Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
Chet el investitsiyalari toʻgʻrisida
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-598-sonli “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan 2020-yil 27-yanvardan oʻz kuchini yoʻqotadi.
1-modda. Qonunning maqsad va vazifalari
Ushbu Qonun Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet el investitsiyalari amalga oshirilishining huquqiy asoslari va tartibini belgilab beradi.
Ushbu Qonunning asosiy vazifalari:
chet el investitsiyalari kirib kelishini ragʻbatlantirish yoʻli bilan Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotini rivojlantirish va uning jahon iqtisodiy tizimiga qoʻshilishiga koʻmaklashishdan;
chet elning moliyaviy, moddiy, intellektual va boshqa resurslarini, zamonaviy xorijiy texnologiyalarni va boshqaruv tajribasini jalb etish hamda ulardan oqilona foydalanishdan iborat.
2-modda. Chet el investitsiyalari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Chet el investitsiyalari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun, “Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni, boshqa qonun hujjatlaridan iborat.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida chet el investitsiyalari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan oʻzgacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
3-modda. Chet el investitsiyalari
Chet ellik investorlar tomonidan tadbirkorlik faoliyati va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa turdagi faoliyat obyektlariga qoʻshiladigan barcha turdagi moddiy va nomoddiy boyliklar hamda ularga boʻlgan huquqlar, shu jumladan intellektual mulkka boʻlgan huquqlar, shuningdek reinvestitsiyalar chet el investitsiyalari deb eʼtirof etiladi.
Chet ellik investorlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasida chet el investitsiyalaridan olingan hamda Oʻzbekiston Respublikasi hududida tadbirkorlik faoliyati va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa turdagi faoliyat obyektlariga qoʻshiladigan har qanday daromad, shu jumladan foyda, foizlar, dividendlar, royalti, litsenziya va vositachilik haqlari, texnikaviy yordam, texnik xizmat koʻrsatish uchun toʻlovlar hamda boshqa shakldagi mukofotlar reinvestitsiyalar deb eʼtirof etiladi.
(3-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 20-yanvardagi OʻRQ-365-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 4-son, 45-modda)
4-modda. Chet ellik investorlar
Oʻzbekiston Respublikasida chet ellik investorlar quyidagilar boʻlishi mumkin:
chet el davlatlari, chet el davlatlarining maʼmuriy yoki hududiy organlari;
davlatlararo bitimlar yoki boshqa shartnomalarga muvofiq tashkil topgan yoki xalqaro ommaviy huquq subyektlari boʻlgan xalqaro tashkilotlar;
chet el davlatlarining qonun hujjatlariga muvofiq tashkil topgan va faoliyat koʻrsatib kelayotgan yuridik shaxslar, boshqa har qanday shirkatlar, tashkilotlar yoki uyushmalar;
chet davlat fuqarolari va Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida doimiy ravishda yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslar.
(4-moddaning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 20-yanvardagi OʻRQ-365-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 4-son, 45-modda)
5-modda. Chet el investitsiyalarini amalga oshirish shakllari
Chet ellik investorlar Oʻzbekiston Respublikasi hududida investitsiyalarni quyidagi yoʻllar bilan amalga oshirishlari mumkin:
Oʻzbekiston Respublikasining yuridik va (yoki) jismoniy shaxslari bilan birgalikda tashkil etilgan xoʻjalik jamiyatlari va shirkatlarining, banklar, sugʻurta tashkilotlari va boshqa korxonalarning ustav jamgʻarmalarida va boshqa mol-mulkida ulush qoʻshib qatnashish;
chet ellik investorlarga toʻliq qarashli boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari va shirkatlarini, banklar, sugʻurta tashkilotlari va boshqa korxonalarni barpo etish va rivojlantirish;
mol-mulk, aksiyalar va boshqa qimmatli qogʻozlarni sotib olish;
(5-moddaning birinchi qismi toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 20-yanvardagi OʻRQ-365-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 4-son, 45-modda)
intellektual mulkka, shu jumladan mualliflik huquqlari, patentlar, tovar belgilari, foydali modellar, sanoat namunalari, firma nomlari va nou-xauga, shuningdek ishchanlik nufuziga (gudvillga) huquqlar kiritish;
konsessiyalar, shu jumladan tabiiy resurslarni qidirish, ishlab chiqish, qazib olish yoki ulardan foydalanishga boʻlgan konsessiyalar olish;
savdo va xizmat koʻrsatish sohalari obyektlariga, turar joy binolariga ular joylashgan yer uchastkalari bilan birgalikda mulk huquqini, shuningdek yerga egalik qilish va undan foydalanish (shu jumladan ijara asosida foydalanish) hamda tabiiy resurslarga egalik qilish va ulardan foydalanish huquqlarini sotib olish;
(5-moddaning birinchi qismi yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 20-yanvardagi OʻRQ-365-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 4-son, 45-modda)
mahsulot taqsimotiga oid bitimlarga muvofiq yer qaʼri uchastkalarida konlarni aniqlash, qidirish hamda foydali qazilmalarni kavlab olish huquqini olish orqali.
