Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
ADVOKATLIK FAOLIYATINING KAFOLATLARI VA ADVOKATLARNING IJTIMOIY HIMOYASI TOʻGʻRISIDA
1-modda. Advokatlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqi
Advokatlik faoliyati bilan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeyidan qatʼi nazar, shugʻullanishga haqlidir.
Keyingi tahrirga qarang.
Advokatlik faoliyati bilan shugʻullanish uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda litsenziya beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
2-modda. Advokatlik faoliyatining asosiy prinsiplari
Advokatlik faoliyatining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
advokatning mustaqilligi;
kasb etikasiga, advokatlik siri va qasamyodiga qatʼiy rioya etish;
Keyingi tahrirga qarang.
qonun hujjatlarida man qilinmagan usullar va vositalarni qoʻllash.
Keyingi tahrirga qarang.
3-modda. Advokat qasamyodi
Advokat tegishli malaka komissiyasining majlisida quyidagi mazmunda qasamyod qiladi:
“Oʻz kasbiy burchimni halol va vijdonan bajarishga, inson huquqlari va erkinliklarini hamisha himoya qilishga, advokatlik sirini saqlashga, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga qatʼiy rioya etishga tantanali qasamyod qilaman”.
4-modda. Advokatning vakolatlari
Advokat Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida, shuningdek, agar olingan topshiriqni bajarish zaruriyati taqozo etsa va tegishli davlatlarning qonun hujjatlariga zid boʻlmasa, respublika tashqarisida ham advokatlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqiga ega.
Keyingi tahrirga qarang.
Muayyan ishni olib borishga advokatning vakolatli ekanligi order bilan tasdiqlanadi.
Advokat, taraf sifatida, sud ishlarini yuritishning hamma bosqichida protsessning barcha ishtirokchilari bilan teng huquqlarga ega.
Advokat quyidagi huquqlarga ega:
qonunda belgilangan tartibda ishning barcha materiallari bilan tanishish va undan zarur maʼlumotlarni koʻchirib olish;
oʻz himoyasidagi shaxs bilan u ushlangan paytdan boshlab qonun hujjatlarida belgilangan tartibda miqdori va muddati cheklanmagan xoli uchrashuvlar oʻtkazish;
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
ishda ishtirok etish uchun oʻziga ijozat berilgani toʻgʻrisida surishtiruv, dastlabki tergov organlari va suddan yozma ravishda tasdiq talab qilish;
Keyingi tahrirga qarang.
ish materiallari bilan tanishish hamda ishni sudda va boshqa organlarda koʻrish chogʻida ovoz yozish qurilmalari hamda boshqa texnika vositalaridan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda foydalanish;
Keyingi tahrirga qarang.
agar jinoyat ishini yuritishda, shuningdek fuqarolik, xoʻjalik ishini yoki maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrish va hal etishda himoyani yoki vakillikni amalga oshirish zaruriyati taqozo etsa, davlat sirlari, tijorat siri yoki boshqa sir hisoblangan maʼlumot bilan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda tanishish.
Keyingi tahrirga qarang.
Advokat qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega.
Keyingi tahrirga qarang.
Advokat:
yuridik yordam soʻrab murojaat qilgan yuridik va jismoniy shaxslarga ularning huquqlari va majburiyatlari toʻgʻrisida maslahat berishi;
yuridik yordam soʻrab murojaat qilgan shaxsning ishiga uning holatini ogʻirlashtiradigan kasbiy nuqtai nazar bilan yondashmasligi;
vakolat beruvchining, oʻz himoyasidagi shaxsning nuqtai nazariga koʻra noqonuniy qaror chiqarilgan taqdirda, bu qaror ustidan qonunda belgilangan tartibda shikoyat qilishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
Advokat qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarni ham bajaradi.
Keyingi tahrirga qarang.
5-modda. Advokatning mustaqilligini taʼminlash
Advokatning mustaqilligi:
unga qonunda belgilangan tartibda advokatlik faoliyatini amalga oshirish uchun ijozat berish, bu faoliyatni toʻxtatib turish va tugatish;
advokatning daxlsizligi;
advokatlik sirini oshkor etishni talab qilishni man etish;
advokat olib borayotgan ishlarga aralashganlik yoxud advokatning daxlsizligini buzganlik uchun javobgarlik;
davlat tomonidan unga advokatlik faoliyati kafolatlari berilishi hamda ijtimoiy himoyalanishi orqali taʼminlanadi.
