Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining
Qarori
Oʻzbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtagan va oliy taʼlim muassasalariga toʻlov-kontrakt shakli asosida oʻqishga qabul qilingan talabalarga moddiy yordam koʻrsatish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016-yil 15-noyabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2838]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlimi vazirligining 2018-yil 6-martdagi 59, 5-2018-sonli “Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtagan va oliy taʼlim muassasalariga toʻlov-kontrakt shakli asosida oʻqishga qabul qilingan talabalarga moddiy yordam koʻrsatish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2999, 16.04.2018-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 31-oktabrdagi PQ-213-son “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatchilarga beriladigan imtiyozlar tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtagan va oliy taʼlim muassasalariga toʻlov-kontrakt shakli asosida oʻqishga qabul qilingan talabalarga moddiy yordam koʻrsatish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2016-yil 26-sentabr,
73-son
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri R. KASIMOV
Toshkent sh.,
2016-yil 26-sentabr,
4-2016-son
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining 2016-yil 26-sentabrdagi 73, 4-2016-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtagan va oliy taʼlim muassasalariga toʻlov-kontrakt shakli asosida oʻqishga qabul qilingan talabalarga moddiy yordam koʻrsatish
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 31-oktabrdagi PQ-213-son “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatchilarga beriladigan imtiyozlar tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati (bundan buyon matnda Harakat deb yuritiladi) tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtagan, harbiy qismlar qoʻmondonligining tavsiyanomasiga ega boʻlgan, Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalariga toʻlov-kontrakt shakli asosida oʻqishga qabul qilingan talabalarga moddiy yordam koʻrsatish shartlari va tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar oliy taʼlim muassasalarida bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha oʻqiyotgan talabalarga nisbatan qoʻllaniladi.
2. Mazkur Qoidalarga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtagan, harbiy qismlar qoʻmondonligining tavsiyanomasiga ega boʻlgan, Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalariga toʻlov-kontrakt shakli asosida oʻqishga qabul qilingan talabalar joriy oʻqish yilida Harakatning oliy taʼlim muassasalaridagi boshlangʻich tashkiloti faoliyatida faol qatnashgan taqdirda Harakat tomonidan moddiy yordam olish huquqiga ega boʻladilar.
3. Moddiy yordam koʻrsatish Harakat tomonidan mazkur Qoidalarning 1-bandida koʻrsatilgan talabalarga toʻlov-kontrakt shakli asosida oʻqish uchun tuzilgan shartnoma miqdorining 35 foizini toʻlash orqali koʻrsatiladi. Bunda talabalarga moddiy yordam koʻrsatish ular tomonidan shartnomada belgilangan toʻlov miqdorining 65 foizini belgilangan muddatlarda toʻlash sharti bilan amalga oshiriladi.
2-bob. Talabalarga moddiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish
4. Har yili 1-fevraldan kechikmay oliy taʼlim muassasasi Harakatning oliy taʼlim muassasasidagi boshlangʻich tashkiloti Kengashiga (bundan buyon matnda Harakatning boshlangʻich tashkiloti Kengashi deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtagan, harbiy qismlar qoʻmondonligining tavsiyanomasiga ega boʻlgan va oliy taʼlim muassasasiga toʻlov-kontrakt shakli asosida oʻqishga qabul qilingan talabalarning (bundan buyon matnda talabalar deb yuritiladi) roʻyxatini, shuningdek ularning oʻzlashtirishi va intizomi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim qiladi.
5. Har yili 20-fevraldan kechikmay talabalar Harakatning boshlangʻich tashkiloti Kengashiga Harakat tomonidan moddiy yordam koʻrsatilishi toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qiladilar.
6. Har yili 1-martdan to 5-martga qadar boʻlgan muddatda Harakatning boshlangʻich tashkiloti Kengashi talabalarning arizalarini koʻrib chiqadi hamda mazkur Qoidalarning 8-bandida koʻrsatilgan koʻrsatkichlar asosida Harakat tomonidan moddiy yordam koʻrsatish uchun tavsiya etish boʻyicha qaror qabul qiladi.
7. Harakatning boshlangʻich tashkiloti Kengashi quyidagi huquqlarga ega:
Harakatning Markaziy Kengashiga talabaga moddiy yordam koʻrsatishni tavsiya etish;
talabani moddiy qoʻllab-quvvatlashga tavsiya etishni rad etish. Moddiy qoʻllab-quvvatlashga tavsiya etish rad etilgan taqdirda, Harakatning boshlangʻich tashkiloti Kengashi majlisining bayonida muayyan talaba nima uchun rad etilganligi sabablari koʻrsatiladi.
8. Harakatning boshlangʻich tashkiloti Kengashi talabalarni moddiy yordamga tavsiya etish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqishda talabalarning oʻtgan oʻquv yilidagi quyidagi asosiy koʻrsatkichlarini (birinchi bosqich talabalari uchun oʻquv yilining birinchi semestr natijalarini) inobatga oladi:
talabaning Harakat faoliyatidagi (maʼnaviy-maʼrifiy va jamoat ishlarida, Harakatning boshlangʻich tashkiloti, mahalliy va mintaqaviy Kengashlari, Harakatning Markaziy Kengashi tomonidan tashkil etiladigan loyiha va tanlovlaridagi) faol ishtiroki;
talabaning oliy taʼlim muassasasida belgilangan ichki tartib-qoidalariga rioya etishi (ichki tartib qoidalarga rioya etilmaganligi holati faqatgina oliy taʼlim muassasasi rektori tomonidan eʼlon qilingan hayfsan olganligi bilan aniqlanadi);
talabaning oʻrganilayotgan davrdagi oʻrtacha oʻzlashtirish koʻrsatkichi 71 va undan yuqori foiz boʻlishi lozim. Bunda talabaning oʻrtacha oʻzlashtirish koʻrsatkichi oʻrganilayotgan davrdagi oʻquv fanlari boʻyicha oʻzlashtirish koʻrsatkichlari yigʻindisini oʻtilgan har bir semestrdagi oʻquv fanlarining umumiy soniga boʻlish orqali aniqlanadi.
