Fargʻona viloyat hokimining
Qarori
Viloyat hududlarida hayvonlarni karantinga qoʻyish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida
Viloyat hududida hayvonlar kasalliklarini tarqalishini oldini olish, aholi isteʼmoli uchun chorvachilik mahsulotlari bilan taʼminlashda uning xavfsizligini taʼminlash, shuningdek yuzaga kelishi mumkin boʻlgan favqulodda holatlarni oʻz vaqtida oldini olish hamda masʼul shaxslarning javobgarligini oshirish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasining “Veterinariya toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 1-son, 1-modda), Oʻzbekiston Respublikasi “Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida”gi kodeksning 6-moddasi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 9-son, 193-modda) hamda Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 320-modda)ning 6-moddasiga asosan qaror qilaman:
1. Viloyat hududida hayvonlarni karantinga qoʻyish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Tuman va shaharlar hokimliklari, viloyat davlat veterinariya (Valiyev), mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, hayvonlarni parvarish qilayotgan aholi, yordamchi, dehqon va chorvachilikka ixtisoslashtirilgan fermer xoʻjaliklari hamda korxona, tashkilotlar rahbarlariga:
viloyat hududiga kiritilgan barcha turdagi hayvonlar, hududiy davlat veterinariya xizmati nazorati ostida kerakli tashxis tekshiruvlari oʻtkazilishini;
aniq hudud uchun tuzilgan epizootik kasalliklarga qarshi tadbirlar rejasiga binoan, kasalliklarni oldini olish boʻyicha immunitetni koʻtaruvchi barcha choralar koʻrilishini;
karantin vaqtida hayvonlarning har bir boshini tana haroratini oʻlchash bilan birga, klinik koʻrikdan oʻtkazilishi hamda ushbu muddatda belgilangan veterinariya-sanitariya tadbirlari oʻtkazilgandan keyingina sotilishi yoki tarqatilishi yoʻlga qoʻyilishini;
zoogigiyena talablariga muvofiq hayvonlarning tegishli tartibda saqlanishi va oziqlantirilishini, shuningdek ularni saqlash boʻyicha mavjud yoʻriqnoma, qoʻllanma va koʻrsatmalar asosida majburiy davolash, kasallikning oldini olish tadbirlari oʻz vaqtida oʻtkazilishini;
davlat veterinariya xizmatining talabiga binoan, hayvonlarni tekshirish uchun koʻrsatish, diagnostik tekshirish, davolash va profilaktik tadbirlarni oʻtkazish hamda ularni roʻyxatga olinishini taʼminlab, yangi hayvon sotib olinganligi toʻgʻrisida, hayvonlarning toʻsatdan oʻlishi, kasallanishi yoki ularda gʻayritabiiy holatlar paydo boʻlgan hollarda darhol xabar berishni taʼminlasinlar.
3. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi (Sultanov), viloyat davlat veterinariya boshqarmasi (Valiyev), Bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini nazorat qilish Bosh boshqarmasi Fargʻona viloyat boʻlimi (Abduholiqov) viloyatdagi hayvon bozorlariga sotishga olib kelingan hayvonlarni sogʻligʻi va yuqumli kasalliklarga emlanganligi toʻgʻrisidagi veterinariya vrachining belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan maʼlumotnomasi asosida sotishga ruxsat etilishi ustidan nazoratni kuchaytirsinlar.
4. Viloyat davlat veterinariya boshqarmasi (Valiyev), viloyat davlat Sanitariya va epidemiologiya nazorati markazi (Yakubov) qishloq xoʻjalik hayvonlarini uy sharoitida boqilishida aholini tozalikka va veterinariya-sanitariya qoidalariga rioya qilish boʻyicha madaniyatini oshirish yuzasidan targʻibot va tashviqot ishlarini keng koʻlamda olib borsinlar.
5. Viloyat moliya boshqarmasi (Ortiqov), viloyat davlat veterinariya boshqarmasi (Valiyev) bilan birgalikda joylardagi veterinariya boʻlimlari va laboratoriyalarining moddiy-texnika bazasini zamonaviy asbob-uskunalar, avtotransport vositalari bilan bosqichma-bosqich jihozlab, mustahkamlab borish boʻyicha tegishli choralarni koʻrilsin.
6. Viloyat hokimligining Oʻrta-maxsus, kasb-hunar taʼlimi hududiy boshqarmasi (Xoldarov), viloyat davlat veterinariya boshqarmasi (Valiyev) bilan birgalikda veterinariya sohasi boʻyicha kadrlar bilan taʼminlanganlik masalasini oʻrganib chiqib, oʻrganish natijasi asosida kadrlarni salohiyatiga koʻra ish bilan taʼminlash va ularning kasbiy mahoratini oshirish boʻyicha oʻquv amaliy seminarlarini oʻtkazilsin.
