Fan va texnologiyalar boʻyicha davlat komissiyasining
Qarori
Yosh olimlarni yetakchi xorijiy ilmiy markazlar va universitetlarga qisqa muddatli ilmiy stajirovkaga yuborishni tashkil etish boʻyicha tanlov oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Koʻchirma]
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017-yil 15-noyabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2948]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirining 2018-yil 4-iyundagi 14/5-sonli “Yosh olimlarni yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarda (markazlar, universitetlar va boshqalar), shu jumladan ilmiy laboratoriyalarni jihozlash uchun sotib olinadigan yuqori texnologik asbob-uskunalarda ishlash metodikasini oʻzlashtirish uchun qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish maqsadida ularni tanlov asosida saralash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3036, 05.07.2018-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Kun tartibidagi masalalarni har tomonlama chuqur muhokama qilib, Fan va texnologiyalar boʻyicha Davlat komissiyasi qaror qiladi:
2. Yosh olimlarni yetakchi xorijiy ilmiy markazlar va universitetlarga qisqa muddatli ilmiy stajirovkaga yuborishni tashkil etish boʻyicha tanlov oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Davlat komissiyasi raisi A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 20-sentabr,
2-son
Fan va texnologiyalar boʻyicha Davlat komissiyasining 2017-yil 20-sentabrdagi 2-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Yosh olimlarni yetakchi xorijiy ilmiy markazlar va universitetlarga qisqa muddatli ilmiy stajirovkaga yuborishni tashkil etish boʻyicha tanlov oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-fevraldagi PQ-2789-son “Fanlar akademiyasi faoliyati, ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, boshqarish va moliyalashtirishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-maydagi 302-son “Ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish, boshqarish va moliyalashtirishni takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq yosh olimlarni yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarda (ilmiy markazlar va universitetlarda), shu jumladan ilmiy laboratoriyalarni jihozlash maqsadida sotib olinadigan zamonaviy ilmiy va texnologik asbob-uskunalarda ishlashni oʻrganishlari uchun tashkil etiladigan qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish boʻyicha tanlov oʻtkazish va xarajatlarni Fan va texnologiyalar boʻyicha Davlat komissiyasi huzuridagi Ilmiy-texnik faoliyatni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamgʻarmasi (bundan buyon matnda Jamgʻarma deb yuritiladi) mablagʻlari hisobidan qoplashni tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoida
1. Yosh olimlarni yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarga (ilmiy markazlar va universitetlarga), shu jumladan ilmiy laboratoriyalarni jihozlash uchun xarid qilinadigan yuqori texnologik asbob-uskunalarda ishlash metodikasini oʻzlashtirish uchun tashkil etiladigan qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga (bundan buyon matnda ilmiy stajirovkalar deb yuritiladi) yuborish xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi (bundan buyon matnda Agentlik deb yuritiladi) tomonidan taqdim etilgan asoslangan hisob kitoblarga asosan Jamgʻarmaning tegishli moliya yili uchun Fan va texnologiyalar boʻyicha Davlat komissiyasi (bundan buyon matnda Davlat komissiyasi deb yuritiladi) tomonidan tasdiqlanadigan Jamgʻarma daromadlari va xarajatlarining prognoz parametrlarida koʻzda tutiladi.
2-bob. Ilmiy stajirovkalarga yuborish boʻyicha tanlov oʻtkazish
2. Ilmiy stajirovkalarga yuborish boʻyicha takliflarni umumlashtirish, nomzodlarni saralash tanlovini tashkil etish va oʻtkazish Agentlik tomonidan amalga oshiriladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, qarorlari va farmoyishlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlarida belgilangan topshiriqlar ijrosi yuzasidan ilmiy stajirovkalarga yuborish Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan tanlovdan tashqari maqsadli tarzda moliyalashtiriladi.
4. Ilmiy stajirovka oʻtashga, chet tilini erkin biladigan va yetarli darajadagi ilmiy malakaga ega ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalarining ilmiy va texnik-muhandis xodimlari nomzod sifatida tavsiya etiladi.
5. Etakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarda (ilmiy markazlar va universitetlarda) stajirovka oʻtashga quyidagi talablarga javob beradigan ilmiy va texnik-muhandis xodimlar yuboriladi:
xorijiy tillarni yetarli darajada biladigan (TOEFL — 500 dan kam boʻlmagan yoki IELTS — 4,5 dan kam boʻlmagan), zarur amaliy tajribaga ega;
tibbiy sogʻlom va dispansyerlar roʻyxatida turmagan;
qabul qiluvchi tomon bilan oldindan kelishilgan, ilmiy stajirovka taklifnomasi (dasturi) mavjudligi,
nomzodning yoshi 25 dan 45 gacha boʻlishi;
ilmiy stajirovkaning davomiyligi 3 — 6 oy boʻlishi.
