Fargʻona viloyat hokimining
Qarori
Viloyat hududida qishloq xoʻjaligi ekinzorlarining payhon qilinishiga barham berish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 10-dekabrdagi “Qishloq xoʻjaligi ekinzorlarining payhon qilinishiga qarshi kurashishni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 272-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 50-son, 497-modda) ijrosini taʼminlash maqsadida hamda “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 320-modda) 6, 25-moddalariga asosan qaror qilaman:
1. Qishloq xoʻjaligi ekinzorlarini payhon qilishda tartibni va miqdorini belgilash toʻgʻrisidagi qoidalari (keyingi oʻrinlarda — Qoidalar) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Viloyat Qishloq va suv xoʻjaligi boshqarmasi (Niyozov), Ichki ishlar boshqarmasi (Sultanov), tuman (shahar) hokimliklari mazkur qaror bilan tasdiqlangan Qoidalarga qatʼiy rioya etilishini oʻz nazoratiga olsinlar.
3. Tuman (shahar) hokimlari ushbu qaror bilan tasdiqlangan Qoida talablarini amalga oshirish yuzasidan zaruriy chora-tadbirlar belgilasinlar va har oy yakuni bilan ushbu masalani muhokama etib borilishini taʼminlasinlar;
qishloq xoʻjaligi ekinzorlarida mol boqish, mollarning, avtotransport yoki qishloq xoʻjaligi texnikasining ekinzorlar orqali oʻtishi hamda ekinlarning payhon boʻlishiga olib keluvchi boshqa qonun buzishlarga qarshi kurash ishlari kuchaytirilsin.
4. Viloyat hokimining oʻrinbosari (Qoʻchqorov), viloyat Qishloq va suv xoʻjaligi boshqarmasi (Niyozov)ga joylarda qishloq xoʻjaligi ekinzorlarining payhon qilinishida miqdor va tartibni belgilash toʻgʻrisidagi Qoidalar talablari bajarilishini taʼminlash maqsadida joriy yilning aprel oyining birinchi oʻn kunligida joylarda fermer xoʻjaliklari, mahalla va qishloq fuqarolar yigʻinlari raislari ishtirokida kengaytirilgan seminar yigʻilishi oʻtkazish tavsiya etilsin.
5. Mazkur qaror “Fargʻona haqiqati” va “Ferganskaya pravda” gazetalarida rasmiy eʼlon qilinsin hamda viloyat hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
6. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari O. Axmedov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim Sh. GʻANIYEV
Fargʻona sh.,
2016-yil 28-mart,
104-son
Viloyat hokimining 2016-yil 28-martdagi 104-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Qishloq xoʻjaligi ekinzorlarini payhon qilishda tartibini va miqdorini belgilash toʻgʻrisidagi
QOIDALAR
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 10-dekabrdagi “Qishloq xoʻjaligi ekinzorlarining payhon qilinishiga qarshi kurashishni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 272-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 50-son, 497-modda) ijrosini taʼminlash hamda viloyatda qishloq xoʻjaligi ekinlarining payhon qilinishi va nobud boʻlishining oldini olish muammolariga barham berishni, oʻzini oʻzi boshqarish organlari hamda qishloq xoʻjaligi korxonalarini ushbu dolzarb masalaga toʻla jalb qilinishini va ularga nisbatan talabchanlikning kuchaytirishni, shuningdek, huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan ekinzorlarning payhon qilinishiga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan yetarli chora-tadbirlar koʻrish tartibini belgilaydi.
Qishloq xoʻjaligi ekinlarining payhon qilinishiga shahar va tumanlar hududida taʼsirchan choralarni koʻrish, qishloq xoʻjaligi ekinlari avvalo risqu-roʻzimiz boʻlmish gʻalla maydonlarini payhon qilinishining oldini olish va nobud boʻlishi holatlariga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan amalga oshirilayotgan tadbirlar samaradorligini oshirish hamda ushbu masalada tegishli idoralar rahbarlarining masʼuliyatini yanada kuchaytirish orqali amalga oshiriladi.
I. Umumiy qoidalar
1. Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
Ekinzorlar deb: paxta, gʻalla, bedazorlar, sabzavot va poliz hamda chorvachilik ozuqa ekinlari va boshqa (yuridik va jismoniy shaxslarning daromad olish maqsadidagi barcha ekinlari,) ekinzorlar tushuniladi.
