O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Ichki ishlar organlarining jinoyatlarni tergov qilish sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
[Ko‘chirma]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashda ularning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2017-yil 10-apreldagi PF-5005-son Farmoniga muvofiq, shuningdek qonuniylikni ta’minlash, jinoyatlarni o‘z vaqtida fosh etish, har tomonlama, to‘la va xolisona tergov qilish, javobgarlikning muqarrarligi prinsipini so‘zsiz amalga oshirishning samarali mexanizmlarini yaratish maqsadida:
1. Jinoyatlarni tergov qilish samaradorligini oshirishning quyidagi asosiy yo‘nalishlarini amalga oshirish O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va uning hududiy bo‘linmalarining eng muhim vazifasi deb hisoblansin:
birinchidan, jinoyat sodir etgan har bir shaxsga adolatli jazo berilishi va aybi bo‘lmagan hech bir shaxs javobgarlikka tortilmasligini kafolatlovchi jinoyat-protsessual normasini qat’iy ta’minlash;
ikkinchidan, jinoyatlarni o‘z vaqtida fosh etish, har tomonlama, to‘la va xolisona tergov qilish, surishtiruv va dastlabki tergovni amalga oshirishda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ustunligiga, ularning sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishiga so‘zsiz rioya qilish;
uchinchidan, surishtiruvchi va tergovchilarning chinakam protsessual mustaqilligini ta’minlash, ularga nisbatan noqonuniy ta’sir ko‘rsatish hamda faoliyatiga asossiz aralashishga yo‘l qo‘ymaslik;
to‘rtinchidan, surishtiruvchi va tergovchilarga yuklatilgan vazifalarni samarali amalga oshirishlari uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, ularning moddiy va ijtimoiy ta’minoti masalalarini hal etish;
beshinchidan, ichki ishlar organlarining ekspert-kriminalistika bo‘linmalari faoliyatiga ilg‘or kriminalistik va ilmiy-texnik vositalarni, shuningdek ishlashning zamonaviy shakl va uslublarini keng joriy etish.
2. Belgilansinki:
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti (keyingi o‘rinlarda — Tergov departamenti) bevosita O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziriga hisobot beradigan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining mustaqil bo‘linmasi hisoblanadi;
Oldingi tahrirga qarang.
ichki ishlar organlarining tergov bo‘linmalari tizimiga Tergov departamenti, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Transportda jamoat xavfsizligini ta’minlash boshqarmasi huzuridagi tergov bo‘limi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari huzuridagi tergov boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) ichki ishlar boshqarmalari (bo‘limlari), shuningdek transportda jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘limlari huzuridagi tergov bo‘limlari (bo‘linmalari, guruhlari) kiradi;
(2-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-maydagi PQ-4343-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.05.2019-y., 07/19/4343/3206-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari huzuridagi tergov boshqarmalariga tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliq o‘rinbosarlari boshchilik qiladi;
(2-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-maydagi PQ-4343-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.05.2019-y., 07/19/4343/3206-son)
tumanlar (shaharlar) ichki ishlar boshqarmalari (bo‘limlari) huzuridagi jami shtatlar soni 10 tadan kam bo‘lmagan tergov bo‘limlariga — tumanlar (shaharlar) ichki ishlar boshqarmalari (bo‘limlari) boshliq o‘rinbosarlari boshchilik qiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
tergov bo‘linmalari surishtiruv va dastlabki tergovni tashkil etish va amalga oshirish masalalarida yuqori turuvchi tergov bo‘linmalariga va Tergov departamentiga, ichki ishlar organlarida xizmatni o‘tash masalalarida esa — tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Transportda jamoat xavfsizligini ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) ichki ishlar boshqarmalari (bo‘limlari), shuningdek transportda jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘limlari boshliqlariga bo‘ysunadilar va hisobot beradilar;
(2-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-maydagi PQ-4343-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.05.2019-y., 07/19/4343/3206-son)
ichki ishlar organlarining tergov bo‘linmalari faoliyatiga aralashish, shuningdek ularning xodimlari tomonidan o‘z vakolatlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilish maqsadida har qanday shaklda ta’sir ko‘rsatish hamda ularning bajarilishi shart bo‘lgan qarorlarini bajarmaslik qonunda o‘rnatilgan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi;
Oldingi tahrirga qarang.
