Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining
Qarori
2016-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida
Mazkur qaror Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining 2021-yil 6-iyuldagi VI-29-26-8-0-K/21-sonli “Surxondaryo viloyati mahalliy davlat hokimiyati organlarining eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan normativ-huquqiy hujjatlarini bekor qilish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2021-yil 8-iyuldan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2015-yil 16-noyabrdagi “2016-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi toʻgʻrisida”gi 286-III-son qarori ijrosini taʼminlash, aholi bandligini oshirish, fuqarolarga xar tomonlama qulay ish oʻrinlarini yaratish maqsadida xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashi qaror qiladi:
1. Viloyat Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmasi boshligʻi A. Xoʻjaqulovning “2016-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi parametrlari toʻgʻrisida”gi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Viloyatda “2016-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi” ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
3. Bir hafta muddatda xalq deputatlari shahar va tumanlar Kengashlari yigʻilishlarida 2016-yilda yangi ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi parametrlari muhokama etilsin xamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida tegishli qarorlar qabul qilinsin.
4. Viloyatdagi barcha davlat boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning eʼtibori 2016-yilda yangi ish oʻrinlari yaratish va aholi bandligini taʼminlash dasturiga muvofiq ish oʻrinlari yaratishga qaratilsin.
5. Termiz shahar va tumanlar hokimlari viloyat mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish, iqtisodiyot va markaziy bank bosh boshqarmalari tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo boshqarmasi, qishloq va suv xoʻjaligi boshqarmasi, statistika, xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmalari, viloyat fermyerlar kengashi va boshqa mutasaddi korxonalar, tashkilotlar bilan birgalikda:
hududlar kesimida yangi ish joylariga boʻlgan talablarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish istiqbollarini, investitsiya, sanoat ishlab chiqarish salohiyatini oshirishni va boshqa maqsadli dasturlarni inobatga olgan xolda 2016-yilda yaratiladigan ish oʻrinlarining manzilli roʻyxatlarini tuzib chiqish;
joylarda hududiy dasturlarni ishlab chiqish, ularning manzilli roʻyxatlarini tuzish va aniq moliyaviy manbalarni aniqlashda amaliy yordamlar koʻrsatish;
mehnat shartnomasi asosida kasanachilik ish oʻrinlari tashkil etish yuzasidan tegishli korxona va tashkilotlardan takliflarni olish hamda ular faoliyatini amalga oshirish orqali yangi ish oʻrinlarini barpo etish;
tadbirkorlarning aniq takliflari asosida tijorat banklari tomonidan imtiyozli kreditlar hisobiga yaratiladigan ish oʻrinlarining hududiy dasturini tuzish;
yangi sanoat ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish obyektlarini tushirish, mavjud korxonalarni qayta qurish va kengaytirish, iqtisodiy va ijtimoiy infrastruktura obyektlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish, kichik biznes va mikrofirmalarni tashkil etishga alohida eʼtibor qaratsin.
6. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish xalq deputatlari viloyat Kengashining mahalliy budjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari doimiy komissiyasi (Oʻ. Toshboyev) ga yuklatilsin.
7. Mazkur qaror rasman eʼlon qilingan kundan kuchga kiradi.
Surxondaryo viloyati Xalq deputatlari Kengashi raisi T. MAMARAIMOV
Termiz sh.,
2015-yil 28-dekabr,
42/5-6-son