Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining
Qarori
Yer kadastriga doir axborotlarni manfaatdor yuridik va jismoniy shaxslarga berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016-yil 24-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2791]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi direktorining 2022-yil 30-noyabrdagi 13-2022-sonli ““Yer kadastriga doir axborotlarni manfaatdor yuridik va jismoniy shaxslarga berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaror, shuningdek unga oʻzgartirishlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2791-3, 21.12.2022-y.) asosan 2023-yil 1-yanvardan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat yer kadastri toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 15-iyuldagi PQ-2003-son “Qonunlarning havolaki normalarini amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarni ishlab chiqish rejalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 31-dekabrdagi 543-son “Oʻzbekiston Respublikasida Davlat yer kadastrini yuritish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi qaror qiladi:
Keyingi tahrirga qarang.
1. Yer kadastriga doir axborotlarni manfaatdor yuridik va jismoniy shaxslarga berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais S. ARABOV
Toshkent sh.,
2016-yil 27-aprel,
34-son
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining 2016-yil 27-apreldagi 34-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Yer kadastriga doir axborotlarni manfaatdor yuridik va jismoniy shaxslarga berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat yer kadastri toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 15-iyuldagi PQ-2003-son “Qonunlarning havolaki normalarini amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarni ishlab chiqish rejalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 31-dekabrdagi 543-son “Oʻzbekiston Respublikasida Davlat yer kadastrini yuritish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, yer kadastriga doir axborotlarni manfaatdor yuridik va jismoniy shaxslarga berish tartibini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
ishonchli vakil — yuridik va jismoniy shaxs tomonidan belgilangan tartibda va shaklda berilgan ishonchnomaga muvofiq ishonchnoma beruvchi tomonidan berilgan vakolatlar doirasida ish olib boradigan fuqaro;
er kadastriga doir axborot — erni roʻyxatga olish, erni hisobga olish va yer bahosiga oid axborotlar majmui;
Keyingi tahrirga qarang.
yer uchastkasi — yer yuzasining qayd etilgan chegaraga, maydonga, joylashish manziliga, huquqiy tartibga hamda davlat yer kadastrida aks ettiriladigan boshqa xususiyatlariga ega boʻlgan qismi;
yer fondi — xoʻjalik boshqaruvi va huquqiy munosabatlar obyekti boʻlgan, maʼmuriy-hududiy birliklarning (mamlakat, respublika, viloyat, tuman, shahar) chegaralari doirasida yerlarning turlari va toifalari boʻyicha maydonlari aks ettirilgan jami yerlar;
kadastr yigʻmajildi — obyektning koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni shakllantirish, hisobga olish va keyinchalik davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun zarur boʻlgan kadastr suratiga olish, texnik inventarizatsiya qilish va pasportlashtirishning, maxsus tekshirish va izlanishlarning, sifat va qiymat jihatdan baholashning hujjatlari, materiallari va maʼlumotlari jamlamasi;
Keyingi tahrirga qarang.
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlar va u haqda tuzilgan bitimlarning davlat reyestri — koʻchmas mulk va unga boʻlgan huquqlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning, huquq egalarining tizimga solingan jamlanmasi, u koʻchmas mulk obyektining oʻrnashgan joyi boʻyicha tuman (shahar) chegarasida yuritiladi;
Keyingi tahrirga qarang.
tuman (shahar) yer kadastri daftari — yerlarni hisobga olish va ularni baholash boʻyicha asosiy hujjat, yer uchastkasining joylashgan oʻrni, qaysi maqsadda foydalanishga moʻljallanganligini, unga egalik qilish, undan foydalanish, uni ijaraga olish huquqlarini va unga boʻlgan mulk huquqini aniqlash uchun zarur maʼlumotlarni oʻz ichiga oladigan, yer uchastkasining miqdor va sifat holati hamda bahosi toʻgʻrisidagi axborot manbai.
2. Yer kadastriga doir axborot Oʻzbekiston Respublikasining davlat axborot resursidir va u yer uchastkasini roʻyxatga olish, hisobga olish va uning bahosiga oid axborotlar majmuini tashkil etadi hamda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shuningdek manfaatdor yuridik va jismoniy shaxslar foydalanishi uchun moʻljallanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Yer kadastriga doir axborot Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi (bundan buyon matnda “Davyergeodezkadastr” deb yuritiladi), uning hududiy boʻlinmalari maʼlumotlar bazasida shakllantiriladi va ular tomonidan manfaatdor yuridik va jismoniy shaxslarga ularning murojaatlariga muvofiq beriladi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining 2017-yil 15-dekabrdagi 9-sonli (roʻyxat raqami 2791-1, 22.12.2017-y.) qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.12.2017-y., 10/17/2791-1/0443-son)
Keyingi tahrirga qarang.
