Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Toshkent davlat yuridik universitetida kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yuridik kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2013-yil 28-iyundagi PQ-1990-son va “Toshkent davlat yuridik universitetida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 28-apreldagi PQ-2932-son qarorlariga muvofiq, shuningdek Toshkent davlat yuridik universitetida modul tizimiga asoslangan oʻquv jarayonini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Toshkent davlat yuridik universiteti bakalavriatiga xorijiy fuqarolarni qabul qilish tartibi toʻgʻrisida nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda ular tomonidan qabul qilingan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy ichida mazkur qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri M.M. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 2-iyun,
347-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 2-iyundagi 347-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Toshkent davlat yuridik universiteti bakalavriatiga xorijiy fuqarolarni qabul qilish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent davlat yuridik universitetida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 28-apreldagi PQ-2932-son qaroriga muvofiq xorijiy davlatlar fuqarolari boʻlgan jismoniy shaxslar, shuningdek xorijiy davlat hududida doimiy ravishda istiqomat qiladigan fuqaroligi boʻlmagan shaxslar (keyingi oʻrinlarda xorijiy fuqarolar deb yuritiladi)ni Toshkent davlat yuridik universiteti (keyingi oʻrinda TDYU deb ataladi) bakalavriatiga qabul qilish tartibini belgilaydi.
2. Xorijiy fuqarolarni qabul qilish TDYU bakalavriatiga qabul kvotalaridan tashqari Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish Davlat komissiyasi (keyingi oʻrinda Davlat komissiyasi deb ataladi) tomonidan belgilanadigan joylarga muvofiq amalga oshiriladi.
Talabalar oʻqishi qonun hujjatlarida xorijiy fuqarolar uchun nazarda tutilgan toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga yoki investitsiya vizasiga ega boʻlgan xorijiy investorlar hamda ularning oila aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun nazarda tutilgan shartlarda oʻqishga kirishga va taʼlim olishga haqlidir.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 11-oktabrdagi 864-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.10.2019-y., 09/19/864/3902-son)
Keyingi tahrirga qarang.
3. TDYU bakalavriatiga xorijiy fuqarolarni qabul qilish test sinovlarisiz, TDYUda oʻtkaziladigan suhbat natijalariga koʻra va reyting tizimiga muvofiq toʻplangan ballarni hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
4. TDYU bakalavriatida oʻqish uchun hujjatlarni topshirgan xorijiy fuqarolar, ularning dunyoqarashi, kasbiy layoqati va motivatsiyasi, umumiy intellektual va maʼnaviy-axloqiy darajasini aniqlash nuqtai nazaridan suhbatdan oʻtkaziladi.
5. TDYU bakalavriatiga xorijiy fuqarolarni qabul qilishni tashkil etish mazkur Nizomga ilovaga muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
2-bob. Hujjatlarni qabul qilish
6. TDYU bakalavriatiga xorijiy fuqarolarni qabul qilishni tashkil etish tegishli oʻquv yili uchun tuzilgan TDYU qabul komissiyasi (keyingi oʻrinda qabul komissiyasi deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
Xorijiy fuqarolarning qabul qilish toʻgʻrisidagi arizalari qabul komissiyasi tomonidan 15-martdan 15-iyulgacha qabul qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. TDYU bakalavriatiga qabul qilish uchun hujjatlar Internet jahon axborot tarmogʻi orqali topshiriladi.
Xorijiy fuqarolar aniq vaqt rejimida elektron shakldagi qabul qilish toʻgʻrisidagi arizani toʻldirib, unda: taʼlim yoʻnalishi, taʼlim tili va shakli; xorijiy fuqaro tomonidan oliy taʼlim muassasasini tugatganligi yoki unda oliy maʼlumoti mavjud emasligi; xorijiy fuqaro suhbat oʻtkazish qoidalari bilan tanishganligi xususida belgi koʻrsatiladi.
8. Qabul qilish toʻgʻrisidagi elektron arizaga quyidagilar elektron shaklda ilova qilinadi:
xorijiy fuqaroning pasporti yoki uning oʻrnini bosuvchi hujjat;
belgilangan tartibda legalizatsiya qilingan yoki apostil qoʻyilgan xorijiy davlatning vakolatli organlari tomonidan berilgan, oʻrganilgan fanlar va ular boʻyicha imtihonlarda olingan baholar (ballar) koʻrsatilgan taʼlim haqidagi hujjat;
3,5 x 4,5 sm oʻlchamdagi rangli fotosurat.
