Toshkent shahar hokimining
qarori
Qonun hujjatlarini buzganligi uchun ushlangan transport vositalarini olib kelish, tashish va saqlash boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlar uchun toʻlovlarning cheklangan miqdorlarini belgilash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunning (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, 9-son, 320-modda) 25-moddasiga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 25-maydagi “Qonun hujjatlarini buzganligi uchun ushlangan transport vositalarini olib kelish, tashish va saqlash boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlar uchun toʻlovlarning cheklangan miqdorlarini belgilash toʻgʻrisida”gi 149-sonli qarori (“Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami”, 2011-yil, 20-21-son, 207-modda) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2016-yil 23-avgustdagi MM/15-04-34-11/133-2261-sonli xatiga asosan qaror qilaman:
1. Qonun hujjatlarini buzganligi uchun ushlangan transport vositalarini olib kelish, tashish va saqlash boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlar uchun toʻlovlarning cheklangan miqdorlari ilovaga muvofiq belgilansin.
2. Transport vositalarini saqlash xizmatlarini koʻrsatuvchi yuridik shaxslar:
transport vositalarini saqlash boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlar koʻrsatuvchi yuridik shaxs tomonidan oʻz moliyaviy ahvolidan kelib chiqqan holda tasdiqlangan, ommaviy axborot vositalariga eʼlon qilingan, biroq ilovada belgilangan xizmatlar uchun toʻlovlarni cheklangan miqdorlardan oshmagan holda belgilashi;
transport vositalarini saqlash xizmatlari mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarori asosida, transport vositalarini saqlash xizmatlari koʻrsatish uchun ajratilgan maxsus texnik talablariga javob berishi;
transport vositalarini saqlash boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlar, shuningdek ularni tashish (evakuatsiya qilish) xarajatlari hisob-kitobi har bir toʻliq soat uchun amalda saqlangan muddatdan va tashish boʻyicha sarflangan xarajatlardan kelib chiqib nazorat-kassa mashinasi yoki hisob-kitob terminal cheki majburiy berilgan holda transport vositasi hududdan chiqayotganda amalga oshirilishi;
transport vositalarini saqlash boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlar uchun, shuningdek ularni tashish (evakuatsiya qilish) sarflari uchun haq toʻlash naqd pul va naqd pulsiz hisob-kitob shaklida amalga oshirilishi taʼminlansin.
3. Toshkent shahar IIBB boshligʻi (B. Qurbonov), ushlangan transport vositalarini saqlash xizmatlarini koʻrsatuvchi yuridik shaxslar:
ushlangan transport vositalarini toʻxtash joylarida video-kuzatuv moslamalari oʻrnatilib kerakli chora-tadbirlar ishlab chiqilsin;
ushlangan transport vositasini toʻxtash joyiga joylashtirish uchun yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasining Markaziy dispetcherlik xizmati tomonidan tegishli hududda transport vositalarini olib kelish va saqlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi yuridik shaxsning vakili va zarur maxsus texnik vositasini darhol yuborilishini taʼminlash.
4. Toshkent shahar hokimining oʻrinbosari (B. Raxmonov):
Transport vositalarini saqlash xizmatlarini koʻrsatuvchi yuridik
shaxslarga xizmatlar preyskuranti (toʻlov miqdorlari) toʻgʻrisida maʼlumotlarni saqlash joyidagi koʻrinarli joylarga oʻrnatilishini nazorat qilish;
tanlov oʻtkazishda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 25-maydagi 149-sonli qarori talablariga qatʼiy rioya qilish taʼminlansin.
5. “Toshkent oqshomi” va “Vecherniy Tashkent” gazetalari tahririyati (A. Akromov), “Kompyuterlashtirish markazi” DUK (M. Asamov):
mazkur qarorni rasmiy eʼlon qilinishi va www.toshkent.uz veb-saytiga joylashtirilishi taʼminlansin.
6. Qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan qonuniy kuchga kiradi.
7. Toshkent shahar hokimining 2011-yil 5-sentabrdagi “Qonun hujjatlarini buzganligi uchun ushlangan transport vositalarini olib kelish, tashish va saqlash boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlar uchun toʻlovlarning cheklangan miqdorlarini belgilash toʻgʻrisida”gi 569-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Toshkent shahar hokimining birinchi oʻrinbosari M. Obidov zimmasiga yuklansin.
Hokim R. USMONOV
Toshkent sh.,
2016-yil 16-sentabr,
Shahar hokimining 2016-yil 16-sentabrdagi 849-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Qonun hujjatlarini buzganligi uchun ushlangan transport vositalarini olib kelish, tashish va saqlash boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlar uchun toʻlovlarning cheklangan miqdorlari
|
T/r |
Xizmat turi |
Xizmat koʻrsatishning oʻlchovi |
Xizmat koʻrsatishning cheklangan summasi |
|
1. |
yengil transport vositasini saqlash |
har bir toʻliq soatga |
400 soʻm |
|
2. |
yuk transport vositasini saqlash |
har bir toʻliq soatga |
800 soʻm |
|
3. |
Moped, mototsikl, velosiped va tirkama turdagi transport vositalarini saqlash |
har bir toʻliq soatga |
200 soʻm |
|
4. |
transport vositasini olib kelish, tashish |
har bir kilometrga |
3800 soʻm |