Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Agar kassatsiya instansiyasi sudi ish holatlari taqdim etilgan dalillarni har tomonlama, toʻliq va xolisona oʻrganish asosida aniqlanganligini, ammo sudning xulosalari bu holatlarga mos emasligini aniqlasa, kassatsiya instansiyasi sudi hal qiluv qarorni, qarorni bekor qiladi va yangi qaror qabul qiladi
[Koʻchirma]
“Haydarov Abduraxmon Alisherovich” xususiy korxonasi (bundan buyon matnda — korxona deb yuritiladi) xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, Qarshi tuman Davlat soliq inspeksiyasi (bundan buyon matnda — DSI deb yuritiladi)ning 2014-yil 16-iyundagi “Soliq tekshiruvi materiallarini koʻrib chiqish toʻgʻrisida”gi qarorini qisman haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan arz qilingan talab qanoatlantirilgan. DSIning 2014-yil 16-iyundagi “Soliq tekshiruvi materiallarini koʻrib chiqish toʻgʻrisida”gi qarorinining 2011-yil umumiy ovqatlanish faoliyati boʻyicha yagona soliq toʻlovidan 5 597 700 soʻm qoʻshimcha, kechiktirilgan kunlari uchun hisoblangan 1 542 400 soʻm penya, 2012-yil umumiy ovqatlanish faoliyati boʻyicha yagona soliq toʻlovidan 11 925 900 soʻm qoʻshimcha, kechiktirilgan kunlar uchun hisoblangan 1 849 700 soʻm penya, 2013-yil umumiy ovqatlanish faoliyati boʻyicha yagona soliq toʻlovidan 30 628 100 soʻm qoʻshimcha, kechiktirilgan kunlar uchun hisoblangan 1 061 300 soʻm penya, jami boʻlib 52 605 100 soʻm undirish qismi haqiqiy emas deb topilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya shikoyatida korxonaning arizasida koʻrsatilgan vajlar asossiz ekanligi, Qashqadaryo viloyat Davlat soliq boshqarmasi huzuridagi Soliq nizolarini sudgacha koʻrib chiqish boʻyicha ishchi guruhining yigʻilish bayoniga koʻra, komissiya tomonidan korxonaga alkogolli mahsulotlarni sotish huquqi uchun ruxsat guvohnomasi chakana savdo korxonasiga emas, balki umumiy ovqatlanish korxonasiga berilgan boʻlib, korxona tomonidan alkogol mahsulotlari alohida turgʻun savdo shaxobchasida emas, umumiy ovqatlanish korxonasida xoʻrandalarga sotilgan boʻlib, alkogol mahsulotlarni sotishdan tushgan tushum ham umumiy ovqatlanish korxonasining umumiy tushumlari tarkibiga kirganligi bayon qilinib, hal qiluv qarorini bekor qilish, arz qilingan talabni qanoatlantirishni rad etish soʻralgan.
Kassatsiya protestida, birinchi instansiya sudi tomonidan ish uchun ahamiyatli boʻlgan holatlar toʻliq oʻrganilmasdan arizani qanoatlantirish haqida barvaqt xulosaga kelinganligi sababli sud qarorlarini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya protesti va shikoyatidagi vajlarni muhokama qilib, ishdagi hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagi asoslarga koʻra, hal qiluv qarorini oʻzgartirishni, kassatsiya shikoyati va protestni qisman qanoatlantirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika Kengashi tomonidan 2014-yil may oyi uchun tasdiqlangan reja jadvali va DSIning 2014-yil 5-maydagi 85-xs-sonli buyrugʻiga asosan korxonada 2009-yil 1-yanvardan 2014-yil 1-yanvargacha boʻlgan moliyaviy xoʻjalik faoliyati davrida soliq qonunchiligiga rioya qilinishi va budjet bilan hisob-kitoblarni amalga oshirilishi yuzasidan soliq hizmati organlariga nazorati yuklatilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari talablarini bajarilishi yuzasidan korxona tomonidan taqdim etilgan hujjatlar, maʼlumotlar asosida hujjatli tekshirish oʻtkazilgan.
Tekshirish natijalari yuzasidan korxonaga 2011-yil umumiy ovqatlanish faoliyati uchun yagona soliq toʻlovidan 5 597 700 soʻm qoʻshimcha, kechiktirilgan kunlar uchun 1 542 400 soʻm penya, 2012-yil umumiy ovqatlanish faoliyati uchun yagona soliq toʻlovidan 11 925 900 soʻm qoʻshimcha, kechiktirilgan kunlar uchun 1 849 700 soʻm penya, 2013-yil umumiy ovqatlanish faoliyati uchun yagona soliq toʻlovidan 30 628 100 soʻm qoʻshimcha, kechiktirilgan kunlar uchun 1 061 300 soʻm penya hisoblangan va bu haqda DSIning 2014-yil 16-iyunda “Soliq tekshiruvi materiallarini koʻrib chiqish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan.
