Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirgʻiziston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Qirgʻiziston Respublikasining Oʻsh shahrida umumtaʼlim maktabini qurish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Qirgʻiziston Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikkala xalqlar oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni rivojlantirish istagida,
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qirgʻiziston Respublikasi oʻrtasida abadiy doʻstlik toʻgʻrisida 1996-yil 24-dekabrda imzolangan Shartnomaga amal qilgan holda,
taʼlimni rivojlantirish ikki davlat oʻrtasidagi madaniy-gumanitar aloqa va hamkorlikning muhim sharti ekanligini hisobga olgan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Mazkur Bitimning maqsadi Oʻzbekiston tomoni mablagʻi hisobidan Oʻsh shahrida 630 oʻrinli umumtaʼlim maktabini (keyingi oʻrinlarda — “Obyekt”) qurish va Obyektni Qirgʻiziston tomoniga mulk sifatida begʻaraz topshirishdan iborat.
2-modda
Mazkur Bitim qoidalarining bajarilishi boʻyicha quyidagilar Tomonlarning vakolatli organlari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan — Xalq taʼlimi vazirligi, Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Andijon viloyati hokimligi;
Qirgʻiziston Respublikasi Hukumati nomidan — Taʼlim va fan vazirligi, Hukumat qoshidagi Arxitektura, qurilish va uy-joy kommunal xizmat davlat agentligi, Oʻsh shahar meriyasi.
3-modda
Mazkur Bitimni amalga oshirish maqsadida Qirgʻiziston tomoni:
a) Qirgʻiziston Respublikasi qonunchiligiga koʻra xar qanday majburiyatlardan ozod etilgan va Obyekt qurilishi uchun yaroqli boʻlgan, Qirgʻiziston Respublikasi, Oʻsh shahri, Absamat Masaliyev koʻchasi 37-uy manzilda joylashgan 1,15 ga yer maydonini ajratadi;
b) Qirgʻiziston Respublikasi qonunchiligiga koʻra Obyektni balansida saqlovchini belgilaydi;
v) Qurilish hududini boʻshatish, uni oʻrab olish va kirish yoʻllari bilan taʼminlash boʻyicha tayyorgarlik ishlarini olib boradi, shahar muhandislik kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish va hudud atrofida obodonlashtirish ishlarini amalga oshiradi;
g) qurilish ishlarini bajarish uchun zarur sharoitlar yaratadi, shu jumladan, qurilish shaharchasini joylashtirish va saqlash uchun hudud, transport vositalari va maxsus texnikalarning harakatlanish marshrutlari, tuproq olib kirish — olib chiqish va qurilish chiqindilari uyumi uchun joylar taqdim etadi;
d) qurilish boshlanishidan to Tomonlarning Vakolatli organlari oʻrtasida Obyektni topshirish-qabul qilish toʻgʻrisidagi tegishli Akt imzolangunga qadar zarur boʻlgan barcha ruxsat beruvchi hujjatlarning qisqa vaqtda berilishini taʼminlaydi;
e) Oʻzbekiston Respublikasi yoki boshqa xorijiy davlat vakolatli organi tomonidan berilgan qurilish faoliyati bilan shugʻullanish uchun tegishli ruxsatnoma/litsenziyaga ega boʻlgan Oʻzbekiston tomoni belgilaydigan bosh pudrat tashkiloti va uning subpudrat tashkilotiga ushbu ruxsatnoma/litsenziyalarni qoʻshimcha litsenziyalash jarayonini oʻtkazmasdan va milliy litsenziya bermasdan, Qirgʻiziston Respublikasi hududida amal qilishini tan olib, bu haqidagi maʼlumotlarni litsenziar tomonidan reyestrga kiritish va ularni davlat roʻyxatidan oʻtkazish hamda yuridik shaxslar, filiallar (vakolatxonalar) yagona davlat reyestriga kiritish orqali koʻmaklashadi;
j) Obyekt qurilishi uchun Oʻzbekiston Respublikasidan Qirgʻiziston Respublikasiga olib kiriladigan va Qirgʻiziston Respublikasidan Oʻzbekiston Respublikasiga olib chiqiladigan qurilish materiallari, texnika, asbob-uskunalarni bilvosita soliqlar (aksiz soligʻiga tortiladigan tovarlar bundan mustasno), majburiy toʻlovlar, shu jumladan tovarlarni chiqarish bilan bogʻliq harakatlarni amalga oshirish uchun yigʻimlardan ozod etadi;
z) davlat boji, konsullik va boshqa yigʻimlarni undirmasdan Obyekt qurilishida ishtirok etadigan personal — Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga viza yordamini koʻrsatish va Qirgʻiziston Respublikasiga kirish/chiqish vizalarini rasmiylashtirish, ularni roʻyxatga olish jarayonini amalga oshiradi hamda mehnat faoliyatiga ruxsat beruvchi hujjatlarni olishdan ozod etadi;
i) Obyektni qurish va jihozlashda ishtirok etish uchun jalb qilinadigan personal — Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining xavfsizligini taʼminlaydi hamda ularga Obyektni qurish va jihozlash davrida shoshilinch va tez tibbiy yordam koʻrsatadi;
k) Obyekt qurilishi uchun zarur boʻlgan qurilish materiallari, texnika va asbob-uskunalarni qurilish maydoniga yetkazib berishda, qurilish ishlari yakunlanganidan soʻng esa texnika, asbob-uskuna va foydalanilmagan qurilish materiallarini oʻzbek-qirgʻiz davlat chegarasidagi kelishilgan oʻtkazish punktlarigacha yetkazib berishda koʻmaklashadi;
l) Oʻzbekiston tomoni soʻrovnomasiga koʻra Qirgʻiziston Respublikasi fuqarolari va tashkilotlarini Obyekt qurilishida ishlarni bajarish va xizmatlar koʻrsatish uchun jalb etish masalalari boʻyicha koʻmaklashadi.
