Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 266-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasini tashkil qilish toʻgʻrisida” 2017-yil 31-martdagi PF-4996-son Farmoniga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi faoliyatini tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 4-apreldagi PQ-2868-son qarorini ijro etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasiga:
2020-yil 31-dekabrga qadar muddatda materiallar, texnika va uskunalar, xizmat transport vositalari, ofis mebeli va jihozlari, kompyuterlar va tashkiliy texnika, shu jumladan ularga dasturiy taʼminotini tender va (yoki) Oʻzbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasining maxsus axborot portali orqali elektron savdo yoʻli bilan tadbirkorlik subyektlaridan eng zarur tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning davlat xaridini oʻtkazmasdan, mahalliy ishlab chiqaruvchilarga afzallik berilgan holda eng yaxshi takliflarni saralash asosida amalga oshirishga;
eng yaxshi takliflarni saralash asosida (tender oʻtkazmasdan) xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, investitsiya faoliyati, investitsiya loyihalari hamda investitsiya kontraktlarini ekspertiza qilish masalalarida tajribasi boʻlgan nufuzli xalqaro konsalting kompaniyalari va maslahatchilarini jalb qilishga;
Oldingi tahrirga qarang.
(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-fevraldagi PQ-3550-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.02.2018-y., 07/18/3550/0793-son)
3. Belgilansinki, davlat organlari tomonidan xalqaro investitsiyaviy va iqtisodiy forumlar hamda boshqa turdagi xalqaro investitsiyaviy va iqtisodiy tadbirlarning oʻtkazilishi Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi bilan kelishgan holda amalga oshiriladi.
4. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki hafta muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 23-iyun,
415-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 23-iyundagi 415-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
1. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda Qoʻmita deb ataladi):
yagona davlat investitsiya siyosatini shakllantirish va amalga oshirishni muvofiqlashtirish hamda xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun masʼul vakolatli davlat organi;
moliya institutlari (boshqaruvchi ofisi) bilan markazlashtirilgan holda oʻzaro hamkorlik boʻyicha vakolatli organ hisoblanadi.
Qoʻmita oʻz faoliyati yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-martdagi 194-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.03.2018-y., 09/18/194/0890-son)
2. Qoʻmita oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga, shuningdek boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
3. Qoʻmita oʻz faoliyatini davlat boshqaruvining boshqa organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar, shu jumladan xalqaro tashkilotlar, xalqaro moliya institutlari, chet el hukumat moliya tashkilotlari va chet ellik investorlar bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshiradi.
4. Qoʻmitaning oʻz vakolatlari doirasida qabul qilingan va normativ-huquqiy tusga ega qarorlari davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mulkchilik va idoraviy boʻysunishi shaklidan qatʼi nazar, xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan bajarilishi majburiydir.
5. Qoʻmitaning markaziy apparati, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha qoʻmitasi yuridik shaxslar hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi va oʻz nomi tushirilgan muhr va blankalarga, bank hisob raqamiga (jumladan chet el valyutasidagi hisob raqamga) ega boʻladi.
2-bob. Qoʻmitaning asosiy vazifalari va funksiyalari
6. Quyidagilar Qoʻmitaning asosiy vazifalari va faoliyati yoʻnalishlari hisoblanadi:
yagona davlat investitsiya siyosatini shakllantirish va yuritish, shu jumladan iqtisodiyot tarmoqlari va mamlakat mintaqalariga investitsiyalar hajmini kengaytirishni ragʻbatlantirishga qaratilgan chet el investitsiyalarini jalb qilish, respublikadagi investitsiya muhitini yanada takomillashtirish, chet el kapitali ishtirokidagi korxonalar rivojlanishini qoʻllab-quvvatlash ishlarini muvofiqlashtirish;
chet el investitsiyalarini jalb qilish va Oʻzbekiston Respublikasi hududida investitsiya faoliyatini kengaytirish uchun yanada qulay sharoitlarni yaratish sohasida normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasining yillik Investitsiya dasturlarini va mintaqaviy investitsiya dasturlarini, shu jumladan chet el investitsiyalari ishtirokidagi loyihalar boʻyicha shakllantirishda qatnashish, kelishish va monitoringini amalga oshirish, chet el investitsiyalari, kreditlar va moliyaviy-texnik koʻmaklashish vositalarini jalb qilish uchun investitsiyaviy takliflar yagona bazasini yuritish;
Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlar, xalqaro iqtisodiy va moliyaviy institutlar, xorijiy banklar, fondlar, agentliklar, kompaniyalar va xalqaro huquqning boshqa subyektlari bilan oʻzaro manfaatli asosda investitsiyaviy hamkorligi yoʻnalishlarini rivojlantirish va diversifikatsiya qilish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
