Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Elektr energiyasi va tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini jadal joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
[Koʻchirma]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-maydagi “Elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda isteʼmol qilish sohasida toʻlov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5059-son Farmoniga muvofiq:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-iyundagi F-4979-son farmoyishi bilan tashkil etilgan Elektr energiyasi va tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini yanada joriy etish yuzasidan takliflar tayyorlash boʻyicha Ishchi komissiya (keyingi oʻrinlarda Ishchi komissiya deb yuritiladi) tomonidan “Sagemcom” (Fransiya Respublikasi), “Elster GmbN” (Germaniya Federativ Respublikasi), “Landis & Gyr” (Shveysariya Konfederatsiyasi) kompaniyalari va “Toshelectroapparat” MCHJ XK (Oʻzbekiston Respublikasi) bilan Oʻzbekiston Respublikasida elektr energiyasi va tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish loyihasini (keyingi oʻrinlarda Loyiha deb yuritiladi) amalga oshirish yuzasidan toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar oʻtkazilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Ishchi komissiyaning Loyiha doirasida dastlab 2 million dona elektr energiyasi va tabiiy gazni hisobga olish uskunalari, shuningdek, dasturiy taʼminot, qoʻshimcha asbob-uskuna, boshqa zarur texnik vositalarini (keyingi oʻrinlarda hisobga olish uskunalari va qoʻshimcha vositalar deb yuritiladi) “Sagemcom”, “Elster GmbN” kompaniyalari va “Toshelectroapparat” MCHJ XKdan istisno tariqasida tender savdolarini oʻtkazmasdan xarid qilish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Belgilansinki, Ishchi komissiyasining qaroriga asosan “Oʻzbekenergo” AJ va “Oʻztransgaz” AJ Loyiha doirasida hisobga olish uskunalari va qoʻshimcha vositalarni mazkur qarorning 14-bandiga muvofiq ularni respublikada ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgunga kadar ushbu bandda koʻrsatilgan ishlab chiqaruvchilardan qoʻshimcha xarid qilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Ishchi komissiya (J.A. Kuchkarov) “Oʻzbekenergo” AJ va “Oʻztransgaz” AJ bilan birgalikda bir oy muddatda Loyiha boʻyicha “Sagemcom”, “Elster GmbN” kompaniyalari va “Toshelectroapparat” MCHJ XK bilan yakuniy muzokaralar oʻtkazilishi va kontraktlar (keyingi oʻrinlarda kontraktlar deb yuritiladi) tuzilishini tashkil etsin.
Keyingi tahrirga qarang.
“Oʻzstandart” agentligi muzokaralar yakuniga qadar Loyiha doirasida oʻrnatiladigan hisobga olish uskunalarining turlariga nisbatan texnik talablarni tasdiqlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi tuziladigan kontraktlarni, shu jumladan hisobga olish uskunalari va qoʻshimcha vositalar, xizmatlarning qiymatini ishlab chiqaruvchilarning aynan shunday loyihalarni amalga oshirish boʻyicha tajribasi va ishchanlik obroʻ-eʼtiboriga alohida eʼtibor qaratgan holda har tomonlama ekspertizadan oʻtkazsin.
5. Loyiha doirasida kuyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb yuritiladi) “Oʻzsanoatkurilishbank” ATB tomonidan qayta moliyalashtiriladigan, 5 yillik imtiyozli davr va qayta moliyalashtiruvchi bankning 0,2 foiz marjasini oʻz ichiga olgan yillik stavkasi 2 foiz boʻlgan 10 yil muddatga ajratiladigan mablagʻlar — kontraktlar boʻyicha hisobga olish uskunalari va qoʻshimcha vositalarni, shuningdek, xizmatlarni sotib olishga sarflangan xarajatlarning;
“Oʻzbekenergo” AJ va “Oʻztransgaz” AJning mablagʻlari — qurilish-montaj ishlarini, mahalliy tovarlar va xizmatlarni xarid qilishning moliyalashtirish manbalari etib belgilansin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Belgilab qoʻyilsinki:
2020-yil 1-yanvardan Loyihaning amalga oshirish muddatiga 1 kVt/soat elektr energiyasi uchun 15 soʻm, 1 m. kub tabiiy gaz uchun 17 soʻm (respublikada realizatsiya qilinadigan) miqdorida zaruratga koʻra indeksatsiya qilinadigan hamda faqatgina Loyiha doirasida Jamgʻarmaning jalb etilgan mablagʻlarini qoplashga hamda boshqa xarajatlarni moliyalashtirishga yoʻnaltiriladigan investitsiyaviy ustama joriy etiladi;
Keyingi tahrirga qarang.