4. Maqsad va foydalanish xususiyatiga qarab yer kadastriga doir axborot ochiq va foydalanilishi cheklangan axborot turlariga boʻlinadi.
Yer kadastriga doir ochiq axborotga yer uchastkasiga boʻlgan huquqning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi axborot (huquq egasining nomi, huquq turi, yer uchastkasining umumiy maydoni) va Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri va tumanlar (shaharlar) kesimidagi yer fondi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar kiradi.
Yer kadastriga doir foydalanilishi cheklangan axborotga ushbu bandning ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgan maʼlumotlardan tashqari koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlar va u haqda tuzilgan bitimlarning davlat reyestridagi, tuman (shahar) yer kadastri daftaridagi va kadastr yigʻmajildidagi boshqa barcha axborotlar kiradi.
Davlat siri hisoblangan yer kadastriga doir axborotni berish Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat sirlarini saqlash toʻgʻrisida”gi Qonunida va boshqa qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Yer kadastriga doir axborotni tayyorlashda quyidagi talablar bajarilishi shart:
axborot maxfiylik darajasi boʻyicha shakllantirilgan boʻlishi;
er kadastriga doir ochiq axborotdan foydalanish maksimal darajada yengillashtirilgan boʻlishi;
axborot toʻliq va ishonchli boʻlishi, yer uchastkasining hozirgi holatini aks ettirishi;
axborot manfaatdor yuridik va jismoniy shaxslarning ehtiyojlariga mos boʻlishi kerak.
2-bob. Yer kadastriga doir axborotning turlari, shakllari va shakllantirish manbalari
6. Yer kadastriga doir axborot aerokosmik suratga olish, topografik-geodezik, kartografik, tuproq, agrokimyoviy, geobotanik va boshqa tadqiqotlar va izlanishlar, yerlarning miqdor va sifat jihatidan hisobga olinishi va baholanishi, yerlarni inventarizatsiya qilish, yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish natijasida olingan maʼlumotlarga asosan shakllantiriladi.
7. Yer kadastriga doir axborot yer uchastkasiga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishga, yer uchastkalarini hisobga olishga va qishloq xoʻjaligi yerlarining sifati va normativ qiymatiga oid axborot majmuini tashkil etadi.
Yer uchastkasiga boʻlgan huquqlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida axborot yer uchastkasiga boʻlgan huquq egalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, yer uchastkasi toʻgʻrisidagi (erlarning turi, foydalanish maqsadi, sifati, qiymati, chegaralari, maydoni, kadastr raqami va boshqa tavsiflari), yer uchastkasiga boʻlgan huquqlarni tasdiqlovchi hujjatlar toʻgʻrisidagi, huquqlarning cheklanishi va servitutlar toʻgʻrisidagi, shuningdek koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlar va u haqda tuzilgan bitimlarning davlat reyestriga kiritiladigan boshqa maʼlumotlardan iborat boʻladi.
Yer uchastkalarini hisobga olish toʻgʻrisidagi axborot yerlarning oʻlchamlari, miqdor va sifat holati, oʻrnashgan joyi, ularning haqiqiy holati va foydalanishi boʻyicha yer uchastkalari, aholi punktlari, tumanlar, viloyatlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boʻyicha tuzilgan maʼlumotlardan iborat boʻladi.
Qishloq xoʻjaligi yerlarining normativ qiymati toʻgʻrisidagi axborot tuproqlarning bonitirovkasi va ularning qiymat bahosi toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan iborat boʻladi.
8. Yer kadastriga doir axborot quyidagi maʼlumotlar va hujjatlar turlari boʻyicha shakllantiriladi:
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlar va u haqda tuzilgan bitimlarning davlat reyestri;
Keyingi tahrirga qarang.
tuman (shahar) yer kadastri daftari;
kadastr yigʻmajildi tarkibidagi yer uchastkasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
9. Yer kadastriga doir axborotni uning shakllantirilishiga, saqlanishiga, yangilab borilishiga va turiga qarab foydalanuvchilarga quyidagi tashkilotlar taqdim etadi:
Oldingi tahrirga qarang.
a) “Davyergeodezkadastr” tomonidan respublika boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kesimida beriladigan axborot:
(“a” kichik bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining 2017-yil 15-dekabrdagi 9-sonli (roʻyxat raqami 2791-1, 22.12.2017-y.) qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.12.2017-y., 10/17/2791-1/0443-son)
er turlari boʻyicha yerlarning toifalari kesimida yer fondi;
qishloq xoʻjaligi yerlarining bonitet ballari;
qishloq xoʻjaligi yerlarining normativ qiymati.
b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmalari tomonidan tegishli hududlari boʻyicha tumanlar (shaharlar) kesimida beriladigan axborot:
er turlari boʻyicha yerlarning toifalari kesimida yer fondi;
qishloq xoʻjaligi yerlarining bonitet ballari;
qishloq xoʻjaligi yerlarining normativ qiymati.