chet el investitsiyalarini jalb qilishning asosiy yoʻnalishlarini belgilash va amalga tatbiq etishda, shuningdek xalqaro moliya institutlari va chet el investorlari bilan investitsiyaviy hamkorlikni amalga oshirishda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonalari va Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakillarining savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchilari faoliyatini muvofiqlashtirish;
Oʻzbekiston Respublikasining chet mamlakatlar, xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumatlar moliya institutlari, yetakchi xorijiy kompaniyalar va bank tuzilmalari bilan investitsiyaviy hamkorlik masalalari boʻyicha xalqaro shartnomalarini tayyorlashda, kelishishda va imzolashda ishtirok etish;
tarmoq investitsiya dasturlari, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish kompleks dasturlari, ishlab chiqarish, transport-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish dasturlari bilan uygʻunlikda chet el, birinchi navbatda toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni, moliyaviy-texnik koʻmak vositalarini jalb qilish;
investitsiya loyihalari bajarilishining borishi ustidan tizimli monitoring olib borish, chet el kapitali ishtirokidagi korxonalar faoliyatining, shuningdek investor tomonidan investitsiya majburiyatlari bajarilishining tahlilini oʻtkazish, chet el investitsiyalari ishtirokidagi investitsiya loyihalarini oʻz vaqtida va samarali amalga oshirishga toʻsqinlik qiluvchi omillarni aniqlash va ularni hal etish yuzasidan tezkor choralar qabul qilish asosida mamlakat iqtisodiyotiga jalb etilayotgan chet el investitsiyalaridan foydalanish samaradorligini oshirish;
xalqaro va xorijiy hukumatlar moliya institutlaridan jalb qilinayotgan kredit resurslari va texnik koʻmaklashish vositalari (grantlar), Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari mablagʻlari hisobiga markazlashtirilgan investitsiyalardan samarali foydalanish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish;
Oʻzbekiston Respublikasida va chet ellarda xorijiy investorlarga mamlakatning iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati haqida keng axborot berish maqsadida xalqaro konferensiyalar, seminarlar, investitsiya forumlari oʻtkazilishini tashkil etish;
Oldingi tahrirga qarang.
xarid komissiyalarining tender oʻtkazish boʻyicha faoliyatida belgilangan tartibda ishtirok etish;
(6-bandning oʻn ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 24-maydagi PF-5447-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2018-y., 06/18/5447/1269-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(6-bandning oʻn uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-fevraldagi PQ-3550-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.02.2018-y., 07/18/3550/0793-son)
respublika loyiha institutlari va tashkilotlari faoliyatini investitsiyaviy, avvalo chet el investitsiyasi ishtirokidagi loyihalar boʻyicha loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish borasida muvofiqlashtirish.
Oldingi tahrirga qarang.
tegishli moliya institutlari bilan oʻzaro hamkorlikni amalga oshirish;
moliya institutlari bilan hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlari, respublika hududlarini rivojlantirish uchun moliya institutlarining jalb etiladigan zayomlari, kreditlari va grantlaridan yanada samarali foydalanish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
moliya institutlari, loyihalarni amalga oshirish guruhlari, ekspertiza organlari ishtirokida loyihalarning amalga oshirilishi uchun masʼul vazirliklar va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish, shu jumladan loyiha, tender va kontrakt hujjatlari boʻyicha ekspert xulosalarining oʻz vaqtida taqdim etilishini nazorat qilish.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-martdagi 194-sonli qaroriga asosan xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.03.2018-y., 09/18/194/0890-son)
7. Qoʻmita yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
a) yagona davlat investitsiya siyosatini shakllantirish va yuritish boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirish, chet el investitsiyalarini jalb qilish sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish sohasida:
qisqa muddatli, oʻrta va uzoq muddatli istiqboldagi Oʻzbekiston Respublikasi investitsiya siyosatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha takliflarni ishlab chiqadi;
investitsiyalash hajmini kengaytirishni ragʻbatlantirishga qaratilgan chet el investitsiyalarini jalb qilish maqsadida mamlakat iqtisodiyoti tarmoqlari va hududlari rivojlanishining asosiy tendensiyalari va prognozlarining tizimli tahlilini, shu jumladan xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb etgan holda yuritadi;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet el investitsiyalarini jalb qilish va investitsiyaviy faoliyatni kengaytirish sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqadi;