Tergov departamenti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari huzuridagi tergov boshqarmalarining tergovchilari lavozimiga tayinlash tergovchi sifatida uch yildan kam bo‘lmagan ish stajiga ega bo‘lgan taqdirda amalga oshiriladi;
(2-bandning sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-maydagi PQ-4343-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.05.2019-y., 07/19/4343/3206-son)
ichki ishlar organlarining tergov bo‘linmalari surishtiruvchilari, tergovchilari va boshliqlariga nisbatan jinoyat ishlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori, Toshkent shahar, viloyatlar prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar tomonidan, Tergov departamentining tergovchilari, bo‘linma boshliqlari va boshlig‘iga nisbatan esa — O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning o‘rinbosarlari tomonidan qo‘zg‘atiladi.
3. Quyidagilar tashkil etilsin:
Oldingi tahrirga qarang.
Tergov departamentining tuzilmasida surishtiruv ishlarini muvofiqlashtirish va nazorat qilish bo‘limi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Transportda jamoat xavfsizligini ta’minlash boshqarmasi huzuridagi tergov bo‘limining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari huzuridagi tergov boshqarmalarining tuzilmalarida surishtiruv ishlarini muvofiqlashtirish va nazorat qilish bo‘limlari (bo‘linmalari, guruhlari);
(3-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-maydagi PQ-4343-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.05.2019-y., 07/19/4343/3206-son)
tumanlar (shaharlar) ichki ishlar boshqarmalari (bo‘limlari) huzuridagi tergov bo‘limlari (bo‘linmalari)ning, transportda jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘limlarining tuzilmalarida surishtiruv bo‘linmalari (guruhlari).
Belgilansinki, surishtiruv ishlarini muvofiqlashtirish va nazorat qilish bo‘limlari (bo‘linmalari, guruhlari) va surishtiruv bo‘linmalari (guruhlari) oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan xodimlar bilan jamlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi 2017-yil yakunlari bo‘yicha surishtiruv bo‘linmalari (guruhlari) ish hajmining tahlili asosida ularning shtat birligini maqbullashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar kiritsin.
4. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Oldingi tahrirga qarang.
(4-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-fevraldagi PQ-122-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.02.2022-y., 07/22/122/0109-son)
6. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda 2018-yil 1-yanvarga qadar:
ichki ishlar organlarida so‘roq jarayonini stenografiya qilish, videokuzatuv, shuningdek tergov harakatlarini audio- va video qayd etish tizimlari bilan jihozlangan maxsus xonalar tashkil etilishini;
Tergov departamenti va uning hududiy bo‘linmalari o‘rtasida videokonferensaloqa tizimi joriy etilishini ta’minlasin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda:
ichki ishlar organlarining tergov bo‘linmalari xodimlariga qo‘shimcha ustamalar to‘lanadigan maxsus malaka darajasini berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni;
og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni namunali fosh etganlik va tergov qilganlik uchun pul mukofotlari bilan taqdirlash to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-fevraldagi PQ-122-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.02.2022-y., 07/22/122/0109-son)
9. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublika Bosh prokuraturasi bilan birgalikda Tergov departamenti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari huzuridagi tergov boshqarmalariga birinchi navbatda fosh etilmagan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha jinoyat ishlarini tergov qilish yuklatilishini nazarda tutgan holda ichki ishlar organlarining tergov bo‘linmalari o‘rtasida jinoyat ishlarini taqsimlash mezonlarini tasdiqlasin;
ikki oy muddatda ichki ishlar organlarining tergov bo‘linmalari faoliyatini monitoring qilish tartibini, bunda ularni rag‘batlantirish, yuqori lavozimlarga ko‘rsatish, boshqa tergov bo‘linmalariga o‘tkazishda foydalaniladigan ular ishini baholovchi aniq mezonlarini nazarda tutgan holda joriy etsin.
ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
uch oy muddatda idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qaror talablariga muvofiqlashtirsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi O.B. Murodov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 18-aprel,
PQ-2898-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-apreldagi PQ-2898-sonli qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti (keyingi o‘rinlarda — Tergov departamenti) jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligiga asosan jinoyatlarni o‘z vaqtida fosh etish, har tomonlama, to‘la va xolisona tergov qilish, javobgarlikning muqarrarligi prinsipini so‘zsiz amalga oshirish, shuningdek ichki ishlar organlarining tergov bo‘linmalari faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirishni ta’minlaydigan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining (keyingi o‘rinlarda — IIV) mustaqil bo‘linmasi hisoblanadi.
Tergov departamenti bevosita O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziriga hisob beradi.
2. Tergov departamenti o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, O‘zbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi Qonuni va boshqa qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining buyruqlari va farmoyishlariga, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladi.
3. Tergov departamenti o‘z faoliyatiga doir masalalar bo‘yicha o‘rnatilgan tartibda ichki ishlar organlarining boshqa bo‘linmalari, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa davlat organlari hamda tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq xorijiy davlatlarning vakolatli organlari bilan o‘zaro hamkorlikni amalga oshiradi.
4. Ichki ishlar organlari tergov bo‘linmalari tizimiga quyidagilar kiradi:
Tergov departamenti;
O‘zbekiston Respublikasi IIV Transportda jamoat xavfsizligini ta’minlash boshqarmasi huzuridagi tergov bo‘limi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari huzuridagi tergov boshqarmalari;
tumanlar (shaharlar) ichki ishlar boshqarmalari (bo‘limlari), transportda jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘limlari huzuridagi tergov bo‘limlari (bo‘linmalari, guruhlari).
5. Tergov departamenti O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘zining to‘liq nomi yozilgan muhri va blankasiga, shtampiga ega, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan ta’sis etiladigan Tergov departamenti faoliyatining o‘ziga xos xususiyatini aks ettiradigan ramziga ega bo‘lishi mumkin.
2-bob. Tergov departamentining asosiy vazifalari va funksiyalari
6. Quyidagilar Tergov departamentining asosiy vazifalari hisoblanadi:
jinoyatlarni tergov qilish amaliyotini kompleks va tizimli tahlil qilish, shu jumladan jinoyatlarning sodir etilishi sabablari va bunga imkon yaratadigan shart-sharoitlarni aniqlash, shuningdek ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish;
ichki ishlar organlarining tergov bo‘linmalari faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish, jinoyatlarni o‘z vaqtida fosh etish, har tomonlama, to‘la va xolisona tergov qilinishini, surishtiruv va dastlabki tergovni yuritishda qonuniylikka so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash, shuningdek tergov bo‘linmalarining kadrlar tarkibini shakllantirish va xodimlarning malakasini oshirishni tashkil etish;
ichki ishlar organlarining tergov bo‘linmalariga surishtiruv va dastlabki tergovni yuritishda uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatish, shuningdek o‘ta murakkab, viloyatlararo xususiyatga ega, respublikada shov-shuvga sabab bo‘lgan, shu jumladan uyushgan jinoiy guruhlar va uyushmalar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni bevosita tergov qilish;
qonunchilik, huquqni qo‘llash amaliyotini hamda surishtiruv va dastlabki tergovni tashkil etishning shakl hamda uslublarini yanada takomillashtirishga doir takliflar ishlab chiqish va amalga oshirish.
