Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari toʻgʻrisida
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-598-sonli “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan 2020-yil 27-yanvardan oʻz kuchini yoʻqotadi.
1-modda. Qonunning maqsadi va vazifalari
Ushbu Qonun Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet el investitsiya faoliyatini amalga oshirayotgan chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlarini va ularni himoya qilish choralarini belgilaydi.
Ushbu Qonunning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish boʻyicha kompleks choralarni shakllantirish;
chet ellik investorlar va chet el investitsiyalarining ayrim toifalari uchun qoʻshimcha kafolatlar berish shart-sharoitlarini va ularni himoya qilish choralarini belgilash.
2-modda. Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlarini berish va ularni himoya qilish choralarini amalga oshirish bilan bogʻliq munosabatlar ushbu Qonun, “Chet el investitsiyalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni va boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlaridagidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, u holda xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
3-modda. Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari
Davlat Oʻzbekiston Respublikasi hududida investitsiya faoliyatini amalga oshiruvchi chet ellik investorlarning huquqlarini kafolatlaydi va himoya qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining amalga oshirilishi taʼminlanishini hisobga olgan holda fuqaroligi, yashash joyi, diniy eʼtiqodi, iqtisodiy faoliyati qayerda amalga oshirayotganligiga, shuningdek investorlar yoki investitsiyalarning qaysi mamlakatga mansubligiga qarab chet ellik investorlarning kamsitilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Qonun hujjatlari, shu jumladan idoraviy normativ hujjatlar, agar ularning ijrosi chet ellik investorga yoki chet el investitsiyalariga zarar yetkazsa, ular orqaga qaytish kuchiga ega emas.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining keyingi qonun hujjatlari investitsiyalash shart-sharoitlarini yomonlashtirsa, unda chet el investitsiyalariga nisbatan investitsiyalash sanasida amal qilgan qonun hujjatlari investitsiyalash paytidan boshlab oʻn yil mobaynida qoʻllaniladi. Chet ellik investor oʻz xohishiga koʻra yangi qonun hujjatlarining investitsiyalash shart-sharoitlarini yaxshilaydigan qoidalarini qoʻllash huquqiga egadir.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Chet el investitsiyalari, avvalo xususiy investitsiyalar boʻyicha barcha shartnomalar, ular bajarilishining qatʼiy kafolatlarini taʼminlash borasida, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati vakolat bergan tegishli organlarining nazorati ostida turadi.
Davlat boshqaruv organlari va davlat hokimiyati mahalliy organlari chet ellik investorlarning Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirilayotgan xoʻjalik faoliyatiga aralashishga haqli emas.
Davlat boshqaruv organlari va davlat hokimiyati mahalliy organlari oʻzlarining qonuniy vakolatlaridan foydalanish paytida chet ellik investor qonun hujjatlarini buzganligini aniqlasalar, ular faqat vakolatlari boʻlgan hamda muayyan qoidabuzarlikni bartaraf etish bilan bevosita bogʻliq choralarnigina koʻrishlari mumkin. Davlat boshqaruv organlari yoki davlat hokimiyati mahalliy organlari qoidabuzarlik mavjudligi faktidan chet ellik investorning boshqa qonuniy faoliyatiga aralashish yoki faoliyatini cheklab qoʻyish uchun asos sifatida foydalanishi mumkin emas.
Ushbu modda xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan prinsiplariga muvofiq belgilanadigan, Oʻzbekiston Respublikasining milliy xavfsizligi manfaatlari himoya qilinishini taʼminlashga bevosita bogʻliq boʻlgan qonun hujjatlarini qabul qilish, ularga qoʻshimchalar kiritish yoki ularni bekor qilishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
4-modda. Chet ellik investorlarga beriladigan qoʻshimcha kafolatlar va ularni himoya qilish choralari
Chet ellik investorlarni himoya qilishning umumiy kafolatlari va choralari bilan bir qatorda qonun hujjatlarida qoʻshimcha, shu jumladan sheriklar tomonidan chet ellik investorlar oldidagi oʻz majburiyatlarining soʻzsiz bajarilishini taʼminlovchi kafolatlar va ularni himoya qilish choralari nazarda tutilishi mumkin.
Chet ellik investorlarga qoʻshimcha kafolatlar va ularni himoya qilish choralari har bir muayyan holda, yaʼni:
barqaror iqtisodiy oʻsishni, mamlakat iqtisodiyotida ilgʻor tuzilmaviy oʻzgarishlar roʻy berishini taʼminlovchi ustuvor tarmoqlarga investitsiyalar kiritilayotganda;
Keyingi tahrirga qarang.
respublikaning eksport imkoniyati mustahkamlanishi va kengayishini, respublika jahon xoʻjalik aloqalariga integratsiyalashuvini taʼminlovchi ustuvor loyihalarga investitsiya kiritilayotganda;
Oldingi tahrirga qarang.
amalga oshirilishi xomashyo va materiallarni qayta ishlashga, isteʼmol tovarlari ishlab chiqarish va xizmatlar koʻrsatishga, aholini ish bilan taʼminlashga qaratilgan kichik tadbirkorlik sohasidagi loyihalarga investitsiyalar kiritilayotganda berilishi mumkin.
