Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Aksiyadorlik jamiyatlariga xorijiy investorlarni jalb qilish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Aksiyadorlik jamiyatlariga xorijiy investor va menejerlarni keng jalb etish, korporativ boshqaruvda, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlashda, sifatli, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etish hamda uni tashqi bozorlarga olib chiqishda ularning faol ishtirok etishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek aksiyadorlik jamiyatlarining ustav kapitallarida davlat aktivlari va ulushlarini qisqartirish hisobidan iqtisodiyotda davlatning ishtirokini tubdan kamaytirish maqsadida:
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-martdagi PF-5968-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.03.2020-y., 06/20/5968/0331-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-martdagi PF-5968-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.03.2020-y., 06/20/5968/0331-son)
3. Aksiyadorlik jamiyatlari faoliyati samaradorligini oshirish va korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish boʻyicha komissiya (R. Azimov) va Vazirlar Mahkamasi komplekslari zimmasiga quyidagi vazifalar yuklatilsin:
amaldagi aksiyadorlik jamiyatlarini belgilangan muddatlarda mazkur qaror talablariga muvofiqlashtirishning qatʼiy nazoratini taʼminlash;
xorijiy investorlarga sotilishi lozim boʻlgan aksiyadorlik jamiyatlarining aksiyalarini baholash va savdoga qoʻyish jadvalini bir oy muddatda ishlab chiqish va tasdiqlash;
xorijiy investorlarni aksiyadorlik jamiyatlariga jalb etish boʻyicha ishlarning tashkil etilishi doimiy monitoringini olib borish;
aksiyadorlik jamiyatlarining ustav kapitalidagi davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining ulushi sotilishini davom ettirish boʻyicha tizimli asosda takliflar ishlab chiqish va kiritish.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 11-apreldagi PF-3594-sonli Farmoni bilan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarga xorijiy investor tomonidan kiritilgan investitsiyalar hajmiga qarab yuridik shaxslarning foyda soligʻi, mulk soligʻi, yagona soliq toʻlovi, shuningdek Respublika yoʻl jamgʻarmasiga majburiy ajratmalar toʻlash boʻyicha berilgan imtiyozlar tabaqalashtirilgan tarzda xorijiy investorning ulushi ustav kapitalining 15 foizidan 33 foizigacha miqdorni tashkil etadigan aksiyadorlik jamiyatlariga tatbiq etilsin.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-apreldagi PF-5398-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2018-y., 06/18/5398/1004-son)
5. Quyidagilar:
2020-yilning 1-yanvarigacha xorijiy investorlarning aksiyadorlik jamiyatlarida ularga tegishli boʻlgan aksiyalaridan dividend tarzida olayotgan daromadidan soliq toʻlashdan;
xorijiy investitsiyasi mavjud aksiyadorlik jamiyatlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan taqdirda daʼvo arizasi bilan sudga murojaat etganda davlat bojini toʻlashdan ozod qilinsin, keyinchalik davlat boji sudning tegishli qarori bilan aybdor deb topilgan tomondan undirib olinsin.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Ichki ishlar vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda joylarga chiqib aksiyadorlik jamiyatlarining moliyaviy-iqtisodiy ahvolini oʻrganish uchun jalb etilgan xorijiy mutaxassislarga Oʻzbekiston Respublikasiga kirish va turish uchun ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirishda koʻmaklashsin.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Iqtisodiyot vazirligi hamda Moliya vazirligi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2015-yil 21-dekabr,
PQ-2454-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 21-dekabrdagi PQ-2454-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritiladigan oʻzgartish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiyotda xususiy mulkning ulushi va ahamiyatini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2015-yil 28-apreldagi PQ-2340-sonli qarorining 6-bandi quyidagi mazmundagi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“2-ilovaga kiritilgan 15 foizdan kamroq xorijiy kapital ishtirokidagi aksiyadorlik jamiyatlarining aksiya paketlari faqat xorijiy investorlarga sotiladi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining ulushi boʻlgan tijorat tashkilotlari faqat aksiyadorlik jamiyati yoki masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil etiladi.”.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 51-son, 633-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2018-y., 06/18/5398/1004-son; 19.03.2020-y., 06/20/5968/0331-son; 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son)