Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Agar sud ishni ishda ishtirok etuvchi, majlis joyi va vaqti toʻgʻrisida tegishli ravishda xabardor qilinmagan shaxslardan birortasining yoʻqligida koʻrgan boʻlsa, bu hol hal qiluv qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asos boʻladi
[Koʻchirma]
Oʻzbekiston Respublikasi TIF Milliy bankining Urganch boʻlimi bank tomonidan berilgan bosh ishonchnoma asosida xoʻjalik sudiga murojaat qilib, javobgar — yakka tartibdagi tadbirkor Saburov Gʻayrat bilan tuzilgan 2002-yil 6-maydagi kredit shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish va javobgarlar — yakka tartibdagi tadbirkor Saburov Gʻayrat hamda Oʻzbekiston karlar jamiyatining Urganch oʻquv-ishlab chiqarish korxonasidan 4261166 soʻm pul mablagʻlarini solidar tartibda undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2003-yil 17-oktabrdagi hal qiluv qarori bilan daʼvo toʻliq qanoatlantirilgan.
Ish apellatsiya va kassatsiya instansiyalarida koʻrilmagan.
Javobgar — Oʻzbekiston karlar jamiyatining Urganch oʻquv-ishlab chiqarish korxonasi 2010-yil 13-dekabrda xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, 2003-yil 17-oktabrdagi hal qiluv qarorini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrib chiqib, uni bekor qilish va daʼvoni rad etishni soʻragan.
Sudning 2011-yil 21-yanvardagi ajrimi bilan ariza qanoatlantirilib, hal qiluv qarori bekor qilingan.
Birinchi instansiya sudining 2011-yil 21-yanvardagi hal qiluv qarori bilan daʼvo talabining yakka tartibdagi tadbirkor Saburov Gʻayratga nisbatan tegishli qismi boʻyicha ish yuritish tugatilgan. Daʼvo talabining Oʻzbekiston karlar jamiyatining Urganch oʻquv-ishlab chiqarish korxonasiga nisbatan tegishli qismi rad etilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Kassatsiya shikoyatlarida 2011-yil 21-yanvardagi ajrim va hal qiluv qarorini bekor qilib, arizani rad qilish haqida yangi qaror qabul qilish, kassatsiya protestida esa sud hujjatlarini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatlari va protestda keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagilarga koʻra ajrimni bekor qilish haqidagi kassatsiya shikoyati boʻyicha ish yuritishni tugatishni, hal qiluv qarorini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, Oʻzbekiston Respublikasi TIF Milliy bankining Urganch boʻlimi bilan yakka tartibdagi tadbirkor Saburov Gʻayrat oʻrtasida 2002-yil 6-mayda yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan mahsulot ishlab chiqarish faoliyatini rivojlantirish maqsadida 3400000 soʻm ajratish toʻgʻrisida 0464-sonli kredit shartnomasi imzolangan.
Kreditning qaytarilishini taʼminlash maqsadida 2006-yil 6-mayda bank, yakka tartibdagi tadbirkor Saburov Gʻayrat hamda Oʻzbekiston karlar jamiyatining Urganch oʻquv-ishlab chiqarish korxonasi oʻrtasida tuzilgan kafillik shartnomasiga koʻra, Oʻzbekiston karlar jamiyatining Urganch oʻquv-ishlab chiqarish korxonasi yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan kreditdan boʻlgan qarz oʻz vaqtida bankka qaytarilmagan taqdirda 4250000 soʻmdan oshmagan qismini bankka toʻlash majburiyatini olgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 744-moddasining birinchi qismiga koʻra, kredit shartnomasi boʻyicha bir taraf — bank yoki boshqa kredit tashkiloti ikkinchi tarafga (qarz oluvchiga) shartnomada nazarda tutilgan miqdorda va shartlar asosida pul mablagʻlarini (kredit) berish, qarz oluvchi esa olingan pul summasini qaytarish va uning uchun foizlar toʻlash majburiyatini oladi.
Shartnoma majburiyatlari javobgarlar tomonidan oʻz vaqtida bajarilmaganligi sababli, daʼvogar xoʻjalik sudiga murojaat qilib, javobgar va kafildan solidar tartibda 4250000 soʻmni undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2003-yil 17-oktabrdagi hal qiluv qarori bilan daʼvo toʻliq qanoatlantirilgan.
Oʻzbekiston karlar jamiyati Urganch oʻquv-ishlab chiqarish korxonasining arizasiga asosan sudning ushbu hal qiluv qarori yangi ochilgan holat boʻyicha qaytadan koʻrib chiqilib, 2011-yil 21-yanvarda daʼvo talabining yakka tartibdagi tadbirkor Saburov Gʻayratga nisbatan tegishli qismi boʻyicha ish yuritishni tugatish, daʼvo talabining Oʻzbekiston karlar jamiyatining Urganch oʻquv-ishlab chiqarish korxonasiga nisbatan tegishli qismini rad etish haqida hal qiluv qarori qabul qilingan.
