Oʻzbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasining 2010-2011-yillar va 2012-yilning oʻtgan davri mobaynidagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasining (bundan buyon matnda Qoʻmita deb yuritiladi) 2010-2011-yillar va 2012-yilning oʻtgan davri mobaynidagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotini tinglab va muhokama qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi shuni qayd etadiki, hisobot davrida Qoʻmita tomonidan mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, sud-huquq tizimini isloh etish sohasidagi davlat siyosatini qonunchilik jihatidan taʼminlashga, uning huquqiy bazasini takomillashtirishga, qonunlar ijro etilishi ustidan nazoratni kuchaytirishga qaratilgan muayyan ishlar amalga oshirilgan.
Qoʻmita tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Senatga taqdim etgan 27 ta Oʻzbekiston Respublikasi qonunining dastlabki tarzda koʻrib chiqilishi tashkil etilgan. Bular jumlasiga davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimini yanada demokratlashtirishga, sud ekspertizasi va notariat instituti bilan, voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarni profilaktika qilish, jinoyat hamda jinoyat-protsessual qonun hujjatlarini yanada liberallashtirish va boshqalar bilan bogʻliq sud-huquq sohasini takomillashtirishga qaratilgan qonunlar kiradi. Senatning yalpi majlislari muhokamasiga har yili kiritiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning), Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining hisobotlariga va Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining axborotiga materiallar tayyorlanishi taʼminlangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomalariga muvofiq Qoʻmita tomonidan amnistiya toʻgʻrisidagi Senat qarorlarining loyihalari tayyorlangan.
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi va Oliy xoʻjalik sudi tarkibiga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida 19 ta masala, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) oʻrinbosarini saylash toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqildi va Senat Kengashi orqali yalpi majlislar muhokamalariga kiritildi.
“Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (78, 80, 93, 96 va 98-moddalariga)”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunidan kelib chiqadigan talablarni amalga oshirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining chora-tadbirlar dasturini ijro etish maqsadida Qoʻmita tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri N.T. Yoʻldoshevga yuborilgan fuqarolarning huquqiy ongini oshirish, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, huquq ijodkorligi va huquqni qoʻllash amaliyoti sohasida yagona davlat siyosati olib borilishini taʼminlash borasida adliya organlari tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi parlament soʻroviga muvofiq, shuningdek Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi bilan birgalikda Fargʻona va Navoiy viloyatlarida joylardagi eng muhim sotsial-iqtisodiy muammolarni hal qilishda, demokratik yangilanishlarni chuqurlashtirishda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirish toʻgʻrisida parlament eshituvlari oʻtkazilgan.
Nazorat faoliyatini roʻyobga chiqarish jarayonida Qoʻmita tomonidan joylarga borib va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari bilan birgalikda “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi (Toshkent shahrida), “Hakamlik sudlari toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasida), “Advokatura toʻgʻrisida”gi (Toshkent shahrida) Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining, voyaga yetmaganlarga doir qonun hujjatlarining (Andijon viloyatida), fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga, ularni mintaqalarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etishga keng jalb qilishga qaratilgan qonun hujjatlarining (Toshkent shahrida) ijro etilishi, shuningdek Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida qonunlar va boshqa qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan jamoat nazoratini amalga oshirish boʻyicha fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining ishini tashkil etish borasidagi tajriba va boshqa masalalar oʻrganilgan.
Xususan, oʻtkazilgan nazorat faoliyatining yakunlari Qoʻmitaning sayyor majlislarida xalq deputatlari viloyat Kengashlari bilan birgalikda koʻrib chiqilgan. Chunonchi, 2011-yil fevralda xalq deputatlari Buxoro viloyat Kengashi bilan birgalikda mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining Buxoro viloyatida ijro etilishi muhokama qilingan. “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (78, 80, 93, 96 va 98-moddalariga)”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunidan kelib chiqadigan talablarni amalga oshirish doirasida 2011-yil noyabrda xalq deputatlari Sirdaryo viloyat Kengashi bilan birgalikdagi sayyor majlisda Sirdaryo viloyatida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash borasida adliya organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlarining huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish natijalari muhokama qilingan.
