Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2014-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobot haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisi F. Mullajonovning Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2014-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotini tinglab va muhokama qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati shuni qayd etadiki, “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning 2014-yilga moʻljallangan aniq maqsadga qaratilgan makroiqtisodiy koʻrsatkichlarini bajarishga yoʻnaltirilgan tarzda amalga oshirilgan muvozanatli pul-kredit siyosati iqtisodiyotda inflatsion jarayonlarni jilovlash yoʻli orqali milliy valyutaning barqarorligini taʼminlashga, shuningdek yuqori iqtisodiy oʻsish surʼatlariga erishishga koʻmaklashdi.
Oliy Majlis Senati konstitutsiyaviy vakolatlariga muvofiq Markaziy bankning faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotni eshitib borishni oʻzining muhim vazifalaridan biri ekanligini anglagan holda hisobotni eshitish chogʻida Markaziy bankning ish yakunlari har tomonlama va kompleks tahlil qilinishini, shuningdek zamonaviy talablar asosida uning faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tavsiyalar hamda takliflar ishlab chiqilishini maʼlumot uchun qabul qildi.
Hisobot yilida mamlakatimiz bank tizimining faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimovning Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 17-yanvardagi majlisidagi maʼruzasida, Oliy Majlis Senatining 2014-yil 28-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2013-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti haqida”gi Qarorida belgilangan, mamlakatimiz bank tizimining barqarorligini taʼminlash hamda uning yuqori iqtisodiy oʻsish surʼatlarini, makroiqtisodiy mutanosiblikni, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va diversifikatsiyalashni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashdagi ishtirokini kengaytirishga doir chora-tadbirlar roʻyobga chiqarilishini nazarda tutuvchi vazifalarni bajarishga qaratildi.
Xususan, 2014-yil mobaynida tijorat banklarining umumiy kapitali 24,8 foizga ortdi va 6,9 trln soʻmni tashkil etdi. Bank tizimi kapitalining yetarlilik darajasi 23,81 foizni tashkil etdi, bu esa xalqaro standartlar talablaridan qariyb uch baravar ortiqdir, bank tizimining likvidligi esa 64,62 foizni tashkil etdi, bu esa belgilangan xalqaro normativ talablardan ikki baravardan ham koʻproqdir.
Soʻnggi yillar davomida Markaziy bankning faoliyatiga baho berayotgan Xalqaro valyuta fondi tomonidan ham alohida qayd etildiki, bank sektori hamon barqarorlikni, yaxshi kapitallashuv va yuqori likvidlik darajasini saqlab qolmoqda hamda 2014-yildan boshlab garov taʼminotini roʻyxatga olishning markazlashtirilgan tizimi joriy etilgani moliyaviy resurslardan erkin foydalanishni kengaytirishga koʻmaklashdi.
Bu oʻz navbatida, mamlakatimiz tijorat banklariga yetakchi xalqaro reyting agentliklarining ijobiy reyting baholarini olish imkoniyatini bermoqda.
“Mudis” xalqaro reyting agentligi tomonidan Oʻzbekiston bank tizimining rivojlanish prognozi “barqaror” darajada ekanligi ketma-ket beshinchi yil tasdiqlandi. Bugungi kunda mamlakatimizning barcha tijorat banklari “Mudis”, “Fitch Reytings” va “Standart end Purs” yetakchi xalqaro reyting agentliklarining “barqaror” reyting baholarini oldi.
Mamlakatimiz bank tizimini rivojlantirishning 2014-yilgi natijalarini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 7-yanvardagi PQ-1464-sonli Qarori bilan belgilangan indikatorlarga binoan baholaganda 2015-yilning 1-yanvar holatiga koʻra bank tizimi faoliyatining barcha asosiy koʻrsatkichlari “yuqori” bahoga loyiqdir.
Banklar faoliyati rivojlangan va samarali boʻlishini taʼminlashning muhim sharti fuqarolar hamda xoʻjalik yurituvchi subyektlarning banklarga boʻlgan ishonchini mustahkamlashdan iboratdir. Chunonchi, hisobot yilida aholi va xoʻjalik yurituvchi subyektlar depozitlarining tijorat banklaridagi umumiy hajmi 30,5 foizga oʻsdi.
Iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlashga doir investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish uchun bank investitsiyalarining kengaytirilganligi alohida ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, tijorat banklari tomonidan 8,5 trln soʻmlik bunday loyihalarga kredit ajratildi, bu esa 2013-yil bilan taqqoslaganda 20 foizga koʻpdir.
Hisobot yilida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlar hajmi 2013-yilga nisbatan 1,3 baravar koʻpni, shu jumladan mikrokreditlar hajmi 1,4 baravar koʻpni tashkil etdi.
Banklar tomonidan yoshlarni, jumladan kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish hamda ularning biznes loyihalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlashga jiddiy eʼtibor berib kelinmoqda. Xususan, mazkur yoʻnalishga 201 mlrd soʻm kreditlar ajratildi, bu esa 2013-yilga nisbatan 1,4-marta koʻpdir.
Tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlar hisobiga 355 mingdan ziyod yangi ish oʻrni yaratildi.
Hisobot yilida iqtisodiyotdagi moliyaviy xizmatlar tarkibida bank xizmatlarining ulushi 89 foizni tashkil etdi va bu koʻrsatkich 2013-yilga nisbatan 1,3 baravar oshdi.
“Sogʻlom bola yili” Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarni roʻyobga chiqarish doirasida 2014-yil mobaynida tijorat banklari tomonidan 3,2 trln soʻm miqdorida kreditlar ajratildi.
Oliy Majlis Senati mamlakatimiz bank tizimi barqarorligi va samaradorligini taʼminlash borasida Markaziy bank ishtirokining muhimligini qayd etib, iqtisodiyotning barqaror yuqori surʼatlar bilan oʻsishini taʼminlaydigan pul-kredit siyosatini davom ettirishni, bank nazorati tizimini takomillashtirish, tijorat banklari va umuman bank tizimining faoliyatini baholashda yetakchi xalqaro reyting agentliklari tomonidan qoʻllanilayotgan xalqaro normalar, mezonlar va standartlardan foydalanish amaliyotini kengaytirish borasidagi ishlarni davom ettirishni, banklarning investitsiyaviy faoliyatini yanada kuchaytirishni tavsiya qiladi va bunda mintaqalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarida nazarda tutilgan loyihalarni moliyalashtirishga, ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlashga, imtiyozli kreditlar ajratish yoʻli bilan ayollar tadbirkorligi va oilaviy tadbirkorlikni har tomonlama rivojlantirish hamda moliyaviy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratadi.
Yuqorida bayon etilganlarga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2014-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki (F. Mullajonov):
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni taʼminlash, ularni jadal rivojlantirish yoʻlidagi toʻsiqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-4725-sonli Farmonida, shuningdek uni roʻyobga chiqarish boʻyicha tasdiqlangan chora-tadbirlarda Markaziy bank zimmasiga yuklatilgan vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlasin;
xalqaro tajribani hamda globallashuv jarayonida yuz berayotgan oʻzgarishlarni hisobga olgan holda bankka oid qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish borasidagi faoliyatini davom ettirsin;
Oʻzbekiston Respublikasining bank faoliyatini tartibga solishga doir qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining moliya-bank tizimini isloh qilish hamda mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashga doir farmonlari va qarorlari bilan belgilangan talablarning oʻz vaqtida hamda sifatli bajarilishini taʼminlasin;
inflatsiya darajasini tasdiqlangan prognoz parametrlari doirasida saqlab turishga va 2015-yilgi iqtisodiy dasturning ustuvor yoʻnalishlari doirasida iqtisodiy oʻsishning barqaror yuqori surʼatlarini taʼminlashga qaratilgan pul-kredit siyosati yuritilishini davom ettirsin;
ichki valyuta bozorining barqarorligini taʼminlashga, zamonaviy raqobatbardosh tayyor mahsulot ishlab chiqarishni kengaytirishga va eksportni ragʻbatlantirishga qaratilgan valyuta siyosatini yuritsin;
bank tizimining barqarorligi va ishonchliligini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni izchil hamda aniq maqsadga qaratilgan holda roʻyobga chiqarishni davom ettirsin, bank sohasida raqobatni yanada kuchaytirish hamda banklarning qimmatli qogʻozlari bozorini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻrsin;
tijorat banklari faoliyatini xalqaro standartlar va prinsiplarga muvofiq baholash, tartibga solish va nazorat qilish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha tadbirlar bajarilishini taʼminlasin;
mamlakat bank tizimini yanada isloh qilish hamda samaradorligi va ishonchliligini oshirish boʻyicha qabul qilingan bank sohasiga doir qonun hujjatlarining mohiyatini, ahamiyatini hamda ularni amalga oshirish mexanizmlarini tushuntirish boʻyicha joylarda muntazam ravishda seminarlar oʻtkazib borsin.
