Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Qarzdor kafillik bilan taʼminlangan majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda kafil va qarzdor kreditor oldida solidar javob beradilar, basharti qonunda yoki kafillik shartnomasida kafilning subsidiar javobgar boʻlishi nazarda tutilgan boʻlmasa
[Koʻchirma]
“Nika Pharm” shuʼba xoʻjalik jamiyati (bundan buyon matnda — daʼvogar) xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Do`stlik-B” MChJ (bundan buyon matnda — javobgar) va “Kogon libosi obod servis” MChJdan (bundan buyon matnda – qoʻshimcha javobgar) solidar tartibda 111 301 417,77 soʻm asosiy qarz va 14 246 581 soʻm penya undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo talablari qisman qanoatlantirilgan. Javobgardan daʼvogar foydasiga 111 301 417,77 soʻm asosiy qarz va 2 000 000 soʻm penya undirilgan. Daʼvoning qolgan qismini qanoatlantirish rad etilib, qoʻshimcha javobgar javobgarlikdan ozod etilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Mazkur hal qiluv qaroridan norozi boʻlgan daʼvogar kassatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan va unda birinchi instansiya sudi tomonidan ish holatlari toʻliq oʻrganilmaganligi, kafillik shartnomasi vakolatsiz shaxs tomonidan imzolanganligi asosi bilan moddiy huquq normasi notoʻgʻri qoʻllanilib, qoʻshimcha javobgar asossiz ravishda javobgarlikdan ozod etilganligi bayon qilinib, hal qiluv qarorini bekor qilib, hal qiluv qarori bilan undirish belgilangan pul mablagʻini javobgarlardan solidar tartibda undirish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida hamda eʼtiroznomada keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra hal qiluv qarorini oʻzgartirishni, kassatsiya shikoyatini qanoatlantirishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlarga koʻra, daʼvogar va javobgar oʻrtasida 2015-yil 23-martda 165-sonli mahsulot yetkazib berish shartnomasi tuzilgan boʻlib, shartnomaning 1.1-bandiga koʻra daʼvogar javobgarga tibbiy buyumlar va dori vositalari yetkazib berishi, javobgar esa mahsulotlarni qabul qilish hamda shartnomada belgilangan tartibda va miqdorda haqini toʻlab berishi lozim boʻlgan.
Shartnomaning 4.4-bandida mahsulotning har bir partiyasi uchun toʻlov 100 foiz oldindan amalga oshirilishi, 3.1-bandida esa daʼvogar hisob raqamiga pul mablagʻi kelib tushgan kundan eʼtiboran 3 bank kuni ichida mahsulotni javobgarga topshirishi lozimligi belgilangan.
Shartnomaga koʻra, daʼvogar javobgarga jami 149 953 767,77 soʻmlik mahsulot yetkazib bergan, javobgar esa qisman toʻlovni amalga oshirib, 111 301 417,77 soʻm qarzdorlikka yoʻl qoʻygan.
Shu bilan birga majburiyatning bajarilishini taʼminlash maqsadida 2015-yil 14-aprel kuni daʼvogar (kreditor), javobgar (qarzdor) va qoʻshimcha javobgar (kafil) oʻrtasida kafillik shartnomasi tuzilgan.
Kafillik shartnomasining 1.1, 2.1-bandlarida javobgar daʼvogar oldida 2015-yil 23-martdagi 165-sonli shartnomadan kelib chiqadigan majburiyatlarini bajara olmasa, qoʻshimcha javobgar daʼvogar oldida teng hajmda javob berishi belgilangan.
Daʼvogarning javobgar va qoʻshimcha javobgarga mavjud qarzdorlikni ixtiyoriy bartaraf etish haqida yuborgan talabnomalari ijrosiz qoldirilganligi uchun daʼvogar daʼvo arizasi bilan sudga murojaat qilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining (keyinchalik matnda — FK) 8 va 234-moddalariga koʻra, majburiyatlar shartnomadan, ziyon yetkazish natijasida va ushbu Kodeksda koʻrsatilgan boshqa asoslardan kelib chiqadi.
FKning 333-moddasida qarzdor aybi boʻlgan taqdirda majburiyatni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun javob berishligi belgilangan.
Aniqlanishicha, daʼvogar tomonidan javobgarga jami 149 953 767,77 soʻmlik mahsulot yetkazib berilgan boʻlib, javobgar tomonidan 15 801 750 soʻmlik mahsulot daʼvogarga qaytarib berilgan hamda 22 850 600 soʻm pul mablagʻi javobgar tomonidan daʼvogarning hisob raqamiga oʻtkazib berilgan va qoldiq qarz 111 301 417,77 soʻmni tashkil qilgan. Ushbu holat ishda toʻplangan hisobvaraq-fakturalar, ishonchnomalar va toʻlov topshiriqnomalari hamda sud majlisida taraflar vakillari bergan koʻrsatmalar bilan toʻliq oʻz tasdigʻini topgan.
FKning 263-moddasiga koʻra, neustoyka toʻlash taraflarning kelishuvida nazarda tutilgan yoki tutilmaganligidan qatʼi nazar, kreditor qonunda belgilangan neustoyka (qonuniy neustoyka)ni toʻlashni talab qilishga haqli.
Shartnomaning 5.3-bandiga binoan daʼvogar javobgarlardan solidar tartibda 14 246 581 soʻm penya undirish talabini ham qoʻygan.
