Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Slovakiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurash boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Slovakiya Respublikasi Hukumati (bundan keyingi oʻrinlarda “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar),
giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy muomalasi jiddiy oqibatlaridan inson hayoti va sogʻligʻi, hamda oʻz davlatlarining xavfsizligi va boshqa fundamental manfaatlarini himoya qilish zaruriyatini anglagan holda,
giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy muomalasi koʻlami va tendensiyasi, shuningdek, ularning suiisteʼmol qilinishi bilan bogʻliq muammolar koʻpayishidan tashvishlangan holda hamda suverenitet, mustaqillik va hududiy yaxlitlik, ichki ishlarga aralashmaslik tamoyillarini oʻzaro hurmat qilish asosida,
giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurash hamda giyohvandlik vositalari prekursorlarini nazorat qilish boʻyicha xalqaro hamkorlikni mustahkamlash muhimligini tan olib,
giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurash hamda giyohvandlik vositalari prekursorlarini nazorat qilish haqida ikki davlat vakolatli idoralari oʻrtasida maʼlumotlarni tez va ishonchli almashish mexanizmini yaratishdan manfaatdor ekanliklarini bildirib,
1972-yildagi Bayonnoma bilan oʻzgartirish kiritilgan Giyohvandlik vositalari toʻgʻrisida yagona konvensiya (1961-yil), Psixotrop moddalar toʻgʻrisidagi konvensiya (1971-yil), Birlashgan Millatlar Tashkilotining giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurash toʻgʻrisida konvensiyasi (1988-yil), Transchegaraviy uyushgan jinoyatchilikka qarshi konvensiya (2000-yil), shuningdek Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ushbu sohadagi tegishli idora va forumlari qarorlarini inobatga olib,
Slovakiya Respublikasi Yevropa Ittifoqi aʼzo-davlati ekanligi va shu sababli Yevropa Ittifoqi normativ-huquqiy hujjatlari, xususan, giyohvandlik vositalari prekursorlari sohasidagi hujjatlariga rioya qilishi lozimligini hurmat qilib,
1997-yil 16-yanvarda Bratislavada imzolangan Slovakiya Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida oʻzaro munosabatlar asoslari va hamkorlik toʻgʻrisida shartnoma, xususan uning 18 va 20-moddalariga asoslanib,
ikki davlat oʻrtasidagi doʻstlikni mustahkamlash maqsadida,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
1. Ahdlashuvchi Tomonlar mazkur Bitim qoidalari hamda milliy qonunchilik va ular davlatlarining xalqaro majburiyatlaridan kelib chiqib, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va perekursorlarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurash, shuningdek, prekursorlarning qonuniy ishlab chiqarilishi, tarqatilishi va ishlatilishini nazorat qilish yuzasidan oʻzlarining vakolatli idoralari orqali hamkorlik qiladilar.
2. Mazkur Bitimga asosan vakolatli idoralar:
Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan:
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi;
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi.
Slovakiya Respublikasi tomonidan:
Slovakiya Respublikasi Ichki ishlar vazirligi;
Slovakiya Respublikasi Moliya direktorati;
Slovakiya Respublikasi Moliya maʼmuriyatining jinoyat ofisi;
Slovakiya Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi;
Narkotik nazorati davlat instituti;
Slovakiya maʼlumotlar xizmati.
3. Mazkur Bitim kuchga kirgandan keyin oʻttiz (30) kun ichida Ahdlashuvchi Tomonlar vakolatli idoralari va ularning masʼul xodimlari yuzasidan maʼlumot almashadilar hamda har qanday oʻzgarishlar toʻgʻrisida bir-birlarini qisqa muddatda xabardor qiladilar.
4. Mazkur Bitimni amalga oshirishda Ahdlashuvchi Tomonlar vakolatli idoralari oʻzaro toʻgʻridan toʻgʻri, shuningdek, diplomatik kanallar orqali hamkorlik qiladilar.
5. Mazkur Bitim jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam koʻrsatish va ekstraditsiya masalalariga nisbatan qoʻllanilmaydi.