7. Zimmasiga yuklatilgan vazifalarga muvofiq Tergov departamenti quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) jinoyatlarni tergov qilish amaliyotini kompleks va tizimli tahlil qilish, shu jumladan jinoyatlarning sodir etilishi sabablari va bunga imkon yaratadigan shart-sharoitlarni aniqlash, shuningdek ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish sohasida;
jinoyat ishlarini tergov qilish amaliyotini, ichki ishlar organlarining tergov bo‘linmalarida surishtiruv va dastlabki tergovning asosiy ko‘rsatkichlarini umumlashtirish, tahlil qilish, baholash;
jinoyatlarning sodir etilishi sabablari va bunga imkon yaratadigan shart-sharoitlarni aniqlash, umumlashtirish va tahlil qilish, shuningdek ularni bartaraf etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
ichki ishlar organlarining tergov bo‘linmalarida boshqaruv amaliyotini o‘rganish, ularning faoliyatidagi dolzarb muammolarni va ularni hal etish yo‘llarini aniqlash;
O‘zbekiston Respublikasi IIV faoliyatini joriy va istiqbolli rejalashtirishda, ichki ishlar organlari tergov bo‘linmalari rivojlanishining asosiy yo‘nalishlari konsepsiyalarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
tergov bo‘linmalari faoliyatining ahvoli to‘g‘risida, jinoyatlarni tergov qilishning muammoli masalalari yuzasidan axborot-tahliliy ma’lumotlarni tayyorlash va tegishli takliflarni O‘zbekiston Respublikasi IIV rahbariyatiga kiritish;
ichki ishlar organlarining tergov bo‘linmalari vakolatiga kiruvchi masalalari yuzasidan hisobga olish, ma’lumotlar bazasi, axborot tizimlarini shakllantirish va yuritishni tashkil etish va amalga oshirish;
ijobiy xorijiy va milliy ish tajribasini, surishtiruv va dastlabki tergovning zamonaviy vositalari, shakllari, usullari va taktik uslublarini o‘rganish va amaliy faoliyatga joriy etish;
huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha profilaktik tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish, shu jumladan ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni amalga oshirish;
b) ichki ishlar organlarining tergov bo‘linmalari faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish, jinoyatlarni o‘z vaqtida fosh etish, har tomonlama, to‘la va xolisona tergov qilinishini, surishtiruv va dastlabki tergovni yuritishda qonuniylikka so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash, shuningdek tergov bo‘linmalarining kadrlar tarkibini shakllantirish va xodimlarning malakasini oshirishni tashkil etish sohasida;
jinoyatlarni har tomonlama, to‘la va xolisona tergov qilinishini, jinoyat ishlari bo‘yicha surishtiruv va dastlabki tergovni yuritishda qonuniylikka so‘zsiz rioya etilishini ta’minlashga qaratilgan tadbirlarni kompleks rejalashtirishni tashkil etish va amalga oshirish;
ichki ishlar organlarining tergov bo‘linmalari faoliyatini tekshirishni o‘tkazish, surishtiruv va dastlabki tergovni tashkil etishda aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rish va mazkur choralarning amalga oshirilishini nazorat qilish;
ichki ishlar organlarining tergov bo‘linmalari faoliyati ustidan protsessual va idoraviy nazoratni amalga oshirish;
ichki ishlar organlarining tergov bo‘linmalarida hisobga olish-qayd etish intizomiga rioya etilishini ta’minlash;
jinoyatlar haqidagi arizalar va xabarlarni ko‘rib chiqishda qonuniylikka rioya etilishi bo‘yicha ichki ishlar organlarining tergov bo‘linmalari faoliyatini o‘rganishni tashkil etish va amalga oshirish;
ichki ishlar organlarining tergov bo‘linmalari tomonidan dastlabki tergovni to‘xtatish, jinoyat ishlarini tugatishning asosliligini o‘rganish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar ishlab chiqish va ularning bartaraf etilishini nazorat qilish;
jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxslarga o‘z vaqtida qidiruv e’lon qilinishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