Oldingi tahrirga qarang.
v) Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasining tegishli tuman (shahar)dagi filiallari tomonidan yer uchastkalarining egalari, foydalanuvchilari, ijarachilari va mulkdorlari boʻyicha beriladigan axborot:
(“v” kichik bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining 2017-yil 15-dekabrdagi 9-sonli (roʻyxat raqami 2791-1, 22.12.2017-y.) qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.12.2017-y., 10/17/2791-1/0443-son)
yer uchastkasiga boʻlgan huquqning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 7-yanvardagi 1-son qarori bilan tasdiqlangan Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni va u haqda tuzilgan bitimlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizomga muvofiq koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlar va u haqda tuzilgan bitimlarning davlat reyestridagi axborot;
yer uchastkasining yer turlari boʻyicha maydoni, qishloq xoʻjaligi yerlarining sifati va normativ qiymati toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 7-yanvardagi 1-son qarori bilan tasdiqlangan Tuman (shahar) yer kadastri daftarini yuritish tartibi toʻgʻrisida nizomga muvofiq tuman (shahar) yer kadastri daftaridagi axborot;
kadastr yigʻmajildidagi yer uchastkasining tavsifi va boshqa xususiyatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
Keyingi tahrirga qarang.
3-bob. Yer kadastriga doir axborotni manfaatdor yuridik va jismoniy shaxslarga berish shartlari
10. Yer kadastriga doir axborot manfaatdor yuridik va jismoniy shaxslarga ularning murojaatnomalariga asosan beriladi.
Murojaatnoma ogʻzaki yoki yozma ravishda, shu jumladan bevosita, pochta orqali yoxud elektron hujjat shaklida taqdim etilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Manfaatdor yuridik va jismoniy shaxslar yer kadastriga doir axborot berish haqidagi murojaatnoma bilan, qoida tariqasida, tegishli yer uchastkasining oʻrnashgan joyi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasining tegishli tuman (shahar)dagi filialiga” va “Davyergeodezkadastrga” murojaat qilishga haqli.
(10-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining 2017-yil 15-dekabrdagi 9-sonli (roʻyxat raqami 2791-1, 22.12.2017-y.) qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.12.2017-y., 10/17/2791-1/0443-son)
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
Agar soʻralayotgan yer kadastriga doir axborot “Davyergeodezkadastr” yoki uning boshqa hududiy boʻlinmasida mavjud boʻlsa, murojaatnomani qabul qilgan tashkilot uni tegishli tashkilotdan soʻrab oladi hamda manfaatdor yuridik va jismoniy shaxsga taqdim etadi.
(10-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining 2017-yil 15-dekabrdagi 9-sonli (roʻyxat raqami 2791-1, 22.12.2017-y.) qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.12.2017-y., 10/17/2791-1/0443-son)
Keyingi tahrirga qarang.
11. Murojaat etuvchi yuridik shaxsning murojaatnomasida uning toʻliq nomi va joylashgan manzili (pochta adresi), jismoniy shaxsning murojaatnomasida uning familiyasi, ismi va otasining ismi, yashash joyi hamda soʻralayotgan axborotning aniq turi (turlari) koʻrsatilishi kerak. Murojaatnoma yuridik va jismoniy shaxslarning ishonchli vakili tomonidan berilgan boʻlsa, ishonchli vakil ekanligini tasdiqlovchi hujjat murojaatnomaga ilova qilinadi.
12. Murojaatnomalarning va berilayotgan yer kadastriga doir axborotlarning hisobi yer kadastriga doir axborotni berayotgan tashkilot tomonidan mazkur Nizomning ilovasiga muvofiq jurnalda yuritiladi.
Yer kadastriga doir axborot berilganligi haqidagi maʼlumotlar jurnalga uni yurituvchi masʼul shaxs tomonidan axborot berilgan kundan boshlab bir ish kuni ichida kiritiladi.
13. Yuridik va jismoniy shaxslarga ularning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor axborotdan tashqari yer kadastriga doir boshqa axborotlarni berish Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat yer kadastri toʻgʻrisida”gi Qonunining 23-moddasiga muvofiq haq evaziga amalga oshiriladi.
14. Axborot haqiga uni qidirish, umumlashtirish, berishga tayyorlash va axborotni berish bilan bogʻliq boshqa xarajatlar kiritiladi. Axborot haqi murojaatnomani qabul qilib olgan xodim tomonidan berilgan toʻlov xabarnomasiga muvofiq tijorat banki orqali toʻlanadi.
