Oʻzbekiston Respublikasi va Slovakiya Respublikasi oʻrtasida
Shartnoma
Oʻzaro munosabatlar asoslari va hamkorlik toʻgʻrisida
Quyida Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlar deb ataluvchi Oʻzbekiston Respublikasi va Slovakiya Respublikasi,
xalqaro huquqning barcha tan olgan normalari, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi, Xelsinki Yakunlovchi akti, Yangi Yevropa uchun Parij xartiyasi va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining boshqa hujjatlaridan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarishga oʻz intilishlarini tasdiqlab,
demokratik va universal qadriyatlar asosidagi hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarni ochgan ikkala mamlakatdagi tarixiy oʻzgarishlarni maʼqullab,
siyosiy, iqtisodiy, madaniy, ilmiy, gumanitar va boshqa sohalardagi oʻzaro foydali hamkorlikni ikki tomonlama asosda va xalqaro institutlar va tashkilotlar doirasida rivojlantirishni istab,
doʻstona munosabatlar, oʻzaro tushunish va hamkorlikni kelgusida rivojlantirish ikkala davlatning asosiy manfaatlariga javob beradi deb ishonib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz munosabatlarini suveren, teng huquqli, doʻstona davlatlar sifatida rivojlantiradilar. Ular davlat suvereniteti va mustaqilligi oʻzaro hurmat qilish, teng huquqlilik va bir-birining ichki ishlariga aralashmaslik, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilish, chegaralarning buzilmasligi, hududiy yaxlitlik, bahslarni tinch yoʻl bilan hal etish, inson huquqlari va asosiy erkinliklarini hurmat qilish, teng huquqlilik, oʻzaro foydali hamkorlik va xalqaro majburiyatlarni vijdonan bajarish prinsiplariga ogʻishmay amal qilish majburiyatini oladilar.
2-modda
Har bir Yuqori Ahdlashuvchi Tomon Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomiga va xalqaro huquqning boshqa normalariga asosan tinchlik, xavfsizlik va oʻzaro tushunishni saqlab qolishga intilib, uchinchi davlatlar bilan boshqa Yuqori Ahdlashuvchi Tomonga qarshi qaratilgan shartnomalar tuzmaslik majburiyatini oladi.
Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlardan biri uchinchi davlat yoki uchinchi davlatlar tomonidan harbiy hujum obyekti boʻlgan holda boshqa Yuqori Ahdlashuvchi Tomon bunday davlatga yoki davlatlarga yordam koʻrsatmaydi va ziddiyatni tinch yoʻl bilan hal etish uchun barcha choralarni koʻradi.
3-modda
Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlar ular oʻrtasida paydo boʻlishi mumkin boʻlgan bahslarni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi koʻzda tutgan bahslarni tinch yoʻl bilan hal etish protseduralarini ishlatib hal etadilar.
4-modda
Har bir Yuqori Ahdlashuvchi Tomon oʻz xavfsizligini taʼminlash uchun vositalarni erkin tanlash huquqidan kelib chiqib, boshqa Yuqori Ahdlashuvchi Tomon xavfsizligi manfaatlarini ham hisobga oladi.
5-modda
Yuqori Ahdlashuvchi Tomondan birining fikricha xalqaro keskinlikka sabab boʻladigan, uning hududiy yaxlitligi yoki suverenitetini buzadigan ziddiyatli vaziyat yuzaga kelgan holda Yuqori Ahdlashuvchi Tomon Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hujjatlarining prinsiplariga muvofiq ularni hal etishning imkoniyatlari toʻgʻrisida maslahatlashishlar oʻtkazadilar.
6-modda
Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlar qurolsizlanish, tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash jarayoniga ikki tomonlama va koʻp tomonlama asosda faol koʻmaklashadilar.
Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlar xalqaro tashkilotlarda aloqalarni va hamkorlikni kengaytiradilar va ularning doirasida oʻzaro qiziqish uygʻotuvchi masalalar boʻyicha maslahatlashishlar oʻtkazadilar.
7-modda
Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlar ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish maqsadida turli darajalarda muntazam uchrashuvlar va maslahatlashishlar oʻtkazadilar.
Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlar davlat boshliqlari va bosh vazirlari uchrashuvlari ular zarur boʻlganida oʻtkaziladi.
Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlar Tashqi ishlar vazirlari ham ushbu Shartnomani tatbiq etishga tegishli boʻlgan masalalar, ham boshqa oʻzaro qiziqish uygʻotuvchi masalalar boʻyicha muntazam uchrashib turadilar.
8-modda
Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlar ikkala mamlakat parlamentlari va parlamentariylari oʻrtasida aloqalar va hamkorlikni rivojlantiradilar.
Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlar mahalliy oʻz-oʻzini boshqarish organlari, siyosiy partiyalar, boshqa jamoat tashkilotlari, shuningdek alohida fuqarolar oʻrtasida munosabatlar rivojlanishini ragʻbatlantiradilar.
9-modda
Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzaro foydali iqtisodiy va savdo hamkorligini rivojlantiradilar va chuqurlashtiradilar, buning uchun qulay shart-sharoitlar yaratadilar va shu maqsadda tegishli bitimlar tuzadilar.
Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlar ular oʻrtasida kapital, tovar, ishchi kuchi va xizmatlar harakatini tartibga solish uchun zarur choralarni koʻradilar va shu maqsadda tegishli bitimlar tuzadilar.
