Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Respublika agrosanoat kompleksi uchun zamonaviy asbob-uskunalar va texnologiyalarning “Uzbekistan Agrotech Expo-2016” XI Xalqaro ixtisoslashtirilgan koʻrgazma-savdosini hamda qishloq xoʻjaligi texnikasi va mashinalarining “Uzbekistan Agromash Expo-2016” V Xalqaro ixtisoslashtirilgan koʻrgazmasini tashkil etish va oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 266-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2016-yil 12-apreldagi PQ-2520-son qarorini bajarish yuzasidan, qishloqda sanoat ishlab chiqarishi va qurilishini yanada jadal rivojlantirish, eng yangi texnologiyalar va zamonaviy texnika bilan jihozlangan meva-sabzavot va chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash boʻyicha ixcham korxonalarni tashkil etish, yetakchi xorijiy kompaniyalar tomonidan ishlab chiqariladigan ilgʻor, yuqori samarali texnologiyalar va asbob-uskunalar bilan tanishish uchun fermer xoʻjaliklari, agrofirmalar, boshqa tadbirkorlik subyektlariga qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek ularni sotib olishda ularga koʻmaklashish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Oʻzbekiston Fermerlari kengashining, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 21-maydagi PQ-1758-son qarori bilan tashkil etilgan 2012 — 2016-yillarda qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini yanada modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash dasturi bajarilishini taʼminlash boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirish va masalalarni tezkor hal etish Idoralararo komissiyasining (keyingi oʻrinlarda Idoralararo komissiya deb ataladi) 2016-yil 31-may — 3-iyunda Toshkent shahrida “Oʻzekspomarkaz” Milliy koʻrgazmalar kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyatining koʻrgazma maydonlari bazasida:
Respublika agrosanoat kompleksi uchun zamonaviy asbob-uskunalar va texnologiyalarning “Uzbekistan Agrotech Expo-2016” (keyingi oʻrinlarda “Uzbekistan Agrotech Expo-2016” koʻrgazmasi deb ataladi) XI Xalqaro ixtisoslashtirilgan koʻrgazma-savdosini;
qishloq xoʻjaligi texnikasi va mashinalarining “Uzbekistan Agromash Expo-2016” (keyingi oʻrinlarda “Uzbekistan Agromash Expo-2016” koʻrgazmasi deb ataladi) V Xalqaro ixtisoslashtirilgan koʻrgazmasini birgalikda oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, “Oʻzekspomarkaz” Milliy koʻrgazmalar kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyatining koʻrgazmalar maydonlari koʻrgazmalar ishtirokchilariga bepul beriladi, koʻrgazma stendlarini qurish va qoʻshimcha koʻrgazma uskunalarini taqdim etish va xizmatlar koʻrsatish esa belgilangan normativlarga muvofiq amalga oshiriladi.