2-modda
1. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz davlatlari milliy qonunchiligi va ular ishtirok etadigan xalqaro shartnomalardan kelib chiqib, quyidagi shakllarda hamkorlik olib boradilar:
a) giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy muomalasi bilan bogʻliq jinoyatlarning oldini olish, ularni aniqlash va fosh etishga koʻmaklashuvchi maʼlumotlar bilan almashish;
b) giyohvandlik vositalari prekursorlari ustidan nazorat qilish samaradorligini oshirish hamda mazkur Bitimga binoan boshqa vazifalarni bajarish;
v) tegishli maʼlumotlar bazasidan tergov va surishtiruv ishlarini amalga oshirish maqsadida shaxslar, obyektlar va hujjatlarni tekshirish yuzasidan soʻrovnomalarni bajarish;
g) giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga aloqador uyushgan guruhlar faoliyatiga chek qoʻyish hamda giyohvandlik vositalari perekursorlari ustidan nazoratni kuchaytirishga yoʻnaltirilgan muvofiqlashtirilgan tadbirlarni oʻtkazish;
d) tajriba almashish, shu jumladan amaliyotlar, maslahatlashuvlar, seminarlar va trening kurslari orqali;
e) giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni qabul qilishni oldini olish boʻyicha ilmiy nashrlar, maxsus byulletenlar va filmlar bilan almashish;
yo) qonunchilik va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan almashish.
2. Ahdlashuvchi Tomonlar giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurash va prekursorlarni nazorat qilish sohasida tadqiqot dasturlarini rejalashtirish va amalga oshirish boʻyicha hamkorlik qiladilar hamda oʻzaro manfaatli masalalar yuzasidan maslahatlashuv oʻtkazadilar.
3-modda
1. Mazkur Bitimning 2-moddasi 1-bandi “a” qismiga asosan amalga oshirilayotgan maʼlumotlar almashinuvi giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy muomalasi bilan bogʻliq jinoyatlarga, xususan:
a) Ahdlashuvchi Tomonlardan biri davlati hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati fuqarosi ishtirokida yoki uning davlati manfaatlariga daxl etuvchi qasd qilingan yoki sodir etilgan;
b) Ahdlashuvchi Tomon davlatlari biri hududidan boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududiga yetkazib berilgan, shuningdek, uchinchi davlat hududidan tranzit holda giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar bilan noqonuniy muomalasi bilan bogʻliq va Ahdlashuvchi Tomonlardan biri davlati fuqarolari boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni noqonuniy ishlab chiqish va sotishda ishtirok etgan jinoyatlar kiradi.
2. Ahdlashuvchi Tomonlar, shuningdek quyidagi maʼlumotlarni almashadilar:
a) giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni noqonuniy olib oʻtish yoʻllarini hamda ularni yashirish va fosh etish usullarini aniqlashda predmetlarning hidi asosida giyohvandlik vositalar va psixotrop moddalarni aniqlashga oʻrgatilgan itlar va zamonaviy texnologiyalardan foydalanish;
b) sotish uchun tayyorlangan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning yangi turlari, ularning tarkibi, tarqatish va ishlab chiqish texnologiyalari;
v) uyushgan guruhlar tomonidan sodir etilgan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar savdosi bilan bogʻliq jinoyatlarning amalga oshirilishi metodlari, ularning tarkibi, tuzilishi, faoliyat koʻlami va jinoiy aloqalari;
g) giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va perekursorlarning noqonuniy savdosi bilan bogʻliq jinoyatni sodir etishda gumon qilinuvchi Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlaridan birining boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida doimiy yoki vaqtincha yashovchi fuqarolari;
d) giyohvandlik vositalari prekursorlarini ishlab chiqarish, tarqatish va ishlatishni nazorat qilishning samarali shakllari va usullari;
e) giyohvandlikning oldini olish, giyohvandlarni davolash va reabilitatsiya qilishning samarali shakllari va usullari.
3. Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli idoralari mazkur Bitimga asosan, agarda boshqa Ahdlashuvchi Tomon uchun ushbu maʼlumot qiziq deb topishga sabab boʻlsa, mazkur Bitimning 4-moddasiga asosan oʻz tashabbuslari bilan avvaldan olingan soʻrovnomasiz ham maʼlumot almashishlari mumkin.
4-modda
1. Mazkur Bitimda nazarda tutilgan maʼlumotlar bilan almashish va boshqa harakatlar Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli idoralari tomonidan ularning rahbarlari imzosi bilan tasdiqlangan quyidagi mazmundagi yozma soʻrovnomalar orqali amalga oshiriladi:
a) soʻrovnoma yuborayotgan vakolatli idora nomi va soʻrovnoma yuborilayotgan mutasaddi idora nomi;
b) soʻrovnoma yuborilayotgan ish mazmuni, ushbu ishga aloqador yoki daxldor shaxslar, faktlar, ashyolar va hujjatlar yuzasidan batafsil maʼlumot;
v) bajarilishi talab etilayotgan muayyan jarayonning tavsifi va soʻrovnoma bajarilishi kutilayotgan muddat.
