriyentlar davlat test sinovlariga kiritilmaydi.
16. Imtihon yakunlari ballar miqdori sifatida, tanlov tartibida imtihon varaqasiga va imtihon roʻyxatiga kiritiladi. Mazkur hujjatlarning har biri komissiya raisi va OTMga qabul komissiyasining masʼul kotibi tomonidan imzolanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
17. Imtihon natijalari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligiga OTM tomonidan 25-iyulgacha taqdim etiladi.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining 2026-yil 6-maydagi 12-son hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2026-yil 5-maydagi 30-Q/Q-sonli qarori (roʻyxat raqami 2995-3, 19.05.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.05.2026-y., 10/26/2995-3/0505-son)
18. Reja-jadval boʻyicha imtihonlarga kelmagan abituriyentlar uchun qayta imtihon oʻtkazilmaydi va ular davlat test sinovlariga qoʻyilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
19. Imtihon natijalaridan norozi boʻlgan abituriyentlar OTM rektorining buyrugʻi bilan tuziladigan apellyatsiya komissiyasiga imtihon natijalari eʼlon qilingan paytdan boshlab 24 soat ichida apellyatsiya berish huquqiga ega.
(19-band Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining 2026-yil 6-maydagi 12-son hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2026-yil 5-maydagi 30-Q/Q-sonli qarori (roʻyxat raqami 2995-3, 19.05.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.05.2026-y., 10/26/2995-3/0505-son)
20. Apellyatsiya komissiyasi tarkibiga komissiya faoliyatida ishtirok etmagan, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi masʼul xodimlari hamda OTM xodimlari orasidan tuziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
21. Imtihon natijalari boʻyicha tushgan norozilik (apellyatsiya) arizalari apellyatsiya komissiyasi tomonidan uch kun muddat ichida shikoyat qilgan shaxslar ishtirokida koʻrib chiqiladi.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining 2026-yil 6-maydagi 12-son hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2026-yil 5-maydagi 30-Q/Q-sonli qarori (roʻyxat raqami 2995-3, 19.05.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.05.2026-y., 10/26/2995-3/0505-son)
3-bob. Yakuniy qoida
Oldingi tahrirga qarang.
22. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(22-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalariga “Chaqiriqqacha harbiy taʼlim” yoʻnalishi boʻyicha qabul qilishda kasbiy (ijodiy) imtihon oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
1-ILOVA
Umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash
METODIKASI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Abituriyentlarning umumjismoniy tayyorgarligi darajasi ularning mazkur Metodikada nazarda tutilgan tegishli mashqlarni bajarishini tekshirish orqali baholanadi.
2. Abituriyentlarga dastlab mashqlarni bajarishga qoʻyiladigan talablar va mezonlar hamda mashqlarni bajarish tartibi imtihon oʻtkazish boʻyicha komissiya tarkibiga kiritilgan mutaxassislar tomonidan tushuntiriladi.
3. Umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tadbirlariga abituriyentlar sport kiyimida hamda shaxsini tasdiqlovchi hujjati bilan kelishlari lozim.
4. Abituriyentlar quyidagi mashqlarni bajaradi:
turnikda tortilish;
100 metrga yugurish;
3000 metrga yugurish.
5. Mashqlar oraligʻida abituriyentlarga dam olish uchun kamida 10 daqiqa vaqt beriladi.
2-bob. Mashqlarni bajarishga qoʻyiladigan talablar va mezonlar
6. Turnikda tortilish mashqini bajarishda:
bosh barmoq poya ichkarisidan ushlanadi, tana biroz rostlanadi, tizza boʻgʻimi toʻgʻirlanadi, oyoq uchlari choʻziladi, tovonlar birlashtiriladi;
iyak turnik poyasidan oʻtgunga qadar qoʻllar bukiladi;
harakat toʻliq amalga oshirilishi bilan dastlabki holatga qaytiladi (osilish holati 1-2 soniya davom etadi).
Ushbu mashqni bajarishda oyoqlarni kerish, tanani harakatsiz holatda egish hamda oyoqlar bilan siltanma harakatlar qilish taqiqlanadi.