(5-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 20-yanvardagi OʻRQ-365-sonli Qonuniga asosan sakkizinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2014-y., 4-son, 45-modda)
Chet ellik investorlar Oʻzbekiston Respublikasi hududida investitsiyalarni amaldagi qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa shakllarda ham amalga oshirishlari mumkin.
Chet el investitsiyalari birlamchi yoki takroran amalga oshirilayotgan shakllarining oʻzgartirilishi ularning investitsiya sifatidagi mohiyati oʻzgarishiga olib kelmaydi.
6-modda. Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar
Chet ellik investorlar Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar tashkil etishlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan oʻzlariga berilgan barcha huquqlar, kafolatlar va imtiyozlardan foydalanishlari mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar deganda aksiyalarining (ulushlari, paylarining) yoki ustav jamgʻarmasining kamida oʻttiz foizini chet el investitsiyalari tashkil etadigan korxonalar tushuniladi. Ular Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga zid kelmaydigan har qanday tashkiliy-huquqiy shakllarda faoliyat koʻrsatadilar. Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona qatnashchilaridan biri ushbu Qonun 4-moddasining ikkinchi, uchinchi yoki toʻrtinchi xatboshilarida koʻrsatilgan chet ellik investor boʻlishi shart.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona uni taʼsis etish yoʻli bilan yoki ilgari chet el investitsiyalari ishtirokisiz taʼsis etilgan korxonada ishtirok etish ulushini (payini, aksiyalarini) yoxud bunday korxonani butunlay, shu jumladan xususiylashtirish jarayonida chet ellik investor tomonidan sotib olinishi natijasida tashkil etilishi mumkin.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona davlat roʻyxatiga olingan paytdan eʼtiboran yuridik shaxs huquqiga ega boʻladi.
(6-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 20-yanvardagi OʻRQ-365-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 4-son, 45-modda)
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarni davlat roʻyxatiga olish, shuningdek zarur ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish tegishli davlat organi tomonidan “bir darcha” prinsipi boʻyicha amalga oshiriladi.
(6-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 20-yanvardagi OʻRQ-365-sonli Qonuniga asosan beshinchi qism bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2014-y., 4-son, 45-modda)
7-modda. Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning shuʼba korxonalari, filiallari va vakolatxonalari
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarining talablariga rioya etgan holda Oʻzbekiston Respublikasi hududida yuridik shaxs huquqiga ega boʻlgan shuʼba korxonalar, filiallar, shuningdek yuridik shaxs boʻlmagan vakolatxonalar va boshqa alohida boʻlinmalar tashkil etishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning shuʼba korxonalari, filiallari, vakolatxonalari va boshqa alohida boʻlinmalari tashkil etilishi mumkin.
8-modda. Korxonalarning xoʻjalik birlashmalari
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar ixtiyoriy ravishda Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi hududida uyushmalar, konsernlar, korporatsiyalar, konsorsiumlar va boshqa xoʻjalik birlashmalari tashkil etishi, amal qilib turgan birlashmalar tarkibiga toʻla huquqli aʼzo sifatida kirishi mumkin.
9-modda. Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi chet el investitsiyalari uchun huquqiy rejim
Davlat Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet ellik investorlar investitsiya faoliyatini amalga oshirishlari chogʻida ularning barcha huquqlarini kafolatlaydi va himoya qiladi.
