Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy harbiy taʼlim muassasalariga kirish uchun nomzodlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 21-apreldagi 227-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Taʼlim, ilm-fan va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 14-iyul,
498-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-iyuldagi 498-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 17-fevraldagi 21-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2010-y., 2-son, 7-modda) bilan tasdiqlangan Harbiy akademik litsey toʻgʻrisida nizomda:
a) IV bobning nomi chiqarib tashlansin;
b) 15 — 17-bandlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
2. Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 6-iyuldagi 200-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2012-y., 7-son, 49-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi toʻgʻrisidagi nizomning 9-bandida:
a) oʻn birinchi xatboshiga “harbiy akademik litseylar” soʻzlaridan keyin “va oliy harbiy taʼlim muassasalariga kirish uchun nomzodlarni tayyorlash boʻyicha qoʻshimcha vazifalar yuklangan akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining maxsus guruhlari” soʻzlari qoʻshilsin;
b) oʻn ikkinchi xatboshiga “harbiy akademik litseylarni” soʻzlaridan keyin “va oliy harbiy taʼlim muassasalariga kirish uchun nomzodlarni tayyorlash boʻyicha qoʻshimcha vazifalar yuklangan akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining maxsus guruhlarini” soʻzlari qoʻshilsin.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 28-son, 667-modda)