6-modda. Advokatning daxlsizligi
Advokatning shaxsi daxlsiz. Advokatning daxlsizligi uning uy-joyiga, xizmat xonasiga, foydalanishidagi transporti va aloqa vositalariga, uning xat-xabarlariga, unga tegishli ashyolar va hujjatlarga ham taalluqlidir.
Advokatga nisbatan jinoyat ishi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurori, viloyat, Toshkent shahar prokurori va ularga tenglashtirilgan prokurorlar tomonidan qoʻzgʻatilishi mumkin.
Advokatning uy-joyi yoki xizmat xonasiga, shaxsiy yoki foydalanishidagi transportiga kirish, ularni koʻzdan kechirish, tintuv oʻtkazish yoki olib qoʻyish, uning telefon va boshqa soʻzlashuv qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarini eshitib turish, advokatni koʻzdan kechirish va shaxsiy tintuvdan oʻtkazish, xuddi shuningdek uning pochta-telegraf joʻnatmalarini, unga tegishli ashyolar va hujjatlarni koʻzdan kechirish yoki olib qoʻyish, advokatni majburiy keltirish, ushlab turish yoki qamoqqa olish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurori, viloyat, Toshkent shahar prokurori va ularga tenglashtirilgan prokurorlarning sanksiyasi bilan amalga oshirilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Advokatning ish boʻyicha huquqiy nuqtai nazariga nisbatan surishtiruv organi, tergovchi, prokuror taqdimnoma kiritishi, shuningdek sud xususiy ajrim chiqarishi mumkin emas.
Advokatni yuridik va jismoniy shaxslarga qonunga muvofiq yuridik yordam koʻrsatganligi munosabati bilan jinoiy, moddiy va boshqa javobgarlikka tortish yoki unga shunday javobgarlikka tortish bilan tahdid qilish mumkin emas.
7-modda. Advokatlik faoliyatiga aralashishga yoʻl qoʻyilmasligi
Advokat yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha oʻz kasbiy vazifalarini amalga oshirayotganida uning faoliyatiga aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Advokatdan va uning yordamchisidan advokatlik siri predmeti hisoblangan holatlar toʻgʻrisida biron-bir tushuntirish yoki koʻrsatuvlar berishni talab qilish, shuningdek ular haqida tezkor-qidiruv faoliyatida, jinoyat ishlari, maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlar va boshqa ishlarni yuritishda foydalanish uchun biron-bir material taqdim etishni talab qilish man etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Advokatlik faoliyatini amalga oshirish chogʻida biron-bir maxsus ruxsatnoma (order, ishda ishtirok etish uchun advokatga ijozat berilgani toʻgʻrisida yozma ravishdagi tasdiq, uning shaxsini tasdiqlovchi hujjatdan tashqari) talab qilish yoki boshqa toʻsiqlar vujudga keltirish man etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Advokatning muayyan ishni oʻrganishiga toʻsqinlik qilish yoki vakolat beruvchining yoxud oʻz himoyasidagi shaxsning qonuniy manfaatlariga zid keluvchi nuqtai nazarni majburan egallashiga erishish maqsadida unga qanday shaklda boʻlmasin taʼsir koʻrsatish, shuningdek advokatga tahdid qilish, uni haqoratlash, unga nisbatan tuhmat qilish, kuch ishlatish yoki uning hayoti, sogʻligʻi va mol-mulkiga tajovuz qilish qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
8-modda. Advokatlik faoliyati himoyalanishini taʼminlash
Advokat va uning kasbiy faoliyati davlat himoyasida boʻladi.
Advokatning oʻz himoyasidagi shaxs bilan xoli uchrashuvlar oʻtkazishini, jinoyat ishiga doir barcha materiallar bilan tashishib chiqishi va undan zarur maʼlumotlarni koʻchirib olishini rad etish man qilinadi.