Keyingi tahrirga qarang.
Arizaga ilova qilinayotgan har bir hujjat haqiqiyligi saqlanishini taʼminlovchi (har bir duymga 200 nuqtadan kam boʻlmagan) alohida fayl koʻrinishida boʻlishi kerak. Har bir fayl oʻlchami 10 Mbdan oshmasligi lozim.
Arizani hujjatlar “PDF” (portable document format) formatida skaner qilingan nusxalari koʻrinishida ilova qilingan holda joʻnatishga yoʻl qoʻyiladi.
Qabul qilish toʻgʻrisidagi arizaning shakli Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va TDYU bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
9. Mazkur Nizomning 7 va 8-bandlarida nazarda tutilgan talablarga muvofiq barcha hujjatlar taqdim etilgan taqdirda, 72 soat ichida noyob raqam berish orqali ariza roʻyxatga olinadi va xorijiy fuqaroga belgilangan muddatda hujjatlarning asl nusxalarini taqdim etish haqida xabar beriladi.
Qabul komissiyasi tomonidan hujjatlarni qabul qilish vaqti etib arizaga noyob raqam berish payti hisoblanadi.
10. Taqdim qilingan hujjatlar mazkur Nizomning 7 va 8-bandlarida nazarda tutilgan talablarga muvofiq boʻlmagan taqdirda, 72 soat ichida arizada koʻrsatilgan elektron pochta manzil boʻyicha xorijiy fuqaroga tegishli xabarnoma yuboriladi. Bunda xorijiy fuqaroga koʻrsatib oʻtilgan kamchiliklarni tuzatish va hujjatlarni qabul qilishning belgilangan muddati tugagunga qadar ularni takroran taqdim etish imkoni beriladi.
Hujjatlarni qabul qilishning belgilangan muddati tugagandan soʻng ularga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish qatʼiyan man qilinadi.
11. Roʻyxatga olingan qabul qilish toʻgʻrisidagi arizalar soni har kuni TDYU saytida joylashtiriladi.
12. Xorijiy fuqarolar hujjatlarning asl nusxalarini suhbat oʻtkazilishidan 3 kun oldin taqdim etadi.
Bunda chop etilgan va imzolangan ariza xorijiy fuqaro tomonidan taqdim etiladi, bu hujjatlarda koʻrsatilgan maʼlumotlar haqiqiyligini tasdiqlaydi.
Hujjatlarning soxta yoki qalbakiligi aniqlangan taqdirda, xorijiy fuqaro suhbatdan (talaba TDYU talabalari safidan) chetlashtiriladi hamda hujjatlar esa oʻrnatilgan tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuboriladi.
3-bob. Suhbat oʻtkazish
13. Xorijiy fuqarolarni qabul qilish joylarining soni haqidagi maʼlumot TDYU veb-saytida, qoida tariqasida, hujjatlarni qabul qilish muddatidan bir oy oldin joylashtiriladi.
14. TDYU bakalavriatiga qabul qilinishi uchun xorijiy fuqarolar TDYUda taʼlim beriladigan tillarni bilishi kerak. Taʼlim beriladigan tillarni bilmaydigan xorijiy fuqarolar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan belgilanadigan tegishli muassasalarda oʻqiydi va til oʻrganish boʻyicha tayyorgarlikni muvaffaqiyatli tugatish natijalariga koʻra, belgilangan namunadagi guvohnoma (sertifikat) va oʻqishga yoʻllanma beriladi.
15. Suhbat 2–10-avgust kunlari oʻtkaziladi.
Keyingi tahrirga qarang.
16. Suhbat oʻtkazilishiga qadar maslahatlar tashkil etiladi, maslahatlar jadvali qabul komissiyasi tomonidan ishlab chiqiladi va TDYU rektori tomonidan tasdiqlanadi.
17. Suhbat oʻtkazish jadvallari TDYU rektori tomonidan tasdiqlanadi va TDYU veb-saytida, qoida tariqasida, suhbat boshlanishidan bir oy oldin joylashtiriladi.
18. Suhbat TDYU rektori buyrugʻi bilan tashkil etiladigan maxsus komissiya tomonidan oʻtkaziladi. Komissiya tarkibiga TDYU xodimlari bilan bir qatorda boshqa tashkilotlar vakillari ham ularning rahbarlari bilan kelishilgan holda kiritilishi mumkin.
