Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Moʻtabar ayol” koʻkrak nishonini taʼsis etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 2-fevraldagi PF-5325-son Farmoniga muvofiq “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni taʼsis etilganligi munosabati bilan jamiyat va davlat hayotida faollik va tashabbuskorlik koʻrsatgan, oʻzining samarali mehnati bilan oilaning shakllanishiga va farovonligi mustahkamlanishiga, onalik va bolalik muhofazasiga munosib hissa qoʻshgan, shuningdek, sogʻlom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularni vatanparvarlik va istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, joylarda maʼnaviy-axloqiy muhitni sogʻlomlashtirish va milliy qadriyatlarimizni keng targʻib etish borasida ibratli faoliyat olib borayotgan xotin-qizlarni munosib taqdirlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasining “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishonini 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami arafasida topshirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni bilan mukofotlash Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi Boshqaruvining qarori asosida amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Quyidagilar:
“Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq;
“Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni va uning guvohnomasi tavsiflari 2 va 3-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
4. “Davlat belgisi” davlat — ishlab chiqarish birlashmasi Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasining buyurtmasiga asosan, belgilangan tartibda “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishonlari va ularning guvohnomalari tayyorlanishini taʼminlasin.
Keyingi tahrirga qarang.
5. “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishonlari va ularning guvohnomalarini tayyorlash hamda mukofotlanganlarni taqdirlash bilan bogʻliq xarajatlar Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlari hisobidan qoplanishi inobatga olinsin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi T.K. Narbayeva zimmasiga yuklansin.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 2-aprel,
257-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 2-apreldagi 257-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
“Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni toʻgʻrisida
NIZOM
1. “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni (keyingi oʻrinlarda koʻkrak nishoni deb ataladi) bilan jamiyat va davlat hayotida faollik va tashabbuskorlik koʻrsatgan, oʻzining samarali mehnati bilan oilaning shakllanishiga va farovonligi mustahkamlanishiga, onalik va bolalik muhofazasiga munosib hissa qoʻshgan, shuningdek, sogʻlom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularni vatanparvarlik va istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, joylarda maʼnaviy-axloqiy muhitni sogʻlomlashtirish va milliy qadriyatlarimizni keng targʻib etish borasida ibratli faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar taqdirlanadilar.
Koʻkrak nishoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.
2. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlashga oid dastlabki takliflar Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasining boshlangʻich tashkilotlari hamda tuman (shahar) xotin-qizlar qoʻmitalarining xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash boʻyicha mutaxassislari ishtirokida fuqarolar yigʻinlarining xotin-qizlar bilan ishlash boʻyicha komissiyalari tomonidan shakllantiriladi va tegishli yigʻilish qarorlari asosida har yilning 10-yanvar sanasiga qadar tuman (shahar) xotin-qizlar qoʻmitasiga taqdim etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Tuman (shahar) xotin-qizlar qoʻmitalari koʻkrak nishoniga tavsiya qilinayotgan nomzodlarni har tomonlama oʻrganib, ularning faoliyatiga oid barcha hujjatlarni tegishli yigʻilish qarorlari asosida har yilning 25-yanvar sanasiga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xotin-qizlar qoʻmitalariga taqdim etadilar.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xotin-qizlar qoʻmitalari koʻkrak nishoni bilan taqdirlashga tavsiya qilingan nomzodlar boʻyicha hujjatlarni koʻrib chiqib, tegishli yigʻilish qarorlari asosida har yilning 10-fevral sanasiga qadar Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasiga taqdim etadilar.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi Boshqaruvi tomonidan Koʻkrak nishoni bilan taqdirlashga oid takliflarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiya (keyingi oʻrinlarda Komissiya deb ataladi) tashkil etiladi.
Komissiya yigʻilishida nomzodlar boʻyicha hujjatlar koʻrib chiqilib, har yilning 20-fevral sanasiga qadar yakuniy xulosalar qabul qilinadi.
Komissiya xulosasiga asosan koʻkrak nishoni bilan taqdirlash boʻyicha Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi Boshqaruvining qarori qabul qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Koʻkrak nishoni va uning guvohnomasi mukofotlanganlarga 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami arafasida Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi yoki uning topshirigʻiga binoan boshqa masʼul shaxslar tomonidan tantanali vaziyatda topshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlash toʻgʻrisidagi qaror Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasining matbuot nashrlarida va boshqa tegishli ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Koʻkrak nishoni bilan mukofotlangan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining toʻrt baravari miqdorida biryoʻla toʻlanadigan pul mukofoti oladilar.
(8-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
Biryoʻla toʻlanadigan pul mukofotlari Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Bir shaxs koʻkrak nishoni bilan bir marta mukofotlanadi.
10. Koʻkrak nishoni davlat mukofotlaridan keyin koʻkrakning chap tomoniga taqiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 2-apreldagi 257-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
“Moʻtabar ayol” koʻkrak nishonining
TAVSIFI
“Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni diametri 34 millimetrli doira shaklida boʻlib, mis qotishmasidan tayyorlanadi.
Koʻkrak nishonining old tomoni markaziy qismida moʻtabar ayol siymosi quyosh nurlari fonida aks ettirilgan.