Chet ellik investorlar va chet el investitsiyalari uchun adolatli va teng huquqli rejim, ularning toʻliq va doimiy himoyasi hamda xavfsizligi taʼminlanadi. Bunday rejim Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida belgilab qoʻyilgan rejimga qaraganda noqulayroq boʻlishi mumkin emas.
Chet el investitsiyalarining huquqiy rejimi Oʻzbekiston Respublikasi yuridik va jismoniy shaxslari tomonidan amalga oshirilayotgan investitsiyalarning tegishli rejimiga qaraganda noqulayroq boʻlishi mumkin emas.
Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan normalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining milliy xavfsizligi manfaatlarini himoya etish maqsadida iqtisodiyot va faoliyatning muayyan sohalarida chet el investitsiyalari uchun cheklashlar yoki taqiq nazarda tutilgan boʻlishi mumkin.
Chet ellik investorlarning Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari bilan kafolatlangan huquqlari va manfaatlari buzilganda ularni tiklash Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari, shu jumladan xalqaro shartnomalari bilan tartibga solinadi.
10-modda. Chet ellik investorlarning huquqlari
Chet ellik investor xalqaro huquq prinsiplari va Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq quyidagi huquqlarga ega:
investitsiyalashni amalga oshirishning hajmlari, turlari va yoʻnalishlarini mustaqil belgilash;
investitsiya faoliyatini amalga oshirish uchun yuridik va jismoniy shaxslar bilan shartnomalar tuzish;
oʻzining investitsiyalariga va investitsiya faoliyatining natijalariga egalik qilish, ulardan foydalanish va ularni tasarruf etish. Chet ellik investorning qaroriga binoan investitsiyalarga, ularning natijalariga egalik qilish, ulardan foydalanish, ularni tasarruf etish huquqlari Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida belgilangan tartibda boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga berilishi mumkin. Huquqlar boshqa shaxsga berilganda taraflarning oʻzaro munosabatlari shartnomalar asosida tartibga solinadi;
Oʻzbekiston Respublikasidagi investitsiya faoliyati natijasida olingan oʻziga qarashli ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalarini chet ellarda va Oʻzbekiston Respublikasida patentlashtirish toʻgʻrisida mustaqil ravishda qaror qabul qilish;
investitsiya faoliyati natijasida olingan daromadni soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar toʻlanganidan keyin mustaqil va erkin tasarruf etish (shu jumladan uni moneliksiz repatriatsiya qilish);
(10-moddaning birinchi qismi oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 20-yanvardagi OʻRQ-365-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 4-son, 45-modda)
Oʻzbekiston Respublikasiga kreditlar va qarzlar tariqasida pul mablagʻlari jalb etish;
oʻz hisobvaragʻidagi milliy valyuta mablagʻlaridan ichki valyuta bozorida chet el valyutasini sotib olish uchun foydalanish;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda va shartlarda yer uchastkalariga doir huquqlarni sotib olish;
Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq, oʻziga mulk huquqi asosida qarashli boʻlgan mol-mulk va har qanday mulkiy huquqlardan zimmaga olgan majburiyatlarning, shu jumladan qarz mablagʻlarini jalb etishga qaratilgan majburiyatlarning barcha turlari boʻyicha taʼmin sifatida foydalanish;
oʻz investitsiyalari va boshqa aktivlari rekvizitsiya qilingan taqdirda mutanosib ravishda tovon olish;
davlat boshqaruv organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining hamda ular mansabdor shaxslarining gʻayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) hamda qarorlari natijasida yetkazilgan zararlarni undirish.
Chet ellik investorlar — jismoniy shaxslar, chet ellik investorlar — yuridik shaxslarning mansabdor shaxslari chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarda oʻz ulushlari (hissalari, aksiyalari) mavjud boʻlgan butun davrda tegishli koʻp martalik vizalar olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirib kelish va unda qolish huquqiga ega.
(10-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 20-yanvardagi OʻRQ-365-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2014-y., 4-son, 45-modda)
Chet ellik investor Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham egadir.