(4-modda ikkinchi qismining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 12-dekabrdagi 568–II-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2004-y.,1-2-son, 18-modda)
Chet ellik investorlarga qoʻshimcha kafolatlar va ularni himoya qilish choralari Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan kafolat berishni, investitsiya loyihalarini moliyaviy taʼminlashda koʻmaklashishni, maxsus soliq va toʻlov rejimi yaratilishini, loyihalar roʻyobga chiqarilishining davlat monitoringi amalga oshirilishini hamda qonun hujjatlariga muvofiq boshqa choralarni oʻz ichiga olishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Qoʻshimcha kafolatlar va ularni himoya qilish choralari chet ellik investorlarga Hukumatning maxsus qarorlari bilan berilib, ularda, xususan, chet el investitsiyalarini kiritish, ishlatish va ularning oʻrni qoplanishini taʼminlash shartlari va tartibi nazarda tutiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
5-modda. Davlat mulkiga aylantirishdan kafolatlar. Rekvizitsiyalarni amalga oshirish shartlari
Oʻzbekiston Respublikasidagi chet el investitsiyalari va chet ellik investorlarning boshqa aktivlari davlat mulkiga aylantirilmaydi.
Chet el investitsiyalari va chet ellik investorlarning boshqa aktivlari rekvizitsiya qilinmaydi, tabiiy ofatlar, falokatlar, epidemiyalar, epizootiya hollari bundan mustasno.
Rekvizitsiya toʻgʻrisidagi qaror:
koʻrsatilgan hollardan kelib chiquvchi vazifalarni hal etish uchun zarur boʻlgan investitsiyalar yoki boshqa aktivlarning eng kam miqdori cheklanadigan;
kamsitilmaydigan asosda va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladigan;
yetkazilgan zararga monand ravishda tovon toʻlanadigan rekvizitsiya boʻyicha, talablarga rioya etilgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadi. Davlat koʻrsatib oʻtilgan tovon toʻlovlari oʻz vaqtida amalga oshirilishiga kafil boʻladi.
Chet ellik investor sud va hakamlik tartibida quyidagilar boʻyicha, xususan:
rekvizitsiyani amalga oshirish uchun qoʻllanayotgan maqsadning qonuniyligi;
rekvizitsiya miqdori;
rekvizitsiya qilinadigan investitsiyalar va boshqa aktivlar bahosi;
toʻlanishi kerak boʻlgan tovon toʻlovlarining mosligi;
rekvizitsiyani amalga oshirish paytida davlat boshqaruv organlari va davlat hokimiyati mahalliy organlari rioya qilgan tartib yuzasidan bahslashishga haqli.
6-modda. Mablagʻlardan foydalanish kafolatlari
Chet ellik investorning Oʻzbekiston Respublikasida olgan daromadlari chet ellik investorning xohishiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi hududida reinvestitsiya qilinishi yoki boshqa har qanday usulda ishlatilishi mumkin.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar qonun hujjatlariga muvofiq quyidagi huquqlarga ega:
Oʻzbekiston Respublikasi hududida, shuningdek undan tashqarida har qanday valyutada, har qanday bankda hisobvaraqlar ochish, ulardan foydalanish va ularni tasarruf etish;
chet el valyutasida ssudalar olish va uni qaytarish.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning hisobvaraqlaridagi mablagʻlardan foydalanishni cheklash yoxud mablagʻlarni majburiy olish davlat boshqaruv organlari va davlat hokimiyati mahalliy organlari tomonidan faqat qonunda belgilangan tartibda amalga oshirilishi mumkin.
7-modda. Mablagʻlarni oʻtkazish kafolatlari
Chet ellik investorlarga chet el valyutasidagi pul mablagʻlarini Oʻzbekiston Respublikasiga va undan tashqariga, ular soliqlar hamda boshqa majburiy toʻlovlarni Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda toʻlashi sharti bilan, biron-bir cheklashsiz erkin oʻtkazish kafolatlanadi. Bunday oʻtkazishlar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
chet el investitsiyalarini saqlab turish yoxud koʻpaytirish uchun boshlangʻich va qoʻshimcha summalarni;
investitsiyalarni amalga oshirishdan tushgan daromadlarni;
yetkazilgan zararni qoplash uchun tovon sifatida ushbu Qonunga muvofiq olingan mablagʻlarni;
shartnomalarni ijro etish tartibida amalga oshirilgan toʻlovlarni;
chet el investitsiyalarining hammasini yoki bir qismini sotishdan kelgan tushumni;
nizoni hal qilish, shu jumladan sud yoki hakamlikning har qanday hal qiluv qarori tufayli vujudga keluvchi toʻlovlarni;
xodimlarga toʻlanadigan ish haqini va boshqa toʻlovlarni;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa manbalardan olingan mablagʻlarni.