7. Veterinariya toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻlishi koʻrsatib oʻtilsin.
8. Mazkur qaror “Fargʻona haqiqati” va “Ferganskaya pravda” gazetalarida rasmiy eʼlon qilinsin hamda viloyat hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
9. Belgilansinki, ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
10. Ushbu qarorning bajarilishi yuzasidan nazorat viloyat hokimining oʻrinbosari S. Qoʻchqorov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim Sh. GʻANIYEV
Fargʻona sh.,
2016-yil 19-mart,
97-son
Viloyat hokimining 2016-yil 19-martdagi 97-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Hayvonlarni karantinga qoʻyish
qoidalari
I. Umumiy qoidalar
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Veterinariya toʻgʻrisida”gi Qonuni, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 6-moddasiga asosan viloyatda hayvonlarni karantinga qoʻyish va boshqa veterinariya-sanitariya qoidalariga rioya qilinishini belgilaydi.
II. Hayvonlarning yuqumli kasalliklari tarqalganida karantin yoki cheklashlar
1. Shahar, tumanlarni, viloyatni hayvonlarning yuqumli kasalliklari tarqalganligi jihatidan yomon ahvolda deb eʼlon qilish hamda ularda karantin yoki boshqa cheklashlar oʻrnatish tegishli bosh Davlat inspektorlarining taqdimnomasiga binoan xalq deputatlari viloyat Kengashi yoki viloyat hokimining qarori bilan amalga oshiriladi.
2. Hayvonlarni yuqumli kasalliklar bilan ogʻrishi batamom toʻxtaganidan keyin karantin yoki cheklashlar oʻrnatilgan hududda zarur veterinariya-sanitariya tadbirlari amalga oshirilgandan (kasalliklarga qarshi kurash qoʻllanmalarida koʻrsatilgan muddat oʻtganidan) soʻng tegishli bosh Davlat veterinariya inspektorlarining taqdimnomasiga binoan karantin yoki cheklashlar oʻrnatgan xalq deputatlari viloyat Kengashi yoki hokimning qarori bilan karantin yoki cheklashlar bekor qilinadi.
3. Hayvonlarning yuqumli kasalliklari tarqalgani aniqlangan hollarda tuman (shahar) davlat veterinariya inspektorining taqdimnomasiga binoan shahar, tuman hokimliklarining qarorlari bilan ayrim podalar, otarlar, uyurlar, qoʻralar, fermalar, xoʻjaliklar, korxonalar, temir yoʻl bekatlari, aeroportlar, qishloq va qoʻrgʻonlarning hududlari hayvonlarning yuqumli kasalliklari tarqalganligi jihatidan yomon ahvolda deb eʼlon qilinadi hamda ularda karantin yoki zarur cheklashlar oʻrnatiladi.
4. Karantin yoki cheklashlar Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Davlat veterinariya bosh boshqarmasi tomonidan tasdiqlangan hayvonlarning yuqumli kasalliklari roʻyxati asosida amalga oshiriladi.
5. Yuridik va jismoniy shaxslar:
karantin yoki cheklov eʼlon qilish toʻgʻrisidagi qarorlar bilan belgilangan tartib va qoidalarga rioya etishlari hamda oʻzlariga yuklatilgan sogʻlomlashtirish tadbirlarini toʻliq amalga oshirishlari;
isteʼmolchilar sogʻligʻi uchun xavfli boʻlgan moddalar yoki yuqumli kasallik qoʻzgʻatuvchi mikroblar bilan ifloslangan yoxud zararlangan chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarilishi va sotilishini istisno etuvchi hayvonlar gigiyenasi normalarini bajarishlari va veterinariya-sanitariya qoidalariga rioya etishlari;
hayvon sotib olinganda yoki olib kelinganda 1 kun muddatda oʻz hududidagi veterinariya xizmatida roʻyxatga qoʻyishlari;
hayvonlarning toʻsatdan oʻlishi yoki gʻayriodatiy xatti-harakati toʻgʻrisida muayyan hududga xizmat koʻrsatuvchi tegishli veterinariya xizmatiga zudlik bilan xabar qilishlari;
veterinariya xizmatining hayvonlarni yuqumli kasalliklardan muhofaza etish yuzasidan bergan koʻrsatmalarini bajarishlari hamda karantinga doir tegishli tadbirlar va boshqa veterinariya tadbirlari oʻtkazilishini taʼminlashlari, shuningdek davolash-profilaktika ishlovlarini toʻliq hajmda oʻtkazishlari;
chorvachilik fermalarini, hayvonlar hamda chorvachilik mahsulotlari saqlanadigan binolar va boshqa inshootlarni lozim boʻlgan veterinariya-sanitariya holatida saqlashlari, ularda dezinfeksiyalash, dezinseksiyalash va deratizatsiyalash ishlarini oʻz vaqtida oʻtkazishlari, shuningdek oʻlgan hayvonlar jasadini yigʻishtirib olishlari va yoʻq qilib tashlashlari shart.