hududiy ichki ishlar organlarida to‘xtatilgan jinoyat ishlari va ashyoviy dalillarning saqlanishini, shuningdek ularning hisobi to‘g‘ri yuritilayotganini nazorat qilish;
surishtiruv va dastlabki tergovni amalga oshirishda ichki ishlar organlarining boshqa bo‘linmalari, davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorlikni tashkil etish va ta’minlash;
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq xorijiy davlatlarning vakolatli organlaridan kelib tushgan jinoyat ishlari bo‘yicha huquqiy yordam ko‘rsatish haqidagi so‘rovlari ijrosini tashkil etish, shuningdek xuddi shunday so‘rovlarni xorijiy davlatlarning vakolatli organlariga yuborish;
xorijiy davlatlarning vakolatli organlariga jinoiy ta’qibni amalga oshirish maqsadida jinoyat ishlarini o‘rnatilgan tartibda yuborish, xorijiy davlatlarning vakolatli organlari tomonidan yuborilgan jinoyat ishlarining tergov qilinishini ta’minlash;
jinoyat-protsessual qonunchiligining O‘zbekiston Respublikasining jinoiy sud ishlarini yuritish sohasidagi xalqaro hamkorlik masalalariga oid qismi talablari ijrosini ta’minlash;
jinoyatlarni tergov qilishda axborot-tahlil, kriminalistika va tezkor-ma’lumotlar tizimidan samarali foydalanishni ta’minlash;
quyi bo‘g‘inlar faoliyatini muvofiqlashtirish va hamkorligini ta’minlash, ma’lumotlar bazasini shakllantirish, tergov harakatlarini amalga oshirish, dalillarni to‘plash maqsadida ichki ishlar organlari tergov bo‘linmalarining amaliyotiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
ichki ishlar organlarining tergov bo‘linmalarida ishlashga kasbiy tayyorgarligi, axloqiy-psixologik, irodali va ma’naviy fazilatlarga ega bo‘lgan kadrlarni tanlab olishni tashkil etish va amalga oshirish;
ichki ishlar organlarining tergov bo‘linmalari xodimlari o‘rtasida xizmat intizomi va qonuniylik buzilishi holatlarining oldini olish borasida ishlarni tashkil etish va amalga oshirish, ularga nisbatan xizmat tekshiruvlarini o‘tkazish, tekshiruv natijalari bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish;
ichki ishlar organlarining tergov bo‘linmalari xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish, xodimlar kasbiy tayyorgarligining yuqori darajasini ta’minlash uchun o‘qitishning zamonaviy texnologiyalari va usullaridan keng foydalanish;
v) ichki ishlar organlarining tergov bo‘linmalariga uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatish, shuningdek jinoyatlarni tergov qilishda sohasida:
ichki ishlar organlarining tergov bo‘linmalari faoliyati ustidan tashkiliy-uslubiy rahbarlikni amalga oshirish;
ichki ishlar organlarining tergov bo‘linmalariga jinoyatlarni fosh etish va tergov qilishda amaliy yordam ko‘rsatish, shuningdek surishtiruv va dastlabki tergovni tashkil etish bo‘yicha uslubiy va boshqa materiallarni ishlab chiqish;
o‘ta murakkab, viloyatlararo xususiyatga ega, shov-shuvga sabab bo‘lgan, shu jumladan uyushgan jinoiy guruhlar va uyushmalar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni bevosita tergov qilish;
ichki ishlar organlarining tergov bo‘linmalariga surishtiruv va dastlabki tergovni amalga oshirish va tashkil etishda amaliy yordam ko‘rsatish, alohida toifadagi jinoyat ishlarini nazoratdagi ish yurituvini olib borish;
ichki ishlar organlari tergov bo‘linmalarining surishtiruv va dastlabki tergovni amalga oshirish borasidagi faoliyati samaradorligini tahlil va monitoring qilish, uni yanada oshirish borasida choralar ishlab chiqish;
ichki ishlar organlarining tergov bo‘linmalari faoliyatini tashkil etish masalalari bo‘yicha tahliliy materiallar, shuningdek surishtiruv va dastlabki tergovni tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar tayyorlash;
surishtiruv va dastlabki tergovni tashkil etish masalalari bo‘yicha uslubiy va boshqa materiallarni ishlab chiqish va ichki ishlar organlarining tergov bo‘linmalariga tarqatish;