15. Yer kadastriga doir ochiq axborot barcha manfaatdor yuridik va jismoniy shaxslarga hech qanday cheklovlarsiz beriladi. Yer kadastriga doir foydalanilishi cheklangan axborot faqat yer uchastkasining egasiga, foydalanuvchisiga, ijarachisiga va mulkdoriga yoki ularning ishonchli vakiliga hamda qonun hujjatlariga muvofiq yer uchastkasiga boʻlgan huquq oʻtgan boshqa shaxslarga beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Yuridik va jismoniy shaxslar boshqa shaxslarga tegishli boʻlgan yer uchastkalari toʻgʻrisida yer kadastriga doir foydalanilishi cheklangan axborotni yer uchastkasiga boʻlgan huquq egasi orqali olishlari mumkin.
16. Yer kadastriga doir axborot manfaatdor yuridik va jismoniy shaxslarga ularning murojaatnomasiga muvofiq qogʻoz yoki elektron hujjat shaklida beriladi.
17. Yuridik va jismoniy shaxslarga yer kadastriga doir axborot murojaatnoma kelib tushgan kundan boshlab 5 kun ichida beriladi.
Soʻralgan yer kadastriga doir axborotni tayyorlash ishlarining hajmi koʻp boʻlgan yoki uni boshqa tashkilotdan soʻrab olish lozim boʻlgan taqdirda axborot berish muddati 15 kungacha uzaytirilishi mumkin. Bunda axborot berish muddati uzaytirilganligi haqida murojaat etuvchiga yozma ravishda yoki elektron pochta orqali xabar beriladi.
18. Murojaat etuvchiga yer kadastriga doir axborot berish quyidagi hollarda rad etiladi:
huquq egasi boʻlmagan yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan boshqa shaxsga tegishli boʻlgan yer uchastkasi toʻgʻrisida yer kadastriga doir foydalanilishi cheklangan axborot soʻralganda;
murojaatnomaning mazmunini aniqlash imkoniyati boʻlmaganda;
murojaat anonim deb topilganda;
murojaat qiluvchining huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor axborotdan tashqari yer kadastriga doir boshqa axborotlarni berish uchun haq toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim qilinmaganda;
er kadastriga doir axborot maʼlumotlar bazasida mavjud boʻlmaganda.
19. Yer kadastriga doir axborotni berishni rad etish toʻgʻrisidagi xat manfaatdor yuridik va jismoniy shaxsga yozma ravishda taqdim etilishi, unda rad etish sababi koʻrsatilgan boʻlishi va u tashkilot rahbari tomonidan imzolangan boʻlishi lozim. Rad etish toʻgʻrisidagi xatda axborotni berishni rad etish ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkinligi koʻrsatiladi.
Yer kadastriga doir axborotni berishni rad etish holatlari yer kadastriga doir axborotni olish uchun tushgan murojaatnomalarni hisobga olish jurnalining 6-ustunida qayd etiladi.
20. Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlar va u haqda tuzilgan bitimlarning davlat reyestrida, tuman (shahar) yer kadastri daftarida, kadastr yigʻmajildlarida yoki boshqa manbalarda soʻralayotgan yer kadastriga doir axborot mavjud boʻlmasa, murojaat etuvchiga u soʻrayotgan axborot yoʻqligi toʻgʻrisida yozma ravishda maʼlum qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
4-bob. Yakuniy qoidalar
21. Yuridik va jismoniy shaxslar berilgan yer kadastriga doir axborotda xatolar, noaniqliklar mavjudligini aniqlagan yoki unda berilgan maʼlumotlar tarkibiga rozi boʻlmagan holatlarda ushbu axborot maʼlumotlari qayta koʻrib chiqilishini talab qilishga haqli.
Berilgan yer kadastriga doir axborotda aniqlangan xato va noaniqliklarni toʻgʻrilash, maʼlumot bergan tashkilot hisobidan amalga oshiriladi.
22. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Yer kadastriga doir axborotlarni manfaatdor yuridik va jismoniy shaxslarga berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
Yer kadastriga doir axborotni olish uchun tushgan murojaatnomalarni hisobga olish
JURNALI
|
T/r |
Murojaatnoma bergan yuridik shaxsning nomi yoki jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi |
Murojaatnoma qabul qilingan sana |
Murojaatnoma mazmuni |
Axborot uchun toʻlangan haq summasi, soʻm |
Axborot berilgan yoki rad etilgan sana |
Murojaatnomani qabul qilib olgan xodimning familiyasi va imzosi |
|
1 |
2 |
3 |
4 |
5 |
6 |
7 |
|
|
||||||
|
|
||||||
|
|
||||||
|
|
||||||
|
|
||||||
|
|
||||||
|
|
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 21-son, 245-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.12.2017-y., 10/17/2791-1/0443-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 21.10.2021-y., 10/21/2791-2/0984-son)