Hisobot davrida Qoʻmita tomonidan davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimida oʻzaro tiyib turish va manfaatlar muvozanati prinsipini roʻyobga chiqarish mexanizmlari (Senatda), Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasining mohiyatini hamda milliy davlatchilikni rivojlantirishdagi ahamiyatini jamoatchilik eʼtiboriga yetkazish (Toshkent davlat yuridik institutida), “Xabeas korpus” institutining qoʻllanish doirasini kengaytirish (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudida), parlament nazoratining samaradorligini oshirish (Oʻzbekiston Milliy matbuot markazida), mahalliy hokimiyat vakillik organlariga saylov oʻtkazish amaliyotini demokratlashtirish (Sirdaryo viloyatida), senatorlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarini koʻrib chiqishda umumdavlat va mintaqaviy manfaatlarning oʻzaro aloqasini taʼminlash (Qashqadaryo viloyatida) va boshqa masalalar yuzasidan toʻrtta konferensiya, sakkizta davra suhbati va toʻrtta seminar oʻtkazilgan. Ushbu tadbirlarni tayyorlash va oʻtkazishda ishtirok etishga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining deputatlari, joylarda ishlayotgan senatorlar, davlat boshqaruvi organlarining, fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari, shuningdek ekspertlar sifatida yetakchi olimlar, mutaxassislar va boshqalar keng jalb etilgan.
Qoʻmitaning oʻtkazilgan nazorat faoliyati yakunlari boʻyicha va boshqa tadbirlar yuzasidan qabul qilingan qarorlar va tavsiyalar Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari, davlat dasturlari samarali ijro etilishini taʼminlash, mintaqalardagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarini, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini, ommaviy axborot vositalarini faol jalb etgan holda aholi oʻrtasidagi tushuntirish ishlarining sifatini oshirish, qonunchilikni yanada takomillashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga, tegishli vazirliklar, idoralar va tashkilotlarga yuborilgan.
Qoʻmita aʼzolari 2011-yil may-iyun oylarida boʻlib oʻtgan fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tayyorlash hamda oʻtkazish jarayonida Fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tayyorlash va oʻtkazish konsepsiyasida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2011-yil may-iyunda fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazishga doir tadbirlar dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida joylardagi saylovni tashkil etish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi komissiyalar faoliyatini samarali tarzda muvofiqlashtirib borishda faol ishtirok etdilar.
Qoʻmita aʼzolari tomonidan fuqarolarning 17494 ta murojaati (2010-yilda 5921 ta, 2011-yilda 6879 ta, 2012-yilning oʻtgan davri mobaynida – 4694 ta) koʻrib chiqilgan, 7968 nafar fuqaro qabul qilingan (2010-yilda 2370 nafar, 2011-yilda 3257 nafar, 2012-yilning oʻtgan davri mobaynida – 2341 nafar), 171 ta (2010-yilda 50 ta, 2011-yilda 62 ta, 2012-yilning oʻtgan davri mobaynida – 59 ta) soʻrov yuborilgan, saylovchilar bilan 1652 ta (2010-yilda 324 ta, 2011-yilda 804 ta, 2012-yilning oʻtgan davri mobaynida – 524 ta) uchrashuv oʻtkazilib, ularda 175 mingdan ortiq nafar fuqaro qatnashgan. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yalpi majlislarida Qoʻmita aʼzolari kun tartibidagi masalalar boʻyicha 69-marta soʻzga chiqqanlar (2010-yilda – 31-marta, 2011-yilda – 31-marta, 2012-yilning oʻtgan davri mobaynida – 7-marta). Ommaviy axborot vositalarida Qoʻmita aʼzolarining 3177 ta chiqishi eʼlon qilingan va efirga uzatilgan (2010-yilda 945 ta, 2011-yilda 1383 ta, 2012-yilning oʻtgan davri mobaynida 849 ta), shu jumladan gazeta va jurnallarda 841 ta, shundan markaziy nashrlarda 135 ta, mahalliy gazeta va jurnallar sahifalarida 706 ta maqola eʼlon qilingan. Televideniye orqali 1394 ta, shu jumladan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy televideniyelari orqali 872 ta axborot materiali efirga uzatilgan. Radioda Qoʻmita aʼzolarining 942 ta chiqishi, shundan 476 tasi mahalliy radiokanallar orqali eshittirilgan.