Juft tutilgan oyoqlarni 45° gacha bukishga ruxsat beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
7. Abituriyentlarning turnikda tortilish mashqi toʻrt bosqichli tizimda quyidagicha baholanadi:
11 marotaba va undan koʻp tortilganda — 3 ball;
9-10 marotaba tortilganda — 2 ball;
7-8 marotaba tortilganda — 1 ball;
1 — 6 marotaba yoxud umuman tortila olmaganda — 0 ball.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining 2021-yil 24-dekabrdagi 46-son hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining 2021-yil 21-dekabrdagi 48-2021-sonli qarori (roʻyxat raqami 2995-1, 14.01.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.01.2022-y., 10/22/2995-1/0027-son)
8. 100 metrga yugurish mashqi:
yuqori yoki quyi startdan amalga oshiriladi;
stadionning yugurish yoʻlakchasi yoki qattiq qoplamli tekis joylarda oʻtkaziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
9. Abituriyentlarning 100 metrga yugurish mashqi toʻrt bosqichli tizimda quyidagicha baholanadi:
14,4 soniya ichida bajargan taqdirda — 3 ball;
14,5 — 14,8 soniyada bajargan taqdirda — 2 ball;
14,9 — 15,4 soniyada bajargan taqdirda — 1 ball;
15,5 soniyada va undan koʻp vaqtda bajargan taqdirda — 0 ball.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining 2021-yil 24-dekabrdagi 46-son hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining 2021-yil 21-dekabrdagi 48-2021-sonli qarori (roʻyxat raqami 2995-1, 14.01.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.01.2022-y., 10/22/2995-1/0027-son)
10. 3000 metrga yugurish mashqlari stadionning yugurish yoʻlakchalari yoki tekis joylarida umumiy yoki alohida start berilgan holda oʻtkaziladi. Start va marra chiziqlari bir joyda belgilanishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
11. Abituriyentlarning 3000 metrga yugurish mashqi toʻrt bosqichli tizimda quyidagicha baholanadi:
13,20 daqiqa va undan kamroq vaqt ichida bajargan taqdirda — 4 ball;
13,21 daqiqadan 14,00 daqiqagacha bajargan taqdirda — 3 ball;
14,01 daqiqadan 14,30 daqiqagacha bajargan taqdirda — 2 ball;
14,31 daqiqada va undan koʻp vaqtda bajargan taqdirda — 0 ball.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining 2021-yil 24-dekabrdagi 46-son hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining 2021-yil 21-dekabrdagi 48-2021-sonli qarori (roʻyxat raqami 2995-1, 14.01.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.01.2022-y., 10/22/2995-1/0027-son)
12. Abituriyentlarning umumjismoniy tayyorgarligi darajasini baholash natijalari ularning uchta normativda toʻplangan ballar yigʻindisidan tashkil topadi.
13. Umumjismoniy tayyorgarlik sinovlaridan oʻtmagan abituriyentlarga mashqlarni takroriy bajarishga ruxsat berilmaydi.
3-bob. Yakuniy qoidalar
14. Umumjismoniy tayyorgarlik sinovlarini topshirgan abituriyentlarga qaydnoma rasmiylashtiriladi.
Mazkur qaydnomada abituriyentlar tomonidan bajarilgan mashqlar va ular uchun qoʻyilgan ballar koʻrsatiladi.
15. Qaydnoma imtihon oʻtkazish boʻyicha komissiya raisi va aʼzolari tomonidan imzolanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalariga “Chaqiriqqacha harbiy taʼlim” yoʻnalishi boʻyicha qabul qilishda kasbiy (ijodiy) imtihon oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻq otish tayyorgarligi boʻyicha nazorat normativini bajarishni baholash
METODIKASI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Abituriyentlarni oʻq otish tayyorgarligi boʻyicha nazorat normativi mazkur Metodikada nazarda tutilgan tegishli mashqlarni bajarishini tekshirish orqali baholanadi.
2. Abituriyentlarga dastlab mashqlarni bajarishga qoʻyiladigan talablar va mezonlar, mashqlarni bajarish tartibi hamda oʻq otish paytida xavfsizlik choralariga rioya qilinishi imtihon oʻtkazish boʻyicha komissiya tarkibiga kiritilgan mutaxassislar tomonidan tushuntiriladi.
