Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Protsessual huquq normalarining buzilishi yoki notoʻgʻri qoʻllanishi, agar bu buzilish notoʻgʻri hal qiluv qarori yoki qarorning qabul qilinishiga olib kelgan boʻlsa, hal qiluv qarorini yoki qarorni bekor qilish uchun asos boʻladi
[Koʻchirma]
Gʻuzor tuman davlat soliq inspeksiyasi xoʻjalik sudiga murojaat qilib, “Mushtariybonu koʻzgusi” xususiy savdo doʻkoniga Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 114-moddasiga asosan 9946000 soʻm, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 16-martdagi PQ-605-son Qarori bilan tasdiqlangan “Alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilish qoidalari”ning 16-bandiga muvofiq eng kam ish haqining 200 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda moliyaviy jarima qoʻllashni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2009-yil 29-sentabrdagi hal qiluv qarori bilan daʼvo toʻliq qanoatlantirilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2009-yil 23-dekabrdagi ajrimi bilan apellatsiya shikoyati boʻyicha ish yuritish tugatilgan.
2010-yil 26-yanvardagi sud ajrimi bilan hal qiluv qarori yangi ochilgan holatlar boʻyicha oʻzgartirilgan. Kirim hujjatlari boʻlmagan alkogolli ichimliklar uchun 204000 soʻm moliyaviy jarima qoʻllanilib, daʼvoning qolgan qismi rad etilgan.
Kassatsiya protestida sudning 2010-yil 26-yanvardagi ajrimini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun yuborish, kassatsiya shikoyatida esa ushbu sud ajrimini bekor qilib, javobgarga eng kam ish haqining 200 baravaridan 300 baravarigacha moliyaviy jarima qoʻllash soʻralgan.
Sudlov hayʼati protest va shikoyat vajlarini muhokama qilib, ishdagi hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra sud ajrimini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun yuborishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, birinchi instansiya sudi “Mushtariybonu koʻzgusi” xususiy savdo doʻkoniga nisbatan moliyaviy jarima qoʻllash haqida 2009-yil 29-sentabrda hal qiluv qarori qabul qilgan.
Xoʻjalik protsessual kodeksining 208-moddasiga binoan xoʻjalik sudi sud hujjatini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish haqidagi arizani koʻrib chiqib, uni qanoatlantiradi va sud hujjatini bekor qiladi yoki arizani qanoatlantirishni rad etadi va bu haqda ajrim chiqaradi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Xoʻjalik sudining qonuniy kuchga kirgan hujjatlarini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining qoʻllanishi haqida” 2003-yil 25-iyuldagi 111-son qarorining 14-bandida tushuntirish berilgan.
“Mushtariybonu koʻzgusi” xususiy savdo doʻkoni jinoyat ishlari boʻyicha Qamashi tuman sudining 2009-yil 16-noyabrdagi hukmida bayon etilgan holatlarga asoslanib, hal qiluv qarorini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish haqidagi ariza bilan sudga murojaat qilgan.
Birinchi instansiya sudi ishni koʻrishda protsessual huquq normalarining buzilishiga yoʻl qoʻygan. Yaʼni, sud hujjatini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish haqidagi arizani koʻrib chiqib, uni qanoatlantirishi va sud hujjatini bekor qilishi yoxud arizani qanoatlantirishni rad etib, shu haqda ajrim chiqarishi lozim boʻlsa-da, hal qiluv qarorini ajrim bilan oʻzgartirib, xatolikka yoʻl qoʻygan.
Qayd etilganlarga koʻra, sudlov hayʼati sud ajrimini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun yuborishni lozim topadi.
Ishni yangidan koʻrishda birinchi instansiya sudi arizadagi vajlarni muhokama qilib, moddiy va protsessual huquq normalarini toʻgʻri qoʻllab, qonuniy va asoslantirilgan sud hujjati qabul qilishi lozim.
Ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq 5000 soʻm pochta xarajatlari javobgar zimmasiga yuklanadi.
2010-yil 20-aprel,
18-0908/16761-son