Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Majburiyatlar majburiyat shartlariga va qonun hujjatlari talablariga muvofiq lozim darajada bajarilishi kerak
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi “Karimullayeva Gulsara” koʻp tarmoqli xususiy firmasi (bundan buyon matnda — davogar) manfaatida daʼvo arizasi bilan xoʻjalik sudiga murojaat qilib, javobgar “Babur Zakir Nukus” xususiy kichik firmasidan (bundan buyon matnda — javobgar) 55 081 000 soʻm asosiy qarz va 104 896 465 soʻm penya undirishni soʻragan.
Sudning 2014-yil 16-sentabrdagi ajrimi bilan “URGANCH UNIVERSAL INVEST STROY” MChJ nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida ishga jalb etilgan.
Birinchi instansiya sudining 2014-yil 19-sentabrdagi hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, javobgardan daʼvogar foydasiga 55 081 000 soʻm asosiy qarz, 9 414 645,6 soʻm penya undirilgan. Daʼvoning qolgan qismini qanoatlantirish rad etilgan.
Shuningdek, javobgardan respublika budjetiga 1 492 274,65 soʻm davlat boji undirilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2014-yil 24-noyabrdagi qarori bilan hal qiluv qarorining javobgardan respublika budjetiga 1 492 274,65 soʻm davlat boji undirish qismi 1 277 274,65 soʻmga oʻzgartirilgan. Hal qiluv qarorining qolgan qismi oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Sud qarorlariga nisbatan javobgar tomonidan kassatsiya shikoyati berilib, unda sud qarorlarining noqonuniyligi haqida vaj keltirilib, ularni bekor qilish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birgalikda muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra, sud qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlari va sud muhokamasida aniqlangan holatlardan koʻrinishicha taraflar oʻrtasida 2014-yil 25-fevralda qurilish materiallarini yetkazib berish toʻgʻrisida 1-sonli shartnoma tuzilgan.
Shartnomaning shartlariga asosan javobgar daʼvogarga 159 019 000 soʻm miqdoridagi qurilish materiallari yetkazib bergan. Biroq, 55 081 000 soʻm miqdoridagi qurilish materiallari shartnomada belgilangan muddatlarda yetkazib berilmagan, bu holat ishni birinchi instansiya sudida koʻrish jarayonida aniqlangan hamda ish hujjatlari bilan tasdiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 437-moddasiga asosan mahsulot yetkazib berish shartnomasiga muvofiq tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan mahsulot yetkazib beruvchi-sotuvchi shartlashilgan muddatda yoki muddatlarda oʻzi ishlab chiqaradigan yoxud sotib oladigan tovarlarni sotib oluvchiga tadbirkorlik faoliyatida foydalanish uchun yoki shaxsiy, oilaviy maqsadlarda, roʻzgʻorda va shunga oʻxshash boshqa maqsadlarda foydalanish bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa maqsadlarda foydalanish uchun topshirish, sotib oluvchi esa tovarlarni qabul qilish va ularning haqini toʻlash majburiyatini oladi.
Bu holda, sud instansiyalari daʼvoning asosiy qarz summasini undirish qismini qanoatlantirib toʻgʻri xulosaga kelgan.
Shu bilan birga, birinchi instansiya sudi daʼvo talabining 104 896 465 soʻm penya undirish qismini, haqli ravishda qisman 9 414 646,5 soʻm miqdorida qanoatlantirgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 333-moddasiga asosan qarzdor aybi boʻlgan taqdirda majburiyatni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun, agar qonun hujjatlarida yoki shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, javob beradi.
Taraflar oʻrtasida tuzilgan shartnomaning 4.2-bandida “Sotuvchi”ning aybi bilan mahsulot yetkazib berilmaganda “Xaridorga” 25 % jarima va har bir kechiktirilgan kun uchun majburiyatning bajarilmagan qismining 0,4% miqdorida penya toʻlashi nazarda tutilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 236-moddasiga asosan majburiyatlar majburiyat shartlariga va qonun hujjatlari talablariga muvofiq lozim darajada bajarilishi kerak.
“Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 7-moddasiga muvofiq, taraflar tuzilgan xoʻjalik shartnomalari boʻyicha zimmasiga olingan majburiyatlarni oʻz vaqtida va tegishli tartibda bajarishlari shart.
Bu holda sud instansiyalari Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 326-moddasi talablari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun mulkiy javobgarlik toʻgʻrisidagi fuqarolik qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 2007-yil 15-iyundagi 163-sonli qarori tushuntirishlariga tayangan holda, talab qilinayotgan penya summasini kamaytirib, 9 414 646,5 soʻm miqdorida undirgan.
Bu holda, sudlov hayʼati nizoni hal qilishda sud instansiyalari moddiy va protsessual huquq normalrini toʻgʻri qoʻllagani holda daʼvoni qisman qanoatlantirish haqida qonuniy va asoslantirilgan qaror qabul qilganligi sababli hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topadi.
Biroq, sud instansiyalari ishni birinchi va apelatsiya instansiyasi sudlarida koʻrish bilan bogʻliq davlat bojini hisoblab, undirishda xatolikka yoʻl qoʻyishgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2008-yil 18-apreldagi “Xoʻjalik sudlari tomonidan davlat boji toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 180-sonli qarorining 23-bandida daʼvogar davlat bojini toʻlashdan belgilangan tartibda ozod etilgan boʻlib, javobgar davlat boji toʻlashdan ozod etilmagan boʻlsa, davlat boji javobgardan budjet foydasiga qanoatlantirilgan daʼvo talablari miqdoriga mutanosib ravishda undirilishi haqida tushuntirish berilgan.
Ushbu holda, undirilishi lozim boʻlgan ishni birinchi instansiya sudida koʻrish bilan bogʻliq davlat bojining miqdori 644 956,45 soʻm (55 081 000 soʻm +9 414 646,5 soʻm = 64 495 645,5 soʻm)ni tashkil etsada, birinchi instansiya sudi tomonidan ishni birinchi instansiya sudida koʻrish bilan bogʻliq 1 492 274,65 soʻm davlat boji, yaʼni 847 318,2 soʻm ortiqcha davlat boji undirilgan. Apellatsiya instansiya sudining qarori bilan hal qiluv qarorining javobgardan respublika budjetiga 1 492 274,65 soʻm davlat boji undirish qismi, 1 277 274,65 soʻmga oʻzgartirilishi natijasida ortiqcha undirilgan davlat bojining miqdori 632 318,2 soʻm (1 492 274,65 soʻm — 1 277 274, 65 = 215 000 soʻm; 847 318,2 soʻm – 215 000 soʻm = 632 318,2 soʻm)ni tashkil qilgan.
Bu holda sudlov hayʼati, birinchi instansiya sudining 2014-yil 19-sentabrdagi hal qiluv qarori va apellatsiya instansiyasi sudining 2014-yil 24-noyabrdagi qarorining javobgardan ishni birinchi instansiya sudida koʻrish bilan bogʻliq 1 277 274,65 soʻm davlat boji undirish qismini oʻzgartirib, davlat bojini daʼvo talabining qanoatlantirilgan qismiga mutanosib ravishda 644 956,45 soʻm miqdorida undirilishi lozim topadi hamda sud qarorlarini qayta koʻrish bilan bogʻliq davlat bojiining miqdori 322 659,22 soʻmni tashkil etishini inobatga olib, javobgar tomonidan ishni apellatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq 423 659,42 soʻm (746 137,65 soʻm — 322 659,22 soʻm), kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq 316 159,77 soʻm (638 638 soʻm – 322 659,22 soʻm), ortiqcha toʻlangan jami 739 819,19 soʻm javobgarga qaytarilishi lozim boʻladi.
Shu bilan birga, ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq 7 000 soʻm pochta xarajatlarini javobgar zimmasida qoldirilib, ishni videokonferensaloqa rejimida koʻrish bilan bogʻliq 30 000 soʻm sud xarajatlari undiriladi.
2015-yil 12-yanvar,
23-1402/8882-son