Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi hududida davlat geodezik koordinatalar va balandliklar tizimlarini oʻrnatish toʻgʻrisida
“Geodeziya va kartografiya toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 4-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi hududida 1942-yilgi koordinatalar tizimi va 1977-yilgi Boltiq balandliklar tizimi belgilansin.
2. Mahalliy koordinatalar tizimlarini oʻrnatish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qishloq va suv xoʻjaligi, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda isteʼmol tovarlari masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 22-noyabr,
391-son
Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 22-noyabrdagi 391-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Mahalliy koordinatalar tizimlarini oʻrnatish
qoidalari
1. Ushbu Qoidalar “Geodeziya va kartografiya toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga, Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2004-yil 19-oktabrdagi 483-son qaroriga muvofiq mahalliy koordinatalar tizimlarini yaratishda ularning parametrlarini shakllantirishning asosiy tamoyillarini, Oʻzbekiston Respublikasi hududida mahalliy koordinatalar tizimlarini oʻrnatish va ularni amalga kiritish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
a katta yarim oʻq — ellipsoidning maksimal radiusi;
N geodezik balandlik — ellipsoid yuzasidan normal chiziq boʻyicha Yer tabiiy yuzasidagi nuqtagacha boʻlgan masofa;
L geodezik uzoqlik — boshlangʻich meridian va berilgan nuqta meridiani tekisliklari oʻrtasidagi ikki yoqli burchak, sharqqa yoʻnaltirilganda musbat va gʻarbga yoʻnaltirilganda manfiy qiymatga ega boʻladi;
geodezik koordinatalar tizimi — ellipsoid yuzasidagi nuqtaning joylashuvi geodezik kenglik va uzoqlik bilan, koordinatalarni uch oʻlchovli shakllantirish tamoyili qoʻllanilgan holatda geodezik balandlik bilan tavsiflanadigan koordinatalar tizimi;
V geodezik kenglik — ellipsoid yuzasida berilgan nuqtadan oʻtuvchi normal chiziq bilan ekvator tekisligi orasida hosil boʻladigan oʻtkir burchak. U shimolga yoʻnaltirilganda musbat va janubga yoʻnaltirilganda manfiy qiymatga ega boʻladi;
geoid — dengiz sathini eng yaxshi tarzda ifodalovchi sathiy yuza, u har qanday nuqtada shovun chiziqqa perpendikulyar boʻladi;
davlat balandliklar tizimi — Oʻzbekiston Respublikasi hududi uchun 1977-yilgi Boltiq balandliklar tizimi davlat balandliklar tizimi hisoblanadi, Krondshtadt futiggogining nuli uning sanoq boshi etib qabul qilingan. Kronshtadt futshtogining nuli Boltiq dengizining koʻp yillik oʻrtacha sathini ifodalaydi. Ushbu boshlangʻich punkt boʻyicha balandliklar tizimi yer usti geodezik oʻlchovlari yordamida I va II klass nivelirlash usullari bilan yaratilgan.
davlat koordinatalar tizimi — F.N. Krasovskiy rahbarligida aniqlangan boshlangʻich maʼlumotlarga asosan Gauss-Kryugerning yassi toʻgʻri burchakli koordinatalariga qayta hisoblab chiqilgan 1942-yilgi geodezik koordinatalar tizimi Oʻzbekiston Respublikasi hududi uchun davlat koordinatalar tizimi hisoblanadi.
Krasovskiyning referens-ellipsoidi oʻlchamlari katta yarim oʻq a = 6 378 245 m, ellipsoidning siqiqligi a = 298,3;
koordinatalar boshi — geodezik koordinatalari: Pulkovo observatoriyasi A markazining V geodezik kengligi va L geodezik uzoqligi;
Pulkovo observatoriyasining A markazida geoidning referens-ellipsoid ustidan balandligi nulga teng;
boshlangʻich maʼlumotlar (datalar) — geodezik maʼlumotlar, balandliklar maʼlumotlari va mahalliy maʼlumotlarni (mahalliy koordinatalar tizimini oʻrnatish uchun maʼlumotlarni) umumlashtiruvchi atama. Boshlangʻich maʼlumotlar koordinatalar tizimi oʻqlarining Yer jismidagi boshlanish holatini, masshtabini va yoʻnaltirilganligini belgilaydi;
koordinata asosi — koordinatalardan foydalanib joyning oʻrnini taʼriflash imkonini beruvchi maʼlumotlar yigʻindisi;
b kichik yarim oʻq — ellipsoidning qutb oʻqi. Yerni ifodalaydigan ellipsoid uchun uning markazidan istalgan qutblarning birigacha boʻlgan masofa;
