Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirining
buyrugʻi
“Sport turi boʻyicha sportchi, trener va hakam kasblariga qoʻyiladigan malaka talablarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyruqqa oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 27-oktabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2592-2]
Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vazirining 2014-yil 26-maydagi 1-sonli “Sport turi boʻyicha sportchi, trener va hakam kasblariga qoʻyiladigan malaka talablarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2592, 2014-yil 3-iyun) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 23-son, 280-modda) ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir B. AXMEDOV
Toshkent sh.,
2015-yil 19-oktabr,
18-son
Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vazirining 2015-yil 19-oktabrdagi 18-sonli buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
“Sport turi boʻyicha sportchi, trener va hakam kasblariga qoʻyiladigan malaka talablarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyruqqa kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Buyruqning nomi va 1-bandidagi “hakam” degan soʻz “sport hakami” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
2. Ilovada:
a) nomi, muqaddima va 2-banddagi “hakam” degan soʻz “sport hakami” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
b) 1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Mazkur malaka talablarida quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
sportchi — tanlagan sport turi yoki sport turlari bilan muntazam shugʻullanadigan, doimo oʻzining sport mahoratini oshirib boradigan va sport tadbirlarida qatnashadigan jismoniy shaxs;
trener — trenerlik faoliyati bilan shugʻullanish uchun ruxsatnomaga ega boʻlgan hamda oʻquv-mashq, ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarini oʻtkazishni, shuningdek sport natijalariga erishish uchun bellashuv faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiruvchi jismoniy shaxs;
sport hakami — sport turi qoidalariga hamda sport musobaqasi toʻgʻrisidagi nizomga (reglamentga) rioya etilishini taʼminlash uchun jismoniy tarbiya yoki sport tadbiri tashkilotchisi tomonidan vakolat berilgan, maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan va tegishli malaka toifasini olgan jismoniy shaxs.”;
v) 3 — 5-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. Sport turi boʻyicha sportchi (terma jamoa aʼzosi boʻlgan sportchi va sportchi-instruktor), trener (trener-oʻqituvchi, trener-instruktor, terma jamoa treneri, terma jamoa katta treneri, terma jamoa bosh treneri) va sport hakami (musobaqa bosh kotibi va uning oʻrinbosari, musobaqa bosh sport hakami va uning oʻrinbosari) hamda ushbu lavozimlarga tavsiya etilayotgan nomzodlar quyidagilarni bilishi kerak:
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi xalqaro hujjatlarni;
jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini;
sport mashgʻuloti va faoliyati uslubiyotini;
pedagogika, psixologiya, sport tibbiyoti, mehnatni muhofaza qilish, tegishli sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlari, texnika va yongʻin xavfsizligi qoidalarini.
4. Sport turi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoasi aʼzosi boʻladigan sportchi va sportchi-instruktor:
kattalar — “Sport ustaligiga nomzod” toifasi yoki “Xalqaro toifadagi Oʻzbekiston sport ustasi” yoxud “Oʻzbekiston sport ustasi” sport unvoniga;
yoshlar — kamida birinchi sport razryadiga;
oʻsmirlar (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri terma jamoalari oʻsmirlari ham) — kamida oʻsmirlar uchun birinchi sport razryadiga ega boʻlishi lozim.
5. Sport turi boʻyicha sportchiga, paralimpiya hamda surdlimpiya sport turlari boʻyicha terma jamoalar sportchilariga malaka talablari qoʻyilmaydi.”;
g) 6 va 7-bandlardagi “Oliy toifali trener-oʻqituvchi” degan soʻzlar “Oliy toifali trener” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
d) 8-banddagi “Birinchi toifali trener-oʻqituvchi” degan soʻzlar “Birinchi toifali trener” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
e) 4-bob quyidagi tahrirda bayon etilsin:
4-bob. Sport turi boʻyicha sport hakami kasbiga qoʻyiladigan malaka talablari
11. Quyidagilar sport turi boʻyicha musobaqa bosh sport hakamiga qoʻyiladigan malaka talablari hisoblanadi:
sport turi boʻyicha professional mahoratga ega boʻlishi;
“Xalqaro toifali sport hakami” yoki “Milliy toifali sport hakami” yoxud “Birinchi toifali sport hakami” malaka toifasiga ega boʻlishi;
kamida 5 ta musobaqada sport hakami sifatida ishtirok etgan boʻlishi.
12. Quyidagilar sport turi boʻyicha musobaqa bosh sport hakami oʻrinbosariga qoʻyiladigan malaka talablari hisoblanadi:
sport turi boʻyicha professional mahoratga ega boʻlishi;
“Xalqaro toifali sport hakami” yoki “Milliy toifali sport hakami” yoxud “Birinchi toifali sport hakami” malaka toifasiga ega boʻlishi;
kamida 5 ta musobaqada hakam sifatida ishtirok etgan boʻlishi.
13. Quyidagilar sport turi boʻyicha musobaqa bosh kotibiga qoʻyiladigan malaka talablari hisoblanadi:
sport turi boʻyicha professional mahoratga ega boʻlishi;
“Xalqaro toifali sport hakami” yoki “Milliy toifali sport hakami” yoxud “Birinchi toifali sport hakami” malaka toifasiga ega boʻlishi;
kamida 3 ta musobaqada hakam sifatida ishtirok etgan boʻlishi.
14. Quyidagilar sport turi boʻyicha musobaqa bosh kotibi oʻrinbosariga qoʻyiladigan malaka talablari hisoblanadi:
sport turi boʻyicha professional mahoratga ega boʻlishi;
“Xalqaro toifali sport hakami” yoki “Milliy toifali sport hakami” yoxud “Birinchi toifali sport hakami” malaka toifasiga ega boʻlishi;
kamida 2 ta musobaqada hakam sifatida ishtirok etgan boʻlishi.
15. Quyidagilar sport turi boʻyicha sport hakamiga qoʻyiladigan malaka talablari hisoblanadi:
sport turi boʻyicha professional mahoratga ega boʻlishi;
Sport hakamlari va sport hakami toifalari toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 2324, 2012-yil 6-fevral) muvofiq sport turlari boʻyicha sport hakamlariga beriladigan malaka toifalaridan biriga ega boʻlishi lozim.
16. Sport turi boʻyicha sport hakami lavozimiga tavsiya etilayotgan nomzodlarga ish stajiga ega boʻlish talab etilmaydi.
3. Mazkur oʻzgartirishlar Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi va Oʻzbekiston Mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy Kengashi bilan kelishilgan.
Xalq taʼlimi vaziri U. INOYATOV
2015-yil 16-oktabr,
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi T. NARBAYEVA
2015-yil 16-oktabr,
Oʻzbekiston Mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy Kengashi raisi R. NIYAZOV
2015-yil 16-oktabr,
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 43-son, 552-modda)