6. Ilmiy stajirovkalarga nomzodlarni saralash tanlovida ustuvorlik Davlat ilmiy-texnika dasturlarini bajarishda ishtirok etuvchi ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalarini ilmiy, texnologik va laboratoriya asbob-uskunalari bilan jihozlash (qoʻshimcha jihozlash) va ilmiy laboratoriyalarni zarur sarflanuvchi materiallar va butlovchi qismlar bilan uzluksiz taʼminlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 2947, 2017-yil 15-noyabr) muvofiq prinsipial jihatdan yangi, zamonaviy yuqori texnologik uskunalar bilan jihozlangan ilmiy laboratoriyalari mavjud yoki Davlat komissiyasining qaroriga muvofiq jihozlanishi rejalashtirilgan ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalarining yosh olimlariga beriladi.
7. Ilmiy stajirovkalar boʻyicha yakuniy tanlov har yili avgust oyida oʻtkaziladi. Agentlik ilmiy stajirovkalarga yuborish boʻyicha saralash tanlovi haqidagi eʼlonni tanlov oʻtkazishdan ikki oy oldin ommaviy axborot vositalari, shuningdek internet-nashrlar va Agentlikning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
8. Tanlovni oʻtkazish haqidagi eʼlonda quyidagi maʼlumotlar boʻlishi zarur:
tanlovni oʻtkazish muddatlari;
tanlov ishtirokchilariga qoʻyiladigan talablar;
zarur hujjatlar roʻyxati;
bogʻlanish uchun telefonlar va elektron manzillar.
9. Ilmiy stajirovka oʻtashga nomzodlarning hujjatlari ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalari bevosita boʻysunuvchi vazirlik yoki idoralarning (bundan buyon matnda buyurtmachi deb yuritiladi) rasmiy xati asosida Agentlikka taqdim etiladi.
Bunda buyurtmachi tomonidan oʻtkazilgan dastlabki tanlov natijalari hamda ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalarining Ilmiy kengashi qarori ilova qilinadi.
10. Buyurtmachi tomonidan ilmiy stajirovka oʻtashga tavsiya qilinuvchi nomzodlarning quyidagi hujjatlari Agentlikka taqdim etiladi:
buyurtmachining yoʻllanma xati va mazkur Nizom ilovasiga muvofiq shakldagi Yosh olimlarning yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarda (ilmiy markazlar va universitetlarda), shu jumladan ilmiy laboratoriyalarni jihozlash uchun sotib olinadigan zamonaviy ilmiy va texnologik asbob-uskunalarda ishlashni oʻrganishlari uchun tashkil etiladigan qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish rejasi;
xodimi yosh olim hisoblanadigan ilmiy-tadqiqot muassasasi (oliy taʼlim muassasasi) tomonidan tasdiqlangan va qabul qiluvchi tomon bilan oldindan kelishilgan, ilmiy stajirovka taklifnomasi va dasturi loyihasi;
nomzodlarning belgilangan shakldagi maʼlumotnoma-obyektivkasi (anketa);
oliy taʼlim muassasasini tugatganligini tasdiqlovchi diplomlarning nusxasi;
ilmiy darajasini (fan nomzodi, PhD va fan doktori), ilmiy unvonini (katta ilmiy xodim, dotsent, professor) tasdiqlovchi diplomlarning nusxasi, (agar mavjud boʻlsa);
mehnat daftarchasining nusxasi;
fuqarolik pasportining nusxasi;
nomzodning 3 x 4 sm oʻlchamdagi oq fondagi rangli fotosurati (4 dona);
chet tilidan bilim darajasini belgilovchi amaldagi milliy yoki xalqaro sertifikat (Milliy kvalifikatsiya sertifikati, IELTS, TOEFL va shu kabilar), (agar mavjud boʻlsa).
11. Ushbu Nizomning 10-bandida belgilangan zarur hujjatlarni koʻrib chiqish, mutaxassislik fanidan chet tilida suhbat oʻtkazish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʻyicha bilim darajasi va koʻnikmalarini aniqlash bevosita buyurtmachi tomonidan amalga oshiriladi.
