Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan taʼminlashda qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 28-iyundagi 394-sonli “2021-2023-yillarda yoshlar uylarini qurishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida” 2017-yil 5-iyuldagi PF-5106-son Farmonini bajarish yuzasidan, shuningdek mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etib, alohida namuna koʻrsatayotgan yosh oilalarga uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlari berish yoʻli bilan ularning uy-joy va maishiy sharoitlarini yanada yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Yosh oilalar uchun uy-joylar qurish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurish dasturi toʻgʻrisida” 2016-yil 21-oktabrdagi PQ-2639-son hamda “2017 — 2020-yillarda shaharlarda arzon koʻp kvartirali uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2016-yil 22-noyabrdagi PQ-2660-son qarorlarida (keyingi oʻrinlarda dasturlar deb ataladi) nazarda tutilgan tartibda va mablagʻlar hisobidan amalga oshirilayotgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy banki hamda Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasining 2018 — 2020-yillarda mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etib, alohida namuna koʻrsatayotgan yosh oilalar uchun uy-joylar qurish parametrlarini ilovaga* muvofiq tasdiqlash toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 27-avgustdagi 521-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2020-y., 09/20/521/1232-son)
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
3. Qayd etilsinki, dasturlar doirasida uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlari (keyingi oʻrinlarda ipoteka krediti deb ataladi) berishning quyidagi shartlari belgilangan:
a) 2018-2019-yillarga moʻljallangan davlat dasturlari doirasida:
shaharlarda koʻp kvartirali arzon uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish uchun — 3 yillik imtiyozli davr va dastlabki 5 yil mobaynida yillik 7 foiz miqdoridagi foiz stavkasi bilan va keyingi davrda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida 20 yil muddatga beriladi, bunda dastlabki badal kvartira qiymatining 25 foizini tashkil etadi;
qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish uchun — 3 yillik imtiyozli davr va dastlabki 5 yil mobaynida yillik 7 foiz miqdoridagi foiz stavkasi bilan va keyingi davrda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida 15 yil muddatga beriladi, bunda dastlabki badal quyidagicha miqdorni tashkil etadi:
ikki, uch qavatli koʻp kvartirali (2 va 3 xonali) uylar va 2, 3 xonali bir qavatli uylar uchun — 10 foiz;
ikki qavatli 4 xonali birlashtirilgan uylar uchun — 25 foiz;
b) 2020-yil va keyingi yillarga moʻljallangan davlat dasturlari doirasida shaharlarda va qishloq joylarda bir yillik imtiyozli davr bilan hamda dastlabki 5 yil davomida har yili foiz stavkasi qatʼiy belgilangan 7 foizdan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi darajasigacha bir meʼyorda oshib boradigan stavkada va keyingi davrda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasida 20 yil muddatga beriladi, bunda kvartiraning dastlabki badali:
shaharlarda — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 23-oktabrdagi PQ-3350-son qarori bilan tasdiqlangan kvartiralarni yosh oilalarga, eskirgan uylarda yashovchilarga va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan boshqa toifadagi fuqarolarga sotish shartlariga muvofiq;
qishloq joylarda — sotib olinadigan kvartira qiymatining 10 foizidan kam boʻlmagan miqdorda belgilanadi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 27-avgustdagi 521-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2020-y., 09/20/521/1232-son)
4. Belgilab qoʻyilsinki, 2020-yildan boshlab quriladigan uy-joylar uchun ipoteka kreditlari boʻyicha dastlabki badallar va foiz toʻlovlari “Yoshlar” uylari boʻyicha Respublika komissiyasining tavsiyanomasiga asosan ipoteka kreditining butun davri davomida yosh oilalarning oʻz mablagʻlari hisobidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 27-avgustdagi 521-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2020-y., 09/20/521/1232-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 27-avgustdagi 521-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2020-y., 09/20/521/1232-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 27-avgustdagi 521-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2020-y., 09/20/521/1232-son)
7. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda boshqa daxldor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda, mamlakat hayotida faol ishtirok etib, alohida namuna koʻrsatayotgan yosh oilalar uchun uy-joylarni taqsimlashning hamda ularga ipoteka kreditlari boʻyicha qoʻshimcha imtiyozlar berishning shaffofligini taʼminlaydigan elektron tizimni 2018-yilning 1-yanvarigacha boʻlgan muddatda ishlab chiqsin va joriy qilsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 23-sentabr,
753-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.10.2017-y., 09/17/753/0048-son; 12.09.2019-y., 09/19/760/3731-son, 19.09.2019-y., 09/19/784/3766-son; 28.08.2020-y., 09/20/521/1232-son)