g) qonunchilik, huquqni qo‘llash amaliyotini hamda surishtiruv va dastlabki tergovni tashkil etishning shakl hamda uslublarini yanada takomillashtirishga doir takliflar ishlab chiqish va amalga oshirish sohasida:
surishtiruv va dastlabki tergov masalalariga doir normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar loyihalarini bevosita ishlab chiqish va ishlab chiqishda ishtirok etish;
Tergov departamenti faoliyati masalalariga doir O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari, shuningdek idoralararo hujjatlar va kelishuvlar loyihalarini o‘rnatilgan tartibda ishlab chiqish va O‘zbekiston Respublikasi IIV manfaatdor bo‘linmalari bilan hamkorlikda ishlab chiqishda ishtirok etish;
Tergov departamenti faoliyati masalalariga doir O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari, normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar loyihalari yuzasidan xulosalarni tayyorlash va tayyorlashda ishtirok etish.
Tergov departamenti qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
3-bob. Tergov departamentining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi
8. Tergov departamenti zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
O‘zbekiston Respublikasi IIV bo‘linmalaridan, boshqa davlat organlari va tashkilotlaridan boshqaruv qarorlarni qabul qilish, axborot-tahlillar va hisobot ma’lumotlarini tayyorlash uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni (ularning nusxalarini), ma’lumotlar va boshqa materiallarni so‘rash va olish;
ichki ishlar organlarining tergov bo‘linmalari hujjatlari va materiallari bilan tanishish, ularning ijrosi yuzasidan zarur bo‘lgan ma’lumotlarni olish;
boshqaruv qarorlarini ishlab chiqishda, O‘zbekiston Respublikasi IIV hay’atida va tezkor yig‘ilishlarda ko‘rib chiqilishi uchun axborot-tahlillar va boshqa hujjatlarni tayyorlashda O‘zbekiston Respublikasi IIV tegishli xizmatlarini o‘rnatilgan tartibda jalb etish;
davlat organlari va boshqa tashkilotlariga, mansabdor shaxslarga kiritiladigan jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon yaratadigan shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risidagi ijro etilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalarni tayyorlash;
tergovga qadar tekshiruv materiallari va jinoyat ishlari yurituvi bo‘yicha jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillarini chaqirish, ulardan tushuntirishlar, hujjatlar, ularning nusxalarini olish, shuningdek uzrsiz sabablarga ko‘ra kelishdan bo‘yin tovlayotgan shaxslarni o‘rnatilgan tartibda majburiy keltirish;
qonun hujjatlarida o‘rnatilgan tartibda tergov harakatlarini olib borish, ularni yuritishga mutaxassislar va ekspertlarni jalb etish, ilmiy-texnik vositalardan foydalanish;
qonun hujjatlarida o‘rnatilgan tartibda ichki ishlar organlarining boshqa bo‘linmalaridan ayrim tergov harakatlarini o‘tkazishda ko‘maklashishni talab qilish;
ichki ishlar organlarining tergov bo‘linmalariga yuklangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida ichki ishlar organlarining ma’lumotlar bazasidan foydalanish;
o‘z vakolatlariga kiruvchi masalalar bo‘yicha tezkor-qidiruv yurituvidagi materiallar, xizmat tekshiruvlari materiallari va boshqa hujjatlar bilan tanishish;
ichki ishlar organlarining tergov bo‘linmalariga bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berish;
ichki ishlar organlarining tergov bo‘linmalari yurituvida bo‘lgan jinoyat ishlarini o‘rganish uchun talab qilib olish;
ichki ishlar organlarining tergov bo‘linmalarida qonuniylikka va intizomga rioya etilishi ahvolini tekshirish;
ichki ishlar organlarining tergov bo‘linmalari moddiy-texnik ta’minotini yaxshilash, xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash bo‘yicha takliflarni kiritish.