3. Quyidagilar:
Respublika agrosanoat kompleksi uchun zamonaviy asbob-uskunalar va texnologiyalarning “Uzbekistan Agrotech Expo-2016” XI Xalqaro ixtisoslashtirilgan koʻrgazma-savdosini hamda qishloq xoʻjaligi texnikasi va mashinalarining “Uzbekistan Agromash Expo-2016” V Xalqaro ixtisoslashtirilgan koʻrgazmasini oʻtkazishning mavzuli rejalari 1 va 2-ilovalarga* muvofiq;
koʻrgazmalar doirasida 2016-yil 31-may — 3-iyun davrida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi koʻmagida, fermer xoʻjaliklari, agrofirmalar, boshqa tadbirkorlik subyektlari uchun mahalliy va xorijiy kompaniyalar vakillari taqdimotlarini tashkil etgan holda, “Oʻzekspomarkaz” Milliy koʻrgazmalar kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati kinolektoriysida har kungi mavzuli seminarlarni oʻtkazishning namunaviy ssenariysi 3-ilovaga* muvofiq;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, respublika viloyatlari, shaharlari va tumanlari hokimliklari rahbarlarining, respublikaning barcha mintaqalaridagi fermer xoʻjaliklari, agrofirmalar, boshqa tadbirkorlik subyektlari vakillarining koʻrgazmalarga kelish jadvali, shuningdek mintaqalardan koʻrgazma ishtirokchilarining Toshkent shahrida boʻlishi boʻyicha birkitilgan masʼul shaxslar roʻyxati 4-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1 — 4-ilovalar berilmaydi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligi uchun mini-texnologiyalar va ixcham uskunalarning xalqaro ixtisoslashtirilgan koʻrgazma-savdosini oʻtkazishni tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2006-yil 24-avgustdagi PQ-449-son qarori bilan tashkil etilgan Respublika agrosanoat kompleksi uchun mini-texnologiyalar va ixcham asbob-uskunalarning Xalqaro ixtisoslashtirilgan koʻrgazma-savdosini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha Tashkiliy qoʻmita Idoralararo komissiya, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash uchun zamonaviy texnologiyalar hamda asbob-uskunalar, shuningdek qishloq xoʻjaligi texnikasi, mashinalari va asbob-uskunalarining yetakchi jahon va mahalliy ishlab chiqaruvchilarini oʻtkaziladigan koʻrgazmalarda qatnashishga jalb etish boʻyicha faol reklama-axborot va tashkiliy ishlarni amalga oshirsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi koʻrgazmalar ishtirokchilari oʻrtasida shartnoma asosida tarqatish maqsadida Oʻzbekistonda va xorijda ishlab chiqarilayotgan qishloq xoʻjaligi uchun zamonaviy texnologiyalar va asbob-uskunalarning mufassal katalogini nashr etsin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi hamda Oʻzbekiston Fermerlari kengashi bilan birgalikda:
fermer xoʻjaliklari, agrofirmalar, boshqa tadbirkorlik subyektlari tomonidan koʻplab talab qilinadigan texnologiyalar va asbob-uskunalar turlari boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligiga bir hafta muddatda taqdim etsinlar;
fermer xoʻjaliklari, agrofirmalar, boshqa tadbirkorlik subyektlari vakillarining, shuningdek respublika mintaqalarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga kiritilgan loyihalar tashabbuskorlarining oʻtkaziladigan koʻrgazmalarda bevosita qatnashishini taʼminlasinlar va ularga kontraktlarni imzolashida koʻmaklashsinlar.
7. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligi uchun mini-texnologiyalar va ixcham uskunalarning xalqaro ixtisoslashtirilgan koʻrgazma-savdosini oʻtkazishni tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2006-yil 24-avgustdagi PQ–449-son qarorining 7-bandida nazarda tutilgan imtiyozlar “Uzbekistan Agrotech Expo-2016” koʻrgazmasida ishtirok etish doirasida, shuningdek koʻrgazma-savdo davomida tuzilgan kontraktlarni bajarish yuzasidan agrosanoat kompleksi uchun texnologiyalar va zamonaviy asbob-uskunalarni chetdan keltiruvchi tashkilotlarga tatbiq etiladi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi xoʻjalik yurituvchi subyektlariga “Uzbekistan Agromash Expo-2016” koʻrgazmasida tuzilgan kontraktlar boʻyicha qishloq xoʻjaligi texnikasi, mashinalari va asbob-uskunalarini tender savdolari oʻtkazmasdan sotib olishiga istisno tartibida ruxsat etilsin.