11-modda. Chet ellik investorlarning majburiyatlari
Chet ellik investorlar Oʻzbekiston Respublikasi hududida investitsiya faoliyatini amalga oshirganda:
Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga rioya etishlari;
Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar toʻlashlari;
(11-moddaning birinchi qismi uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 20-yanvardagi OʻRQ-365-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 4-son, 45-modda)
investitsiyalash munosabati bilan oʻz zimmalariga olgan shartnoma majburiyatlari boʻyicha javob berishlari;
investitsiya loyihalarida Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlaridan kelib chiqadigan sanitariya-gigiyena, ekologiyaga oid va boshqa talablarga rioya etilganligi xususida ekspertiza xulosasini olishlari;
oʻz raqobatchilariga nisbatan qoʻshimcha imtiyozlar va afzalliklar olish maqsadida investitsiya faoliyati boʻyicha sheriklariga yoki davlat boshqaruv organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlariga bevosita va (yoki) bilvosita noqonuniy taʼsir oʻtkazishning har qanday shakllaridan oʻzlarini tiyishlari shart.
Chet ellik investor Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga rioya etmaganlik uchun umumiy asoslarda javobgar boʻladi hamda oʻziga mulk huquqi asosida qarashli boʻlgan, Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiq undirish qaratilishi mumkin boʻlgan oʻzining mol-mulki bilan javob beradi.
12-modda. Chet ellik investorlarning xoʻjalik faoliyati
Chet ellik investorlarning xoʻjalik faoliyati, shu jumladan chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar, ularning shuʼba korxonalari, filiallari va boshqa tuzilmalarini, shuningdek xoʻjalik uyushmalari va birlashmalarini tashkil etish, sotish, qayta tashkil etish yoki tugatish, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning fondlarini shakllantirish, ijara shartnomalari va boshqa shartnomalarini tuzish boʻyicha faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlaydi.
(12-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2008-yil 31-dekabrdagi OʻRQ-197-sonli Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 52-son, 513-modda)
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi yangidan tashkil etiladigan, chet ellik investorning pul shaklidagi hissasi kamida besh million AQSh dollaridan iborat boʻlgan korxonalar soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari oʻzgargan taqdirda, ular davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran oʻn yil mobaynida ular davlat roʻyxatiga olingan sanada amal qilib turgan, roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan belgilangan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashga doir normalar hamda qoidalarni qoʻllashga haqlidir.
(12-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 20-yanvardagi OʻRQ-365-sonli Qonuniga asosan uchinchi qism bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2014-y., 4-son, 45-modda)
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi yangidan tashkil etiladigan ishlab chiqarish korxonalari oʻzlari davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sanada amalda boʻlgan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar stavkalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran besh yil ichida qoʻllashga haqlidir. Mazkur huquq bojxona toʻlovlari, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, yer soligʻi, yer qaʼridan foydalanuvchilar uchun soliqlar va maxsus toʻlovlarga tatbiq etilmaydi.
(12-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 18-apreldagi OʻRQ-429-sonli Qonuniga asosan toʻrtinchi qism bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2017-y., 16-son, 265-modda)
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning chet el valyutasidagi barcha xarajatlari ularning oʻz valyuta tushumlari hisobiga, shuningdek chet el valyutasini olishning Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida ruxsat etilgan boshqa manbalari hisobiga taʼminlanishi lozim. Ularning valyutada oʻzini oʻzi qoplashi tuziladigan konsorsiumlar, birlashmalar va boshqa tashkiliy tuzilmalar doirasida ham taʼminlanishi mumkin.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari talablariga rioya etgan holda eksport-import operatsiyalarini mustaqil ravishda amalga oshiradilar. Oʻzlari ishlab chiqargan mahsulotni eksport qilganlarida bunday mahsulot litsenziyalanmaydi va kvotalanmaydi.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun mahsulotni litsenziyasiz import qilishga haqli. Eksportga chiqariladigan oʻzining ishlab chiqargan mahsulotini va korxonalar tomonidan oʻz ehtiyojlari uchun import qilinadigan mahsulotni aniqlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Ustav fondida chet el investitsiyalarining ulushi kamida oʻttiz uch foiz boʻlgan chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar tomonidan ular davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran ikki yil davomida oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun Oʻzbekiston Respublikasiga olib kiriladigan mol-mulk boj undirishdan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ozod qilinadi. Chet ellik investorlar, chet ellik investorlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasida turgan chet davlatlar fuqarolari va Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida doimiy ravishda yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning shaxsiy ehtiyojlari uchun olib kiriladigan mol-mulkdan bojxona boji undirilmaydi.