3. Abituriyentlarning oʻq otish tayyorgarligi pnevmatik miltigʻidan nishonga aniq otish mashqini bajarishi orqali baholanadi.
4. Oʻq otish tayyorgarligi boʻyicha nazorat normativni bajarish uchun abituriyentlar shaxsini tasdiqlovchi hujjati bilan kelishlari lozim.
2-bob. Oʻq otish tayyorgarligi boʻyicha nazorat normativni bajarishga qoʻyiladigan talablar va mezonlar
5. Pnevmatik miltigʻidan nishonga aniq otish mashqini bajarish shartlari:
qurol — pnevmatik miltigʻ;
oʻq — qoʻrgʻoshinli;
nishon — 8-son nishon;
oraliq — 5 metr (nishondan stolning old chekkasigacha);
oʻqlar soni:
3 ta sinab koʻrishga;
5 ta nazorat uchun;
oʻq otish holati — tik taqab turib, stolga tayangan yoki tik qotgan holda;
oʻq otish uchun vaqt — chegaralanmaydi.
Oʻq otish mashqini bajarish quyidagi tartibda baholanadi:
5 ta nazorat oʻqi bilan 40 va undan yuqori ochko toʻplasa — 15,6 ball;
5 ta nazorat oʻqi bilan 35 dan 39 ochkogacha toʻplasa — 13,3 ball;
5 ta nazorat oʻqi bilan 30 dan 34 ochkogacha toʻplasa — 10,9 ball;
5 ta nazorat oʻqi bilan 29 va undan past ochko toʻplasa — 0 ball.
3-bob. Yakuniy qoidalar
6. Abituriyentlar oʻq otish mashqini bajargan nishonni koʻzdan kechiradi, toʻplangan ochkolari bilan tanishadi hamda uni imzosi bilan tasdiqlaydi.
7. Oʻq otish tayyorgarligi boʻyicha nazorat normativini topshirgan abituriyentlarga qaydnoma rasmiylashtiriladi.
Mazkur qaydnomada abituriyentlar tomonidan toʻplagan ochko va ballar koʻrsatiladi.
8. Qaydnoma imtihon oʻtkazish boʻyicha komissiya raisi va aʼzolari tomonidan imzolanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalariga “Chaqiriqqacha harbiy taʼlim” yoʻnalishi boʻyicha qabul qilishda kasbiy (ijodiy) imtihon oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA
3-ILOVA
Chaqiriqqacha boshlangʻich tayyorgarlik boʻyicha bilim darajasini baholash
METODIKASI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Abituriyentlarning chaqiriqqacha boshlangʻich tayyorgarlik boʻyicha bilim darajasi test oʻtkazish usuli orqali aniqlanadi.
2. Testni oʻtkazish uchun imtihon oʻtkazish boʻyicha komissiya tomonidan chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik dasturidan test savollari ishlab chiqiladi.
3. Test savollari imtihon oʻtkazish boʻyicha komissiya majlisi bayoni bilan tasdiqlanadi.
4. Test savollari va ularning javoblari imtihon oʻtkazish boʻyicha komissiya raisida saqlanadi va u ularning oshkor qilinmasligi uchun masʼul hisoblanadi.
5. Test imtihon oʻtkazish boʻyicha komissiya tomonidan belgilangan joyda oʻtkaziladi. Bunda test oʻtkazish uchun oliy taʼlim muassasalari tomonidan alohida auditoriyalar ajratiladi va har bir auditoriyaga oliy taʼlim muassasalari xodimlari orasidan auditoriya rahbari tayinlanadi.
Abituriyentlarga testni oʻzlari tanlagan tilda topshirishini tanlash huquqi beriladi.
2-bob. Test sinovlarini oʻtkazish
6. Test sinovlari imtihon oʻtkazish boʻyicha komissiya tomonidan belgilangan joy, kun va vaqtda oʻtkaziladi.
Belgilangan vaqtda test sinovlariga kelmagan abituriyentlar uchun qoʻshimcha test sinovlari oʻtkazilmaydi.
7. Test sinovlari oʻtkazilayotgan auditoriyaga mikrokalkulyator, jadval, kitob, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya vositalari va shpargalkalar olib kirish taqiqlanadi.