meridian — ellipsoidning kichik yarim oʻqidan oʻtuvchi tekislik bilan ellipsoidning kesishishi;
mahalliy koordinatalar tizimi — davlat hududining cheklangan qismiga nisbatan oʻrnatiladigan shartli koordinatalar tizimi, uning koordinatalar sanoq boshi va koordinatalar oʻqlari yoʻnalishi davlat koordinatalar tizimining koordinatalar sanoq boshi va koordinatalar oʻqlari yoʻnalishiga nisbatan surilgan boʻladi;
Yerning umumiy ellipsoidi — Yerning shakliga eng yaqin boʻlgan ellipsoid: Yerning umumiy ellipsoidi markazi Yerning ogʻirlik markaziga toʻgʻri keladi; ellipsoidning katta yarim oʻqi yotuvchi tekislikning gorizontal kesimi yer ekvatori tekisligiga toʻgʻri keladi; geoidga nisbatan ellipsoid yuzasining balandliklar ogʻishlari kvadratlari yigʻindisi minimumni tashkil etadi;
koordinatalar tizimining oʻq meridiani — koordinatalar tizimining koordinata oʻqi sifatida qabul qilingan meridian;
Gauss-Kryuger proyeksiyasi — Yer yuzasini olti burchakli meridional zonalarda ifodalovchi toʻgʻri burchakli koʻndalang-silindrik kartografik proyeksiya. Bunda har bir zonaning oʻq meridianida tasvirlashning buzilishi nulga teng boʻladi. Gauss-Kryuger proyeksiyasida davlat koordinatalar tizimining yassi toʻgʻri burchakli koordinatalari hisoblab chiqilgan;
mansublik yuzasi — Yerning tabiiy yuzasida bajarilgan geodezik oʻlchovlar reduksiyalanadigan yuza;
a ellipsoidning siqiqligi — a = (a — b)/a formula bilan ifodalanuvchi ellipsoidning katta yarim oʻqi va kichik yarim oʻqi orasidagi farqning katta yarim oʻqqa nisbati;
koordinatalar tizimi — koordinatalarning makon nuqtalariga qanday tegishliligini ifodalovchi matematik qoidalar yigʻindisi;
ellipsoid — sferani oʻzaro perpendikulyar boʻlgan uch oʻq boʻylab defomatsiyalashdan olingan uch oʻlchamli makondagi yuza. Ellipsoidning deformatsiyalangan oʻqlariga mos keluvchi ellipsoidning dekart koordinatalarida qabul qilingan tenglamasi:
a, b, s — ixtiyoriy musbat sonlar. a, b, s larning qiymatlari ellipsoidning yarim oʻqlari deb ataladi. Sferaga nisbatan ellipsoid Yerning tasavvur qilingan yuzasini aniqroq ifodalaydi.
3. Davlat koordinatalar tizimiga bogʻlanmasdan geodeziya va kartotrafiya ishlarini bajarishga barham berish maqsadida ushbu Qoidalar talablariga muvofiq oʻrnatilgan mahalliy koordinatalar tizimlarini muhandislik-texnik qidiruvlarda, davlat kadastrlarini yuritishda qoʻllash majburiydir.
4. Qonun hujjatlariga muvofiq davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, geodeziya, topografiya, kadastr va kartografiya sohasining boshqa subyektlari (keyingi oʻrinlarda buyurtmachi deb ataladi) mahalliy koordinatalar tizimlarini oʻrnatish tashabbusi bilan chiqishlari mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Mahalliy koordinatalar tizimlarini oʻrnatishda quyidagi shartlarga amal qilinishi kerak:
oʻtish parametrlaridan (kalitlardan) foydalangan holda mahalliy koordinatalar tizimidan davlat koordinatalar tizimiga oʻtishni va aksincha oʻtishni taʼminlash;
mahalliy koordinatalar tizimini oʻrnatishda mahalliy koordinatalar tizimi oʻrnatilayotgan hudud markazi yoki uning yaqinidan oʻtuvchi ixtiyoriy oʻq meridiani bilan Gauss-Kryuger proyeksiyasidan majburiy tartibda foydalanish. Bunda geodezik oʻlchovlarni mansublik yuzasiga reduksiyalash uchun kiritiladigan tuzatmalar koordinatalarni aniqlashning talab qilinadigan aniqligidan kam boʻlishi lozimligi hisobga olinadi;
mansublik yuzasi balandligi sifatida mahalliy koordinatalar tizimi oʻrnatiladigan hudud uchun oʻrtacha balandlikni yoki dengiz sathini (Boltiq balandliklar tizimida) qabul qilish;
koordinatalarni davlat koordinatalar tizimidan mahalliy koordinatalar tizimiga va aksincha aylantirishni tekshirishni amalga oshirishning majburiyligi.
6. Mahalliy koordinatalar tizimini oʻrnatish uchun buyurtmachi mahalliy koordinatalar tizimi toʻgʻrisida texnik talabnomani (reglamentni) (keyingi oʻrinlarda talabnoma deb ataladi) ishlab chiqadi va uni ikki nusxada “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi huzuridagi Davlat geodeziya nazorati inspeksiyasiga (keyingi oʻrinlarda DGNI deb ataladi) kelishish uchun yuboradi.
