Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON MATBUOT VA AXBOROT AGENTLIGINING FAOLIYATINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 11-iyundagi 274-son “Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Matbuot va axborot sohasida boshqaruvni takomillashtirish toʻgʻrisida” 2002-yil 3-iyuldagi PF-3103-son Farmoniga muvofiq hamda respublika va hududiy matbuot va axborot organlari faoliyatini tashkil etishni taʼminlash, nashriyot ishi va matbaaning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Ommaviy axborot vositalari monitoringi va ularni litsenziyalash markazining tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi toʻgʻrisidagi nizom 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki, Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi huquq va majburiyatlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasining huquqiy vorisi hisoblanadi.
3. Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi xodimlarining cheklangan soni 55 nafardan iborat etib (xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari) va uning hududiy organlari xodimlarining cheklangan soni 138 nafar etib belgilansin.
Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligining bosh direktoriga xodimlarning belgilangan cheklangan soni doirasida boshqaruv tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
4. Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligiga bosh direktorning uch nafar oʻrinbosariga, shu jumladan bir nafar birinchi oʻrinbosarga va shaxsiy tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan 7 kishidan iborat hayʼatga ega boʻlishga ruxsat etilsin.
Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligining bosh direktori maqomiga koʻra vazirga, bosh direktorning birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlari tegishli ravishda — vazirning birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlariga tenglashtirilsin.
5. Belgilansinki, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Matbuot va axborot agentligining direktori hamda viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi Matbuot va axborot hududiy boshqarmalari boshliqlari tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining taqdimnomasiga koʻra Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligining bosh direktori tomonidan lavozimga tayinlanadilar va lavozimdan ozod etiladilar.
6. Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi:
Ommaviy axborot vositalari monitoringi va ularni litsenziyalash markazi toʻgʻrisidagi nizomni ikki hafta muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
respublika matbuot va axborot bozori qatnashchilarining yagona umumdavlat reyestrlari muntazam yuritilishini taʼminlasin;
ommaviy axborot vositalari va matbaa korxonalarini roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi yangilangan nizomlarni bir oy muddatda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
2002-yil 1-oktabrgacha — Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Moliya vazirligi, boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2005-yilgacha boʻlgan davrda Oʻzbekiston Respublikasida noshirlik va matbaa faoliyatini rivojlantirish kompleks dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Belgilansinki, Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi markaziy apparati va hududiy organlari taʼminoti xarajatlarini moliyalash davlat budjeti mablagʻlari, shuningdek unga qarashli tashkilotlarning shartnoma asosidagi ajratmalari va xoʻjalik faoliyatidan olinadigan boshqa tushumlar hisobiga amalga oshiriladi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
har yili respublika budjetini shakllantirishda Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi, uning hududiy organlarining taʼminoti va ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga zarur mablagʻlar ajratishni nazarda tutsin;
Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligiga markaziy apparat uchun toʻrtta yengil avtomobil va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Matbuot va axborot agentligi hamda viloyatlar va Toshkent shahridagi matbuot va axborot hududiy organlari uchun bittadan yengil avtomobil xarajatlariga limit ajratsin.
Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga Agentlik faoliyatining texnik bazasini mustahkamlashga doir taklif kiritsinlar.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi, Moliya vazirligi ikki oy muddatda matbaa sanoatining korxonalari va tashkilotlari ustav jamgʻarmalaridagi davlatga va mehnat jamoalariga tegishli aksiyalar ulushlari, paylari, paketlarini xatlovdan oʻtkazsin hamda ularni amaldagi qonun hujjatlari qoidalariga muvofiqlashtirsin. Amalga oshirilgan ishlar natijalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga matbaa korxonalarini bundan buyon aksiyalashtirish va xususiylashtirish yuzasidan takliflar kiritsinlar.
10. Milliy kitob palatasi Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi tarkibidan A. Navoiy nomidagi Oʻzbekiston milliy kutubxonasi tarkibiga berilsin.
11. Vazirlar Mahkamasining Ijtimoiy kompleksi, Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi oʻn kun muddatda Vazirlar Mahkamasiga kitob savdosini tashkil etishni takomillashtirish yuzasidan Hukumat qarori loyihasini kiritsinlar.
12. Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligining markaziy apparati Toshkent shahar, Navoiy koʻchasidagi 30-uyga joylashtirilsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilikka mazkur qarordan kelib chiquvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar.
15. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.M. Sultonov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari H.S. Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 3-iyul,
241-son
Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi boshqaruvining tashkiliy tuzilmasi
Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi markaziy apparatining tuzilmasi
Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi markaziy apparati xodimlarining cheklangan soni 55 kishi
Ommaviy axborot vositalari monitoringi va ularni litsenziyalash markazining
TUZILMASI
TUZILMASI
Markaz xodimlarining cheklangan soni 18 kishi
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Matbuot va axborot agentligining
TUZILMASI
TUZILMASI
Xodimlarning cheklangan soni – 13 kishi (xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari)
Viloyatlar va Toshkent shahar matbuot va axborot boshqarmalarining namunaviy
TUZILMASI
TUZILMASI
Xodimlarning cheklangan soni (xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari):
| | Ish oʻrinlari soni |
| Andijon viloyati | 9 |
| Buxoro viloyati | 9 |
| Jizzax viloyati | 9 |
| Qashqadaryo viloyati | 9,5 |
| Navoiy viloyati | 9,5 |
| Namangan viloyati | 9,5 |
| Samarqand viloyati | 11,5 |
| Sirdaryo viloyati | 9 |
| Surxondaryo viloyati | 9,5 |
| Toshkent viloyati | 7,5 |
| Fargʻona viloyati | 11,5 |
| Xorazm viloyati | 9,5 |
| Toshkent shahri | 11,5 |
Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi (keyingi oʻrinlarda Agentlik deb ataladi) matbuot va axborot-ommaviy axborot vositalari, axborotlar almashish, matbuot, noshirlik, matbaachilik faoliyati va davriy nashrlarni tarqatish sohasidagi davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishni taʼminlovchi davlat ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi.
2. Agentlik oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladi.
3. Agentlik oʻz faoliyatini davlat ijro etuvchi hokimiyatining boshqa organlari, mahalliy oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshiradi.
II. Agentlikning vazifalari va funksiyalari
4. Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
ommaviy axborot vositalarining mustaqil faoliyati sohasidagi konstitutsiyaviy huquqlar va qonun hujjatlarining soʻzsiz bajarilishi, soʻz va matbuot erkinligi kafolatlarining taʼminlanishi yuzasidan monitoring olib borish;
respublika fuqarolarining axborotlarga boʻlgan ehtiyojini yanada toʻliq qondirish, aholining, eng avvalo, oʻsib kelayotgan avlodning va yoshlarning taʼlim, maʼnaviy va madaniy darajasini oshirish manfaatlarini koʻzlab ommaviy axborot vositalarini, noshirlik ishlarini va matbaachilikni keng rivojlantirishga koʻmaklashish;
noshirlik va matbaachilik faoliyati, ommaviy axborot vositalari, davriy nashrlarni tarqatish, shu jumladan koʻrsatib oʻtilgan faoliyat turlarini roʻyxatdan oʻtkazish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish;
nashriyotlar, ommaviy axborot vositalari, televideniye, radioeshittirish va respublika axborot bozorining boshqa qatnashchilari tomonidan axborot sohasida amaldagi qonun hujjatlariga rioya etilishi yuzasidan monitoringni amalga oshirish;
respublika fuqarolari va yuridik shaxslarining axborotlarni tayyorlash, tarqatish, ulardan foydalanish sohasidagi huquqlari va manfaatlarining himoya qilinishini taʼminlash;
noshirlik faoliyatini litsenziyalashni tashkil etish;
mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, ommaviy axborot vositalari bozorida teng mavqeni taʼminlash;
noshirlik va matbaachilik faoliyatida, davriy nashrlarni tarqatishda yagona texnika siyosatini oʻtkazish;
reklamalar tayyorlash, shuningdek ularni ommaviy axborot vositalari orqali tarqatish;
noshirlik-matbaachilik faoliyatining ishlab chiqarish-texnikaviy bazasini rivojlantirish va zamonaviylashtirish, standartlash va sertifikatlash sohasidagi chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish.