(12-moddaning yettinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 20-yanvardagi OʻRQ-365-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 4-son, 45-modda)
Chet ellik investorlarga hamda chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga tegishli, ularning investitsiyalari sifatida qoʻshiladigan ixtirolarni patentlash va sanoat namunalarini joriy etish Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar korxona fondlari roʻyxatini, ularni vujudga keltirish va ulardan foydalanish tartibini mustaqil ravishda belgilaydi.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar xodimlarining mehnat munosabatlari Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona xodimlarining pensiya taʼminoti Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
(12-moddaning oʻninchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2008-yil 31-dekabrdagi OʻRQ-197-sonli Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 52-son, 513-modda)
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda va shartlarda yer uchastkalari sotib olishlari mumkin.
Imoratlar va inshootlarga boʻlgan mulk huquqi boshqaga oʻtayotganda Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va shartlarda shu obyektlar bilan birgalikda yer uchastkasidan foydalanish huquqi ham oʻtadi.
Chet ellik investorlarga mol-mulkni ijaraga berib qoʻyish ijaraga beruvchi tomonidan shartnomalar asosida va qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hisob-kitobni va hisobotni amalga oshiradilar. Ular buxgalteriya daftarlari va yozuvlarini Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasida, shuningdek, oʻz xohishlariga koʻra, erkin ayrboshlanadigan valyutada yuritadilar.
13-modda. Konsessiya shartnomalari
Chet ellik investorlarga tabiiy resurslarni qidirish, qazib olish va ulardan foydalanish hamda boshqa xoʻjalik faoliyatini yuritish uchun konsessiyalar berish chet ellik investorlar Oʻzbekiston Respublikasi davlat boshqaruvining vakolatli organlari bilan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tuzadigan konsessiya shartnomalari asosida amalga oshiriladi.
Konsessiyalarga, agar ular Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boʻlsa va tuziladigan konsessiya shartnomalarining maqsadlariga javob bersa, faoliyatning barcha sohalari va turlarida yoʻl qoʻyiladi.
14-modda. Chet ellik xodimlarni jalb etish
Chet ellik investorlar va chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq investitsiya faoliyatini amalga oshirish maqsadida har qanday chet davlat fuqarolari va Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida doimiy ravishda yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslar bilan mehnat shartnomalarini erkin tuzish huquqiga ega. Bunday shaxslar mehnat shartnomasi amal qilishining butun davrida tegishli koʻp martalik vizalar olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirib kelish va unda qolish huquqiga ega.
(14-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 20-yanvardagi OʻRQ-365-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 4-son, 45-modda)
Chet ellik xodimlar mehnatiga haq toʻlash, ularga taʼtillar berish, ularni pensiya bilan taʼminlash masalalari ularning har biri bilan tuzilgan mehnat shartnomalarida hal etilishi lozim. Bunday xodimlar ish haqi va qonuniy yoʻl bilan olgan oʻzga daromadlarini boshqa davlatlarga, qonunda belgilangan soliq va boshqa majburiy toʻlovlar toʻlanganidan keyin, biron-bir cheklovsiz oʻtkazishlari mumkin.
(14-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 20-yanvardagi OʻRQ-365-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 4-son, 45-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Chet ellik investor, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona chet ellik xodim doimiy yashaydigan mamlakatdagi tegishli fondlarga shu xodim uchun pensiya taʼminoti toʻlovlarini oʻtkazadi.
(14-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2008-yil 31-dekabrdagi OʻRQ-197-sonli Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 52-son, 513-modda)
15-modda. Yurish erkinligi
Investitsiya faoliyati bilan bogʻliq holda Oʻzbekiston Respublikasida boʻlib turgan chet ellik investorlar, ularning vakillari va chet ellik xodimlar Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida erkin yurish huquqiga egadirlar.