2. Soʻrovnomalar vakolatli idoralar tomonidan oʻzaro toʻgʻridan toʻgʻri yoki diplomatik kanallar orqali, shuningdek, Jinoiy qidiruv politsiyasining xalqaro tashkiloti — Interpol, shular jumlasidan elektron aloqa vositalari orqali yuborilishi mumkin.
3. Soʻrovnomalar, zarur hollarda, hujjatning tegishli tartibda tasdiqlangan nusxasi yoki koʻchirmasi, foto, audio, video va uning ijrosini yengillashtiruvchi boshqa materiallar bilan birgalikda yuborilishi lozim.
4. Soʻrovnomalar soʻrovnoma yuborilayotgan Ahdlashuvchi Tomon davlati qonunchiligi va soʻrovnomada koʻrsatilgan muayyan jarayonlarga muvofiq ijro etilishi lozim, agarda bu jarayonlar uning davlati milliy qonunchiligiga zid boʻlmasa. Basharti soʻrovnomani bajarish soʻrovnoma kelib tushgan idora vakolatidan tashqarida boʻlsa, ushbu soʻrovnoma uni bajarishga vakolatli davlat idorasiga yuborilishi hamda bu haqida soʻrovnoma yuborgan Ahdlashuvchi Tomon zudlik bilan xabardor qilinishi lozim.
5. Soʻrovnoma imkon qadar qisqa muddatda bajarilishi lozim. Zarur hollarda Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli idoralari soʻrovnoma bajarilishini yengillashtirish maqsadida qoʻshimcha maʼlumotlar talab etishlari mumkin. Agarda soʻrovnomaning ijro etilishi soʻrovnoma yuborilayotgan davlatdagi tergov yoki boshqa jarayonlarning olib borilishiga toʻsqinlik qilsa, uning ijro etilishi soʻrovnoma yuborgan Ahdlashuvchi Tomon bilan kelishilgan holda maʼlum shartlar asosida kechiktirilishi yoki toʻxtatib turilishi mumkin.
6. Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli idoralari, agarda boshqa Ahdlashuvchi Tomon uchun ushbu maʼlumot qiziq deb topishga sabab boʻlsa, mazkur Bitimga asosan oʻzlarining tergov ishlariga zarar yetkazmagan holda va oʻz tashabbuslari bilan avvaldan olingan soʻrovnomasiz maʼlumot almashishlari mumkin.
5-modda
1. Mazkur Bitimning 4-moddasiga asosan yordam koʻrsatish boʻyicha soʻrovnoma toʻliq yoki qisman rad etilishi mumkin, agarda:
a) uning ijro etilishi inson huquqlarining buzilishiga, soʻrovnoma yuborilayotgan Ahdlashuvchi Tomon davlati suvereniteti, xavfsizligi, jamoat tartibi yoki boshqa manfaatlariga daxl qilsa yoki soʻrovnoma yuborilayotgan Ahdlashuvchi Tomon davlati milliy qonunchiligi yoki xalqaro majburiyatlariga zid boʻlsa;
b) yordam toʻgʻrisidagi soʻrovnoma olinishi lozim boʻlgan harakat soʻrovnoma yuborilayotgan Ahdlashuvchi Tomon davlati milliy qonunchiligiga binoan jinoyat boʻlmasa.
2. Agarda yordam toʻgʻrisida soʻrovnomaga rad etish haqida qaror qabul qilinsa, soʻrovnoma yuborilgan Ahdlashuvchi Tomon vakolatli idorasi soʻrovnoma yuborgan Ahdlashuvchi Tomon vakolatli idorasini yozma ravishda bunday rad etishning sabablari haqida xabardor etishi lozim.
6-modda
1. Ahdlashuvchi Tomonlar vakolatli idoralari oʻz davlatlari milliy qonunchiligiga asosan oʻzaro almashilgan maʼlumotning maxfiyligini, agarda bunday maʼlumotni yuborayotgan Ahdlashuvchi Tomon uni oshkor etishni biron-bir sababga koʻra maqsadga muvofiq emas deb hisoblasa, himoya qilishlari lozim. Ushbu qoida mazkur Bitim doirasida Ahdlashuvchi Tomonlar tarafidan oʻzaro taqdim etilgan texnik vositalar, jihozlar va materiallarga nisbatan ham qoʻllaniladi.