Koʻkrak nishonining pastki qismida zarhal hoshiya bilan oʻralgan oq emalli fonda “MOʻTABAR AYOL” soʻzlari yozilgan. Harflarning balandligi 2,3 millimetr boʻlib, yozuvlar zarhallangan. Nishonning yuqori chetlari boʻylab faxr-iftixor va sharaf maʼnolarini ifoda etuvchi ikkita dafna yaprogʻi tasvirlangan. Dafna yaproqlarining yuqori qismida sakkiz qirrali yulduz joylashgan.
Koʻkrak nishonining orqa tomoni markazida uch qatorda harflarning balandligi 1,8 millimetr boʻlgan “Jamiyat va”, “davlat hayotidagi”, “faolligi uchun” soʻzlari yozilgan.
Koʻkrak nishonining qalinligi 2,2 millimetr.
Tasvirlar va yozuvlar qabariqdir.
Koʻkrak nishonining old va orqa tomonlarining chetlari qabariq doira bilan oʻralgan.
Koʻkrak nishoni ilgakchalar va halqacha yordamida toʻgʻri toʻrtburchak shaklidagi qadagʻichga ulangan.
Qadagʻichning eni — 26 millimetr, boʻyi — 17 millimetr. Qadagʻich eni 22 millimetrli shoyi lenta bilan qoplangan boʻlib, lentaning oʻrtasidan eni 9 millimetrli sariq rangli yoʻl, uning ikki chetidan esa eni 1,5 millimetrli qizil rangli ikkita yoʻl oʻtgan. Shoyi lentaning chekka qismlari boʻylab har birining eni 5 millimetr boʻlgan yashil rangli yoʻllar oʻtgan.
Qadagʻichning orqa tomoniga koʻkrak nishonini kiyimga taqib qoʻyish uchun toʻgʻnogʻich koʻrinishidagi moslama oʻrnatilgan.
“Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 2-apreldagi 257-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
“Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni guvohnomasining
TAVSIFI
“Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni guvohnomasi 160x110 millimetr oʻlchamdagi kitobcha shaklida boʻlib, 240 g/kv. m qalinlikdagi ofset qogʻozdan tayyorlanadi.
Guvohnomaning tashqi tomoni (birinchi va toʻrtinchi betlari) och yashil rangda boʻlib, plyonka bilan qoplangan.
Guvohnomaning birinchi beti eni 7,5 millimetrli, ichki burchaklari aylana shaklida boʻlgan yashil rangli hoshiya bilan oʻralgan.
Guvohnomaning yuqori chekkasidan (birinchi beti) 35 millimetr pastda, markazda oraligʻi 3,5 millimetrli ikki satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda “Moʻtabar ayol”, ikkinchi satrda “koʻkrak nishoni” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 17-kegl) soʻzlari yozilgan. Undan 6 millimetr pastda “GUVONNOMASI” (katta harflarda, “Times new Roman Bolt” shrifti, 17-kegl) soʻzi yozilgan. Yozuvlar zarhal rangida aks ettirilgan.
Guvohnomaning ichki tomoni (ikkinchi va uchinchi betlari) “Tangir” tasviri tushirilgan och havo rangda boʻlib, ofset usulida chop etilgan.
Ichki tomonining chap qismida (ikkinchi beti), markazda koʻkrak nishonining asliga teng oʻlchamdagi rangli tasviri aks ettirilgan.
Guvohnomaning ichki oʻng tomoni (uchinchi beti) yuqori chekkasidan 8 millimetr pastda, markazda “GUVONNOMA” (katta harflarda, “Times new Roman Bolt” shrifti, 10-kegl) soʻzi hamda guvohnoma tartib raqami uchun “№” belgisi va 15 millimetrli chiziq joylashgan.
“GUVONNOMA” soʻzidan 11 millimetr pastda mukofotlangan shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismini qayd etish uchun oraligʻi 8 millimetrli uchta chiziq tortilgan.
Pastki chiziqdan 6 millimetr quyida, markazda oraligʻi 2 millimetrli ikki satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda “Oʻzbekiston Xotin-qizlar”, ikkinchi satrda “qoʻmitasi Boshqaruvining” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 10-kegl) soʻzlari yozilgan.
Keyingi tahrirga qarang.
Undan 5 millimetr pastda oraligʻi 4 millimetr boʻlgan ikki satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda “20__ y. “___” ___________dagi”, ikkinchi satrda “____-sonli Qaroriga asosan” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 10-kegl) soʻzlari yozilgan.
Undan 5 millimetr pastda, markazda oraligʻi 4 millimetrli ikki satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda markazda “Moʻtabar ayol” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 14-kegl), ikkinchi satrda “koʻkrak nishoni bilan mukofotlandi” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 10-kegl) soʻzlari yozilgan.
Soʻnggi soʻzlardan 10 millimetr pastda, chap tomonda oraligʻi 2 millimetrli ikki satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda “Oʻzbekiston Xotin-qizlar”, ikkinchi satrda “qoʻmitasi raisi” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 10-kegl) soʻzlari yozilgan.
Keyingi tahrirga qarang.
“Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni guvohnomasi
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.04.2018-y., 09/18/257/0997-son; 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son; 19.06.2020-y., 09/20/391/0777-son; 14.04.2021-y., 09/21/210/0326-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.08.2021-y., 09/21/524/0802-son; 10.08.2022-y., 09/22/438/0726-son; 11.12.2024-y., 09/24/833/1016-son; 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son)