Tergov departamenti qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
9. Tergov departamenti quyidagi majburiyatlarga ega:
o‘z vakolatlari doirasida fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, jismoniy va yuridik shaxslarning mulkini, shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligini himoya qilish choralarini ko‘rish;
o‘z vakolatlari doirasida jinoyatlar faktlari bo‘yicha jinoyat ishlarini qo‘zg‘atish, surishtiruv va dastlabki tergov davomida qonuniylikka so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash;
zarur holatlarda Tergov departamenti xodimlarining hodisa joyiga chiqishini ta’minlash;
ichki ishlar organlari tergov bo‘linmalarining ish faoliyati haqidagi zarur ma’lumotlarni tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi IIV rahbariyatiga taqdim etish;
Tergov departamenti qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
10. Tergov departamenti zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi uchun javobgardir.
4-bob. Tergov departamenti faoliyatini tashkil etish
11. Tergov departamentiga O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining o‘rinbosari — Tergov departamenti boshlig‘i boshchilik qiladi.
Tergov departamenti boshlig‘i O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
Tergov departamenti boshlig‘i o‘rnatilgan tartibda O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan ikki nafar o‘rinbosarga, shu jumladan bir nafar birinchi o‘rinbosarga ega.
12. Tergov departamenti boshlig‘i:
Tergov departament faoliyatiga rahbarlik qiladi va Tergov departamentiga yuklatilgan vazifalar, funksiyalar va majburiyatlarini lozim darajada bajarilishi uchun shaxsan javobgar bo‘ladi;
jinoyat-protsessual qonunchiligiga muvofiq protsessual vakolatlardan foydalanadi;
o‘zining o‘rinbosarlari o‘rtasida majburiyatlarni taqsimlaydi, ularga yuklatilgan majburiyatlarning bajarilishini nazorat qiladi;
Tergov departamentining ish rejalarini tasdiqlaydi;
o‘zining vakolati doirasida ichki ishlar organlari tergov bo‘linmalarining barcha shaxsiy tarkibi tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar chiqaradi va rahbariyatga farmoyishlar loyihalarini kiritadi;
jinoyatlarni tergov qilishda tergov bo‘linmalarining ichki ishlar organlarining boshqa bo‘linmalari bilan hamkorligini muvofiqlashtiradi;
ichki ishlar organlarining tergov bo‘linmalari kadrlarini tanlash, joy-joyiga qo‘yish, boshqa lavozimga o‘tkazish va kasbiy tayyorlashni, shaxsiy tarkibini tarbiyalashni, xizmat intizomiga rioya etishni ta’minlaydi va tashkil etadi, o‘rnatilgan tartibda xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etadi;
O‘zbekiston Respublikasi IIV rahbariyatiga o‘rnatilgan tartibda Tergov departamenti xodimlariga maxsus unvonlar berish, ularni rag‘batlantirish, shu jumladan taqdirlash, ularga nisbatan intizomiy jazolar qo‘llash haqida takliflar kiritadi;
Tergov departamenti xodimlarini o‘rnatilgan tartibda xizmat safarlariga yuboradi;
o‘z vakolatlari doirasida Tergov departamenti xodimlariga ta’til beradi;
o‘rnatilgan tartibda Tergov departamentida safarbarlik tayyorgarligini ta’minlaydi va tashkil etadi, shuningdek Tergov departamentda fuqaro muhofazasi tadbirlari bajarilishini ta’minlaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
Tergov departamentida maxfiylik rejimiga rioya etilishi uchun javobgardir;
(12-bandning o‘n uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-sentabrdagi PF-171-sonli Farmoni tahririda)
ichki ishlar organlarining tergov bo‘linmalari faoliyatini bevosita yoki o‘zining o‘rinbosarlari orqali nazorat qiladi;
ichki ishlar organlarining tergov bo‘linmalari rahbarlarining hisobotlarini eshitadi;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bo‘yicha ichki ishlar organlari tergov bo‘linmalari xodimlarining xatti-harakatlari qonuniyligini, shuningdek xodimlar tomonidan har bir aniqlangan qonunchilik buzilishi holatlarini o‘rnatilgan tartibda tekshirilishini ta’minlaydi;
Tergov departamenti bo‘linmalarining shtatlar sonini qayta taqsimlash to‘g‘risida takliflar kiritadi;
Tergov departamenti vakolatiga kiruvchi boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