Basharti, Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida erkin yurishga cheklovlar belgilangan boʻlsa, faqat milliy xavfsizlikni taʼminlash maqsadlarini koʻzlab muayyan cheklovlar qoʻllanilishi mumkin.
16-modda. Chet el investitsiyalarini sugʻurta qilish
Investitsiyalar va chet ellik investorlarning tavakkalchiligini sugʻurta qilish ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi.
Chet ellik investorlar mamlakatning oʻz investorlari bilan teng ravishda Oʻzbekiston Respublikasi hududida qonuniy faoliyat koʻrsatayotgan har qanday sugʻurta himoyasi huquqidan foydalanadilar. Chet el investitsiyalarini siyosiy va boshqa xavflardan sugʻurta qilish xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlarning eksport kredit agentliklari, boshqa sugʻurta kompaniyalari tomonidan ham amalga oshirilishi mumkin.
Chet el investitsiyalarini sugʻurta qilishni amalga oshiruvchi sugʻurta tashkilotlari Oʻzbekiston Respublikasining majburiyatlari yuzasidan javob bermaydi. Davlat sugʻurta tashkilotlarining majburiyatlari yuzasidan javob bermaydi, taraflarning kelishuvida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Chet el investitsiyalarini sugʻurta qilish siyosiy va boshqa xavflardan, shu jumladan:
mulkning ekspropriatsiya qilinishini, shuningdek, mulkning olib qoʻyilishi yoki boshqa shaxsga oʻtkazilishiga, mulk yoki u orqali olinadigan daromadlar ustidan nazorat qilish imkoniyati yoʻqotilishiga olib keluvchi har qanday qonun chiqarishga oid yoki maʼmuriy choralarni;
chet el valyutasini mamlakatdan tashqariga oʻtkazishga cheklovlar joriy etilishini;
qonun hujjatlariga investorlarning ayrim guruhlariga nisbatan kamsitish tusidagi oʻzgartishlar kiritilishini;
davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va ular mansabdor shaxslarining investorlarning shartnomaviy munosabatlariga aralashuvini;
urushlar, fuqarolarning gʻalayonlari yoki boshqa shu kabi hodisalarni;
chet ellik investorlar va chet el investitsiyalari bilan bogʻliq oʻzga turdagi siyosiy hamda boshqa xavflarni oʻz ichiga oluvchi xavflardan sugʻurta himoyasi va kafolatlarni taʼminlaydi.
17-modda. Majburiyatlarni taʼminlash
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonaning mol-mulki va mulkiy huquqlaridan korxona zimmasidagi barcha turdagi majburiyatlarini taʼminlash, shu jumladan zayom mablagʻlarini jalb qilish kafolati sifatida foydalanishi mumkin. Uning savdo va xizmat koʻrsatish sohasi obyektlariga, shuningdek joylashgan yer uchastkalari bilan birgalikda uy-joy binolariga boʻlgan mulk huquqi, binolar, inshootlar, uskunalarga boʻlgan mulkiy huquqlari hamda boshqa ashyoviy huquqlaridan majburiyatlarning taʼmini sifatida foydalanilishi mumkin.
Chet ellik investor oʻziga mulk huquqida tegishli barcha mol-mulki va mulkiy huquqlaridan, ularning qayerda joylashganligidan qatʼi nazar, oʻz majburiyatlarining taʼmini sifatida foydalanishi mumkin.
18-modda. Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonani qayta tashkil etish yoki tugatish
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tashkil etilishi yoki tugatilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sanadan eʼtiboran bir yil ichida oʻz ustav fondini taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan miqdorda shakllantirmagan chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona, agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, belgilangan tartibda tugatiladi. Shu bilan birga oʻz ustav fondini belgilangan muddatda taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan miqdorda shakllantira olmagan korxona uni amalda shakllantirib ulgurgan, ammo qonun hujjatlarida belgilangan eng kam miqdordan oz boʻlmagan darajada kamaytirishi yoki oʻzi boshqa tashkiliy-huquqiy shaklga aylantirilishi mumkin.