9. Harakatning boshlangʻich tashkiloti Kengashining moddiy yordam koʻrsatish uchun talabalarni tavsiya etish toʻgʻrisidagi qarori joriy oʻquv yili mobaynida haqiqiy hisoblanadi.
10. Harakatning boshlangʻich tashkiloti Kengashining majlisi uning ishida Kengash jami aʼzolarining kamida 2/3 qismi ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi. Kengash majlisining bayonnomasi Harakatning boshlangʻich tashkiloti rahbari va Kengashning majlisida ishtirok etgan barcha aʼzolari tomonidan imzolanadi.
11. Harakatning boshlangʻich tashkiloti Kengashining majlisi bayonnomasining nusxalari uch kun ichida oliy taʼlim muassasasiga va Harakatning Markaziy Kengashiga taqdim etiladi.
12. Harakatning Markaziy Kengashiga yuboriladigan majlis bayonnomasining nusxasiga moddiy yordam koʻrsatishga tavsiya etilgan talabalarning roʻyxati ilova qilinadi.
13. Harakatning Markaziy Kengashi Harakatning boshlangʻich tashkiloti Kengashlarining qarorlarini tasdiqlash toʻgʻrisidagi masalani hujjatlar qabul qilingandan keyin oʻn besh ish kunidan kechiktirmasdan koʻrib chiqadi.
14. Harakatning Markaziy Kengashi qarorining bir nusxasi oliy taʼlim muassasasiga, bir nusxasi — Harakatning boshlangʻich tashkiloti Kengashiga yuboriladi.
15. Harakatning Markaziy Kengashi talabalarga moddiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilingandan keyin oʻn bank kuni mobaynida oliy taʼlim muassasasining budjetdan tashqari mablagʻlar boʻyicha shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga moddiy yordam koʻrsatish pulini oʻtkazadi.
16. Oliy taʼlim muassasalarining yozma murojaatiga koʻra Harakatning Markaziy Kengashi tomonidan Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan holda talabalarni tavsiya etish bilan bogʻliq masalani koʻrib chiqish muddatlariga oʻzgartirish kiritilishi mumkin.
3-bob. Moddiy yordam koʻrsatish pulining qaytarilishi
17. Talabalar safidan chiqarilgan yoki akademik taʼtilga chiqqan talaba Oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida oʻqitishning toʻlov-kontrakt shakli va undan tushgan mablagʻlarni taqsimlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning (roʻyxat raqami 2431, 2013-yil 26-fevral) 28 va 29-bandlariga muvofiq oʻzining toʻlov-kontrakt asosida oʻqishi uchun toʻlagan mablagʻini qaytarib olish huquqiga ega boʻlgan hollarda harakatning Markaziy Kengashi tomonidan oliy taʼlim muassasalarining budjetdan tashqari mablagʻlar boʻyicha shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga oʻtkazilgan moddiy yordam koʻrsatish puli qayta hisob-kitob qilinishi va Harakatning Markaziy Kengashiga qaytarilishi lozim.
18. Oliy taʼlim muassasasi talabalari safidan chiqarilgan talaba Oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida oʻqitishning toʻlov-kontrakt shakli va undan tushgan mablagʻlarni taqsimlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning (roʻyxat raqami 2431, 2013-yil 26-fevral) 27-bandiga muvofiq oʻzining toʻlov-kontrakt asosida oʻqishi uchun toʻlagan mablagʻini qaytarib olish huquqiga ega boʻlmagan hollarda Harakatning Markaziy Kengashi toʻlangan moddiy yordam koʻrsatish pulini talabadan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda undiradi.
19. Talaba moddiy yordam olish huquqidan voz kechsa, oliy taʼlim muassasasi talaba uchun toʻlangan mablagʻni Harakatning Markaziy Kengashiga oʻn kun ichida qaytaradi.
20. Mazkur Qoidalarning 17 — 19-bandlarida koʻrsatilgan holatlar yuz bergan taqdirda Harakatning boshlangʻich tashkiloti Kengashi Harakatning Markaziy Kengashiga oʻn kun ichida xabar beradi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
21. Mazkur Qoidalar talablarining bajarilishi, shuningdek Harakat tomonidan moddiy yordam koʻrsatilgan talabalarning oʻquv jarayonidagi ishtiroki, ularning oʻzlashtirishi, intizomi va Harakat faoliyatidagi ishtiroki ustidan nazorat qilish tegishincha oliy taʼlim muassasasi hamda Harakatning boshlangʻich tashkiloti Kengashi zimmasiga yuklatiladi.
22. Ushbu Qoidalar Oʻzbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy Kengashi bilan kelishilgan.
Oʻzbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy Kengashi raisi B. GANIYEV
2016-yil 26-sentabr
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 46-son, 533-modda)