III. Xonaki va ovlanadigan hayvonlarni hamda parrandalarni saqlash tartibi toʻgʻrisida
6. It egalari boʻlgan fuqarolar va tashkilotlar (milliy xavfsizlik xizmati, mudofaa va ichki ishlar vazirliklarining muassasalari bundan mustasno):
har yilning yanvar — may oylarida oʻz qaramoqlaridagi itlarni oʻzlari turadigan joydagi (yoki tashkilot joylashgan yerda) veterinariya shifoxonalariga olib kelib, qayta roʻyxatdan, shuningdek veterinariya profilaktikasi koʻrigidan oʻtkazishlari shart. Ushbu xizmatlar bepul bajariladi.
zotidan qatʼi nazar, 3 oyliqdan boshlab itlar vaksinatsiya qilinishi kerak.
yangi sotib olingan itlar, agar ular vaksinatsiya qilingan muddat nomaʼlum boʻlsa, sotib olingandan keyin bir hafta muddatda vaksinatsiya qilinishi va roʻyxatga olinishi kerak.
7. Itlar va mushuklarni sotib olish, sotish, ushbu hayvonlarning roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma va ularning salomatligi toʻgʻrisidagi veterinariya hujjati mavjud boʻlgan, karantin holati yuz bermagan vaqtdagina ruxsat etiladi. Itlar va mushuklarni sotishga faqat maxsus ajratilgan joylardagina ruxsat beriladi.
8. Viloyat Davlat veterinariya boshqarmasi va hududiy boʻlimlari shahar, tumanlar boʻyicha itlar roʻyxatini oladi. Itlarning egalariga, ularni saqlash qoidalarini tushuntiradi va roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomani taqdim etadi.
9. Itlar va mushuklarning egalari quyidagilarni bajarishga majburdir:
itlarni alohida ajratilgan hududda mahkam bogʻlangan va chiqib ketmaydigan holatda saqlash;
itlarni kalta zanjirga bogʻlangan, tumshuq bandi kiygizilgan holda faqatgina katta yoshdagi shaxslar hovliga yoki koʻchaga olib chiqishlari mumkin. Maxsus ajratib bergan joylardagina itlar sayr qilishga ruxsat etiladi.
itlarni savdo, umumiy ovqatlanish obyektlari, maktablar, xiyobonlar, plyajlar, stadionlar, sport va bolalar maydonchalari, bozorlar, liftlarga olib kirmaslik;
xonadonlar, zinapoya maydonchalari, koʻchalar, hovlilar va umumiy foydalaniladigan boshqa joylarni itlar va mushuklarning iflos qilishiga yoʻl qoʻymaslik (bu hayvonlarning egalari har qanday hollarda, ularning chiqindilarini darhol yoʻqotishlari lozim);
itlar va mushuklar kasal boʻlganda yoxud nobud boʻlganda (ularning jasadlarini) shahar va tuman veterinariya boʻlimiga olib borish (oʻlgan it va mushuklarni koʻmish yoki chiqarib tashlash man etiladi);
itlar va mushuklarni qarovsiz qoldirmaslik, ular koʻpayib ketganda shahar va tuman veterinariya boʻlimlariga xabar berish;
shahar va tuman veterinariya boʻlimining talabi bilan itlar va mushuklarni koʻrsatish, diagnostika tekshiruviga, emlashga olib borish.
10. Tashkilot, korxona va muassasalarga, tuman veterinariya xizmatiga albatta xabardor qilingan holda qoʻriqlash itlarini saqlashga ruxsat beriladi. Bunday holda itlar mahkam bogʻlangan boʻlishi, bolalar va bu joylarga keluvchilarni yaqin yoʻlatmaslik lozim. Ana shu muassasalarning xodimlariga oʻzlariga tegishli boʻlgan itlarni, shu muassasaning hududida saqlashlari taqiqlanadi.
11. Faqat shahar va tuman veterinariya xizmatining ruxsati bilangina hayvonlarni vivariy, pitomnik va hayvonlar burchaklarida saqlashga ijozat beriladi.
12. Itlar va mushuklarni umumiy yashaydigan hovlilarda, umumiy foydalanadigan joylar va ochiq maydonlarda (oshxona, koridor, ayvon, balkon, lodjiya, zinapoya, cherdak va yertoʻlalar)da saqlash man etiladi.