investitsiya sohasida davlat va bozor boshqaruvining optimizatsiyasi, investitsiyalar oqimiga, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini faol joriy etishga toʻsqinlik qiluvchi toʻsiqlarni bartaraf etish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan yagona investitsiya siyosati amalga oshirilishi boʻyicha ishlarni muvofiqlashtiradi;
chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning davlat organlari bilan oʻzaro munosabatlarida koʻmaklashadi;
b) Oʻzbekiston Respublikasining har yilgi Investitsiya dasturlari, mintaqaviy va tarmoq investitsiya dasturlari, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ishlab chiqarish, transport-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish dasturlari, shuningdek investitsiyaviy loyihalarni shakllantirish, kelishish va monitoringini olib borish, mamlakat iqtisodiyotiga jalb etiladigan chet el investitsiyalarining samaradorligini oshirish borasida:
Oʻzbekiston Respublikasining har yilgi Investitsiya dasturlari, mintaqaviy va tarmoq investitsiya dasturlari, texnik koʻmak vositalarini (grantlarini) jalb qilish dasturlarini tayyorlash, shakllantirish va kelishishda qatnashadi;
Oʻzbekiston Respublikasining har yilgi Investitsiya dasturi shakllantirilishida investitsiyaviy, shu jumladan xorijiy investitsiyalar va kreditlar (qarzlar) ishtirokidagi loyihalarni kiritish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga takliflar kiritadi;
hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ishlab chiqarish, transport-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqishda va ularga chet el investorlarini jalb qilishda vazirliklar va idoralarga koʻmaklashadi;
Iqtisodiyot vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi, shuningdek loyihalar tashabbuskorlari boʻlgan vazirliklar, idoralar va xoʻjalik yurituvchi birlashmalar bilan oʻzaro hamkorlikda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiya dasturi, shu jumladan chet el investitsiyalari va kreditlari (qarzlar) ishtirokidagi investitsiyaviy loyihalar amalga oshirilishining borishi ustidan monitoring tizimini tashkil etadi, investitsiya loyihalarining oʻz vaqtida amalga oshirilishiga toʻsqinlik qiluvchi tizimli muammolarni aniqlaydi va buning asosida investitsiya jarayonlarini takomillashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiya dasturlariga kiritilgan investitsiya loyihalari, mintaqaviy va tarmoq investitsiya dasturlari, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ishlab chiqarish, transport-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish dasturlarining amalga oshirilishi va ular doirasida mablagʻlar oʻzlashtirilishining, shuningdek ishlab chiqilayotgan loyihalarni ushbu investitsiya dasturlariga kiritishning doimiy monitoringini olib boradi;
Oʻzbekiston Respublikasining har yilgi Investitsiya dasturlari, mintaqaviy va tarmoq investitsiya dasturlari, texnik koʻmak vositalarini (grantlarni) jalb qilish dasturlari, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ishlab chiqarish, transport-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish dasturlarini shakllantirish, shu jumladan chet el investitsiyalarini jalb qilish yuzasidan takliflar ishlab chiqish uchun vazirliklar va idoralar mutaxassislarini, shuningdek mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida erkin iqtisodiy zonalar tashkil etishda va ular faoliyatini tugatishda ishtirok etadi;
erkin iqtisodiy zonalar rivojlantirish monitoringini olib boradi, maʼmuriy kengashlar aʼzolarining xulosalari asosida maʼmuriy kengashlarga yangi investitsiya loyihalari boʻyicha takliflar kiritadi va erkin iqtisodiy zonalarda faoliyat yurituvchi chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning samarali ishlashini taʼminlash chora-tadbirlarini koʻradi;
maxsus iqtisodiy zonalar maʼmuriy kengashlari ishchi organi funksiyasini amalga oshiradi;
v) chet el investitsiyalarini jalb qilish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlar, xalqaro moliya institutlari, chet el hukumatlari moliya tashkilotlari, xorijiy banklar, fondlar, agentliklar, kompaniyalar va xalqaro huquqning boshqa subyektlari bilan investitsiyaviy hamkorligi sohasida:
Oʻzbekiston Respublikasiga investitsiyalar kiritish boʻyicha potensial va istiqbolli investitsiya va kredit bozorlarining doimiy tahlilini olib boradi;
chet el investitsiyalari va kreditlari (zaymlar)ni, birinchi navbatda toʻgʻridan-toʻgʻri chet el investitsiyalari va kreditlari (zaymlari)ni va texnik koʻmak vositalari (grantlar)ni jalb qilishda, shuningdek ulardan samarali foydalanishda vazirliklar, idoralar va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa tashkilotlariga koʻmaklashadi;
strategik muhim investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun xorijiy mamlakatlarda davlat kompaniyalari ishtirokidagi investitsiya kompaniyalarini tuzishda koʻmaklashadi;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy tijorat tashkilotlari vakolatxonalarining va mazkur vakolatxonalar xorijiy xodimlarining akkreditatsiyasini belgilangan tartibda amalga oshiradi;
chet ellik investorga respublikaning investitsiya salohiyati haqidagi axborotni tezkor olish imkonini beruvchi dasturiy mahsulotlar yaratadi va ularni joriy etadi;
Oldingi tahrirga qarang.