Nizoni hal qilish jarayonida birinchi instansiya sudi tomonidan protsessual huquq normalarini qoʻllashda xatolikka yoʻl qoʻyilgan.
Birinchi instansiya sudi yakka tartibdagi tadbirkor Saburov Gʻayratga yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan guvohnoma sud muhokamasiga daʼvogar yoki javobgar tomonidan taqdim etilmaganligini asos qilib, nizoning unga nisbatan qismi boʻyicha ish yuritishni tugatish toʻgʻrisida barvaqt xulosaga kelgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2003-yil 25-iyuldagi “Xoʻjalik sudining qonuniy kuchga kirgan hujjatlarini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining qoʻllanishi haqida”gi 111-sonli qarori 15-bandining ikkinchi xatboshisida yangi ochilgan holat boʻyicha sud hujjati bekor qilingan taqdirda, xoʻjalik sudi, imkoniyat mavjud boʻlganda hamda ishda ishtirok etuvchi shaxslarning protsessual huquqlarini qatʼiy taʼminlagan holda, dastlabki sud qarorini bekor qilish haqida ajrim chiqarilgandan soʻng bevosita shu sud majlisida ishni mazmunan koʻrib chiqishga haqli ekanligi toʻgʻrisida tushuntirish berilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 124-moddasining birinchi qismiga koʻra, ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida sudning ajrimi orqali xabardor qilinadi, ajrim topshirilganligi maʼlum qilinadigan buyurtma xat bilan yuboriladi.
Yakka tartibdagi tadbirkor Saburov Gʻayratga 2011-yil 21-yanvarda oʻtkaziladigan sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida sudning ajrimi yetkazilmagan, yaʼni ish javobgar xabardor qilinmasdan koʻrilgan. Natijada sud tomonidan yakka tartibdagi tadbirkorning hozirda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi holati aniqlashtirilmagan.
Shuningdek, kassatsiya shikoyatida sudning 2011-yil 21-yanvardagi ajrimini ham bekor qilish soʻralgan.
Yuqorida qayd etilgan Plenum qarori 14-bandining ikkinchi xatboshisida arizani qanoatlantirish haqidagi ajrim ustidan shikoyat berilmasligi va shu bois, u qabul qilingan paytdan boshlab qonuniy kuchga kirishi qayd etilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2005-yil 23-dekabrdagi “Kassatsiya instansiyasida ishlarni koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining qoʻllanilishi toʻgʻrisida”gi 136-sonli qarorining 8-bandida kassatsiya shikoyati hal qiluv qarori, qaror ustidan shikoyat qilishga huquqi boʻlmagan shaxs tomonidan berilganda yoki kassatsiya shikoyati (protesti) kassatsiya tartibida shikoyat berilmaydigan (protest keltirilmaydigan) sud hujjati ustidan berilganda birinchi instansiya sudining sudyasi XPK 117-moddasi birinchi qismining 1-bandiga mos holda shikoyatni (protestni) qabul qilishni rad etishi, agar koʻrsatilgan holatlar kassatsiya shikoyati (protesti) ish yuritishga qabul qilingandan keyin aniqlansa, shikoyat (protest) boʻyicha kassatsiya instansiyasida ish yuritish XPK 86-moddasining 1-bandiga mos holda tugatilishi haqida tushuntirish berilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksida bunday ajrim ustidan shikoyat qilish nazarda tutilmagan.
Bunday holda sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatini qisman qanoatlantirib, ajrim boʻyicha kassatsiya instansiyasida ish yuritishni tugatib, hal qiluv qarorini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishni lozim topadi.
Ishni yangidan koʻrishda birinchi instansiya sudi yuqorida qayl etilgan holatlarni muhokama qilib, sud majlisida javobgar — yakka tartibdagi tadbirkor Saburov Gʻayratning ishtirokini taʼminlab, undan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan guvohnomani, taraflardan 2002-yil 6-maydagi kredit shartnomasi nusxasini talab qilib olib, ularga huquqiy baho berib, moddiy va protsessual huquq normalari bilan asoslantirilgan sud hujjati qabul qilishi va ishni sudda koʻrish bilan bogʻliq boʻlgan sud xarajatlarini taraflar oʻrtasida taqsimlab, undirish masalasini hal qilishi lozim boʻladi.
2011-yil 30-mart,
22-0602/1425-son