O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga beriladigan imtiyozlar tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
[Ko‘chirma]
Harbiy xizmatning yoshlar uchun mustahkam hayotiy prinsiplar, yuksak vatanparvarlik fazilatlari shakllanadigan jismoniy va ma’naviy chiniqish maktabi ekanligini;
fuqarolarning muddatli harbiy xizmatni o‘tashi samaradorligini oshirishning moddiy, axloqiy va ma’naviy rag‘batlantirishni yanada kuchaytirish zarurligini hisobga olib;
harbiy xizmatni tugatayotgan yoshlarni rag‘batlantirishning ahamiyatini, ularning o‘qishni davom ettirishi va mamlakat oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishi uchun imtiyoz va sharoitlar yaratishni e’tiborga olib:
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 31-maydagi PQ-1765-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2012-y., 22-son, 242-modda)
2. O‘zbekiston Respublikasi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining muddatli harbiy xizmatni o‘tagan va to‘lov-kontrakt shakli bo‘yicha o‘qishga qabul qilingan talabalarga, ular o‘qish davrida “Kamolot” harakatining talaba tashkilotlari faoliyatida faol ishtirok etgan taqdirda kontrakt summasining 35 foizini to‘lov tariqasida moddiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
O‘zbekiston Respublikasi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining Markaziy kengashiga (B. Ubaydullayev) Moliya vazirligi (S. Rahimov), Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (R. Qosimov) bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan talabalarga moddiy yordam ko‘rsatish qoidalarini ishlab chiqish va belgilangan tartibda tasdiqlash tavsiya etilsin.
3. Mudofaa vazirligi (Q. G‘ulomov), Ichki ishlar vazirligi (Z. Almatov) va Milliy xavfsizlik xizmati (R. Inoyatov):
jangovor va ijtimoiy-siyosiy tayyorgarlikda yuksak natijalar ko‘rsatgan, namunali harbiy intizomga ega muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga mamlakat oliy o‘quv muassasalariga o‘qishga kirish uchun beriladigan tavsiyanomalar sonini ko‘paytirish choralarini ko‘rsin;
Adliya vazirligi (B. Mustafoyev) bilan hamkorlikda bir oy muddatda jangovor guruhlar, vzvodlar, batalon va brigadalar komandirlarining qabul qilayotgan qarorlari xolisligi uchun shaxsiy javobgarligini e’tiborga olgan holda, muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tavsiyanomalar berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;
harbiy qism qo‘mondonligining muddatli harbiy xizmatdan zaxiraga bo‘shatilgan harbiy xizmatchilarga oliy o‘quv muassasalariga imtiyozli shartlar asosida o‘qishga kirishi uchun tavsiyanoma blankasining yagona shaklini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;
Davlat test markazi (B. Ismoilov) bilan birgalikda uch oy muddatda Qurolli Kuchlar qo‘shinlari turlarining jangovor-xizmat vazifalari xususiyatlarini e’tiborga olgan holda, muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarning jangovor va ijtimoiy-siyosiy tayyorgarlik dasturini o‘zlashtirishini yakuniy baholash uchun testlar ishlab chiqsin; test natijalari muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi uchun tavsiyanomalar berishda hisobga olinsin.
Belgilansinki, 2005-yilning dekabrigacha Qurolli Kuchlar zaxirasiga bo‘shatilgan va harbiy qism qo‘mondonligining eski namunadagi tavsiyanomasiga ega fuqarolar mamlakat oliy o‘quv yurtlariga kirishda ushbu qarorda belgilangan imtiyozlardan foydalanadi.