13. Itlar qaysi zotga mansub boʻlishidan, kimga tegishli boʻlishi va qanday maqsadda boqilayotganligidan qatʼi nazar, boʻyinbogʻi va tumshuq bandi boʻlsa ham, agar ular koʻchalar, maydonlar, xiyobonlar, hovli va boshqa jamoat joylarida egalarisiz paydo boʻlib qolsa, shuningdek boqilayotgan xonadondan tashqarida yurgan mushuklar daydi sanaladi va ushlab olib ketiladi.
Belgilangan muhlatda roʻyxatdan oʻtkazilmagan hamda quturish kasalligiga qarshi emlanmagan itlar veterinariya nazorati xodimlari tomonidan soʻzsiz olib ketiladi va yoʻq qilib yuboriladi.
14. Daydi itlar va mushuklarni tutish ishlarini shahar va tuman Obodonlashtirish boshqarmalari bajaradi.
15. Odamlar yoki hayvonlarni tishlab olgan it va boshqa hayvonlar oʻz egalari tomonidan zudlik bilan koʻrikdan oʻtkazilishi uchun tuman veterinariya shifoxonasiga olib borilishi shart.
Veterinariya kuzatuvi (10 kun davom etadi) tugagach, veterinariya kuzatuvlari natijalari hamda tishlab olish sabablarini aniqlanishiga koʻra it va boshqa hayvonlar egalariga qaytarib beriladi.
Egalari belgilangan qoidaga rioya etmaganligi sababli kishilarni tishlab olgan, oʻz vaqtida roʻyxatdan oʻtkazilmagan itlar va mushuklar shahar va tuman veterinariya boʻlimlari tomonidan tutib olinadi.
16. Chorva mollari, uy hayvonlari va parrandalarning egalari quyidagi shartlarga rioya qilishlari shart:
a). Ushbu boʻlimning 1, 2, 4-bandlariga rioya qilish;
b) Chorva mollari, parrandalar, uy hayvonlarini alohida jihozlangan binolarda saqlash, bu binolar davolash-profilaktika, oʻquv, madaniy- oqartuv muassasalari, bozorlar, oziq-ovqat doʻkonlari, umumiy ovqatlanish binolaridan kamida 100 metr narida, turar joylardan esa 15 — 20 metr uzoqlikda boʻlishi, parrandalar boqiladigan joylarni yerdan 5 metr balandlikda sim toʻr bilan oʻrash;
g) Hayvonlar va parrandalarning binolari, shuningdek ularning atrofini ozoda saqlash;
d) Molxonalarni pashshaga qarshi ishlovdan oʻtkazish maqsadida har yili shahar va tuman dezinfeksiya stansiyalari va boshqa maxsus korxonalar bilan goʻng va boshqa chiqindilarni olib chiqib ketish yuzasidan shartnomalar tuzish;
e) Chorva mollarini soʻyishni faqat oʻrnatilgan tartibda, qushxonalarda, soʻyish maydonchalarida amalga oshirish.
17. Quyidagilar man etiladi:
a) Chorva mollari va asalarilarni tashkilot, idora va muassasalar hududida saqlash;
b) Koʻp qavatli uylar va jamoa boʻlib yashaladigan hovlida asalari boqish;
v) Yovvoyi, yirtqich hayvonlarni boqish.
18. Barcha idoralarga qarashli binolari, mahalla fuqarolar yigʻini raislari, shaxsiy uy egalari quyidagilarga amal qilishlari shart:
a) Roʻyxatga olish va itlarni qayta roʻyxatdan oʻtkazishdan bosh tortgan shaxslar, shuningdek, xonaki va uy hayvonlarini saqlash qoidalarini buzgan kishilar ustidan dalolatnoma tuzish. Tuzilgan dalolatnomalarni shahar va tuman ichki ishlar boʻlimlariga taqdim etish va bu haqida veterinariya boʻlimiga maʼlum qilish;
xonadonlar hududida itlarni sayr ettirib yuriladigan maxsus joy ajratish;
xonadonlar hududida daydi it va mushuklarning paydo boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik;
b) Yertoʻlalar, cherdaklar va boshqa yordamchi xonalarga hayvonlar kirmasligi uchun ularni yopib qoʻyish yoxud toʻr bilan toʻsish;
v) QFY va MFYlar oʻz hududida xonadonlarda istiqomat qiluvchi barcha fuqarolarni uy hayvonlari va parrandalarni saqlash qoidalari bilan tanishtirishi.
19. Koʻrgazma va musobaqalar tashkil etish, itlarni jamoa boʻlib oʻrgatishga faqatgina shahar va tuman veterinariya boʻlimlarining ruxsati bilangina amalga oshirilishiga yoʻl qoʻyiladi.
IV. Yakunlovchi qoidalar
20. Ushbu Qoidalar buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksida nazarda tutilgan javobgarlikka tortiladi.