12. Buyurtmachilarning ilmiy stajirovkalar boʻyicha takliflari 10 kunlik muddatda Agentlik tomonidan umumlashtirilib, Maxsus ekspert guruhiga xulosa olish uchun kiritiladi.
13. Maxsus ekspert guruhi Agentlikning buyrugʻi asosida har yili yangi tarkibda tuziladi.
14. Maxsus ekspert guruhi oʻz yoʻnalishida kamida 5 yil mehnat stajiga ega boʻlgan yuqori malakali (turli vazirlik, idoralar, ilmiy va ilmiy tadqiqot muassasalari) mutaxassislardan tashkil etiladi. Bunda maxsus ekspert guruhi rahbari, zarur hollarda tor ixtisoslashuvdagi qoʻshimcha mutaxassislarni (shu jumladan, ishlab chiqarish korxona va tashkilotlardan) ekspertiza ishiga jalb qilishi mumkin.
15. Maxsus ekspert guruhi majlisini oʻtkazish uchun kvorum uning tarkibining 70 foizini tashkil etadi. Maxsus ekspert guruhining barcha majlislari va barcha qabul qilingan qarorlari bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladi.
16. Maxsus ekspert guruhi bir oylik muddatda kiritilgan takliflarni toʻliq va har tomonlama koʻrib chiqib, yakuniy xulosani Davlat komissiyasiga kiritish uchun Agentlikka taqdim etadi.
17. Agentlik tanlov natijalarini umumlashtiradi va ularni tasdiqlash uchun Davlat komissiyasiga taqdim etadi.
18. Ilmiy stajirovka oʻtashga yuborish Jamgʻarma tomonidan tanlov yakuniga muvofiq Davlat komissiyasining tegishli qarori qabul qilingandan soʻng amalga oshiriladi.
3-bob. Ilmiy stajirovkalarni moliyalashtirish
19. Maxsus ekspert guruhlarining yakuniy xulosalariga muvofiq tanlab olingan nomzodlarni ilmiy stajirovkasi bilan bogʻliq xarajatlari tegishli moliya yilida Jamgʻarmaning ushbu maqsadlar uchun rejalashtirilishi kutilayotgan mablagʻlari doirasida boʻlishi zarur.
20. Ilmiy stajirovkalar bilan bogʻliq xarajatlar Jamgʻarmaning tegishli moliya yili uchun Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlagan daromadlari va xarajatlari prognoz parametrlari doirasida moliyalashtiriladi.
21. Ilmiy stajirovkalar boʻyicha xarajatlar Jamgʻarmaning Ijro etuvchi direksiyasi, Agentlik, xodimi yosh olim hisoblanadigan ilmiy-tadqiqot muassasasi (oliy taʼlim muassasasi) hamda yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlar (ilmiy markazlar va universitetlar) oʻrtasidagi shartnoma asosida ilmiy tajriba orttirish shartlari, talablari va muddatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Yosh olimlarni yetakchi xorijiy ilmiy markazlar va universitetlarga qisqa muddatli ilmiy stajirovkaga yuborishni tashkil etish boʻyicha tanlov oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
Yosh olimlarning yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarda (ilmiy markazlar va universitetlarda), shu jumladan ilmiy laboratoriyalarni jihozlash uchun sotib olinadigan zamonaviy ilmiy va texnologik asbob-uskunalarda ishlashni oʻrganishlari uchun tashkil etiladigan qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish
REJASI
|
T/r |
F.I.O. |
Ish joyi (ilmiy-tadqiqot yoki oliy taʼlim muassasasi) |
Ilmiy stajirovkaning maqsad va vazifalari |
Ilmiy stajirovka oʻtkaziladigan davlat, qabul qiluvchi tashkilotlar |
Ilmiy stajirovkaning davomiyligi |
Ilmiy stajirovka uchun talab etiladigan mablagʻ (transport va yashash xarajatlari) |
Kutilayotgan natijalar |
|
Yosh olimlarni qisqa muddatli ilmiy stajirovkalari (6 oygacha) | |||||||
|
1. |
|||||||
|
2. |
|||||||
|
3. |
|||||||
|
Ilmiy laboratoriyalarni jihozlash uchun sotib olinadigan zamonaviy ilmiy va texnologik asbob-uskunalarda ishlashni oʻrganish boʻyicha ilmiy stajirovkalar | |||||||
|
1. |
|||||||
|
2. |
|||||||
|
3. |
|||||||
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.11.2017-y., 10/17/2948/0263-son)