4. Qurolli Kuchlar Birlashgan shtabiga (V. Mahmudov), Ichki ishlar vazirligiga (Z. Almatov), Milliy xavfsizlik xizmatiga (R. Inoyatov):
Xalq ta’limi vazirligi (T. Jo‘rayev), Sog‘liqni saqlash vazirligi (F. Nazirov), Davlat test markazi (B. Ismoilov), Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri chaqiruv komissiyalari rahbarlari bilan birgalikda muddatli harbiy xizmatga chaqirilayotgan fuqarolarni test sinovi va tanlov asosida saralash bo‘yicha mavjud tizimni chuqur tahlil qilish, uni takomillashtirish va samaradorligini oshirish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish, shuning bilan birgalikda chaqiriluvchilarning sog‘ligi va intellektual saviyasini xolis o‘rganishga qaratilgan zamonaviy kompyuter texnologiyalarini qo‘llash;
bir hafta ichida muddatli harbiy xizmatga yangi chaqirilgan harbiy xizmatchilarning boshlang‘ich harbiy tayyorgarligi dasturini o‘rganib chiqish; harbiy qismlar kun tartibiga, jangovar va ijtimoiy-siyosiy tayyorgarlik mashg‘ulotlari rejasi va dasturlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, bunda harbiy xizmatchilarni tanlagan ixtisosliklari bo‘yicha mamlakat oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishlari uchun haftasiga kamida 4 soatlik qo‘shimcha mashg‘ulotlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilsin;
harbiy okruglar qo‘mondonlari bilan birgalikda harbiy qismlarda muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarni samarali tarzda kasbga yo‘naltirish, xizmatni o‘tash davrida harbiy va fuqarolik mutaxassisliklarini egallashlariga, yoshlarni mustaqil hayotga tayyorlashga qaratilgan zarur tashkiliy-texnik shart-sharoitlarni yaratish.
5. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga (R. Qosimov), Davlat test markaziga (B. Ismoilov):
muddatli harbiy xizmatni o‘tagan fuqarolarning oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishga samarali tayyorgarlik ko‘rishlarini tashkil etish bo‘yicha tadbirlar majmuini ishlab chiqish va amalga oshirish, mamlakatimizning barcha oliy o‘quv yurtlarida armiyada xizmat qilgan abituriyentlar uchun bepul asosda faoliyat yuritadigan tayyorlov kurslari tarmog‘ini kengaytirishni ko‘zda tutish;
O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi (A. Oripov), Qurolli Kuchlar Birlashgan shtabi (V. Mahmudov) bilan birgalikda “ZiyoNET” yoshlar ma’rifiy tarmog‘ida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarni mamlakatimizning oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishlari uchun masofali kasbga yo‘naltirish, o‘qitish va uslubiy tayyorlashga yo‘naltirilgan maqsadli axborot resursini yaratish; belgilangan tartibda unga harbiy qismlar va birlashmalar kompyuter sinflarining ulanishini ta’minlash;
2006-yilning 1-apreligacha oliy o‘quv yurtlari tayyorlov kurslari va harbiy qismlar kutubxonalarini o‘qishga kirish uchun zarur bo‘lgan uslubiy qo‘llanmalar va darsliklar bilan ta’minlash.
6. Quyidagilar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin:
Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 3-oktabrdagi “Muddatli harbiy xizmatchilarga va ularning oila a’zolariga qo‘shimcha imtiyozlar berish to‘g‘risida”gi 496-sonli qarorining 3-bandi;
Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 22-maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining oddiy askarlar va serjantlar tarkibida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga qo‘shimcha imtiyozlar berish to‘g‘risida”gi 227-sonli qarorining 3-bandi 1-xatboshisi.
7. Mudofaa vazirligi (Q. G‘ulomov), Ichki ishlar vazirligi (Z. Almatov), Milliy xavfsizlik xizmati (R. Inoyatov), Adliya vazirligi (B. Mustafoyev) bilan birgalikda bir oy ichida mazkur qarordagi talablarni e’tiborga olgan holda belgilangan tartibda me’yoriy-huquqiy hujjatlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (S. Rahimov) Davlat test markazi va oliy o‘quv yurtlari smetasida test sinovlarini o‘tkazish va oliy ta’lim muassasalari hamda harbiy qismlardagi tayyorlov kurslarida mashg‘ulotlar o‘tkazishga jalb etiladigan o‘qituvchilar mehnatiga haq to‘lash xarajatlarini ko‘zda tutsin.
10. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy xavfsizlik Kengashi kotibi R. Mirzayev zimmasiga yuklatilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2005-yil 31-oktabr,
213-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2005-y., 43-44-son, 328-modda; 2012-y., 22-son, 242-modda)