DSIning ushbu qaroridan norozi boʻlgan korxona sudga ariza bilan murojaat qilib, qarorni qisman haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi ish uchun ahamiyatli holatlarni aniqlamasdan, aniqlangan deb topilgan holatlarni isbotlovchi hujjatlarni talab qilib olmasdan arz qilingan talabni toʻliq qanoatlantirish haqida barvaqt xulosaga kelgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 28-martdagi 89-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan alkogolli mahsulotlar sotish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Nizom umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan alkogolli mahsulotlarni sotish huquqi uchun ruxsat guvohnomasi berish tartibini belgilaydi.
Mazkur Nizom talablari asosida ruxsat guvohnomasi olish uchun umumiy ovqatlanish korxonasi oʻzi joylashgan joydagi ishchi organiga tegishli hujjatlarni taqdim etishi, ishchi organ tomonidan taqdim etilgan hujjatlar komissiya tomonidan koʻrib chiqilib, umumiy ovqatlanish korxonasiga alkogolli mahsulotlarni sotish huquqi uchun ruxsat guvohnomasi berish toʻgʻrisida qabul qilgan qaroriga asosan “Umumiy ovqatlanish korxonasi tomonidan alkogolli mahsulotlarni sotish huquqi uchun ruxsat guvohnomasi” berilishi koʻrsatilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 30-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2012-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi PQ-1675-sonli qarori va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 25-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi PQ-1887-sonli qarorining 9-2-ilovasida, Savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari, shu jumladan, mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun yagona soliq toʻlovining stavkalari belgilangan boʻlib, umumiy ovqatlanish korxonalarida 10 foiz, aholisi soni 100 ming va undan koʻp kishidan iborat shaharlarda 4 foiz, boshqa aholi punktlarida 2 foiz, borish qiyin boʻlgan va togʻli tumanlarda 1 foiz stavkada yagona soliq toʻlovi toʻlashi qayd etilgan.
Sudlov hayʼati korxona umumiy ovqatlanish korxonasi boʻlganligi hamda unga “Umumiy ovqatlanish korxonasi tomonidan alkogolli mahsulotlarni sotish huquqi uchun ruxsat guvoxnomasi” 2012-yilda berilganligi sababli DSIning korxonaga nisbatan 2012 - 2013-yillar uchun hisoblangan qoʻshimcha soliq va penyani asosli deb hisoblaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Kassatsiya instansiyasida ishlarni koʻrishida Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksinining qoʻllanilishi toʻgʻrisida” 2005-yil 23-dekabrdagi 136-sonli qarorining 15-bandida, agar kassatsiya instansiyasi sudi ish holatlari taqdim etilgan dalillarni har tomonlama, toʻliq va xolisona oʻrganish asosida aniqlanganligini, ammo sudning xulosalari bu holatlarga mos emasligini aniqlasa, kassatsiya instansiyasi sudi hal qiluv qarorni, qarorni bekor qiladi va yangi qaror qabul qilishi haqida tushuntirish berilgan.
Qayd etilganlarga koʻra, sudlov hayʼati kassatsiya shikoyati va protestni qisman qanoatlantirib, sud qarorlarini oʻzgartirishni, korxonaning DSIning 2014-yil 16-iyundagi qarorinining 2012-yil umumiy ovqatlanish faoliyati uchun yagona soliq toʻlovidan 11 925 900 soʻm qoʻshimcha, kechiktirilgan kunlar uchun 1 849 700 soʻm penya hamda 2013-yil umumiy ovqatlanish faoliyati uchun yagona soliq toʻlovidan 30 628 100 soʻm qoʻshimcha, kechiktirilgan kunlar uchun 1 061 300 soʻm hisoblangan penya qismini haqiqiy emas deb topish hamda DSIdan korxona foydasiga 480 525 soʻm davlat boji va 500 soʻm pochta xarajati undirish qismlarini bekor qilishni, korxona arizasining ushbu qismini qanoatlantirishni rad etish haqida yangi qaror qabul qilishni lozim topadi. Shuningdek, korxona tomonidan birinchi instansiya sudi uchun davlat boji toʻlanganligini inobatga olib, ishni apellatsiya va kassatsiya instansiyasida koʻrish bilan bogʻliq 480 525 soʻm davlat bojini respublika budjetiga 7 000 soʻm pochta xarajatlarini DSI foydasiga undirishni lozim topdi.
2015-yil 17-mart,
18-1403/19552-son