Xalqaro huquq normalariga muvofiq, davlat chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonaning toʻlovga qobiliyatsizligi va bankrotligi yoki kredit beruvchilarning huquqlarini himoya qilish, chet ellik investor — jismoniy shaxs sodir etgan jinoiy qilmish yoki maʼmuriy huquqbuzarlik hollarida yoxud sud yoki hakamlikning hal qiluv qaroriga muvofiq mablagʻlarni oʻz mamlakatiga qaytarishni toʻxtatib turishning boshqa zarurati boʻlganda chet ellik investorning mablagʻlarini qonun hujjatlarini kamsitmaydigan tarzda qoʻllash sharoitida oʻz mamlakatiga qaytarishni toʻxtatib turishi mumkin.
8-modda. Investitsiya faoliyati toʻxtatilishi munosabati bilan chet el investitsiyalarini qaytarish kafolatlari
Chet ellik investor Oʻzbekiston Respublikasidagi investitsiya faoliyatini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda toʻxtatish huquqiga ega.
Chet ellik investor investitsiya faoliyatini toʻxtatganidan keyin investitsiya faoliyatini toʻxtatish natijasida olingan oʻz aktivlarini, chet ellik investorning Oʻzbekiston Respublikasi yoxud boshqa kreditorlar oldidagi majburiyatlarini bajarish uchun zarar yetkazmagan holda, pul yoxud natura shaklida oʻz mamlakatiga erkin qaytarish huquqiga ega.
9-modda. Ochiq axborotdan erkin foydalana olish
Chet ellik investorlar oʻzlarining manfaatlariga biron-bir tarzda daxl qiluvchi qonun hujjatlari, shu jumladan idoraviy normativ hujjatlar, shuningdek sudning hal qiluv qarorlaridan erkin foydalana olishlari, Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida bevosita nazarda tutilgan hollarda esa – bunday hujjatlar eʼlon qilinishi shart.
Davlat boshqaruv organlari va davlat hokimiyati mahalliy organlari chet ellik investorlarning soʻrovlariga koʻra ularni qiziqtirgan axborotni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda berishlari shart.
10-modda. Nizolarni hal qilish
Chet el investitsiyalari bilan bevosita yoki bilvosita bogʻliq nizo (investitsiyaga oid nizo), taraflar kelishuviga koʻra, ular oʻrtasidagi maslahatlashuvlar orqali hal etilishi mumkin. Agar taraflar kelishilgan hal qiluvga erisha olmasalar, bunday nizo Oʻzbekiston Respublikasining xoʻjalik sudi tomonidan yoxud hakamlik vositasida investitsiyaga oid nizolarni hal etishga doir Oʻzbekiston Respublikasi qoʻshilgan xalqaro shartnomalarning (bitimlar va konvensiyalarning) qoidalari va tartibotiga muvofiq hal etilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Investitsiyaga oid nizoga jalb etilgan taraflar oʻzaro kelishuvga koʻra bunday nizoni koʻrib chiquvchi organni, shuningdek investitsiyaga oid nizo boʻyicha hakamlik sudlovini amalga oshiruvchi mamlakatni aniqlashlari mumkin.
Chet ellik investorlarning Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi investitsiya faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan nizolarni Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq hal qilinadi, shartnomada nizolarni hal qilishning xalqaro huquq normalariga muvofiq oʻzga tartibi nazarda tutilgan hollar bundan mustasnodir.
11-modda. Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilgan taqdirda, chet ellik investor yetkazilgan zarar uchun sud tartibida shunga monand tovon olish huquqiga ega.
Davlat boshqaruv organlari yoki davlat hokimiyati mahalliy organlari tomonidan chet ellik investorlarning huquqlarini kamsituvchi normativ hujjatlar qabul qilingan taqdirda, shuningdek ular chet ellik investorlarning xoʻjalik faoliyatiga gʻayriqonuniy aralashgan hollarda yetkazilgan zarar shu organlar tomonidan sud tartibida qoplanadi.
Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzgan davlat boshqaruv organlari yoki davlat hokimiyati mahalliy organlarining mansabdor shaxslari belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
12-modda. Oʻzaro zid qoidalar
Mazkur Qonunning qoidalari bilan Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlari yoki Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari oʻrtasida biron-bir nomuvofiqlik boʻlgan holda, chet ellik investorlar uchun birmuncha qulay boʻlgan qoidalar ustuvor kuchga ega boʻladi.
13-modda. Qonunning ilgari amalga oshirilgan investitsiyalarga nisbatan qoʻllanishi
Mazkur Qonun kuchga kirgunga qadar Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshirilgan chet el investitsiyalariga nisbatan, mazkur Qonunning chet ellik investorga koʻproq qulaylik yaratib beradigan qismigina qoʻllaniladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 30-aprel,
611-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 5-6-son, 93-modda; 2004-y., 1-2-son, 18-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 37-38-son, 278-modda; 2008-y., 52-son, 513-modda; 2014-y., 4-son, 45-modda; 2017-y., 37-son, 978-modda)