Oʻzbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
Fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovi yakunlari toʻgʻrisida
Fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari vakolat muddati tugashi munosabati bilan, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 105-moddasiga, “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 20-moddasiga hamda “Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasiga muvofiq 2008-yilning noyabr-dekabr oylarida mamlakatimizda fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovi oʻtkazildi.
Fuqarolar yigʻinlari raislarining (oqsoqollarining) va ular maslahatchilarining 2008-yilda boʻlib oʻtgan saylovining asosiy vazifalari “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi hamda “Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining normalarini amalga oshirishdan tashqari mamlakatni demokratik yangilash va modernizatsiyalash borasidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirishdan, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishdagi rolini oshirishdan, “Kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati sari” prinsipini amaliy jihatdan roʻyobga chiqarishdan iborat boʻldi.
Saylovni tashkiliy-siyosiy jihatdan yuksak saviyada oʻtkazish maqsadida tegishli tayyorgarlik ishlari olib borildi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2008-yil 30-sentabrda qabul qilingan “Fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovi toʻgʻrisida”gi 551-I-sonli Qarori bilan saylovni oʻtkazish muddatlari belgilandi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazishga doir tadbirlar rejasi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazishga koʻmaklashuvchi komissiyasi (bundan buyon matnda Senat Kengashi komissiyasi deb yuritiladi) tarkibi tasdiqlandi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, tuman va shaharlar hududida fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazishga koʻmaklashuvchi jami 213 ta komissiya ish olib bordi. Komissiyalar tarkibiga “Mahalla” jamgʻarmasi, Oʻzbekiston faxriylarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi va Oʻzbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati hududiy boʻlinmalari vakillari kiritildi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan tuzilgan, fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazishga koʻmaklashuvchi komissiyalar faoliyati samarali tarzda muvofiqlashtirib borilishini taʼminlash uchun Senat Kengashi komissiyasining aʼzolari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahriga biriktirib qoʻyildi.
2008-yil 7-oktabrda Senat Kengashi komissiyasi tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organlari, “Mahalla” jamgʻarmasi va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari mintaqaviy boʻlinmalari vakillari ishtirokida davra suhbati oʻtkazildi. Tadbir ishtirokchilari muhokama yakunlari asosida fuqarolar yigʻinlari raislarining (oqsoqollarining) va ular maslahatchilarining 2006-yilgi saylovini tashkil etish hamda oʻtkazishda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar tahlili ham hisobga olingan holda muayyan tavsiyalar ishlab chiqdilar.
Fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazish masalalariga bagʻishlab Qoraqalpogʻiston Respublikasida, barcha viloyatlar va Toshkent shahrida 2008-yilning 15 — 25-oktabr kunlari Senat Kengashi komissiyasining, fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazish uchun joylarda tuzilgan komissiyalar va ishchi guruhlarning aʼzolari, ommaviy axborot vositalari va jamoat tuzilmalari vakillari ishtirokida amaliy seminarlar oʻtkazildi.
Fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazishga doir tadbirlar rejasiga muvofiq, shuningdek aholining huquqiy ongi darajasini oshirish maqsadida Senat Kengashi komissiyasi tomonidan maxsus nashr etilgan, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining, “Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi toʻgʻrisida”gi hamda “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining matnlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining “Fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovi toʻgʻrisida”gi Qarori matni (ilovalari bilan) kiritilgan 12 ming nusxa risola fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazish uchun tuzilgan komissiyalar va ishchi guruhlarga yuborildi. Bunga qoʻshimcha ravishda joylarga Senat Kengashi komissiyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti bilan birgalikda “Kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati sari” rukni ostida 11 ming nusxada nashr etilgan “Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi” degan risola yuborildi.
Oldingi saylovdan farqli ravishda 2008-yilgi saylov fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazish uchun tuzilgan komissiyalar va ishchi guruhlarning yanada yaqin va jips hamkorligi bilan ajralib turdi. Komissiyalar ishchi guruhlarning har bir tuman, har bir shahar boʻyicha fuqarolar yigʻinlarini oʻtkazish jadvallarini oʻz vaqtida tuzish va yigʻin oʻtkaziladigan joyni belgilab qoʻyish haqidagi takliflarini inobatga oldilar. Ishchi guruhlar faoliyatining samaradorligi, ularning “Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 12-moddasida nazarda tutilgan vakolatlariga taalluqli qarorlar qabul qilishdagi mustaqilligi darajasi ancha oshdi. Qonun hujjatlari talablariga qattiq rioya etish fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazish uchun tuzilgan ishchi guruhlar ishida 2006-yilgi saylovdagiga qiyosan olganda qator xato va kamchiliklarni bartaraf etish imkonini berdi.