Hisobot davrida Qoʻmita aʼzolari Senat, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan tashkil etilgan 6311 ta tadbirda ishtirok etganlar (2010-yilda 1775 ta, 2011-yilda 2713 ta, 2012-yilning oʻtgan davri mobaynida – 1823 ta) va 4294-marta maʼruza bilan chiqqanlar.
Shu bilan birga Qoʻmita sud-huquq tizimini isloh qilishni chuqurlashtirishga qaratilgan qonunlar ijrosi ustidan parlament nazoratining taʼsirchanligini oshirishi, qabul qilinayotgan qonunlarning mohiyatini aholi oʻrtasida tushuntirish, sud-huquq tizimini isloh qilish, fuqarolik jamiyati institutlarini yanada rivojlantirish masalalarida joylarda ishlaydigan Qoʻmita aʼzolarining faolligini oshirish yuzasidan zarur choralar koʻrishi, Qoʻmita aʼzolarining mintaqalar aholisi bilan uchrashuvlarida koʻtarilayotgan muammolar va masalalar zarur darajada hisobga olinishini tashkil etishi kerak. Qoʻmitaning nazorat tadbirlarini oʻtkazish yakunlari yuzasidan qabul qilingan qarorlari va tavsiyalarini koʻrib chiqish yakunlari haqida davlat organlari rahbarlarining axborotini Qoʻmita majlislarida muhokama qilish, shuningdek sudyalar lavozimlariga nomzodlarni saylash yoki sudyalarni lavozimlaridan ozod qilish haqidagi masalalarni dastlabki tarzda koʻrib chiqish boʻyicha olib borilayotgan ishning samaradorligini oshirish zarur.
Yuqorida bayon etilganlarga asoslanib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasining 2010-2011-yillar va 2012-yilning oʻtgan davri mobaynidagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti bildirilgan takliflarni eʼtiborga olgan holda maʼqullansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi (S. Artikova) oʻz faoliyatini yanada rivojlantirish maqsadida:
oʻz faoliyatini tanqidiy tahlil qilib chiqsin va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan amaliy choralar koʻrsin;
ishni rejalashtirishda mamlakatdagi qonuniylik va jinoyatchilik ahvolini, mintaqalarning sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlanishini hisobga olsin;
mintaqalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish muammolarini aniqlash va ularni Qoʻmita, Senat Kengashi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yalpi majlislari muhokamasiga kiritishga eʼtibor bersin;
Qoʻmita aʼzolarining mintaqalar aholisi bilan uchrashuvlari vaqtida koʻtariladigan muammolar va masalalar hisobi yuritilishini, shuningdek ular oʻz vaqtida hamda samarali hal qilinishini taʼminlasin;
sud-huquq tizimini isloh qilish, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, saylov qonunchiligini takomillashtirishning eng dolzarb masalalari yuzasidan parlament soʻrovlari yuborish hamda parlament eshituvlari oʻtkazishni tashkil etish borasidagi ishni faollashtirsin;
Senat, Senat Kengashi va Qoʻmita qarorlari oʻz vaqtida ijro etilishini taʼminlashga alohida eʼtibor bersin;
Qoʻmita tomonidan olib borilayotgan nazorat faoliyati yakunlari va joylarga borib oʻtkazilayotgan tadbirlar ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishi boʻyicha amaliy choralar koʻrsin;
sudyalar lavozimlariga nomzodlarni saylash yoki sudyalarni lavozimidan ozod qilish toʻgʻrisidagi masalalarni dastlabki tarzda koʻrib chiqish borasida talabchanlikni oshirsin;
qabul qilinayotgan qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari, shuningdek Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasining mazmun va mohiyatidan jamoatchilikni xabardor qilish masalalariga eʼtiborni kuchaytirsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qoʻmitalarining eʼtibori ushbu qarorda bayon etilgan xulosalarni hisobga olgan holda oʻz faoliyatining samaradorligini oshirish zarurligiga qaratilsin.
4. Ushbu qarorning ijro etilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining oʻrinbosari M. Radjabova zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2012-yil 29-avgust,
KQ-31-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2012-y., 8-son, 234-modda)