7. Talabnomada quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak:
mahalliy koordinatalar tizimini oʻrnatishning maqsadi;
mahalliy koordinatalar tizimi oʻrnatilayotgan hududning joylashuvi, jumladan maʼmuriy joylashuvi, chegaralari va maydoni;
mahalliy koordinatalar tizimini amalga kiritish muddatlari;
mahalliy koordinatalar tizimidan davlat koordinatalar tizimiga oʻtish parametrlari (kalitlari) (oʻq meridiani qiymati, mahalliy koordinatalar tizimi oʻqlari burilish burchagi, mansublik yuzasi).
8. DGNI taqdim qilingan talabnomani koʻrib chiqadi va loyihalashtirilayotgan topografiya-geodeziya va kartografiya ishlarining aniqligini hisobga olgan holda mahalliy koordinatalar tizimi amal qiladigan hududni belgilaydi va 10 ish kunida talabnomaning kelishilgan nusxasini buyurtmachiga yuboradi.
Mazkur hududda loyihalashtirilayotgan ishlarning aniqligini taʼminlaydigan avval oʻrnatilgan mahalliy koordinatalar tizimi mavjud boʻlsa, bunday hollarda DGNI taqdim qilingan talabnomani kelishishdan oʻtkazmaydi va mavjud mahalliy koordinatalar tizimidan foydalanishni tavsiya etadi.
9. Talabnoma kelishilgan taqdirda buyurtmachi mahalliy koordinatalar tizimini oʻrnatish ishlariga texnik loyihani ishlab chiqadi va uni DGNIda roʻyxatdan oʻtkazadi.
10. Buyurtmachi ishlarni roʻyxatdan oʻtkazgandan keyin mahalliy koordinatalar tizimini oʻrnatish boʻyicha quyidagi ishlarni bajaradi:
mahalliy koordinatalar tizimi oʻrnatilayotgan hududdagi mavjud barcha davlat geodeziya tarmogʻi punktlari koordinatalarini oʻtish parametrlari (kalitlari)ga muvofiq davlat koordinatalar tizimidan mahalliy koordinatalar tizimiga qayta hisoblash;
mahalliy koordinatalar tizimidagi geodeziya punktlarining koordinatalari kataloglarini (roʻyxatlarini) tuzish;
mahalliy koordinata tizimi tavsifi keltirilgan bajarilgan ishlar toʻgʻrisida texnik hisobot tuzish.
11. Mahalliy koordinatalar tizimini oʻrnatish boʻyicha bajarilgan ishlar natijasida olingan materiallar va maʼlumotlar (keyingi oʻrinlarda materiallar va maʼlumotlar deb ataladi) DGNIda ekspertiza qilinadi va saqlash uchun belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat kartografiya-geodeziya fondiga beriladi.
Materiallar va maʼlumotlarni shu obyektda bajarilgan topografiya-geodeziya ishlari natijalari boʻyicha texnik hisobotda DGNIga taqdim etishga yoʻl qoʻyiladi.
12. Buyurtmachilar tomonidan DGNIga taqdim qilingan materiallar va maʼlumotlar mahalliy koordinatalar tizimini amalga kiritish uchun asos boʻladi.
13. Avval Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻrnatilgan va ushbu Qoidalar talablariga javob beradigan mahalliy koordinatalar tizimlaridan foydalanishga ruxsat beriladi. Buning uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat kartografiya-geodeziya fondida saqlanayotgan mahalliy koordinatalar tizimlari tavsiflarini oʻz ichiga olgan bajarilgan geodeziya ishlari toʻgʻrisidagi texnik hisobotlar va geodeziya punktlarining mahalliy koordinatalar tizimlaridagi kataloglari (roʻyxatlari) boshlangʻich materiallar va maʼlumotlar hisoblanadi.
14. Quyidagi hollarda:
agar mahalliy koordinatalar tizimi amal qiladigan hududda davlat geodeziya tarmogʻi va geodeziya zichlash tarmoqlarini rivojlantirish, rekonstruksiya qilish va tenglashtirish boʻyicha ishlar amalga oshirilsa;
yangi davlat geodeziya koordinatalar tizimi joriy qilinsa oʻtish parametrlari (kalitlar) aniqlashtirishi (zarur hollarda, oʻzgartishlar kiritilishi) kerak.
15. Oʻzbekiston Respublikasi hududida ushbu Qoidalarga muvofiq kelmaydigan tartibda oʻrnatilgan mahalliy koordinatalar tizimlari qoʻllanilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
16. Mahalliy koordinatalar tizimlarini yaratish, oʻrnatish va qoʻllash ustidan nazorat qilish DGNIga yuklanadi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 47-son, 541-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)