199 ta tuman va shahar komissiyasi hamda 10124 ta ishchi guruh tomonidan fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga qatʼiy amal qilingan holda, uyushqoqlik bilan, rejali asosda olib borilgan ishlar natijasida mamlakatimizning barcha mintaqalarida fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari lavozimiga munosib nomzodlarni tanlashga muvaffaq boʻlindi.
Davlat hokimiyati vakillik organlarining deputatlari orasidan saylangan senatorlar, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputatlari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining deputatlari oʻz saylov okruglarida saylovoldi tadbirlarini tashkil etishda faol ishtirok etdilar. Mahalliy davlat hokimiyatining ijro etuvchi organlari saylovni tashkil etish va oʻtkazishda, zarur hollarda binolar, transport va aloqa vositalari bilan taʼminlashda fuqarolar yigʻinlariga yordam berib, 2008-yilgi saylovni oʻtkazishga salmoqli hissa qoʻshdilar.
Senat Kengashi komissiyasi saylovni tashkil etish hamda oʻtkazishda oshkoralik va ochiq-oydinlikni taʼminlashga katta ahamiyat berib, ommaviy axborot vositalarining vakillari bilan muntazam uchrashuvlar oʻtkazib turdi. “Xalq soʻzi”, “Narodnoye slovo” gazetalarida “Kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati sari”, “Ot silnogo gosudarstva k silnomu grajdanskomu obshestvu” degan maxsus ruknlar ostida, shuningdek “Mahalla” gazetasi va boshqa gazetalarda muntazam ravishda materiallar eʼlon qilinib, ularda “Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi toʻgʻrisida”gi, “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining mazmun va mohiyati tushuntirib borildi. Markaziy va mahalliy nashrlarda senatorlarning fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazishning turli masalalariga bagʻishlangan bir qator materiallari chop etildi, ularda oʻtkazilayotgan saylovning mamlakatimiz demokratik huquqiy davlat va ochiq fuqarolik jamiyati barpo etish yoʻlidan ilgarilab borishidagi oʻrni hamda ahamiyati taʼkidlab oʻtildi.
Butun saylov kampaniyasi davomida fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari sayloviga bagʻishlangan 1390 dan ortiq tele va radio dastur efirga uzatildi. Xususan, Oʻzbekiston Milliy teleradio kompaniyasi kanallari tomonidan 297 ta telekoʻrsatuv va 280 ta radioeshittirish tayyorlandi hamda efirga uzatildi. “Mening mahallam” (“Moya maxallya”) va “Eng munosib nomzodlarni saylaymiz” (“Izbirayem samix dostoynix”) mavzularidagi video roliklar kuniga bir necha marotaba berib borildi. Fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari sayloviga bagʻishlangan jami 814 ta tele va radio rolik efir orqali taraldi.
Fuqarolar yigʻinlaridagi saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazish jarayoni ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borildi. Chunonchi, “Xalq soʻzi” gazetasida 50 dan ortiq, “Narodnoye slovo” gazetasida 50 ga yaqin, viloyat gazetalarida 360 dan ortiq material eʼlon qilindi.
Saylov natijalarini tahlil qilish shundan dalolat beradiki, saylov tadbirlarida hovlilar, uylar, koʻchalardan jami 576509 nafar vakil 18 million nafardan ortiq saylovchi nomidan qatnashdi. Saylov 10124 ta fuqarolar yigʻinida (2006-yilda ular 9941 ta edi), shu jumladan 101 ta shaharcha, 1333 ta qishloq, 154 ta ovul fuqarolar yigʻinida, 8536 ta mahalla fuqarolar yigʻinida boʻlib oʻtdi.
Saylov natijasida fuqarolar yigʻinlari raislarining (oqsoqollarining) va ular maslahatchilarining sifat tarkibi yaxshilandi. Fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) etib saylanganlar orasida oliy maʼlumotlilar (asosan iqtisodchilar, yuristlar va pedagoglar) 6119 nafarga yetdi (60,4 foiz). Raislar (oqsoqollar) umumiy sonining 32,5 foizini yoki 3287 nafarini oʻrta maxsus maʼlumotlilar tashkil etadi. Fuqarolar yigʻinlari raislari orasida xotin-qizlar koʻpaydi: agar ular 2006-yilda 981 nafarni yoki 9,9 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2008-yilda bu koʻrsatkich 1160 nafarga yoki 11,5 foizga yetdi. Fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) etib saylanganlarning 4263 nafari (42,1 foizi) yoshi 50 ga yetmaganlar boʻlib, ularning 806 nafari (umumiy miqdorning 8 foizi) 40 yoshga toʻlmagan shaxslardir.