ustuvor investitsiya loyihalarini amalga oshiruvchi moliya institutlari va chet ellik investorlar bilan investitsiyalarni jalb qilish masalalarida “yagona darcha” tamoyili boʻyicha hamkorlik qiladi;
(7-bandning “v” kichik bandi yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-martdagi 194-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.03.2018-y., 09/18/194/0890-son)
xalqaro moliya institutlari, chet el hukumatlari moliya tashkilotlari, xorijiy banklar, fondlar, agentliklar, kompaniyalar va boshqa tashkilotlar bilan ularni respublika uchun strategik ahamiyatga ega boʻlgan investitsiya loyihalarini amalga oshirishga jalb qilish boʻyicha takliflarni, istiqbolli va joriy dasturlarni oʻrganadi, umumlashtiradi va tayyorlaydi;
chet eldagi innovatsiyaviy va yuqori texnologik loyihalarni tahlil qiladi va uning asosida Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga yangi, Oʻzbekiston Respublikasi sharoitida istiqbolli investitsiya loyihalarini shakllantirish uchun investitsiyaviy takliflar kiritadi;
ustuvor va istiqbolli investitsiya loyihalari va texnik koʻmak vositalarini (grantlarni) jalb etish dasturlari, jumladan Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish yoʻnalishlari portfelining shakllantirilishida qatnashadi, shuningdek xorijiy davlatlar, xalqaro moliya institutlari, chet el hukumat tashkilotlari, xorijiy banklar, fondlar, agentliklar, kompaniyalarni uzoq muddatli prognozlar, iqtisodiy rivojlanish va tarkibiy oʻzgarishlar ustuvorliklari asosida jalb qilishga koʻmaklashadi;
chet el investitsiyalari va kreditlari (qarzlar), birinchi navbatda toʻgʻridan-toʻgʻri chet el investitsiyalari va kreditlari (zaymlari), shuningdek texnik koʻmak vositalari (grantlar) oqimi hisobi va tahlilini yuritadi, oʻrganadi va ularni jalb qilish va ragʻbatlantirishning jahon tajribasini umumlashtiradi;
chet el investitsiyalari va kreditlari (qarzlar), ilgʻor texnologiyalar, shuningdek texnik koʻmak vositalari (grantlar)ni jalb qilish uchun ustuvor va istiqbolli loyihalar yagona bazasini shakllantiradi va doimiy yangilaydi;
xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarga metodik yordam koʻrsatadi;
Oldingi tahrirga qarang.
moliya institutlari bilan hamkorlik, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlari, respublika hududlarini rivojlantirish uchun moliya institutlarining jalb etiladigan zayomlari, kreditlari va grantlaridan oqilona foydalanish boʻyicha “yoʻl xaritalari” va dasturlarini ishlab chiqadi, shuningdek, vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ishlab chiqiladigan “yoʻl xaritalari” va dasturlarini kelishadi.
(7-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-martdagi 194-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.03.2018-y., 09/18/194/0890-son)
g) davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonalari va Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakillarining, savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchilarining chet el investitsiyalarini jalb qilishning asosiy yoʻnalishlarini belgilash va amalga oshirish, shuningdek xalqaro moliya institutlari va chet ellik investorlar bilan investitsiyaviy hamkorlikni amalga oshirish borasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish sohasida:
respublikadagi loyiha tashabbuskorlariga chet ellik investorlar bilan oʻzaro manfaatli aloqalar oʻrnatishda koʻmaklashadi;
Oʻzbekiston Respublikasining chet ellardagi diplomatik vakolatxonalari va Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakillarining, savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchilarining ishini muvofiqlashtiradi;
Oʻzbekiston Respublikasining chet ellardagi diplomatik vakolatxonalarining savdo-iqtisodiy maslahatchilari instituti faoliyatini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi va kiritadi;
Oʻzbekiston Respublikasining chet ellardagi diplomatik vakolatxonalari savdo-iqtisodiy maslahatchilarining toʻgʻridan-toʻgʻri chet el investitsiyalarini va ilgʻor texnologiyalarni, iqtisodiyot tarmoqlari va infratuzilma rivojlanishiga ustuvor dasturlar va loyihalarni amalga oshirish uchun texnik koʻmak vositalari (grantlar), kreditlarni jalb qilish boʻyicha bajarilgan ishlar yuzasidan yillik hisobotlarini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining chet mamlakatlar bilan investitsiyaviy hamkorligini yanada mustahkamlash va kengaytirish boʻyicha takliflarini eshitadi;
respublika tadbirkorlik subyektlarining chet el kompaniyalari bilan ishlab chiqarish va ilmiy-texnik hamkorlik oʻrnatishiga, shuningdek qoʻshma korxonalar tashkil etishga va birgalikdagi tadbirkorlikning boshqa shakllarini rivojlantirishda koʻmaklashadi;
tadbirkorlik subyektlariga va respublikaning boshqa shaxslariga chet ellik investorlarni topishda, uzoq muddatli sheriklik aloqalarini oʻrnatishda koʻmaklashadi, shuningdek toʻgʻridan-toʻgʻri chet el investitsiyalarini jalb qilish uchun loyiha takliflari va boshqa zarur materiallar tayyorlashda metodik yordam koʻrsatadi;