8. Abituriyentlarga test topshiriqlarini bajarish uchun 50 ta test savoli beriladi.
9. Test savollarini yechish uchun 80 daqiqa vaqt beriladi. Test sinovlarini oʻtkazishni boshlashdan avval auditoriya rahbari talabalarga test sinovlari oʻtkazish hamda javoblar varagʻini toʻldirish tartibini tushuntirishi uchun test savollarini yechish uchun berilgan vaqtga kirmaydigan qoʻshimcha 10 daqiqa vaqt beriladi.
10. Abituriyentlarga beriladigan test savollari kitob shaklida boʻladi va uning titul varagʻida test savollari kitobining maxsus kodi qoʻyiladi.
11. Har bir test savolida 4 tadan javob varianti beriladi. Abituriyentlar test savollarini yechishda faqat bitta toʻgʻri javobni belgilashi lozim.
Toʻgʻri javob javoblar varagʻiga belgilanadi. Bunda test savolida berilgan variantlardan (A, B, C, D) biri havorang pastali sharikli ruchkadan foydalanilgan holda doiraga olish orqali belgilanadi.
Test savolida faqat bitta toʻgʻri javob belgilanishi lozim.
Javoblarni belgilashda oʻchirish va tuzatishlarga hamda bir nechta javobni belgilashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Javoblar toʻgʻri belgilanishi uchun abituriyent shaxsan javobgardir. Javoblarni notoʻgʻri belgilagan abituriyentlarning eʼtirozi koʻrib chiqilmaydi.
Javoblar varagʻiga test sinovlari oʻtkazilgan kun va auditoriya raqami, test savollari kitobining maxsus kodi, auditoriya rahbarining F.I.O., test savollariga berilgan javoblarni tekshirish natijalari va ularni tekshirgan imtihon oʻtkazish boʻyicha komissiya aʼzolarining F.I.O. va imzosi koʻrsatiladi.
12. Test sinovlari vaqtida abituriyentni auditoriyadan chiqishi taqiqlanadi, abituriyentning sogʻligʻi yomonlashgan holatlar bundan mustasno.
13. Abituriyentga test sinovlarini qayta topshirishga ruxsat berilmaydi.
14. Test sinovlarini oʻtkazish vaqtida test sinovlari oʻtkazilayotgan auditoriyada abituriyentlar, auditoriya rahbari, imtihon oʻtkazish boʻyicha komissiya aʼzolaridan tashqari boshqa shaxslarning boʻlishi taqiqlanadi.
15. Test topshiriqlarini belgilangan muddatdan oldin bajargan yoki test topshiriqlarini bajarish uchun ajratilgan vaqt tugagach, abituriyentlar test materiallarini auditoriya rahbariga topshiradi.
16. Imtihon oʻtkazish boʻyicha komissiya aʼzolari test oʻtkazilgan kunning oʻzida test savollariga berilgan javoblarni tekshirib, natijalarni (toʻgʻri va notoʻgʻri javoblar soni) shu kunning oʻzida tegishlicha, har bir talabaning javoblar varagʻiga yozib qoʻyishi shart.
17. Test savollariga berilgan har bir toʻgʻri javob uchun 1 ball qoʻyiladi.
3-bob. Yakuniy qoidalar
18. Test sinovlari natijalarni (toʻgʻri va notoʻgʻri javoblar soni hamda umumiy bali) imtihon oʻtkazish boʻyicha komissiya aʼzolari tomonidan imzolangan, imtihon oʻtkazish boʻyicha komissiya raisi tomonidan tasdiqlangan holda shu kunning oʻzida soat 20:00 gacha eʼlonlar taxtasiga osib qoʻyiladi.
19. Test sinovi natijalaridan norozi boʻlgan abituriyent, unga nisbatan qoʻyilgan ballarni asoslantiruvchi maʼlumot bilan tanishish huquqiga ega.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.04.2018-y., 10/18/2995/1020-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son, 14.01.2022-y., 10/22/2995-1/0027-son, 01.06.2023-y., 10/23/2995-2/0315-son; 19.05.2026-y., 10/26/2995-3/0505-son)