2. Agarda mazkur Bitim asosida olingan maʼlumot, texnik resurslar, jihozlar va materiallarni uchinchi tomonga berish zarurati yuzaga kelsa, uni taqdim etgan vakolatli idoraning yozma roziligi talab etiladi.
7-modda
Mazkur Bitim doirasida va Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlari milliy qonunchiligi va xalqaro majburiyatlariga asosan taqdim etilgan shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish maqsadida quyidagi shartlarga amal qilinadi:
a) qabul qiluvchi Ahdlashuvchi Tomon bu kabi maʼlumotlarni faqatgina taqdim etuvchi Ahdlashuvchi Tomon shartlarida nazarda tutilgan maqsad va talablar asosida foydalanishi mumkin;
b) qabul qiluvchi Ahdlashuvchi Tomon taqdim etuvchi Ahdlashuvchi Tomon talabiga asosan taqdim etilgan maʼlumotning ishlatilishi va erishilgan natija haqida xabardor etadi;
v) shaxsiy maʼlumotlar faqatgina mazkur Bitimni amalga oshirish uchun vakolatli idoralarga berilishi mumkin; boshqa vakolatli idoralar bunday maʼlumotga uni taqdim etuvchi Ahdlashuvchi Tomonning dastlabki yozma roziligisiz ega boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi;
g) maʼlumotni taqdim etgan Ahdlashuvchi Tomon taqdim etilgan shaxsiy maʼlumotning aniqligiga javobgardir va ushbu taqdim etilayotgan maʼlumotning qanchalik kerakligini, shuningdek, uning hajmi va qoʻllanilish doirasining taqdim etish maqsadlariga qanchalik mosligini aniqlashi lozim; agarda maʼlumotlarning noaniqligi, notoʻgʻriligi, toʻliq emasligi yoki eskirganligi yoki soʻrovnoma maqsadlariga mos kelmasligi aniqlansa, qabul qiluvchi Ahdlashuvchi Tomon bu haqida kechiktirilmasdan xabardor etilishi lozim; qabul qiluvchi Ahdlashuvchi Tomon taqdim etilishi lozim boʻlmagan maʼlumotlarning xatosini toʻgʻrilaydi yoki uni butunlay yoʻq qiladi;
d) shaxsiy maʼlumotlari taqdim etilayotgan yoki taqdim etilgan har qanday kishi, agarda taqdim etayotgan Ahdlashuvchi Tomon davlati milliy qonunchiligi bunga yoʻl qoʻysa, taqdim etilgan maʼlumotdan foydalanish maqsadlari va maʼlumotning har qanday uchinchi shaxsga maʼlum qilinishi toʻgʻrisida toʻliq maʼlumot berishni soʻrab murojaat qilish huquqiga egadir; bunday maʼlumot kechiktirilmasdan taqdim etiladi;
e) shaxsiy maʼlumotlari taqdim etilayotgan yoki taqdim etilgan har qanday kishi u bilan bogʻliq shaxsiy maʼlumotlardagi xatolik, toʻliqsizlik va noaniqliklarni bartaraf etishni soʻrab murojaat etish huquqiga egadir va bunday murojaat kechiktirishsiz bajarilishi lozim; ish boʻyicha yangi holatlar taqdim etuvchi Ahdlashuvchi Tomonga maʼlumot subyekti tomondan maʼlum qilinadi;
yo) maʼlumotning yetkazib berilgan kunidan boshlab taqdim etuvchi Ahdlashuvchi Tomon maʼlumotni qabul qiluvchi Ahdlashuvchi Tomonga uning milliy qonunchiligiga binoan maʼlumotni yoʻq qilish muddati haqida xabardor etadi; bunday muddat oʻrnatilgan boʻlishiga qaramay, maʼlumot subyektiga tegishli maʼlumot, agarda uni saqlab turish ish maqsadlari uchun kerak boʻlmay qolsa, u yoʻq qiladi; maʼlumotni taqdim etayotgan Ahdlashuvchi Tomon taqdim etilgan maʼlumotning yoʻq qilinishi va buning sabablari haqida xabardor etiladi; mazkur Bitimning bekor qilinishi bilan u doirasida olingan maʼlumotlar yoʻq qilinadi;
j) har bir Ahdlashuvchi Tomon shaxsiy maʼlumotning yetkazib berilishi, qabul qilib olinishi va yoʻq qilinishi haqida qaydni saqlab qoʻyadi;
z) har bir Ahdlashuvchi Tomon taqdim etilgan shaxsiy maʼlumotni tasodifiy yoki noqonuniy yoʻq qilinishidan, yoʻqotilishidan, ruxsat etilmagan holda foydalanilishidan va muomalada boʻlishidan, oʻzgartirishidan va ommalaytirilishidan himoya qiladi.
