Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatining
Sud amaliyoti
Shaxsning qilmishida jinoyat tarkibi boʻlmaganligi sababli sud qarorlari bekor qilindi
Jinoyat ishlari boʻyicha Mirobod tuman sudining 2017-yil 10-martdagi ajrimiga koʻra, sud majlisi bayonnomasi tasdiqlanib, Jinoyat kodeksining 111-moddasi 1-qismi bilan S.ga nisbatan yuritilgan jinoyat ishi tomonlar yarashganligi munosabati bilan tugatilgan.
Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar sudi kassatsiya instansiyasining 2017-yil 3-maydagi ajrimi bilan ajrim oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Sudning ajrimiga koʻra, S. Toshkent Markaziy temir yoʻl vokzalining fuqarolarni kutib olish uchun moʻljallangan 7-sonli postida xizmat burchini bajarayotgan vaqtda, “Termiz — Toshkent” yoʻnalishi boʻyicha qatnovchi poyezdda kelayotgan ota-onasini kutib olish uchun kelgan fuqaro F.ni haqorat qilganini vaj qilib, uning qoʻlidan ushlab, ichkariga olib kirmoqchi boʻladi. Ammo F. S.ning qoʻlidan chiqib ketib, yerga yiqiladi. Buning oqibatida u sud-tibbiyot ekspertizasining xulosasiga koʻra, “oʻrtacha ogʻir” tan jarohati oladi.
Oliy sud Plenumining 2002-yil 25-oktabrdagi “Yarashuv toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha sud amaliyoti haqida” gi 27-sonli qarori 7-bandida, qonunda yarashuv toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha sud majlisida gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, jabrlanuvchi (fuqaroviy daʼvogar), ularning qonuniy vakillari, himoyachilari va prokuror ishtirok etishi nazarda tutilganligi, biroq bu sudning ish yuzasidan qonuniy, asosli va adolatli qaror qabul qilishi uchun zarur boʻlgan hollarda yuqorida koʻrsatilganlardan tashqari oʻzga shaxslarni ham ishga jalb etish hamda qonunda nazarda tutilgan boshqa vakolatlardan foydalanish huquqini cheklamasligi, sud ajrim chiqarishda Jinoyat protsessual kodeksining 586-moddasida nazarda tutilgan talablarga qatʼiy rioya etishi shartligi;
Oliy sud Plenumining 1997-yil 22-avgustdagi “Sudlar tomonidan jinoyat ishlarini birinchi bosqich sudida muhokama etish jarayonida protsessual qonunchilikka rioya qilinishi toʻgʻrisida”gi 12-sonli qarori 4-bandida, sudlarning eʼtibori har bir ishni koʻrishda dalillarni bevosita sud majlisida tekshirishga, yaʼni sudlanuvchilarni, jabrlanuvchilarni, guvohlarni soʻroq qilish, ekspert xulosasini tinglash, ashyoviy dalillarni koʻzdan kechirish, bayonnomalarni va boshqa hujjatlarni eʼlon qilishga;
6-bandida, ashyoviy dalillarni, hujjatlarni tekshirish, joyni va binoni koʻzdan kechirish ish boʻyicha haqiqatni aniqlash uchun ahamiyatli ekanligini inobatga olib, ashyoviy dalillar va hujjatlar sud majlisida ish boʻyicha boshqa dalillar qatorida chuqur tekshirilishi (shuningdek, koʻzdan kechirilishi, eʼlon qilinishi) lozimligi haqida tushuntirishlar berilgan.
Jinoyat ishi boʻyicha qayd etilgan Plenum qarorlari tushuntirishlariga rioya qilinmagan.
Birinchi instansiya sudi gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilingan S.ga oid jinoyat ishini koʻrib chiqishda jinoyat yuz berganligi va u bilan bogʻliq barcha holatlarni aniqlash choralarini koʻrmagan, shuningdek, gumon qilinuvchi, jabrlanuvchi va guvohlarning ushbu holat yuzasidan tergov davrida bergan koʻrsatmalariga tegishli baho bermagan va Jinoyat protsessual kodeksining 585-586-moddalariga zid ravishda jinoyat ishini dastlabki tergov yuritish uchun prokurorga yuborish toʻgʻrisidagi masalani muhokama qilmasdan ishni yarashilganligi munosabati bilan Jinoyat kodeksining 661-moddasiga asosan tugatish haqida barvaqt xulosaga kelgan.
