Xorazm viloyati hokimining
Qarori
Urganch shahar hududida yoʻlovchilar tashish transporti xizmatlarining tarifi toʻgʻrisida
Mazkur qaror Xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashining 2021-yil 26-maydagi 27-141-sonli “Xorazm viloyati mahalliy davlat hokimiyati organlarining eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan normativ tusdagi qarorlarini bekor qilish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2021-yil 3-iyundan oʻz kuchini yoʻqotadi.
“Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 320-modda), “Shahar yoʻlovchilar transporti toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 124-modda;), “Shahar yoʻlovchilar transportidan bepul foydalanishni tartibga solish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 9-son, 141-modda;) Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 8-sentabrdagi “Shaharda va shahar atrofiga qatnaydigan yoʻlovchi tashish transporti xizmatlarining tariflari toʻgʻrisida”gi 455-son hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 4-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida avtomobil transportida yoʻlovchilar va bagaj tashish qoidalarini hamda avtobuslarda yoʻlovchilar tashish xavfsizligini taʼminlashga doir talablarni tasdiqlash haqida”gi 482-son qarorlariga muvofiq qaror qilaman:
1. 2016-yil 1-iyuldan boshlab Urganch shahrida avtobus yoʻlovchilar tashish transporti xizmatlarining cheklangan tarifi bir marta yurishga 700 (yetti yuz) soʻm, mikroavtobuslarda 900 (toʻqqiz yuz) soʻm miqdorida belgilansin.
2. Viloyat Moliya boshqarmasiga (M. Davlatov), Davlat soliq boshqarmasiga (J. Temurov) yuqorida oʻrnatilgan tariflarning toʻgʻri qoʻllanilishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatish topshirilsin.
3. Mazkur yoʻnalishda qoʻl yuki yoki bagaj tashish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 4-noyabrdagi 482-son qarori bilan tasdiqlangan “Avtomobil transportida yoʻlovchilar va bagaj tashish Qoidalari”ga muvofiq amalga oshirilsin.
4. Yoʻlovchilar tashish transportidan (taksidan tashqari) imtiyozli (bepul) foydalanuvchilar roʻyxati ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Ushbu qaror qabul qilinishi munosabati bilan Xorazm viloyat hokimining 2015-yil 10-yanvardagi “Urganch shahar hududida yoʻlovchilar tashish transporti xizmatlarining tarifi toʻgʻrisida”gi 17q-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan hisoblansin.
6. Mazkur qaror “Xorazm haqiqati” va “Xorezmskaya pravda” gazetalarida eʼlon qilinsin.
7. Viloyat hokimligi huzuridagi “Viloyat kompyuterlashtirish markazi” DUK (S. Sadiqov) mazkur qarorni viloyat hokimligining rasmiy veb saytida joylashtirilishini taʼminlasin.
8. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish viloyat hokimining oʻrinbosari M. Sapoyev zimmasiga yuklatilsin.
Hokim P. BOBOJONOV
Urganch sh.,
2016-yil 8-iyul,
259-son
Viloyat hokimining 2016-yil 8-iyuldagi 259-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Yoʻlovchilar tashish transportidan (taksidan tashqari) imtiyozli (bepul) foydalanuvchilar
ROʻYXATI
1941 — 1945-yillardagi urush qatnashchilari jumlasidan boʻlmish harbiy xizmatchilar;
1941 — 1945-yillardagi urush nogironlari va urushning I guruh nogironiga hamrohlik qiluvchi shaxs;
1941 — 1945-yillardagi urush davrida front ortida fidokorona mehnati va benuqson harbiy xizmati uchun orden va medallar bilan taqdirlangan shaxslar;
Afgʻoniston Respublikasida va boshqa mamlakatlarning hududidagi jangovar harakatlarda qatnashgan sobiq baynalmilalchi jangchilar jumlasidan boʻlmish fuqarolar;
haqiqiy muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatchilar va kontrakt boʻyicha oddiy askarlar hamda serjantlar tarkibidagi harbiy xizmatchilar;
Chernobil AES halokati oqibatida nurlanish kasalligiga chalingan va uni boshdan kechirgan shaxslar;
koʻzi ojiz nogironlar va koʻzi ojiz nogironga hamrohlik qiluvchi shaxs uchun saqlab qolinsin.