Yuridik yordam berish bilan bogʻliq axborotni talab qilib olish, olib qoʻyish, koʻzdan kechirish, tekshirish, undan nusxa koʻchirish, bunday axborotni toʻplash va undan foydalanishga faqat advokat ayblanuvchi tariqasida javobgarlikka tortilgan taqdirda, boshqa hollarda — jinoyat, fuqarolik, xoʻjalik ishlari, intizomiy ishlar yoki maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni yuritishda esa, faqat yuridik yordam soʻrab murojaat qilgan shaxsning roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Davlat tomonidan advokatga quyidagilar taʼminlanadi:
kasbiy vazifalarini bajarish imkoniyati;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida, shuningdek uning tashqarisida yuridik yordam soʻrab murojaat qilgan shaxslarga maslahat berish imkoniyati;
oʻz kasbiy vazifalarini bajarishi tufayli hayoti va sogʻligʻi uchun xavf-xatar yuzaga kelganda zarur darajadagi himoya.
Advokatning kasbga oid huquqlarining davlat organlari va boshqa organlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan buzilishi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan javobgarlikka sabab boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
9-modda. Yuridik yordamni taʼminlash kafolatlari
Har kim oʻz huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun yuridik yordam soʻrab oʻzi xohlagan har qanday advokatga murojaat qilishga haqlidir.
Ushlab turilgan shaxsga, ayblanuvchi, sudlanuvchi va mahkumga advokat bilan moneliksiz va xoli uchrashish hamda undan maslahat olish uchun zarur shart-sharoit taʼminlanishi lozim.
10-modda. Advokatning ijtimoiy himoyasi choralari
Advokatning hayoti va sogʻligʻi davlat himoyasida boʻladi.
Advokatlarning hayoti va sogʻligʻini advokatura oʻz mablagʻlari hisobidan majburiy sugʻurta qiladi.
Sugʻurta tashkilotlari sugʻurta summalarini quyidagi hollarda toʻlaydi:
advokat oʻz kasbiy vazifalarini bajarishi munosabati bilan olgan tan jarohatlari yoki sogʻligʻiga boshqacha tarzda yetkazilgan shikastlanish oqibatida oʻz kasbiy faoliyatini amalga oshirish vaqtida yoki bunday faoliyatni tugatganidan keyin halok boʻlganida (vafot etganda), uning merosxoʻrlariga — advokat oʻrtacha oylik ish haqining ellik baravari miqdorida;
advokat oʻz kasbiy vazifalarini bajarishi munosabati bilan bundan keyin advokatlik faoliyati bilan shugʻullanish imkoniyatini istisno etadigan darajada mayib boʻlganda yoki sogʻligʻiga boshqacha tarzda shikast yetkazilganda — advokat oʻrtacha oylik ish haqining yigirma besh baravari miqdorida;
advokat oʻz kasbiy vazifalarini bajarishi munosabati bilan uning bundan keyin advokatlik faoliyati bilan shugʻullanish imkoniyatini istisno etadigan darajada mehnat qobiliyatini uzil-kesil yoʻqotishga olib bormaydigan tan jarohatlari olganda yoki sogʻligʻiga boshqacha tarzda shikast yetkazilganda — advokat oʻrtacha oylik ish haqining besh baravari miqdorida.
Keyingi tahrirga qarang.
11-modda. Advokaturaning mablagʻlari
Advokatura notijorat tashkilotdir va faoliyatni oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiradi.
Advokaturaning shtatlari, mansab okladlari va maʼmuriy-xoʻjalik xarajatlarining smetalari moliya organlarida roʻyxatdan oʻtkazilmasligi lozim. Advokaturaning ish haqi fondi banklar tomonidan nazorat qilinmaydi.
12-modda. Davlat bilan advokatura oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar
Davlat har bir fuqaroning teng va erkin yuridik yordam olish huquqini taʼminlash uchun advokatura bilan hamkorlik qiladi.
Advokatura manfaatlariga daxldor masalalar davlat organlari tomonidan respublika advokatlar jamoat birlashmasi ishtirokida belgilangan tartibda hal etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Davlat advokaturani fuqarolar murojaat etishi uchun qulay boʻlgan joylarda zarur binolar bilan belgilangan tartibda taʼminlaydi.
Advokaturaga kommunal xizmatlar, aloqa xizmatlari haqini toʻlash boʻyicha imtiyozlar va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda boshqa imtiyozlar berilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 25-dekabr,
721-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-y.,1-son, 12-modda, Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 52-son, 514-modda; 2016-y., 39-son, 457-modda; 2017-y., 37-son, 978-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.12.2020-y., 03/20/651/1577-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 04.08.2022-y., 03/22/786/0705-son; 21.09.2024-y., 03/24/963/0735-son)