Suhbat natijalari xorijiy fuqaroga ballarni qoʻyishni (0 dan 100 gacha) nazarda tutadigan reyting tizimi boʻyicha aniqlanadi hamda maxsus komissiya majlisining TDYU rektori tomonidan tasdiqlanadigan bayonida qayd etiladi.
Suhbat oʻtkazish va uning natijalarini belgilash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va TDYU bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
19. Xorijiy fuqarolarni qabul qilish quyidagi hollarda amalga oshirilmaydi:
jadval boʻyicha suhbatga kelmaganda (0 ball qoʻyiladi);
suhbatda belgilangan maksimal ballning 55 foizi va undan kam ball toʻplaganda.
20. TDYU bakalavriatiga xorijiy fuqarolarni qabul qilish uchun suhbatni qayta oʻtkazish taqiqlanadi.
21. Suhbat natijalari shikoyat qilinishi va apellyatsiya tartibida koʻrilishi mumkin emas.
22. Suhbat natijalari 20-avgustga qadar TDYU bakalavriatiga xorijiy fuqarolarni qabul qilish haqida qaror qabul qilish uchun Davlat komissiyasiga yuboriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
4-bob. Qabul qilishni rasmiylashtirish, oʻqish uchun toʻlov
23. TDYU bakalavriatiga xorijiy fuqarolarni qabul qilish toʻgʻrisidagi Davlat komissiyasi qarori, qoida tariqasida, 20-avgustdan kechiktirmasdan qabul qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
24. Davlat komissiyasi tomonidan xorijiy fuqarolarni qabul qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilingandan keyin TDYU bilan jismoniy yoki yuridik shaxslar oʻrtasida belgilangan tartibda kontraktlar tuziladi.
Keyingi tahrirga qarang.
25. Belgilangan namunadagi kontrakt blankalari qabul komissiyasi tomonidan Davlat komissiyasi qarori eʼlon qilingan kundan boshlab beriladi va TDYU rektori va bosh buxgalter tomonidan imzolangan holda (yuridik shaxslar uchun 3 nusxada, jismoniy shaxslar uchun 2 nusxada) rasmiylashtiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
26. Xorijiy fuqarolar oʻqish uchun toʻlovni har yili qonun hujjatlarida va kontrakt shartlarida koʻrsatilgan muddatlarda TDYU valyuta hisob raqamiga xorijiy valyutada amalga oshiradi.
27. Xorijiy fuqarolarni qabul qilish jismoniy yoki yuridik shaxslar tomonidan oʻqish uchun kontraktda belgilangan mablagʻ miqdori 15-sentabrdan kechiktirilmay oʻtkazilgandan soʻng TDYU rektori buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi. Xorijiy fuqarolarga 2-sentabrdan boshlab darslarga qatnashishga ruxsat etish toʻgʻrisida buyruq rasmiylashtiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
28. TDYU bakalavriatiga qabul qilingan xorijiy fuqarolarga stipendiya toʻlanmaydi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
29. TDYU bakalavriatiga qabul qilingan xorijiy fuqarolarning Davlat komissiyasi bayoni va suhbat natijalaridan tegishli koʻchirmalar ularning shaxsiy hujjatlar yigʻma jildlariga tikib qoʻyiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
TDYU bakalavriatiga qabul qilinmagan xorijiy fuqarolarning suhbat natijalari 6 oy davomida saqlanadi va keyinchalik belgilangan tartibda yoʻq qilinadi.
30. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Toshkent davlat yuridik universiteti bakalavriatiga xorijiy fuqarolarni qabul qilish tartibi toʻgʻrisida nizomga
ILOVA
ILOVA
Toshkent davlat yuridik universiteti bakalavriatiga xorijiy fuqarolarni qabul qilishni tashkil etish
SXEMASI
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 2-iyundagi 347-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlimning davlat taʼlim standartlarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2001-yil 16-avgustdagi 343-son qarorining 1-ilovasida (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2001-y., 15-16-son, 104-modda):
a) 4.3-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Qonun hujjatlariga muvofiq oʻquv jarayoni oʻqitishning modul tizimiga asoslangan oliy taʼlim muassasalari bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha malaka talablari, oʻquv rejalari va oʻquv dasturlarini mustaqil ishlab chiqadi va tasdiqlaydi”;
b) 5.1-bandda:
quyidagi mazmundagi sakkizinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlariga muvofiq ayrim oliy taʼlim muassasalari yoki taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari boʻyicha boshqa fanlar bloklari belgilanishi mumkin”;
sakkizinchi — oʻn birinchi xatboshilar tegishli ravishda toʻqqizinchi — oʻn ikkinchi xatboshilar deb hisoblansin;
v) 7.3-bandining rus tilidagi matni quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“V visshix obrazovatelnix uchrejdeniyax, uchebniy protsess v kotorix v sootvetstvii s zakonodatelstvom osnovan na modulnoy sisteme obucheniya, uchebnaya nagruzka mojet opredelyatsya visshim obrazovatelnim uchrejdeniyem s primeneniyem kredita — uslovnoy yedinitsi opredeleniya obyema uchebnoy nagruzki studentov”.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalariga pedagog xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2006-yil 10-fevraldagi 20-son qarorining ilovasida (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 6-7-son, 36-mod.):
a) 10-band quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Toshkent davlat yuridik universitetiga pedagog xodimlar adliya organlari va muassasalari uchun belgilanadigan tartibda oʻtkaziladigan tanlov asosida qabul qilinadi”;
b) II boʻlim quyidagi mazmundagi 111-band bilan toʻldirilsin:
“111. Toshkent davlat yuridik universitetida oʻqituvchi va katta oʻqituvchi lavozimlariga oliy maʼlumotga ega boʻlgan shaxs (qoida tariqasida, magistr, diplomli mutaxassis), shuningdek ilmiy daraja (shu jumladan, xorijiy mamlakatlarning falsafa doktori (Ph.D) darajasiga yoki unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga) va ilmiy unvonga ega boʻlgan hamda bunday daraja va unvonga ega boʻlmagan, biroq oʻqituvchilik, ilmiy-tadqiqot va amaliy ish tajribasiga ega boʻlgan shaxslar qabul qilinishi mumkin”.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Respublika oliy taʼlim muassasalari xodimlari mehnatiga haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2008-yil 1-avgustdagi 164-son qarorida (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 31-32-son, 302-modda):
a) 2-ilovaga izohning ikkinchi xatboshisida “Bakalavriat darajasida fakultet dekanati nazarda tutilmaydigan” soʻzlari “Qonun hujjatlariga muvofiq oʻquv jarayoni modul tizimiga asoslangan” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 4-ilovada:
7-bandning ikkinchi xatboshisida “Bakalavriat darajasida fakultet dekanati nazarda tutilmaydigan” soʻzlari “Qonun hujjatlariga muvofiq oʻquv jarayoni oʻqitishning modul tizimiga asoslangan” soʻzlari bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Qonun hujjatlariga muvofiq oʻquv jarayoni oʻqitishning modul tizimiga asoslangan oliy taʼlim muassasalarida yillik shaxsiy ish rejasi faqat oʻquv tusdagi tadbirlarni, ularning soatlar miqdorini koʻrsatgan holda, oʻz ichiga oladi. Ushbu soatlarning eng kam miqdori oliy taʼlim muassasasi Kengashi tomonidan belgilanadi”;
uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar tegishli ravishda toʻrtinchi va beshinchi xatboshilar deb hisoblansin;
quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Mazkur bandning toʻrtinchi va beshinchi xatboshlari talablari qonun hujjatlariga muvofiq oʻquv jarayoni oʻqitishning modul tizimiga asoslangan oliy taʼlim muassasalariga tatbiq etilmaydi”.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xorijiy fuqarolarni Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish va oʻqitish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2008-yil 4-avgustdagi 169-son qarorida (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2008-y., 8-son, 42-modda):
a) 1-bandning toʻrtinchi xatboshiga “agar” soʻzidan keyin “qonun hujjatlari yoki” soʻzlari qoʻshilsin;