d) Oʻzbekiston Respublikasining chet mamlakatlar, xalqaro moliya institutlari, chet el hukumatlari moliya institutlari, yetakchi xorijiy kompaniyalar va bank tuzilmalari bilan investitsiyaviy hamkorlik borasidagi xalqaro shartnomalarini tayyorlash, kelishish va belgilangan tartibda imzolashda qatnashish sohasida:
vazirliklar, idoralar va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa tashkilotlari bilan xalqaro va investitsiyaviy shartnomalar shartlarini kelishadi va ularni tuzish boʻyicha takliflar kiritadi;
xalqaro moliya institutlari, chet el hukumatlar moliya institutlari, bank tuzilmalari bilan qarzga oid va boshqa muzokaralarda qatnashadi;
Oʻzbekiston Respublikasining investitsiyaviy hamkorlik masalalari boʻyicha imzolangan xalqaro shartnomalari maʼlumotlar bazasini yuritadi, ularni bajarish boʻyicha doimiy monitoring olib boradi va Vazirlar Mahkamasiga tegishli axborot hamda takliflarni kiritadi;
xalqaro iqtisodiy tashkilotlar ishida, investitsiya mavzuiga bagʻishlangan xalqaro tadbirlarda Oʻzbekiston Respublikasi manfaatlarini himoya qiladi va qatnashadi, investitsiyaviy hamkorlik masalalarini muhokama qilish va hal etish uchun Oʻzbekiston Respublikasiga kelgan chet el delegatsiyalarini qabul qiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
investitsiyaviy hamkorlik sohasida xalqaro munosabatlarni rivojlantirish maqsadida davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari mansabdor shaxslarining xorijiy xizmat safarlari hamda xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar, nodavlat tuzilmalar hamda ishbilarmon doiralar vakillarining Oʻzbekiston Respublikasiga tashrifi natijalari boʻyicha erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi ustidan tegishli monitoringni taʼminlaydi.
(7-bandining “d” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-oktabrdagi 817-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.10.2017-y., 09/17/817/0102)
e) investitsiya loyihalari tender (tanlov) hujjatlarini tayyorlash va kelishish, import kontraktlarini ekspertizadan oʻtkazish va roʻyxatga olish, shuningdek loyiha tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish sohasida:
Oldingi tahrirga qarang.
(7-bandning “e” kichik bandi ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-fevraldagi PQ-3550-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.02.2018-y., 07/18/3550/0793-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(7-bandning “e” kichik bandi ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 24-maydagi PF-5447-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2018-y., 06/18/5447/1269-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(7-bandning “e” kichik bandi uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 24-maydagi PF-5447-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2018-y., 06/18/5447/1269-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(7-bandning “e” kichik bandi beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-fevraldagi PQ-3550-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.02.2018-y., 07/18/3550/0793-son)
samaradorligi, ishlab chiqariladigan mahsulot sifati va raqobatbardoshligi, energiya va resurs tejamkorligi boʻyicha zamonaviy talablarga javob beruvchi ilgʻor texnologiyalar va jihozlar jahon bozorini tahlil qiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
(7-bandning “e” kichik bandi yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-fevraldagi PQ-3550-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.02.2018-y., 07/18/3550/0793-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(7-bandning “e” kichik bandi sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-fevraldagi PQ-3550-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.02.2018-y., 07/18/3550/0793-son)
Oldingi tahrirga qarang.
loyihalarni amalga oshirish va iqtisodiyot tarmoqlarini, respublika hududlarini rivojlantirish dasturlariga kiritilgan vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtiradi;
(7-bandning “e” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-martdagi 194-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.03.2018-y., 09/18/194/0890-son)
j) chet ellik investorlarni mamlakat investitsiyaviy salohiyati haqida keng xabardor qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasida va xorijda xalqaro konferensiyalar, seminarlar, investitsiya forumlarini tashkil etish sohasida:
chet ellik investorlarni mamlakat iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati haqida keng xabardor qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasida va xorijda xalqaro konferensiyalar, seminarlar, investitsiya forumlarini tashkil etadi va ularda qatnashadi;
davlat organlari tomonidan oʻtkaziladigan xalqaro investitsiyaviy va iqtisodiy forumlar va boshqa xalqaro investitsiyaviy va iqtisodiy tadbirlarni kelishadi;
tegishli xalqaro moliya institutlari bilan amalga oshirilayotgan oʻzaro hamkorlik haqida Oʻzbekiston Respublikasi nomidan xalqaro moliya institutlari boshqaruv idoralarini muntazam xabardor qilishni taʼminlaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
moliya institutlari missiyalarining amaliy uchrashuvlari jadvallarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.