9. Idoralararo komissiya Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi hamda Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda “Uzbekistan Agromash Expo-2016” koʻrgazmasi natijalariga koʻra 2016-yil 30-iyungacha boʻlgan muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ishlab chiqarish va qishloq xoʻjaligiga yetkazib berish uchun jahondagi eng yaxshi ishlab chiqaruvchilardan texnikaning xalqaro talablar va standartlarga javob beradigan zamonaviy va yuqori unumli turlarini tanlab olish yuzasidan takliflar kiritsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi buyurtmanomalariga binoan, oʻtkaziladigan koʻrgazmalarning xorijiy ishtirokchilariga kirish vizalarining konsullik yigʻimlari va boshqa yigʻimlar undirilmasdan rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi koʻrgazmalar oʻtkaziladigan, shuningdek ularning ishtirokchilari yashaydigan joylarda jamoat tartibi va yongʻin xavfsizligining toʻlov undirilmasdan qoʻriqlanishini taʼminlasin.
12. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi:
koʻrgazmalar ishtirokchilarini “Toshkent” aeroportida kutib olish va kuzatib qoʻyishlarni tashkil etish shtabi ishlari muvofiqlashtirilishini, bunda shtabning zarur miqdorda tashkiliy-texnika va aloqa vositalari bilan jihozlanishini, shuningdek “Toshkent” aeroportida koʻrgazma ishtirokchilariga transport xizmati koʻrsatish nazarda tutilishini;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi buyurtmanomalariga binoan, koʻrgazmaga yuborilayotgan koʻrgazmalar yuklarining imtiyozli yuk tariflari boʻyicha tashilishini, belgilangan yuk tariflaridan 30 foizli chegirma berilishini, yuklarning “Toshkent” aeroportida ishlanishi va saqlanishi uchun yigʻimlar toʻlovidan ozod qilinishini;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining buyurtmanomalariga binoan “Uzbekistan Agrotech Expo-2016” va “Uzbekistan Agromash Expo-2016” koʻrgazmalari ishtirokchilari uchun aviachiptalarning band qilinishi va sotilishini;
koʻrgazmalar ishtirokchilariga “Toshkent” aeroportining SIP zali orqali, toʻlov undirilmasdan xizmatlar koʻrsatilishini;
“Toshkent” aeroporti binosi xonalarining “Uzbekistan Agrotech Expo-2016” va “Uzbekistan Agromash Expo-2016” koʻrgazmalari reklama koʻrsatkichlari bilan jihozlanishini;
tadbir mehmonlariga va ishtirokchilariga xizmat koʻrsatadigan avtotransport vositalarining taksilar va turizm avtobuslari uchun moʻljallangan “Toshkent” aeroporti avtomobillar toʻxtash joyiga Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi buyurtmanomalariga binoan bepul kiritilishini taʼminlasin.
13. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati:
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi tizimiga kiruvchi tashkilotlarning hamda “Uzbekistan Agrotech Expo-2016” va “Uzbekistan Agromash Expo-2016” koʻrgazmalari ishtirokchilarining buyurtmanomalariga binoan, koʻrgazmaga yuborilayotgan koʻrgazma yuklarining imtiyozli tariflar boʻyicha tashilishini, belgilangan stavkalarning kamida 30 foizi miqdorida chegirma berilishini, belgilangan manzilga yetkazib berishning va temir yoʻlda koʻrgazmaga olib kelinayotgan yuklarni tushirish uchun vagonlarning yigʻimlar undirilmasdan oʻz vaqtida berishning tezkor kuzatib turilishini;
koʻrgazmaga kelayotgan vagonlarning boʻsh turib qolganligi uchun toʻlovlardan ozod qilinishini taʼminlasin.
14. Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi koʻrgazmalarga tayyorgarlik va koʻrgazmalar ishlarining matbuotda hamda elektron ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, internet-nashrlarda keng yoritilishini taʼminlasinlar.
15. Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining buyurtmanomalariga binoan, “Uzbekistan Agrotech Expo-2016” va “Uzbekistan Agromash Expo-2016” koʻrgazmalariga keluvchilar uchun shartnoma asosida, imtiyozli shartlarda maʼlumotnoma-axborot bukletlari hamda sumkalar tayyorlanishini taʼminlasin.
16. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 26-aprel,
121-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 17-son, 175-modda)