3. “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 26-noyabrdagi “2011 — 2015-yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting koʻrsatkichlariga erishishning ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisida”gi PQ-1438-sonli Qarori va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan belgilangan vazifalardan kelib chiqib, bank faoliyati subyektlariga quyidagilar tavsiya etilsin:
qoʻshimcha aksiyalar va boshqa qimmatli qogʻozlarni chiqarish hamda joylashtirish boʻyicha bozor vositalari va mexanizmlaridan samarali foydalanish hisobiga, shuningdek aholi va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning boʻsh pul mablagʻlarini uzoq muddatli depozitlarga jalb etishni kengaytirish hisobiga banklarning resurs bazasi yanada oshirilishini taʼminlash;
aktivlarni diversifikatsiyalash, shu jumladan kredit portfelini yaxshilash, tavakkalchiliklarni samarali boshqarish yuzasidan zarur choralar koʻrish;
yetakchi xalqaro reyting agentliklari bilan yaqindan hamkorlik qilish borasidagi ishni davom ettirish va xalqaro reyting baholarini muntazam yangilab borish choralarini koʻrish;
iqtisodiyotning real sektoridagi korxonalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash hamda ishlab chiqarishni diversifikatsiyalashga doir investitsiyaviy loyihalarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash tadbirlari olib borilishini davom ettirish;
mintaqalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda kichik biznesni rivojlantirish dasturlariga kiritilgan loyihalarning belgilangan tartibda moliyalashtirilishini taʼminlash;
“Keksalarni eʼzozlash yili” Davlat dasturida hamda mamlakat mintaqalarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarida tijorat banklari zimmasiga yuklatilgan vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash;
banklar tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlarning turlarini yanada kengaytirish va sifatini yaxshilash, xususan bank infratuzilmasini, ayniqsa, qishloq joylarda rivojlantirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qoʻllagan holda masofadan turib xizmatlar koʻrsatishni kengaytirish boʻyicha choralar koʻrish;
yoshlarning, jumladan kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining biznes loyihalarini moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash orqali ularni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish ishlarini kuchaytirish.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 6-maydagi “Tijorat banklarining moliyaviy barqarorligini mustahkamlash va ularning resurs bazasini rivojlantirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-2344-sonli Qarori talablaridan kelib chiqib, tijorat banklarining kapitallashuv darajasini oshirish, banklarda barqaror resurs bazasini yaratish hamda aholining va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning boʻsh pul mablagʻlarini jalb etish hisobiga tijorat banklarining iqtisodiyotni modernizatsiya qilish jarayonidagi ishtirokini yanada kengaytirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki:
bank tizimi kapitallashuvini oshirishga doir amaldagi normativ hujjatlarga tegishli oʻzgartishlar kiritilishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston banklari Assotsiatsiyasi bilan birgalikda tijorat banklarining depozit siyosatiga qoʻyiladigan talabni takomillashtirsin;
bank nazorati boʻyicha Bazel qoʻmitasining (“Bazel III”) standartlari va tavsiyalarini mamlakatimiz bank tizimiga bosqichma-bosqich joriy etish chora-tadbirlarini amalga oshirsin;
mazkur qarorga muvofiq bank tizimiga taqdim etilgan imtiyozlardan foydalanish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni qatʼiy nazorat ostiga olsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki (F. Mullajonov) ushbu qarorning bajarilishi haqida 2016-yil 1-fevralga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga axborot taqdim etsin.
6. Ushbu qarorning ijro etilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi (F. Umarov) zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi N. YOʻLDOShEV
Toshkent sh.,
2015-yil 7-avgust,
SQ-51-III-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2015-y., 8-son, 324-modda)