Aytish kerakki, Jinoyat protsessual kodeksining 2-moddasiga koʻra, aybi boʻlmagan hech bir shaxs javobgarlikka tortilmasligi va hukm qilinmasligi uchun aybdorlarni fosh etish hamda qonunning toʻgʻri tatbiq etilishini taʼminlash jinoyat-protsessual qonun hujjatlarining vazifasi hisoblanadi.
Shuningdek, ushbu kodeksning 3-moddasiga muvofiq, jinoyat ishlarini yuritish, jinoyat sodir etilgan joydan qatʼi nazar, basharti Oʻzbekiston Respublikasining boshqa davlatlar bilan tuzilgan shartnoma va bitimlarida oʻzgacha qoidalar belgilanmagan boʻlsa, ish yuzasidan surishtiruv, dastlabki tergov va sud muhokamasi yuritilayotgan paytda amalda boʻlgan qonun hujjatlariga muvofiq olib boriladi.
2017-yil 1-apreldan kuchga kirgan “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun bilan Jinoyat protsessual kodeksining 586-moddasi toʻrtinchi qismi 1-bandi yangi tahrirda bayon etildi, unga koʻra, sud ajrimining qaror qismida jinoyat ishini taraflarning yarashganligi munosabati bilan yoki ushbu kodeksning 83 va 84-moddalarida belgilangan boshqa asoslar boʻyicha tugatish yoxud uni umumiy qoidalar boʻyicha dastlabki tergovni amalga oshirish uchun prokurorga yuborish toʻgʻrisidagi masalalarni hal etadi.
Ishning haqiqiy holatiga hamda jinoyat-protsessual qonunchilikka kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra, S.ga nisbatan chiqarilgan ajrimlar bekor qilinib, ish Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasi 2-qismiga asosan tugatilishi lozim.
Jinoyat kodeksining 111 -moddasi 1-qismida ehtiyotsizlik orqasida badanga oʻrtacha ogʻir shikast yetkazganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.
Qonun mazmuniga koʻra, ehtiyotsizlik orqasida sodir etilgan jinoyatlar yetkazilgan oqibatga qarab, ayrim hollarda esa, bu oqibatlarni vujudga keltirgan usul va vositasiga qarab tavsiflanadi. Bunday turdagi jinoyatlar uchun javobgarlik masalasi ijtimoiy xavfli oqibat yetkazilishi bilan yuzaga keladi. Qilmish (harakat yoki harakatsizlik)ning mavjud boʻlmasligi, oʻz navbatida, javobgarlikni yuzaga keltirmaydi.
Oliy sud Plenumining 2007-yil 27-iyundagi “Badanga qasddan shikast yetkazishga oid ishlar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida”gi 6-sonli qarori 2-bandida, badanga shikast yetkazishga oid ishlar boʻyicha qilmishni toʻgʻri kvalifikatsiya qilish uchun ayb shakli, badanga shikast yetkazish motivi, maqsadi va usuli, aybdorning qilmishi bilan kelib chiqqan oqibat oʻrtasida sababiy bogʻlanish mavjudligi, shuningdek, ishning toʻgʻri hal etilishi va aybdorga adolatli jazo belgilanishi uchun ahamiyatli boʻlgan boshqa holatlar batafsil aniqlanishi, 22-bandida esa, agar aybdor qoʻllagan zoʻrlik jabrlanuvchini doʻpposlash, uning badaniga yengil yoki oʻrtacha ogʻir shikast yetkazishga sabab boʻlsa, jabrlanuvchi badaniga ogʻir shikast (yoki jabrlanuvchining oʻlimi) aybdorning aybi bilan qamrab olinmagan holatlar boʻyicha (masalan, zarbadan soʻng yiqilish natijasida) kelib chiqqan boʻlsa, aybdor oqibatiga koʻzi yetmagan, biroq koʻzi yetishi shart va mumkin boʻlgan yoxud koʻzi yetsa-da, yetarli asoslarsiz uning oldini olishni moʻljallab qilgan harakatlari natijasida kelib chiqqan oqibatlar Jinoyat kodeksining 111 yoki 102-moddalari bilan kvalifikatsiya qilinishi haqida tushuntirishlar berilgan.