8-modda
1) Ahdlashuvchi Tomonlar giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni noqonuniy muomalasi bilan bogʻliq jinoyatlarni oldini olish, jumladan, huquqbuzarlarning, ayniqsa voyaga yetmaganlarning reabilitatsiyasi va jamiyatga integratsiyalashuvi boʻyicha dasturlar doirasida, shuningdek, oʻz davlatlarida giyohvandlik vositalar, psixotrop moddalarga talabni va giyohvandlikni qisqartirish boʻyicha hamkorlik qiladilar;
2) Ahdlashuvchi Tomonlar jazoni ijro etish muassasalari tizimining faoliyati va jazoni oʻtab chiqqan shaxslar uchun ijtimoiy moslashuv markazlari boʻyicha tajribadan foydalanadilar.
3) Ahdlashuvchi Tomonlar giyohvandlikning oldini olish, davolash va reabilitatsiya qilishning yangi shakl va usullarini ishlab chiqish va joriy etish, jumladan, mazkur sohada qoʻshma tadqiqotlar, xodimlarni oʻqitish hamda tibbiy va ilmiy-tekshiruv muassasalari oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri aloqalar oʻrnatish boʻyicha hamkorlik qiladilar.
9-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar ularning davlatlari milliy qonunchiligiga asosan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va nazoratda boʻlgan prekursorlarning roʻyxatini almashadilar hamda ularga kiritilgan oʻzgartirishlar haqida oʻzaro xabardor qiladilar.
10-modda
1. Mazkur Bitimni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar mustaqil tarzda Ahdlashuvchi Tomonlar tarafidan qoplanadi.
2. Agarda lozim boʻlsa, Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzaro kelishuvga asosan mazkur Bitimning amalga oshirilishi bilan bogʻliq umumiy xarajatlarni har bir aniq holat boʻyicha alohida qoplaydilar.
3. Ahdlashuvchi Tomonlar, agarda lozim boʻlsa, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar savdosi bilan bogʻliq jinoyatlarni oldini olish, giyohvandlikni davolash va giyohvandlarni reabilitatsiya qilish boʻyicha maʼlum vazifalarni bajarishda ehtiyoj boʻlgan oʻzaro beminnat yordam, jihozlar va materiallar bilan koʻmaklashadilar.
11-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar mazkur Bitim doirasidagi hamkorlikni ingliz tilida amalga oshiradilar.
12-modda
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish va qoʻllashda yuzaga keladigan bahs va munozaralarni Ahdlashuvchi Tomonlar muzokara va maslahatlashuvlar orqali hal etadilar.
13-modda
Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻzaro kelishuviga asosan mazkur Bitimga uning ajralmas qismi hisoblanuvchi va mazkur Bitimning 15-moddasida belgilangan qoidalarga asosan kuchga kiruvchi yozma shaklda alohida bitimlar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
14-modda
Mazkur Bitim qoidalari Ahdlashuvchi Tomonlar ishtirokchi boʻlgan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiquvchi huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
15-modda
1. Mazkur Bitim Ahdlashuvchi Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarining yakunlanganligi toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali oxirgi yozma xabarnoma olinganidan oʻttiz (30) kun oʻtib kuchga kiradi.
2. Mazkur Bitim nomuayyan muddatga tuzildi. Har bir Ahdlashuvchi Tomon mazkur Bitimning amal qilishini boshqa Tomonni yozma ravishda xabardor qilgan holda tugatilishi mumkin. Bunday holatda mazkur Bitimning amal qilishi boshqa Ahdlashuvchi Tomondan xabarnoma olingan sanadan boshlab olti (6) oy oʻtgandan keyin oʻz kuchini yoʻqotadi.
3. Mazkur Bitimning amal qilishi ushbu moddaga asosan tugatilsa, soʻrovnoma yuboruvchi Ahdlashuvchi Tomondan boshqacha soʻrovnoma kelib tushmaguniga qadar, uning tugatilishidan avval yuborilgan soʻrovnomalar mazkur Bitimga asosan bajariladi.
2016-yil 20-sentabrda Toshkent shahrida ikki nusxada, har biri oʻzbek, slovak va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Bitim qoidalarini talqin qilishda ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)