Qashqadaryo viloyati hokimining
Qarori
Viloyat iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarini 2015/2016-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Qashqadaryo viloyati hokimining 2016-yil 14-iyundagi X-308/06-sonli “Viloyat iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarini 2016/2017-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 7-iyuldagi “Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarini 2015/2016-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–2367-sonli qarori ijrosini taʼminlash, viloyat xalq xoʻjaligi, iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha muassasalari va uy-joy fondi obyektlarini 2015/2016-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-moddasiga asosan qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 7-iyuldagi “Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarini 2015/2016-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–2367-sonli qarori rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 6-apreldagi EDO-05/1-2598-(№ 26)-sonli va viloyat hokimligining 2015-yil 18-apreldagi B-1-02-103-sonli yigʻilish bayoni topshiriqlariga asosan uchta ishchi guruh tarkibi:
birinchi ishchi guruh (E. Mamadiyorov) — koʻp xonadonli uylarni kuz-qish davrida ishlashga tayyorlash, umumiy foydalanish joylarini, lift uskunalarini tartibga keltirish va tegishli xolda saqlash, mahalla hududida sanitariya holatini taʼminlash, obodonlashtirish ishlarini tashkil etish 1-ilovaga*;
ikkinchi ishchi guruh (E. Mamadiyorov) — asosiy yoqilgʻi-energetika resurslari bilan oʻz vaqtida va yetarli darajada taʼminlash ishlarini tashkil etish, elektr va issiqlik taʼminoti, tabiiy gaz obyektlarini kuz-qish davrida ishlashga tayyorlash 2-ilovaga*;
uchinchi ishchi guruh (Gʻ. Djavliyev) ijtimoiy soha obyektlarini kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni tashkil etish, ularning sanitariya holati va obodonlashtirish talablariga muvofiqligini taʼminlash 3-ilovaga* muvofiq belgilanganligi inobatga olinsin.
3. Viloyat iqtisodiyot tarmoqlarini 2014/2015-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash boʻyicha bajarilgan ishlar samarasini tanqidiy tahlil qilish asosida 2015/2016-yillar kuz-qish davrida iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari va uy-joy fondini barqaror faoliyat yuritishga tayyorlash uchun har bir ishchi guruhining aniq vazifalari belgilanganligi eʼtiborga olinsin.
Bu vazifalarni oʻz vaqtida bajarilishiga ishchi guruhi aʼzolari masʼul ekanligi belgilab quyilsin.
4. Qarshi shahar hokimligi (A. Achilov), Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi (A. Yaxyayev) va tijorat banklari bilan birgalikda Qarshi shahrida koʻp qavatli uy-joy fondini kuz-qish mavsumiga barqaror tayyorlash, mahallalar hududining sanitar tozaligini taʼminlash, obodonlashtirish ishlarini tashkil qilish dasturini ishlab chiqilgan chora- tadbirlar kompleksi va tarmoq jadvallari asosida belgilangan muddatda bajarilishini tashkil qilsinlar.
5. Quyidagilar:
viloyat iqtisodiyoti tarmoqlarini 2015/2016-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash boʻyicha tadbirlar 4-ilovaga*;
asosiy muhandislik kommunikatsiyalari va texnologik uskunalarni, shuningdek ijtimoiy soha obyektlarini tuman(shahar)lar boʻyicha 2015/2016-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash hamda mukammal va joriy taʼmirlash topshiriqlari 5 — 7 ilovalarga*;
2015/2016-yillar kuz-qish mavsumi uchun koʻmir, mazut va texnik tuz tayyorlash, shuningdek suyultirilgan gazni hududlar boʻyicha yetkazib berish topshiriqlari 8-ilovaga*;
* 1 — 10-ilovalar berilmaydi.
6. Viloyat komissiyasi kommunal soha tashkilotlari, qozonxonalar, koʻp xonadonli turar-joy binolari, taʼlim muassasalari, sogʻliqni saqlash muassasalari hamda boshqa ijtimoiy soha obyektlarini 2015/2016-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash boʻyicha joylardagi ishlarning ahvolini tanqidiy oʻrganib chiqsin;
oʻrganib chiqish natijalari boʻyicha ushbu qaror bilan tasdiqlangan tadbirlarni amalga oshirish borasidagi tashkiliy chora-tadbirlar kompleksini, shuningdek viloyat iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy soha muassasalarini 2015/2016-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash va taʼminlash boʻyicha topshiriqlarni oʻz vaqtida amalga oshirsin.
7. Qarshi shakar va tumanlar hokimlari rahbarligida aynan shunday hududiy komissiyalar tashkil etilsin.
Qarshi shahar va tumanlar hokimlari, shuningdek masʼul tashkilot va korxonalar rahbarlari zimmasiga iqtisodiyot tarmoqlarini 2015/2016-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashini taʼminlaydigan tadbirlar hamda ishlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan shaxsiy masʼuliyat yuklansin.
8. “Janubgaztaʼminot” UK (A. Temirov) aholiga bir maromda suyultirilgan gaz yetkazib berishni tashkil etish uchun viloyatga ajratilgan gaz ballonlarni oʻz vaqtida olib kelinishini taʼminlash tavsiya etilsin.
9. Ushbu qarorning bajarilishi har oyda viloyat hokimligi majlislarida tanqidiy koʻrib chiqilsin.
10. Viloyat hokimining 2014-yil 5-avgustdagi X-247/08-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
11. Mazkur qaror bajarilishini nazorat qilishni oʻz zimmamda qoldiraman.
12. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Hokim Z. RUZIYEV
Qarshi sh.,
2015-yil 18-iyun,
X-268/07-son