Saylov fuqarolarning siyosiy madaniyati va huquqiy ongi oshganligini, ularda talabchanlik va mavjud kamchiliklarga nisbatan murosasizlik kuchayganligini koʻrsatdi. Chunonchi, 64 ta fuqarolar yigʻinida taqdim etilgan nomzodlarning birontasi ham zarur miqdorda ovoz ololmadi – binobarin saylanmadi. Mazkur fuqarolar yigʻinlarida takror oʻtkazilgan saylovda oqsoqol lavozimiga 175 nafar nomzod talabgor boʻldi. Xususan, Samarqand viloyatida 1213 ta fuqarolar yigʻinidan 48 tasida, Andijon viloyatida 960 ta yigʻindan oltitasida, Toshkent viloyatida 1444 ta yigʻindan toʻrttasida, Namangan viloyatida 871 ta yigʻindan uchtasida, Qashqadaryo viloyatida 599 ta yigʻindan ikkitasida va Navoiy viloyatida 339 ta yigʻindan bittasida takroriy saylov boʻlib oʻtdi.
Boʻlib oʻtgan saylov fuqarolarning faollik darajasi oshganligidan dalolat beradi. Joylarda saylovchilar kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordam koʻrsatishda hamda koʻp bolali ehtiyojmand oilalarga nafaqalar tayinlashda ijtimoiy adolat prinsiplari buzilayotganligi, fuqarolar yigʻinlari bilan xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari oʻrtasidagi munosabatlarda oʻzaro xayrixohlik yoʻqligi hollarini tanqid qildilar. Xususan, saylov munosabati bilan tushgan 108 ta murojaatning 22 tasi Qashqadaryo viloyatidan boʻlib, Samarqand viloyatidan 16 ta, Toshkent shahridan 14 ta, Navoiy viloyatidan 13 ta, Surxondaryo viloyatidan 12 ta, Sirdaryo viloyatidan 11 ta, Toshkent viloyatidan yettita, Buxoro va Xorazm viloyatlaridan uchtadan, Namangan viloyati va Qoraqalpogʻiston Respublikasidan ikkitadan, Andijon, Jizzax va Fargʻona viloyatlaridan bittadan murojaat tushgan. Viloyat, tuman va shahar komissiyalariga saylovni oʻtkazish chogʻida saylov toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining ayrim normalari buzilganligiga oid 283 ta murojaat, shu jumladan Samarqand viloyat komissiyasiga 86 ta, Qashqadaryo viloyat komissiyasiga 81 ta, Surxondaryo viloyat komissiyasiga 29 ta, Navoiy viloyat komissiyasiga 26 ta, Toshkent shahar komissiyasiga 15 ta, Toshkent viloyat komissiyasiga 14 ta murojaat tushgan.
Senat Kengashi komissiyasiga, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat, tuman va shahar komissiyalariga tushgan hamma xatlar tegishli komissiyalarning aʼzolari tomonidan, shu jumladan joylarga borib koʻrib chiqildi, ularni hal qilish yuzasidan aniq choralar koʻrildi.
Shu bilan birga komissiyalar va ishchi guruhlar ishini joylardan tushgan murojaatlar, aholining fikr-mulohazalari asosida tahlil qilish bu boradagi ishni tashkil etishning ijobiy tomonlarinigina emas, balki ular faoliyatidagi kamchiliklarni ham koʻrsatdi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Namangan va Xorazm viloyat komissiyalarining saylovni tashkil etish hamda oʻtkazish borasidagi faoliyatini umuman ijobiy baholash mumkin. Ayni vaqtda Sirdaryo (A. Jalolov) va Surxondaryo (T. Joʻrayev) viloyat komissiyalarining faoliyati zarur darajada tashkil etilmadi. Bu hol saylov jarayoni haqidagi hamda bu ishdagi kamchiliklar toʻgʻrisidagi axborotlar Senat Kengashi komissiyasiga oʻz vaqtida taqdim etilmaganligida namoyon boʻldi.
Ayrim tumanlar va shaharlarning komissiyalari, ishchi guruhlari hamda hokimlari fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) lavozimiga koʻrsatilgan nomzodlarni yetarlicha oʻrganmadilar, bu esa bir qator tumanlar va shaharlarda takror saylov oʻtkazish zaruratini keltirib chiqardi.