4-modda
Mazkur Bitimni amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston tomoni:
a) loyiha-smeta hujjatlarini Qirgʻiziston Respublikasi qonunchiligida belgilangan texnik talablarga muvofiq ishlab chiqishni hamda ularni Qirgʻiziston tomoni bilan kelishishni taʼminlaydi;
b) oʻz kuchi va vositalari bilan hamda ularni jalb qilish orqali Obyektning qurilishini, shuningdek Obyektni qurish uchun zarur boʻlgan qurilish materiallari, texnika va asbob-uskunalarning olib kirilishini taʼminlaydi;
v) Obyektni qurish uchun zarur boʻlgan qurilish materiallari, texnika va asbob-uskunalarning qurilish maydoniga yetkazilishini, qurilish ishlari yakunlanganidan soʻng esa texnika, asbob-uskunalar va foydalanilmagan qurilish materiallarining tayinlangan punktlargacha yetkazilishini taʼminlaydi;
g) qurilishga jalb qilingan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining soni va tasnifiy tarkibi toʻgʻrisida migratsiya sohasidagi vakolatli davlat organlarini xabardor qilgan holda, Obyekt qurilishida quruvchilar va zarur mutaxassislardan iborat Oʻzbekiston personalidan foydalanish huquqiga ega;
d) Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqiladigan va Qirgʻiziston Respublikasiga olib kiriladigan Obyektni qurish uchun qurilish materiallari, texnika, asbob-uskunalar hamda Obyekt qurilishida ishtirok etadigan Oʻzbekiston personalining ehtiyoji uchun mol- mulklarni soliq va majburiy toʻlovlardan, shu jumladan, bojxona rasmiylashtiruvi uchun bojxona yigʻimlaridan ozod qiladi.
5-modda
Obyektni qurish muddati 180 kalendar kundan ortiq boʻlmasligi lozim. Obyekt qurilishining boshlanishi va tugallanishi Tomonlarning vakolatli organlari oʻrtasida tegishli aktlar imzolanishi orqali belgilanadi:
a) Obyekt qurilishining boshlanishi toʻgʻrisidagi akt;
b) Obyektni topshirish-qabul qilish toʻgʻrisidagi akt.
6-modda
Zarurat tugʻilgan hollarda va Tomonlarning oʻzaro roziligiga koʻra, mazkur Bitimga alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan hamda uning ajralmas qismi hisoblanadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
Bitimga kiritiladigan oʻzgartish va qoʻshimchalar mazkur Bitimning 7-moddasida belgilangan tartibda kuchga kiradi.
Tomonlar mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish bilan bogʻliq kelishmovchiliklarni maslahatlashuv va muzokaralar yoʻli bilan hal qiladilar.
7-modda
Mazkur Bitim Tomonlar davlatlari qonunchiligiga zid kelmaydigan qismi boʻyicha ikkala Tomon uni imzolagan sanadan boshlab vaqtinchalik qoʻllaniladi va Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini bajarganliklari toʻgʻrisidagi soʻnggi yozma xabarnoma diplomatik kanallar orqali olingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Bishkek shahrida 2017-yil 28-iyulda har biri oʻzbek, qirgʻiz va rus tillarida boʻlgan ikki nusxada tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil yuridik kuchga ega.
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar vujudga kelgan hollarda rus tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)