10-modda
Bir Yuqori Ahdlashuvchi Tomon hududida joylashgan boshqa Yuqori Ahdlashuvchi Tomon davlat mulki, yuridik shaxslari va fuqarolari mulkining huquqiy rejimi bu mulk qaysi davlat hududida joylashgan boʻlsa, oʻsha davlatning huquqiy normalari bilan tartibga solinadi, agar boshqasi Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi bitimlar bilan koʻzda tutilmagan boʻlsa.
11-modda
Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlar iqtisodiyot, ijtimoiy taʼminot, moliya, transport, kapital qurilishiga ajratilgan mablagʻ, soliq solish va bojxona tartibga solish, shuningdek ikki tomonlama hamkorlik uchun qiziqish uygʻotuvchi boshqa faoliyat sohalarida qonunlar va boshqa normativ aktlar toʻgʻrisida axborot almashishni ragʻbatlantiradilar.
12-modda
Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlar transport, jumladan hududlaridan shaxslar va tovarlar tranziti sohasida hamkorlikni rivojlantiradilar. Ular tranzit va transport kommunikatsiyalari sohasida hamkorlikni chuqurlashtirish niyatidalar. Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri oʻz hududlarida joylashgan daryo va havo portlari, temir yoʻl va avtomobil tarmogʻi, trubaprovodlar orqali boshqa Yuqori Ahdlashuvchi Tomonning transport operatsiyalarini taʼminlaydi. Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlar bu masalalar boʻyicha alohida bitimlar tuzadilar.
13-modda
Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlar ular aʼzo boʻlgan xalqaro pochta va telekommunikatsiya tashkilotlarining qarorlari va tavsiyalariga muvofiq aloqa, informatika va telekommunikatsiyalar, jumladan radio va televideniye sohasida oʻzaro munosabatlarni rivojlantiradilar.
14-modda
Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlar madaniyat, fan, taʼlim, axborot, sport va turizm sohasida oʻzaro munosabatlarni rivojlantiradilar.
Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri boshqa Yuqori Ahdlashuvchi Tomon fuqarolariga madaniy-tarixiy meros, jumladan arxivlar, sanʼat va adabiyot, shuningdek ommaviy axborot vositalari bilan tanishishga keng imkon beradi.
Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlar bu sohalarda alohida bitimlar tuzadilar.
15-modda
Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlar atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida, tabiiy ofatlar va avariyalarning oqibatlarini bartaraf etishda hamkorlik qiladilar.
Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz imkoniyatlarini hisobga olgan holda global va mintaqaviy ekologik muammolarni hal etishda hamkorlik qiladilar.
16-modda
Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlar fundamental va amaliy fanlar, yangi texnologiyalarni rivojlantirish va tatbiq etish sohasida oʻzaro foydali hamkorlik uchun qulay shart-sharoit yaratishga intiladilar, shuningdek olimlar, tadqiqotchilar, ilmiy-tadqiqot institutlarining aloqalari va birgalikdagi tashabbuslarini ragʻbatlantiradilar.
17-modda
Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlar sogʻliqni saqlash sohasidagi hamkorlikni ragʻbatlantiradilar, epidemiyalar, epizootiy va boshqa xavfli kasalliklar tarqalishining oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish sohasidagi hamkorlikka eʼtibor beradilar. Shu maqsadda ular alohida bitimlar tuzadilar.
18-modda
Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlar jinoyatchilikning barcha shakllariga, jumladan terrorizm, narkotiklarning qonunsiz tranziti, kontrabanda, nolegal immigratsiya, shuningdek daryo kema qatnovi, fuqaro aviatsiyasi va transportning boshqa turlari qarshi qaratilgan aktlariga qarshi kurash sohasida hamkorlikni chuqurlashtiradilar.
Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlar ular ishtirokchilari boʻlgan yoki boʻladigan ikki tomonlama va koʻp tomonlama bitimlarga muvofiq fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar sohasida hamkorlikni rivojlantiradilar.
19-modda
Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Shartnomani talqin va tatbiq etishga tegishli barcha bahslarni ikki tomonlama maslahatlashishlar yoki bevosita muzokaralar yoʻli bilan hal etadilar.
20-modda
Ushbu Shartnomani amalga oshirilishi maqsadida Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlar boshqa shartnoma va bitimlar tuzadilar.
21-modda
Ushbu Shartnoma Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlarning ular ishtirokchilari boʻlgan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga taalluqli emas.
22-modda
Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzaro kelishuv boʻyicha ushbu Shartnomaga tegishli protokollar bilan rasmiylashtiriladigan toʻldirishlar va oʻzgartirishlar kiritishlari mumkin. Toʻldirishlar va oʻzgartirishlar ikkala Tomon ularni ratifikatsiya qilganidan soʻng kuchga kiradi va ushbu Shartnomaning ajralmas qismi boʻlib hisoblanadi.
23-modda
Ushbu Shartnoma ratifikatsiya qilinadi va ratifikatsiya yorliqlari bilan almashish kunidan kuchga kiradi.
24-modda
Ushbu Shartnoma oʻn yillik muddatga tuziladi. Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlardan hech biri tegishli amal qilish muddati tugashidan kamida 12 oy ilgari uni notifikatsiya yoʻli bilan denonsatsiya qilish niyati toʻgʻrisida boshqa Yuqori Ahdlashuvchi Tomonni yozma ravishda xabardor qilmagan taqdirda uning amal qilish muddati keyingi oʻn yillik muddatlarga oʻz-oʻzidan uzaytiriladi.
25-modda
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomining 102-moddasiga muvofiq ushbu Shartnoma BMT Kotibiyatida qayd qilinadi.
Bratislava shahrida 1997-yil 16-yanvarda ikki nusxada, har biri oʻzbek, slovak va rus tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Shartnoma qoidalarini talqin qilish maqsadlarida rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)