(18-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi,1999-y., 9-son, 229-modda)
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona tugatilganida uning aktivlariga belgilangan tartibda soliq solinadi. Aktivlarning qolgan qismi, basharti taʼsis hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona qatnashchilari oʻrtasida ularning korxona mol-mulkidagi ulushlariga mutanosib ravishda taqsimlanadi.
Chet ellik investor chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonadan chiqib ketgan yoki bu korxona tugatilgan taqdirda, korxona mol-mulkidagi oʻz ulushi pul yoki bozor bahosiga muvofiq ravishda tovar shaklida qaytarilishi huquqini oladi.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona qayta tashkil etilgan yoki tugatilganda mehnat shartnomalari bekor boʻlgan xodimlarning huquq va manfaatlariga rioya etilishi qonun hujjatlariga muvofiq kafolatlanadi.
19-modda. Chet el investitsiyalari boʻyicha davlat majburiyatlari
Davlat, davlat boshqaruv organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari chet el investorlari bilan tuzilgan tegishli shartnomalarda oʻz zimmasiga olgan, vakolatlari Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlangan shaxslar imzolagan majburiyatlar boʻyichagina javob beradilar.
Davlat chet el investitsiyalarini jalb etayotgan Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlarining majburiyatlari yuzasidan javob bermaydi, bunday majburiyatlar qonunda belgilangan tartibda davlat tomonidan kafolatlangan hollar bundan mustasno.
Vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, banklar tomonidan chet ellik investorlarning va chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning faoliyati bilan bogʻliq qoʻshimcha talablar va cheklovlar belgilash taqiqlanadi.
(19-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 20-yanvardagi OʻRQ-365-sonli Qonuniga asosan uchinchi qism bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2014-y., 4-son, 45-modda)
20-modda. Chet el investitsiyalarini jalb etishni amalga oshiruvchi organlarning vazifalari
Chet el investitsiyalarini jalb etish, roʻyobga chiqarish va himoya qilish maqsadida hukumat tomonidan vakolat berilgan organ, davlat boshqaruvining boshqa organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek hukumatga qarashli boʻlmagan manfaatdor tashkilotlar:
Oʻzbekiston Respublikasida investitsiya faoliyatining imkoniyatlari va shart-sharoitlari toʻgʻrisida axborot tayyorlaydilar hamda tarqatadilar;
potensial investorlarga faoliyatning yuridik, iqtisodiy va boshqa jihatlari boʻyicha maslahatlar beradilar hamda yuzaga keluvchi masalalarni hal etishda zarur yordam koʻrsatadilar;
chet ellik investorlar faoliyatining huquqiy bazasini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadilar;
chet el investitsiyalari masalalari boʻyicha xalqaro munosabatlarda oʻz vakolatlari doirasida Oʻzbekiston Respublikasi nomidan ish koʻradilar;
chet el investitsiyalarini jalb etish, roʻyobga chiqarish va himoya qilishga qaratilgan boshqa vazifalarni bajaradilar.
21-modda. Chet ellik investorlarning faoliyati ustidan nazorat qilish boʻyicha davlat organlarining vakolatlari
Chet ellik investorlar va chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarining talablariga rioya etishi ustidan nazoratni soliq organlari va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati vakolat bergan boshqa davlat organlari Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan vakolatlari doirasida amalga oshiradilar.
Nazorat qiluvchi organ nazorat vazifalarini amalga oshirishda tijorat siri saqlanishini taʼminlashi shart. Tijorat sirini oshkor qilish Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga binoan taʼqib qilinadi.
22-modda. Oʻzaro zid qoidalar
Mazkur Qonunning qoidalari bilan Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlari yoki Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari oʻrtasida biron-bir nomuvofiqlik boʻlgan holda, chet ellik investorlar uchun birmuncha qulay boʻlgan qoidalar ustuvor kuchga ega boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 30-aprel,
609-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 5-6-son, 91-modda; 1999-y., 9-son, 229-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 14-15-son, 86-modda; 2008-y., 52-son, 513-modda; 2012-y., 52-son, 584-modda; 2014-y., 4-son, 45-modda; 2017-y., 16-son, 265-modda)