(7-bandning “j” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-martdagi 194-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.03.2018-y., 09/18/194/0890-son)
8. Qoʻmita oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bevosita, shuningdek oʻzining hududiy boʻlinmalari va oʻziga idoraviy mansub boshqa tashkilotlar orqali amalga oshiradi.
3-bob. Qoʻmitaning huquq va majburiyatlari
9. Qoʻmita oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish maqsadida quyidagi huquqlarga ega:
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa davlat tashkilotlaridan Qoʻmita vakolatlariga kiruvchi masalalar boʻyicha hujjatlar, statistik maʼlumotlar, tahliliy materiallar, xulosalar va boshqa axborotni talab qilish va olish, shuningdek Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimidan erkin foydalanish;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat va boshqaruv organlariga xorijiy investorlar uchun shart-sharoitlarni takomillashtirishga doir takliflarni yoʻllash;
belgilangan tartibda investitsiya masalalari boʻyicha xorijiy davlatlarning vakolatli organlari bilan axborot almashish;
oʻz vakolatlari doirasida konferensiyalar, seminarlar, simpoziumlar, koʻrgazmalar, yarmarkalar oʻtkazish, shuningdek boshqa tashkilotlar tomonidan oʻtkaziladigan shunday tadbirlarda ishtirok etish;
investitsiya muhitini yaxshilash, xorijiy investorlar kafolatlari va huquqlarining himoyasini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni birgalikda ishlab chiqish maqsadida xalqaro, xorijiy va milliy tashkilotlar bilan aloqalar oʻrnatish;
tegishli vazirliklar va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, shuningdek, tashqi iqtisodiy va investitsiya faoliyati ishtirokchilari bilan kelishgan holda ularning investitsiya faoliyatini olib borish masalalari boʻyicha javobgar shaxslarini eshitish;
Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalaridan iqtisodiyot tarmoqlari va infratuzilmani rivojlantirishga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va ilgʻor texnologiyalar, texnik jihatdan qoʻllab-quvvatlash vositalari (grantlar), ustuvor dasturlar va loyihalarni amalga oshirishga kreditlarni jalb etish yuzasidan tahliliy materiallar, bu borada amalga oshirilgan ishlar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlar bilan investitsiyaviy hamkorligini yanada mustahkamlash va kengaytirish boʻyicha takliflarni muntazam ravishda soʻrash va olish;
Erkin iqtisodiy zonalar tashkil etish boʻyicha takliflarni tayyorlash va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga koʻrib chiqish uchun kiritish;
respublikaning investitsiya salohiyatini namoyish qiluvchi reklama mahsulotlari va boshqa turdagi mahsulotlarni (reklama audio-video materiallari va risolalari, xaritalari va boshqa turdagi reklama-axborot materiallarini) bosib chiqarish, koʻpaytirish va yaratish yuzasidan buyurtmalarni mustaqil ravishda yoki tasarrufidagi tashkilotlar orqali joylashtirish;
xorijiy davlatlar, xalqaro va xorijiy tashkilotlar vakillari bilan Oʻzbekiston Respublikasiga investitsiyalarni jalb qilish masalalari boʻyicha muzokaralar olib borish;
ustuvor investitsiya loyihalarini moliyalashtirish maqsadida xorijiy hamkorlar ishtirokida investitsiya jamgʻarmalarini tashkil qilish;
zarur boʻlganda Qoʻmita va uning hududiy boʻlinmalarining rasmiy taklifi bilan Oʻzbekiston Respublikasiga tashrif buyurgan xorijiy delegatsiyalarning respublika hududidagi yashash va transport xarajatlarini Qoʻmita bilan kelishgan holda Qoʻmitaning budjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan milliy valyutada toʻlash;
Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari orqali xorijiy mamlakatlarning vakolatli organlari va tashkilotlari bilan axborot almashish, ushbu maqsadda davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar — loyihalar tashabbuskorlaridan zarur materiallarni olish;
tegishli davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, tadbirkorlik subyektlari va boshqa shaxslar tomonidan investitsiya majburiyatlarining bajarilishi monitoringini olib borish;
oʻz faoliyatini keng yoritish maqsadida Internet butunjahon axborot tarmogʻida rasmiy veb-saytlar, shuningdek ijtimoiy tarmoqlarda oʻz sahifalarini yaratish;
texnologik yechimlarning loyihaoldi va loyiha hujjatlarini tayyorlash, “nou-xau” va tayyor holatga keltirilgan loyihalarni baholashga alohida eʼtibor bergan holda ularni batafsil ekspertiza qilish uchun maslahat-kengash organlarini tashkil etish, shuningdek koʻrib chiqilayotgan loyihalarning oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda ular ishiga tegishli idoralar vakillari, mahalliy va xorijiy ekspertlarni jalb qilish.