FKning 326-moddasida agar toʻlanishi lozim boʻlgan neustoyka kreditorning majburiyatini buzish oqibatlariga nomutanosibligi koʻrinib tursa, sud neustoykani kamaytirishga haqliligi, bunda qarzdor majburiyatni qay darajada bajarganligi, majburiyatda ishtirok etayotgan taraflarning mulkiy ahvoli, shuningdek kreditorning manfaatlari eʼtiborga olinishi kerakligi belgilangan. Bu toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 15-iyundagi “Majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun mulkiy javobgarlik toʻgʻrisidagi fuqarolik qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 163-sonli qarorining 4-bandida ham tushuntirish berilgan.
Qayd qilinganlarni inobatga olib, birinchi instansiya sudi daʼvoning asosiy qarz undirish talabini toʻliq, penya undirish talabini FKning 326-moddasi talablaridan kelib chiqqan holda qisman qanoatlantirish haqida toʻgʻri toʻxtamga kelgan boʻlsa-da, kafillik shartnomasi qoʻshimcha javobgar nomidan vakolatsiz shaxs tomonidan imzolanganligi sababli oʻz-oʻzidan haqiqiy emasligi asosi bilan qoʻshimcha javobgarni javobgarlikdan ozod qilish haqida asossiz xulosaga kelgan.
Chunki, FKning 113-moddasiga koʻra, bitim ushbu Kodeksda belgilab qoʻyilgan asoslarga koʻra, sud haqiqiy emas deb topganligi sababli (nizoli bitim) yoki bunday deb topilishidan qatʼi nazar haqiqiy emas deb hisoblanadi (oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitim).
Nizoli bitimni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi talabni ushbu Kodeksda koʻrsatilgan shaxslar qoʻyishlari mumkin.
Oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitim haqiqiy emasligining oqibatlarini qoʻllanish toʻgʻrisidagi talabni har qanday manfaatdor shaxs qoʻyishi mumkin. Sud bunday oqibatlarni oʻz tashabbusi bilan qoʻllashga haqli.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2014-yil 28-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining bitimlarni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi normalarni qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 269-sonli qarorining 12.1-bandida bitimni tuzgan shaxs tomonidan amalga oshirilgan imzoning aslligi boʻyicha shubha mavjudligi sababli bitimni haqiqiyligi yuzasidan nizolashilganda, bildirilgan talab asosli boʻlsa, bitim FKning 116-moddasiga muvofiq haqiqiy emas deb topilishi haqida tushuntirish berilgan.
Birinchi instansiya sudi taraflar oʻrtasidagi kafillik shartnomasi nizoli bitim hisoblanishi, uning haqiqiyligi esa manfaatdor shaxslar tomonidan nizolashilmaganligiga ahamiyat bermasdan, moddiy huquq normasini notoʻgʻri qoʻllab, kafillik shartnomasini oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitim deb baholagan.
FKning 293-moddasiga koʻra, qarzdor kafillik bilan taʼminlangan majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda kafil va qarzdor kreditor oldida solidar javob beradilar, basharti qonunda yoki kafillik shartnomasida kafilning subsidiar javobgar boʻlishi nazarda tutilgan boʻlmasa.
Basharti, kafillik shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, kafil kreditor oldida qarzdor bilan baravar hajmda javob beradi, shu jumladan foizlar toʻlaydi, qarzni undirib olish boʻyicha sud chiqimlarini va qarzdor majburiyatini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi tufayli kreditor koʻrgan boshqa zararlarni toʻlaydi.
Taraflar oʻrtasidagi kafillik shartnomasining 2.7-bandida qarzdor kafillik bilan taʼminlangan majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda kafil va qarzdor kreditor oldida solidar javob berishi belgilangan.
Shunday ekan 111 301 417,77 soʻm asosiy qarz va 2 000 000 soʻm penya hamda sud xarajatlari daʼvogar foydasiga javobgar va qoʻshimcha javobgardan solidar tartibda undirilishi lozim edi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 15-iyundagi “Sudning hal qiluv qarori haqida”gi 161-sonli qarorining 1-bandiga koʻra, sud tomonidan qabul qilingan qaror moddiy va protsessual qonunchilik normalari bilan toʻliq mos kelishi, ish hujjatlari va sud aniqlagan holatlarga muvofiq boʻlishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 188-moddasining birinchi qismida moddiy yoki protsessual huquq normalarining buzilishi yoxud notoʻgʻri qoʻllanilishi xoʻjalik sudining hal qiluv qarorini yoki qarorini oʻzgartirish yoxud bekor qilish uchun asos boʻlishi nazarda tutilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Xoʻjalik sudi Plenumining 2008-yil 18-apreldagi “Xoʻjalik sudlari tomonidan davlat boji toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 180-sonli qarorining 17-bandida neustoyka miqdori xoʻjalik sudi tomonidan asosli ravishda FKning 326-moddasiga asosan kamaytirilganda, daʼvogarning davlat boji boʻyicha xarajatlari, neustoykani kamaytirmasdan undirilishi mumkin boʻlgan summadan kelib chiqqan holda javobgar tomonidan qoplanishi haqida tushuntirish berilgan.
Qayd etilganlarga koʻra, sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatini qanoatlantirishni, hal qiluv qarorining qoʻshimcha javobgarni javobgarlikdan ozod qilish qismini bekor qilib, asosiy qarz, penya va sud xarajatlarini javobgar va qoʻshimcha javobgardan solidar tartibda undirishni, shu bilan birga javobgar va qoʻshimcha javobgardan solidar tartibda ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq 313 869 soʻm davlat boji va 7 000 soʻm pochta xarajatini daʼvogar foydasiga, sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish bilan bogʻliq 30 000 soʻm sud xarajatini Oliy xoʻjalik sudi foydasiga undirishni, ortiqcha toʻlangan 313 869 soʻm davlat bojini daʼvogarga maʼlumotnoma asosida qaytarishni lozim topadi.
2016-yil 5-sentabr,
10-1505/18144-son