b) ilovada:
8-banddagi “agar” soʻzidan keyin “qonun hujjatlari yoki” soʻzlari qoʻshilsin;
birinchi xatboshiga quyidagi mazmundagi jumla bilan qoʻshilsin:
“Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi mamlakatlaridan kelgan xorijiy fuqarolar oliy taʼlim muassasalari bakalavriatiga oliy taʼlim muassasasi tomonidan belgilanadigan tartibda oʻtkaziladigan suhbat natijasida qabul qilinadi”;
ikkinchi xatboshiga “test sinovi” soʻzlaridan keyin “(suhbat)” soʻzi qoʻshilsin;
uchinchi xatboshiga “Test sinovlari” soʻzlaridan keyin “(suhbat)” soʻzi qoʻshilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalariga qabul qilish, talabalar oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2010-yil 18-iyundagi 118-son qarorning 3-ilovasida (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 24-25-son, 195-modda):
a) I boʻlim quyidagi mazmundagi 201-band bilan toʻldirilsin:
“201. Toshkent davlat yuridik universitetida tahsil olayotgan talabalar ikkinchi kursdan boshlab oʻqishning bir oʻquv yiligacha boʻlgan muddatni xorijiy oliy taʼlim muassasasining yurisprudensiya yoʻnalishida oʻqish huquqiga ega. Talabaning xorijiy oliy taʼlim muassasasida oʻqigan davri va oʻzlashtirgan fanlari xorijiy oliy taʼlim muassasasi maʼlumotnomasi asosida universitet Kengashi tomonidan universitet oʻquv rejasi va dasturlarining tegishli qismlarini oʻzlashtirganligi sifatida qabul qilinishi va talabaga oʻqishini tegishli oʻquv semestridan davom ettirish huquqi berilishi mumkin”;
b) 30-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Qonun hujjatlariga muvofiq oʻquv jarayoni oʻqitishning modul tizimiga asoslangan oliy taʼlim muassasalari talabalariga nisbatan mazkur bandning “g” kichik bandi tatbiq etilmaydi. Ushbu oliy taʼlim muassasalarida akademik oʻzlashtira olmagan (qarzdor) talabalar oʻzlashtira olmagan fanlarni takroran oʻqitish uchun tegishli kursda qoldiriladi”.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalari pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2012-yil 26-sentabrdagi 278-son qarorining 1-ilovasidagi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 39-son, 453-modda) “Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazlari” boʻlimi “Mintaqaviy va tarmoq markazining nomi” ustunining 15-pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tarmoq markazi”.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 23-dekabrdagi “Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va Toshkent davlat yuridik universitetlarida oʻquv yuklamasining hajmlarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 337-son qarori 2-ilovasining rus tilidagi matnida (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 52-son, 691-modda):
a) 1-boʻlim quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Bakalavriat
Maksimalniy obyem auditornix zanyatiy pri ochnoy forme obucheniya doljen bit ustanovlen v obyeme 30 chasov v nedelyu.
Pri normativnom sroke obucheniya v 4 goda prodoljitelnost uchebnogo protsessa doljna sostavlyat 204 nedeli.
Obshiy obyem uchebnogo vremeni doljen raspredelyatsya na:
teoreticheskoye obucheniye — 40 — 55%;
attestatsiyu — 10 — 20%;
kanikuli — 12 — 18%;
Samostoyatelnuyu podgotovku — 6 — 14%;
kvalifikatsionnuyu praktiku — 8 — 12%;
vipusknuyu rabotu — 2 — 4%.
Obyem vremeni teoreticheskogo obucheniya doljen raspredelyatsya po blokam dissiplin sleduyushim obrazom:
neprofilnie dissiplini — 10 — 30%;
profilnie dissiplini — 60 — 80%;
dopolnitelnie dissiplini — 5 — 10%.
Obshiy obyem kanikulyarnogo vremeni v uchebniy god ustanavlivayetsya 5 — 14 nedel”;
b) 2-boʻlimda:
ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Maksimalniy obyem auditornix zanyatiy i nauchnoy deyatelnosti pri ochnoy forme obucheniya doljen bit ustanovlen v obyeme 30 chasov v nedelyu”;
beshinchi xatboshidagi “25 — 30” raqamlari “20 — 25” raqamlari bilan almashtirilsin;
oltinchi xatboshidagi “4 — 7” raqamlari “8 — 12” raqamlari bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi yettinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“samostoyatelnuyu podgotovku — 6 — 10%”;
yettinchi — oʻn oltinchi xatboshilar tegishli ravishda sakkizinchi — oʻn yettinchi xatboshilar deb hisoblansin.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 23-son, 472-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.10.2019-y., 09/19/864/3902-son; 08.04.2021-y., 09/21/189/0303-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.08.2021-y., 09/21/511/0793-son, 23.11.2021-y., 09/21/705/1082-son; 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son, 15.04.2022-y., 09/22/191/0315-son; 15.09.2025-y., 09/25/578/0826-son)