Oldingi tahrirga qarang.
moliya institutlari bilan oʻzaro hamkorlik jarayonida yuklangan vazifalarni bajarish uchun zarur boʻlgan kiruvchi-chiquvchi hujjatlar, memorandumlar, protokollar va boshqa hujjatlarni Oʻzbekiston Respublikasi nomidan imzolash;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlaridan boshqaruvchi ofisi vakolatiga kiradigan axborotni belgilangan tartibda soʻrash va olish;
zarurat boʻlganda, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tanlov tartib-taomillarini oʻtkazishni, loyiha va tender hujjatlarining yuqori sifatini taʼminlagan holda ularni ekspertizadan oʻtkazish muddatlarini tezlashtirish, shuningdek, moliya institutlari mablagʻlarini ular bilan kelishgan holda tegishli loyihalar komponentlari oʻrtasida qayta taqsimlash toʻgʻrisida takliflar kiritish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan kelishgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi va loyiha tashabbuskorining qoʻshma taqdimnomasi asosida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalar boʻyicha davlat taraqqiyot dasturiga aniqliklarni tegishli rivojlanish konsepsiyasi doirasida Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda Oʻzbekiston Respublikasining moliya institutlaridagi doimiy vakillarini tasdiqlash va ularni lavozimdan ozod etish;
moliya institutlari ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish uchun masʼul vazirliklar, idoralar va loyihalarni amalga oshirish guruhlari mansabdor shaxslarining hisobotlarini eshitish, loyihalar ijrochilarini taklif etgan holda ularning oʻz vaqtida va samarali bajarilishini taʼminlash chora-tadbirlarini ishlab chiqish.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-martdagi 194-sonli qaroriga asosan oʻn sakkizinchi — yigirma uchinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.03.2018-y., 09/18/194/0890-son)
Qoʻmita qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
10. Qoʻmita oʻz vakolatlari doirasida davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiy boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishga haqli.
Qoʻmita, zarur hollarda, boshqa vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralari bilan birgalikda qoʻshma qarorlar va boshqa turdagi hujjatlarni chiqarishga haqli.
11. Qoʻmita oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi uchun javob beradi.
4-bob. Qoʻmita faoliyatini tashkil etish
12. Qoʻmitaga Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan rais rahbarlik qiladi.
Qoʻmita raisining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlari boʻladi.
13. Qoʻmita raisi:
Qoʻmita faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi hamda Qoʻmitaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
davlat organlarida va boshqa tashkilotlarda Qoʻmita nomidan vakillik qiladi yoxud Qoʻmita nomidan ishonchnoma va (yoki) vakolatlar beradi;
belgilangan umumiy shtatlar soni doirasida Qoʻmitaning markaziy apparati va hududiy boshqarmalarining shtat jadvalini, shuningdek Qoʻmitaning markaziy apparati, uning hududiy boshqarmalari va oʻziga qarashli tashkilotlar xarajatlari smetasini tasdiqlaydi;
Qoʻmitaga ajratilgan moliyaviy va moddiy mablagʻlarni belgilangan tartibda tasarruf etadi;
belgilangan tartibda markaziy apparat va hududiy boshqarmalar tuzilmasi va nizomlarini, shuningdek qaramogʻidagi tashkilotlar ustavlarini, shu jumladan, aksiyadorlik jamiyatlari majlislarida tasdiqlaydi;
belgilangan tartibda Qoʻmita markaziy apparati xodimlarini, hududiy boshqarmalar, qaramogʻidagi tashkilotlar rahbarlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda respublikaning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarining savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchilarini hamda Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro va xorijiy tashkilotlardagi vakillarini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod etadi;
Qoʻmita vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha qarorlar qabul qiladi, raisning birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlarining, Qoʻmitaning, Qoʻmita hududiy boshqarmalari va qaramogʻidagi tashkilotlarning boshqa mansabdor shaxslarining vakolatlari, majburiyatlari va javobgarlik darajasini belgilaydi;
zarur boʻlganda markaziy apparatning, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha qoʻmitasining va Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasining hududiy boshqarmalari tuzilmasiga xodimlarning belgilangan cheklangan umumiy shtatlar soniga muvofiq oʻzgartirishlar kiritadi;
Qoʻmita, hududiy boʻlinmalar va qaramogʻidagi tashkilotlar xodimlari bajarishi majburiy boʻlgan buyruqlar chiqaradi va koʻrsatmalar beradi;
Qoʻmita xodimlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalarining savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchilarini ragʻbatlantirish hamda Qoʻmitaning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Budjetdan tashqari Rivojlantirish va moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasini tashkil qiladi va uning Nizomini tasdiqlaydi.
Rais qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarga ega.
14. Qoʻmita raisi oʻrinbosarlari:
Qoʻmita nazoratidagi boʻlinmalarga bevosita rahbarlik qiladilar va Qoʻmitaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradilar;
Qoʻmita raisi tomonidan oʻzlariga yuklangan boshqa funksiyalarni amalga oshiradilar.