Baʼzi viloyatlardagi komissiyalar va ishchi guruhlar faoliyatida faqat tashkiliy tusdagi kamchiliklar mavjud boʻlibgina qolmay, shu bilan birga fuqarolarning qonuniy murojaatlariga eʼtiborsizlik hollariga ham yoʻl qoʻyildi. Bu hol shunga olib keldiki, xususan Qashqadaryo (N. Zayniyev), Surxondaryo (T. Joʻrayev), Navoiy (E. Turdimov) va Samarqand (Oʻ. Barnoyev) singari viloyatlarning fuqarolari hal qilinishi viloyatlar komissiyalarining vakolatiga taalluqli masalalar yuzasidan Senat Kengashining komissiyasiga hamda boshqa tashkilotlarga murojaat qilishga majbur boʻldilar.
Saylov hayotimizning hamma sohalarini erkinlashtirish va demokratlashtirishda, joylardagi dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal qilishda fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining oʻrni va ahamiyati oshib borayotganligini, siyosiy va davlat qurilishining mamlakatimizda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimov tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati sari” degan konsepsiyani amaliy jihatdan roʻyobga chiqarishning muhimligini yana bir bor isbotladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazishga koʻmaklashuvchi komissiyasi raisining oʻrinbosari M. Rajabovaning fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovi yakunlari toʻgʻrisidagi axborotini tinglab, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazishga koʻmaklashuvchi komissiyasi raisining oʻrinbosari M.Rajabovaning fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovi yakunlari toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga quyidagilar tavsiya etilsin:
fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovi yakunlarini sessiyalarda koʻrib chiqish, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan tadbirlarni ishlab chiqish, tasdiqlash hamda ularning ijro etilishini taʼminlash;
mahalliy davlat hokimiyatining ijro etuvchi organlari bilan birgalikda fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovi yakunlarini tanqidiy tahlil qilib chiqish, fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazishga koʻmaklashuvchi komissiyalarning, ayniqsa Qashqadaryo (N. Zayniyev), Surxondaryo (T. Joʻrayev), Navoiy (E. Turdimov) va Samarqand (Oʻ. Barnoyev) viloyatlaridagi komissiyalarning ishida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarning sabablarini aniqlash, ularning bartaraf etilishini taʼminlash, saylov vaqtida fuqarolardan tushgan murojaatlarda bildirilgan taklif hamda mulohazalarni oʻrganish, asosiy eʼtiborni aholi va saylovchilarni tashvishlantirayotgan masalalarga, shuningdek mintaqalarni rivojlantirish muammolariga qaratish;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish shakllarini rivojlantirishga har taraflama yordam berish, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari oʻzlariga qonun hujjatlari bilan berilgan vakolatlarni yanada toʻlaroq amalga oshirishi uchun sharoit yaratish, ularning moddiy bazasini mustahkamlash;
tegishli qoʻmita va doimiy komissiyalar tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlari bilan birgalikda mahalliy oʻzini oʻzi boshqarish muammolari yuzasidan fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari bilan turkum seminarlar oʻtkazilishini tashkil etish, ilgʻor tajribani oʻrganish, umumlashtirish va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amaliyotga joriy etish, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyati haqida aholiga muntazam ravishda axborot berib borish.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyat, tuman va shaharlar hokimlariga yangi saylangan fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) uchun fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisidagi amaldagi qonun hujjatlarining qoidalarini oʻrganish, bunday organlarning faoliyatini tashkil etish masalalari yuzasidan olimlar, mutaxassislar, tajribali oqsoqollar, moliya, soliq organlari va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa tashkilotlar vakillarini jalb qilgan holda seminar-treninglar oʻtkazilishini tashkil etish tavsiya qilinsin.
4. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va ularning mansabdor shaxslari:
qonun hujjatlari bilan berilgan oʻz vakolatlaridan jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni isloh qilish va modernizatsiyalash jarayoniga aholining keng qatlamlarini faol jalb etish uchun samarali foydalansin;
mahalliy davlat hokimiyati organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlik ishlarini kuchaytirsin, bunda yosh avlodni gʻoyaviy-axloqiy tarbiyalash, xotin-qizlar va yoshlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish, vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ijrosini taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor bersin;
oʻz hududida kam taʼminlanganlarga yordam koʻrsatishda, moliyaviy mablagʻlarni sarflashda va boshqa masalalarni hal qilishda ijtimoiy adolat hamda oshkoralik prinsiplariga rioya etilishini taʼminlasin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasiga ushbu qarorning ijrosi yuzasidan 2009-yil 1-avgustgacha axborot bersin.
6. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi oʻrinbosari F.F. Muhitdinova zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2009-yil 27-fevral,
601-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2009-y., 2-son, 47-modda)