Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani hokimining
Qarori
Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish maqsadida 2016-yil uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashining 2021-yil 22-maydagi VI-23-2-4-0-K/21-sonli “Qashqadaryo viloyati mahalliy davlat hokimiyati organlarining eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan normativ tusdagi qarorlarini bekor qilish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunning 17-moddasi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y, 5-6-son, 97-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-son qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib quyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y, 34-son, 333-modda)da belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash hamda tumanda ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun 2016-yilda ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish maqsadida “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-moddasiga asosan qaror qilaman:
1. Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynaladigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish xodimlarining roʻyxat boʻyicha oʻrtacha soni yigirma nafardan koʻpni tashkil etadigan korxona, tashkilot, muassasalar uchun xodimlarning roʻyxat boʻyicha oʻrtacha sonidan 73 kishini tashkil etadigan 7 foiz miqdorida, shu jumladan:
oʻn toʻrt yoshgacha bolalari va nogiron bolalari boʻlgan yolgʻiz ota, yolgʻiz ona va koʻp bolali ota-onalar uchun 33 foiz (24 kishi);
Kasb-hunar kollejlarini hamda oliy oʻquv yurtlarini grant asosida tugatgan yoshlar uchun 52 foiz (38 kishi);
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar safidan muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilganlar uchun 3 foiz (2 kishi);
nogironlar uchun 3 foiz (2 kishi);
Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish tuman markazida ish qidiruvchi sifatida hisobda turgan pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar uchun 1 foiz (1 kishi);
jazoni oʻtash muassasalaridan ozod qilingan yoki sud qaroriga koʻra tibbiy xarakterdagi majburiy choralarga tortilgan shaxslar uchun 1 foiz (1 kishi);
odam savdosidan jabrlanganlar uchun 1 foiz (1 kishi);
boshqa toifalar uchun 6 foiz (4 kishi), shu jumladan safarbarlik chaqiruvi zaxirasiga kiritilgan shaxslar 1 kishi, kichik yoshli bolalari boʻlgan ishlamayotgan ayollar 2 kishi, atrofdagilar uchun xavfli boʻlmagan ijtimoiy ahamiyatli kasalliklar bilan ogʻriyotgan shaxslar uchun 1 kishi miqdorida ish oʻrinlari zaxirasi belgilansin.
2. 2016-yilda ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan fuqarolarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini 2016-yil uchun band qilib qoʻyish boʻyicha ishchi komissiya tarkibi 1-ilovaga* va ish oʻrinlari band qilingan korxona, tashkilot va muassasalar roʻyxati 2-ilovaga*, korxona, muassasa va tashkilotlar har chorakda tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markaziga berib boradigan axborotining namunaviy shakli 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1 — 3-ilovalar berilmaydi.
3. Ish beruvchilar ushbu toifa shaxslar uchun ish oʻrinlari xodimlar tomonidan oʻzlarining mehnat majburiyatlarini toʻsiqlarsiz bajarishini taʼminlaydigan sanitariya-gigiyena normalari va mehnat sharoitlariga muvofiq boʻlishini taʼminlasin.
Bunda:
Oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan bolalari va nogiron bolalari boʻlgan yolgʻiz ota, yolgʻiz ona va koʻp bolali ota-onalar uchun bolalarni tarbiyalash va mehnat majburiyatlari boʻyicha vazifalarini uygʻunlashtirish imkonini beradigan, oʻzgaruvchan ish jadvaliga ega boʻlgan ish oʻrinlari;
Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarini tamomlagan yoshlarga, shuningdek oliy oʻquv yurtlarining davlat grantlari asosida taʼlim olgan bitiruvchilar uchun ularning kasb boʻyicha tayyorgarligiga muvofiq boʻlgan ish oʻrinlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlaridan muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilganlar uchun ularning kasb boʻyicha tayyorgarligiga muvofiq boʻlgan ish oʻrinlari;
nogironlar uchun mehnat sharoitlari boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazilgan hamda xodimga ish jarayonlarini toʻsqinliksiz bajarish imkonini (sogʻligʻining ahvoli va mehnat faoliyatiga nisbatan belgilangan zid koʻrsatkichlar hisobga olingan holda) beradigan ish oʻrinlari;
bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish tuman markazida ish qidiruvchi sifatida hisobda turgan pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar uchun-maxsus malakani talab qilmaydigan ish oʻrinlari;
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan yoki sud qaroriga koʻra tibbiy yoʻsindagi majburlov choralariga tortilgan shaxslar uchun –ularning kasb boʻyicha tayyorgarligi hisobga olingan holdagi ish oʻrinlari, muayyan kasb-hunarga, malakaga ega boʻlmagan shaxslar uchun esa maxsus malakani talab qilmaydigan ish oʻrinlari boʻlishi kerak.
4. Tumandagi korxonalar, muassasalar va tashkilotlar 2016-yil boshlangungacha 10 kundan kechikmay ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish qidirishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun band qilib qoʻyilgan ish oʻrinlari umumiy sonining kamida 25 (yigirma besh) foizi hajmda ish oʻrinlari band qilib qoʻyilishini va tayyor boʻlishini taʼminlasinlar hamda bu toʻgʻrida tuman bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markaziga yil boshlangungacha axborot berishsinlar.
5. Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish qidirishda qiynalayotgan shaxslar uchun ish oʻrinlarining qolgan qismini band qilib qoʻyish korxona, muassasa, tashkilotlar (ish beruvchi) tomonidan kalendar yilning birinchi choragi mobaynida amalga oshirib, bu toʻgʻrida tuman bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markaziga yilning birinchi choragi tugagandan keyin 10 kundan kechikmay yozma ravishda axborot berish topshirilsin.
6. Nogironlar uchun band qilib qoʻyiladigan ish oʻrinlarining belgilangan sonidan ortiqcha nogironlar uchun ish oʻrinlarining tashkil etgan tashkilotlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda imtiyoz olish huquqiga egadirlar.
7. Ushbu qarorni bajarmagan tashkilotga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 15-bandiga muvofiq jarima solinadi.
8. “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga asosan ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun band qilib qoʻyiladigan ish oʻrinlarini tuman hokimi tomonidan belgilangan miqdordan ortiqcha tashkil etgan korxona, tashkilot va muassasalar ushbu ish oʻrinlarini tashkil etishga sarflangan mablagʻlarning bir qismini tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi bilan tuzilgan shartnoma asosida Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplash huquqiga ega ekanliklari inobatga olinsin.
9. Tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markaz direktori B. Mahmatqulovga bir hafta muddatda mazkur qarorni tegishli korxona, muassasa va tashkilotlar rahbarlari eʼtiboriga yetkazsin hamda uning bajarilishi ustidan qatʼiy nazoratni taʼminlasin.
10. Qamashi tuman hokimining 2014-yil 29-sentabrdagi “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini 2015-yil uchun band qilib qoʻyish toʻgʻrisida”gi X-667/9-sonli qarori 2015-yil 31-dekabrdan oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari R. Qurbonov zimmasiga yuklatilsin.
12. Mazkur qaror rasman eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Hokim R. MUXAMMADIYEV
Qamashi t.,
2015-yil 29-sentabr,
X-558/9-son