15. Quyidagilarni lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha qoʻmitasi raisini — Qoʻmita raisi bilan kelishgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi tomonidan;
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasining hududiy boshqarmalari rahbarlarini — tegishli viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari bilan kelishgan holda Qoʻmita raisi tomonidan;
Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalarining savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchilari va Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro va xorijiy moliyaviy tashkilotlardagi doimiy vakillarini — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda Qoʻmita raisi tomonidan amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalarining savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchilari faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi tomonidan muvofiqlashtiriladi.
16. Qoʻmitada Qoʻmita faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini muvofiqlashtiradigan, Qoʻmita raisi (hayʼat raisi), uning oʻrinbosarlari, shuningdek Qoʻmita markaziy apparati boʻlinmalari rahbarlaridan iborat tarkibda hayʼat tashkil etiladi.
Hayʼatning miqdoriy va shaxsiy tarkibi Qoʻmita raisining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
17. Hayʼat tomonidan quyidagilar bilan bogʻliq boʻlgan masalalar koʻrib chiqiladi:
Qoʻmitaning mazkur Nizomda nazarda tutilgan faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini tayyorlash va amalga oshirish;
kadrlarni Qoʻmita nomenklaturasiga kiruvchi lavozimlarga tanlash, joy-joyiga qoʻyish, tayyorlash va qayta tayyorlash;
Qoʻmitaning hududiy organlari va qaramogʻidagi tashkilotlar rahbarlarining yarim yilliklar yakunlari boʻyicha hisobotlarini eshitish;
Qoʻmita rahbarlari va xodimlarining qonun hujjatlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha ijro intizomini mustahkamlash, ularning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi taʼminlanishi uchun shaxsiy masʼuliyatini oshirish.
Hayʼat Qoʻmita vakolatiga kiruvchi boshqa masalalarni ham koʻrib chiqishi mumkin.
18. Hayʼat majlislariga boshqa vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, Qoʻmita vakolatlariga kiruvchi masalalarga aloqador boshqa tashkilotlar rahbarlari taklif qilinishi mumkin.
Majlisda Hayʼat tarkibining yarmidan koʻpi hozir boʻlganda Hayʼat qonuniy hisoblanadi. Koʻrib chiqilayotgan masalalar boʻyicha qarorlar oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
19. Hayʼat tomonidan qabul qilingan qarorlar Qoʻmita qarorlari va raisning buyruqlari bilan amalga oshiriladi. Qoʻmita raisi va hayʼat aʼzolari oʻrtasida kelishmovchiliklar mavjud boʻlgan taqdirda rais mustaqil ravishda qaror qabul qiladi, bunda yuzaga kelgan kelishmovchiliklar haqida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli kompleksi rahbariga xabar qilinadi. Hayʼat aʼzolari ham oʻz fikrlarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli kompleksi rahbariga maʼlum qilishlari mumkin.
Hayʼat faoliyati tartibi hayʼat tomonidan tasdiqlanadigan reglament bilan belgilanadi.
20. Qoʻmita tizimi xodimlarining ish haqi qonun hujjatlari va Budjetdan tashqari Rivojlantirish va moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomda nazarda tutilgan lavozim maoshi, mukofotlar, qoʻshimcha haqlar va ustamalar, ragʻbatlantirish toʻlovlari, shuningdek qoʻshimcha moddiy ragʻbatlantirish toʻlovlaridan iborat boʻladi.
5-bob. Qoʻmita maslahat kengashi va boshqa kengashuv organlari
21. Xalqaro tajribadan foydalangan holda investitsiya siyosatini ishlab chiqish boʻyicha takliflarni shakllantirish maqsadida Qoʻmita huzurida investitsiya sohasi, ilmiy-texnik doiralardagi, huquq va boshqa sohalardagi mahalliy va xorijiy ekspertlardan iborat maslahat kengashi tashkil etiladi.
Maslahat kengashi tarkibi har yili rais tomonidan tasdiqlanadi. Maslahat kengashining qarorlari tavsiya tusida boʻladi.
Maslahat kengashining faoliyat tartibi Qoʻmita raisi tomonidan tasdiqlanadigan Kengash reglamenti bilan belgilanadi.
22. Qoʻmita markaziy apparati va uning qaramogʻidagi boʻlinmalarda ishlash uchun Qoʻmita tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda investitsiya sohasidagi xorijiy kompaniyalar va alohida mutaxassislar shartnoma asosida jalb etilishi mumkin.
6-bob. Yakunlovchi qoida
23. Qoʻmitani qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 26-son, 585-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.10.2017-y., 09/17/817/0102; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.02.2018-y., 07/18/3550/0793-son, 13.03.2018-y., 09/18/194/0890-son, 25.05.2018-y., 06/18/5447/1269-son, 10.05.2019-y., 09/19/390/3111-son)