Loyiha doirasida hisobga olish uskunalarini oʻrnatishda keyinchalik ularni davlat koʻrigidan oʻtkazgan holda sertifikatsiya ishlarini olib borish belgilangan tartibda “Oʻzstandart” agentligi tomonidan amalga oshiriladi;
hisobga olish uskunalarini oʻrnatishda plombalash “Oʻzbekenergo” AJ, “Oʻztransgaz” AJ va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining (keyingi oʻrinlarda Byuro deb yuritiladi) vakolatli xodimlari tomonidan amalga oshiriladi;
Loyiha doirasida oʻrnatiladigan hisobga olish uskunalarining davlat koʻrigi “Oʻzstandart” agentligi tomonidan xar 10 yilda amalga oshiriladi. Bunda hisobga olish uskunalarini davlat koʻrigiga topshirish boʻyicha ishlarni tashkil etish “Oʻzbekenergo” AJ, “Oʻztransgaz” AJ va Byuro tomonidan taʼminlanadi;
isteʼmolchidan davlat koʻrigidan, xizmat koʻrsatish va boshqa ishlarni oʻtkazish uchun yechib olingan hisobga olish uskunasining oʻrniga zudlik bilan “Oʻzbekenergo” AJ va “Oʻztransgaz” AJ mablagʻlari hisobidan boshqa koʻrikdan oʻtgan hisobga olish uskunasi oʻrnatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziriga “Oʻzbekenergo” AJ va “Oʻztransgaz” AJning Loyihani amalga oshirish uchun beriladigan Jamgʻarma kreditlari boʻyicha “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB oldidagi majburiyatlari yuzasidan belgilangan tartibda davlat kafolatlarini berish vakolati berilsin. Bunda davlat kafolatlari “Oʻzbekenergo” AJ va “Oʻztransgaz” AJ tomonidan kreditlarni qoplash davrida ularning pul mablagʻlarini boshqarish huquqlarini Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga topshirish orqali beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “OʻzInjiniring” Respublika loyiha instituti “Oʻzbekenergo” AJ va “Oʻztransgaz” AJ bilan birgalikda uch oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga Loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini kiritsin.
Jamgʻarma, “Oʻzsanoatkurilishbank” ATB, “Oʻzbekenergo” AJ va “Oʻztransgaz” AJga Loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari tasdiqlanguniga kadar kontraktlar doirasida tovarlarning xaridini va bajariladigan ishlarni 2018-yil 1-fevralga kadar moliyalashtirishga ruxsat berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
9. “Oʻzbekenergo” AJ, “Oʻztransgaz” AJ va “Toshelectroapparat” MCHJ XK 2022-yil 1-yanvarga kadar kontraktlarga muvofiq hisobga olish uskunalari va qoʻshimcha vositalarni, butlovchi buyumlar, xom ashyo va materiallarni olib kirganlik uchun bojxona toʻlovlari toʻlashdan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlar bundan mustasno), shuningdek, Loyihani amalga oshirish doirasida qoʻshimcha qiymat soligʻidan ozod qilinsin.
Keyingi tahrirga qarang.
10. “Oʻzbekenergo” AJ va “Oʻztransgaz” AJ Byuro bilan birgalikda bir oy muddatda elektr uzatish liniyalari va gaz quvurlarini modernizatsiya qilish boʻyicha davlat dasturlari amalga oshirilishini, elektr va gaz taʼminoti infratuzilmasining amaldagi holatini, shaharlar va viloyatlar markazlarining ustuvorligini inobatga olgan holda hisobga olish uskunalari va qoʻshimcha vositalarni oʻrnatish jadvalini tasdiqlasin.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
11. Respublika hududiga Loyihaning texnik parametrlariga mos kelmaydigan hisobga olish uskunalari va qoʻshimcha vositalarni olib kirish va oʻrnatish taqiqlansin.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-iyundagi PF-5456-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.06.2018-y., 06/18/5456/1316-son)
12. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi “Oʻzbekenergo” AJ va “Oʻztransgaz” AJ bilan birgalikda yaratiladigan Kommunal xizmatlar yagona billing tizimining Loyiha doirasida oʻrnatiladigan dasturiy mahsulotlar bilan billing tizimining elektr energiyasi va tabiiy gazga oid qismini ishlab chiqishga “Sagemcom” kompaniyasini jalb etgan holda mosligini taʼminlasin.
Keyingi tahrirga qarang.
14. “Oʻzbekenergo” AJ, “Oʻztransgaz” AJ “Oʻzeltexsanoat” AK, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda xorijiy kompaniya ishtirokida, shu jumladan “Oʻzeltexsanoat” AK korxonalarini kooperatsiya asosida jalb etgan holda hisobga olish uskunalari va qoʻshimcha vositalarni ishlab chiqarishni, shuningdek, Loyihani texnik koʻllab-quvvatlash boʻyicha xizmat koʻrsatish markazlarini tashkil etish yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Keyingi tahrirga qarang.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi Loyiha va kontraktlarning amalga oshirilishi ustidan tizimli monitoring oʻrnatsin.
16. “Oʻzbekenergo” AJ va “Oʻztransgaz” AJ buyurtmalari boʻyicha:
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashki ishlar vazirligi Loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga kirish vizalarini rasmiylashtirishni;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga koʻp martalik kirish vizalari berilishi va muddati uzaytirilishini, shuningdek, vaqtincha yashash joyi boʻyicha vaqtincha roʻyxat rasmiylashtirilishi (uzaytirilishi)ni taʼminlasin.
Keyingi tahrirga qarang.
17. Loyihaning toʻliq va oʻz muddatida amalga oshirilishi, shu jumladan tasdiqlanadigan loyiha parametrlariga erishish yuzasidan shaxsiy javobgarlik Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.S. Sultonov, “Oʻzbekenergo” AJ (U.M. Mustafoyev) va “Oʻztransgaz” AJ (A.S. Mustafayev) rahbarlari zimmasiga yuklansin.
Keyingi tahrirga qarang.
18. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-apreldagi “Gaz taʼminoti tizimida bozor mexanizmlarini keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2907-son qarori;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 15-iyundagi “Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-3060-son qarorining 6-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
19. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori I.B. Abdullayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 13-noyabr,
PQ-3384-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.11.2017-y., 07/17/3384/0251-son; 07.06.2018-y., 06/18/5456/1316-son; 14.02.2019-y., 07/19/4189/2609-son; 18.06.2020-y., 06/20/6010/0776-son; 25.11.2020-y., 06/20/6118/1562-son; 27.01.2021-y., 06/21/6146/0065-son; 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)