13. Tergov departamenti boshlig‘i yo‘qligida uning vakolatlari birinchi o‘rinbosar tomonidan amalga oshiriladi.
14. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari huzuridagi tergov boshqarmalariga tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vazirining o‘rinbosari, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlarining o‘rinbosarlari boshchilik qiladi.
Tumanlar (shaharlar) ichki ishlar boshqarmalari (bo‘limlari) huzuridagi jami shtatlar soni 10 tadan kam bo‘lmagan tergov bo‘limlariga tumanlar (shaharlar) ichki ishlar boshqarmalari (bo‘limlari) boshliqlarining o‘rinbosarlari boshchilik qiladi.
15. Tergov departamentining xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Transportda jamoat xavfsizligini ta’minlash boshqarmasi huzuridagi tergov bo‘limi boshlig‘i va xodimlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari huzuridagi tergov boshqarmalari boshliqlari, Toshkent shahrining tuman ichki ishlar boshqarmalari (bo‘limi) huzuridagi tergov bo‘limlari boshliqlari, “Toshkent-Markaziy” vokzali va “Toshkent” aeroportida jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘limlari huzuridagi tergov bo‘linmalari boshliqlari va xodimlari Tergov departamenti boshlig‘ining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari huzuridagi tergov boshqarmalari, Toshkent shahrining tuman ichki ishlar boshqarmalari (bo‘limi) huzuridagi tergov bo‘limlari xodimlari, tumanlar (shaharlar) ichki ishlar boshqarmalari (bo‘limlari) huzuridagi tergov bo‘limlari (bo‘linmalari, guruhlari), transportda jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘limlari huzuridagi tergov bo‘linmalari boshliqlari va xodimlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari huzuridagi tergov boshqarmalari boshliqlarining taqdimnomasiga binoan Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
16. Tergov bo‘linmalari surishtiruv va dastlabki tergovni tashkil etish va amalga oshirish masalalari bo‘yicha yuqori turuvchi tergov bo‘linmalariga va Tergov departamentiga bo‘ysunadi va hisob beradi, ichki ishlar organlarida xizmatni o‘tash masalalari bo‘yicha esa — tegishlicha O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Transportda jamoat xavfsizligini ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) ichki ishlar boshqarmalari (bo‘limlari), shuningdek transportda jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘limlari boshliqlariga bo‘ysunadi va hisob beradi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
17. Tergov departamenti faoliyati ustidan nazorat O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan amalga oshiriladi.
Ichki ishlar organlari tergov bo‘linmalarining protsessual faoliyati ustidan nazorat qonun bilan belgilangan vakolatlari doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
18. Ish yuritish va maxfiylik rejimi bo‘yicha tadbirlar Tergov departamenti tomonidan mustaqil ravishda qonunda o‘rnatilgan tartibda amalga oshiriladi.
(18-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-sentabrdagi PF-171-sonli Farmoni tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-fevraldagi PQ-122-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.02.2022-y., 07/22/122/0109-son)
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017-y., 17-son, 290-modda№; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.05.2019-y., 07/19/4343/3206-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.02.2022-y., 07/22/122/0109-son)