II. Qishloq xoʻjaligi ekinzorlarining payhon qilinishiga barham berish boʻyicha keskin choralar
2. Ekinzorlar, shu jumladan davlat ehtiyojlari uchun ekiladigan ekin maydonlarini koʻplab payhon qilinishi mumkin boʻlgan joylarda yerdan foydalanuvchilarni jalb etgan holda kuzatish postlari tashkil qilinadi.
3. Qishloq va suv xoʻjaligi boshqarmasining tuman (shahar)dagi boʻlimlari, ichki ishlar boʻlimlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan hamkorlikda, jamoatchilikni keng jalb qilgan holda muntazam reydlarni tizimli asosda tashkil etsinlar, ekinzorlarni payhon qilish holati aniqlangan taqdirda, fuqarolarga eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Ekinzorlarni yoki koʻchatzorlarni hamma turdagi harakatlanuvchi texnika vositalarida bosib oʻtish — eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Huquqbuzarliklar maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, — fuqarolarga eng kam ish haqining besh baravaridan yetti baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻlishi belgilab qoʻyilsin.
Ushbu huquqbuzarlik uchun belgilangan jarima bilan bir qatorda ekinzorlarni payhon qilish oqibatida keltirilgan zarar aybdor shaxs hisobidan qoplanadi.
4. Fuqarolar va yuridik shaxslar tomonidan yetkazilgan zararlar va qoʻllanilgan jarimalar ixtiyoriy ravishda uch oy muddatda qoplanmagan taqdirda, dalolatnoma asosida olingan chorva mollari, transport vositalari, qishloq xoʻjaligi texnikalari va nobud qilishning boshqa vositalari sudning qarori asosida hal qilinadi.
5. Ekinzorlarning payhon va nobud qilinishi holatlari aniqlangan taqdirda barcha chorva mollari, avtotransport, qishloq xoʻjaligi texnikasi yoki ekinzorlarni payhon va nobud qilishning boshqa vositalari tegishli dalolatnoma asosida olib qoʻyilsin hamda yetkazilgan zarar tegishli mutaxassislar tomonidan aniqlanib, zarar va jarimalar qoplangandan soʻng qaytarish masalasi koʻrib chiqiladi.
6. Fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi tashkilot va korxonalarining tasarrufidagi yer maydonlari va ekinzorlarda nasha, yovvoyi nasha va moyli koʻknor ekinlari yoʻq qilib yuboriladi.
7. Joylarda qishloq xoʻjaligi ekinzorlarining payhon qilinishiga qarshi kurashish boʻyicha ishlarni tashkil etish yuzasidan shaxsiy javobgarlik tuman hokimlari, ichki ishlar boʻlimlari boshliqlari, shuningdek tegishli tashkilotlar rahbarlar zimmasida.
8. Fermer xoʻjaliklari, davlat korxonasi, tashkiloti va muassasa rahbarlari oʻz hududlarida ekinzorlarni payhon qilinishini oldini olish boʻyicha masʼul etib tayinlansin, vazifasiga sovuqqonlik bilan munosabatda boʻlgan hamda payhon qilish va zarar yetkazilishini oldini olmagan taqdirda, hokimliklar vakolati doirasida mansabdor shaxslarga nisbatan keskin choralar koʻriladi.
9. Fermer xoʻjaliklari va yerdan qishloq xoʻjaligi maxsulotlarini yetishtirish maqsadida foydalanuvchilarning chorva hayvonlari doimiy oʻtadigan ekinzorlari atrofini maxsus (chetan) toʻsiqlar bilan jihozlaydilar.
10. Fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi tashkilot va korxonalari oʻz hisoblaridan ekinzorlarni payhon qilinishini oldini olish uchun amaldagi qoidalar asosida mavsumiy dala qorovullari tayinlash tavsiya etiladi.
11. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi qishloq xoʻjalik ekinlarining payhon qilinishi va nobud boʻlishining oldini olish yuzasidan tashkiliy profilaktik tadbirlarni muntazam ravishda oʻtkazish haqida qoʻshimcha tadbirlar belgilaydi.
12. Shahar, tuman hokimlari mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, xoʻjaliklarning hamda ular tarkibiy boʻlinmalarining ekinlarning saqlanishini taʼminlamagan va ularning payhon boʻlishiga yoʻl qoʻygan rahbarlariga nisbatan qonunchilikda belgilangan javobgarlikka tortish choralari koʻriladi.
III. Yakunlovchi qoida
13. Mazkur Qoidalarning buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.