Kassatsiya instansiyasi sudi jinoyat va jinoyat-protsessual qonun normalari hamda Plenum qarori tushuntirishlariga amal qilmasdan, birinchi instansiya sudi tomonidan ishning haqiqiy holatlari qanchalik toʻgʻri aniqlangani, moddiy va protsessual qonun normalari qanchalik toʻgʻri qoʻllanilganini tekshirmagan.
Jinoyat ishi boʻyicha dastlabki tergov harakatlarini yuritgan Toshkent transport prokuraturasi tomonidan ushbu holat boʻyicha F.ga nisbatan 2017-yil 15-fevralda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183-moddasi bilan maʼmuriy ish qoʻzgʻatilgan va ish sudda koʻrib chiqilib, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 21-moddasiga asosan tugatilib, F. maʼmuriy javobgarlikdan ozod etilgan.
Tergov organi ish boʻyicha toʻplangan obyektiv dalillar yigʻindisiga huquqiy baho bermasdan, S.ni Jinoyat kodeksining 111-moddasi 1-qismi bilan ishda gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilib, ishni yarashilganligi munosabati bilan sudga yuborish toʻgʻrisida qaror chiqargan.
Jinoyat ishi materiallariga koʻra, S. Toshkent tarmoq IIB PPX militsioneri vazifasida ishlab kelib, 2016-yil 2-noyabrda Toshkent Markaziy temir yoʻl vokzalida burchini bajarayotgan paytda fuqaro F. uni haqoratlab, qonuniy talablarini bajarmagan. Shunda S. huquqbuzarlik sodir etgani uchun F.ga nisbatan tegishli tartibda chora koʻrish uchun navbatchilik qismiga olib bormoqchi boʻlganida, F. militsiya xodimlariga nisbatan qarshilik koʻrsatib, ularga boʻysunmasdan S.ning qoʻlidan chiqib ketishga harakat qilgan vaqtida onasi bilan birga yerga yiqilib tushishi oqibatida tan jarohati olgan.
S. oʻziga berilgan vakolatlar doirasida xizmat vazifalarini bajargan boʻlib, u tomonidan jabrlanuvchi F.ga nisbatan urish, turtish yoki itarib yuborish kabi harakatlar sodir etilmagan, aksincha, F. IIB xodimlariga qarshilik koʻrsatib, faol harakat bilan orqaga tisarilgan vaqtida S.ning qoʻlidan chiqib ketib, yerga yiqilishi oqibatida tan jarohati olgan.
Bunday holda S.ga oid jinoyat ishi boʻyicha chiqarilgan sud qarorlarini qonuniy va asosli deb boʻlmaydi.
Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandida, qilmishda jinoyat tarkibi boʻlmasa, gumon qilinuvchi aybsiz deb topilishi va reabilitatsiya etilishi lozimligi koʻrsatilgan.
Jinoyat protsessual kodeksining 401 -moddasiga muvofiq, ushbu kodeksning 83-moddasida nazarda tutilgan holatlar mavjud boʻlsa, sud jinoyat ishini tugatadi. Shu kodeksning 493-moddasida, jinoyat ishini nazorat tartibida koʻrib, sud ushbu kodeksning 83-moddasida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, shuningdek, birinchi instansiya sudida koʻrib chiqilgan dalillar sudlanuvchini aybdor deb topish uchun yetarli boʻlmasa va qoʻshimcha dalillar toʻplash imkoniyati qolmagan boʻlsa, jinoyat ishini tugatishi koʻrsatilgan.
Oliy sud Plenumining 2008-yil 15-maydagi “Sudlar tomonidan jinoyat ishlarini nazorat tartibida koʻrish amaliyoti toʻgʻrisida”gi 12-sonli qarori 28-bandida berilgan tushuntirishlarga koʻra, nazorat instansiyasi sudi hukmni, ajrimni, qarorni bekor qilganda, Jinoyat protsessual kodeksining 83, 84-moddalarida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlganda, ishni toʻliq hajmda yoki mustaqil kvalifikatsiya qilingan ayblov qismi boʻyicha tugatadi.
Nazorat instansiyasi sudi S.ning qilmishida jinoyat tarkibi mavjud emasligi sababli ish boʻyicha chiqarilgan sud qarorlarini bekor qilib, jinoyat ishini Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan tugatdi.
Nazorat ish № 5-633-17