5. Agentlik oʻziga yuklangan vazifalarni roʻyobga chiqarish maqsadida quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
noshirlik-matbaachilik faoliyati, ommaviy axborot vositalari, axborot va reklama agentliklarining yagona reyestrlarini yuritish va ularni roʻyxatdan oʻtkazish;
noshirlik faoliyatini litsenziyalashni tashkil etish;
nashriyotlar, ommaviy axborot vositalari, televideniye, radioeshittirish va respublika axborot bozorining boshqa qatnashchilari tomonidan axborot sohasida amaldagi qonun hujjatlariga rioya etilishi monitoringini tashkil qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga, roʻyxatdan oʻtkazish va litsenziyalash shartlariga rioya etilishini nazorat qilish, ogohlantirish, roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi guvohnomalar va litsenziyalarning amal qilishini belgilangan tartibda toʻxtatib turish va toʻxtatish;
texnik va boshqa normativlar va standartlarni ishlab chiqish va texnikaviy bazani rivojlantirish, rekonstruksiya qilish, undan foydalanish, standartlash va sertifikatlash sohasidagi tadbirlarni amalga oshirish;
matbuot va axborot sohasidagi faoliyatni, shu jumladan tegishli tartibotlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni boshqarish;
faoliyat sohalarida Agentlik vakolatiga aloqador ijro etuvchi hokimiyatning boshqa organlari faoliyatini muvofiqlashtirib borish;
Agentlik vakolatiga kiruvchi tarmoqlardagi faoliyatni rivojlantirish prognozlari va dasturlarini ishlab chiqish;
Agentlik yuritadigan sohaga taalluqli iqtisodiy, ijtimoiy, texnikaviy, huquqiy muammolarni tahlil qilish hamda ularni hal etish, shu jumladan tegishli qonun hujjatlari va boshqa normativ huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
Agentlik tasarrufidagi tashkilotlar faoliyatiga rahbarlik qilish va uni muvofiqlashtirib borish, ularning moddiy-texnikaviy taʼminotiga koʻmaklashish;
matbuot va axborot sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, xalqaro tashkilotlarning oʻzining vakolatiga taalluqli masalalar boʻyicha ishlarida qatnashish.
III. Agentlikning huquqlari
6. Agentlik oʻz vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:
Oʻzbekiston Respublikasining barcha jismoniy va yuridik shaxslari (mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar) tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan normativ hujjatlarni ishlab chiqish va tasdiqlash;
oʻz hududiy organlarini belgilangan tartibda tashkil etish va tugatish;
davlat organlaridan va boshqa organlar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslardan zarur axborotlar, hujjatlar va materiallarni Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda soʻrab olish;
qonun loyihalarini tayyorlash, ekspertizadan oʻtkazish, tadqiqot ishlarini amalga oshirish va konsultatsiyalar uchun ilmiy tashkilotlarni, davlat organlari xodimlarini, mutaxassislar va ekspertlarni, shu jumladan xorijiy mutaxassislar va ekspertlarni belgilangan tartibda jalb etish, vaqtinchalik ijodiy jamoalar tashkil qilish;
oʻz faoliyatini taʼminlash uchun belgilangan tartibda muassasalar va korxonalar tashkil etish;
yuklangan vazifalardan kelib chiqqan holda amaldagi qonunchilikka zid boʻlmagan tashqi iqtisodiy, madaniy va maʼrifiy faoliyat sohasida oldi-sotdi shartnomalari tuzish;
matbuot va axborot sohasidagi qonunchilikni buzayotgan davlat boshqaruvi organlariga, joylardagi hokimiyat organlariga, xoʻjalik yurituvchi subyektlarga va ularning mansabdor shaxslariga nisbatan oʻz vakolati doirasida qonunchilikda belgilangan tartibda qarorlar (buyruqlar) chiqarish.
Agentlikning oʻz vakolatlari doirasida chiqargan qarorlari va buyruqlari vazirliklar, idoralar, mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari, muassasalar va tashkilotlar, xoʻjalik yurituvchi subyektlar va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, ularning birlashmalari, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiydir.
7. Matbuot va axborot sohasidagi amaldagi qonunchilik ommaviy axborot vositalari va nashriyotlar tomonidan muntazam ravishda bajarilmagan taqdirda Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi nashriyotlar va ommaviy axborot vositalarining noshirlik faoliyatiga litsenziyalarning hamda roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomalarning amal qilishini sud tartibida toʻxtatishga haqlidir.
8. Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligining ommaviy axborot vositalarini senzura qilishi, tahrir etishi va ularning faoliyatiga boshqacha shakllarda aralashishi taqiqlanadi.
IV. Agentlik faoliyatini tashkil etish
9. Agentlikni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan bosh direktor boshqaradi.
10. Agentlikning bosh direktori Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan uch nafar oʻrinbosarga, shu jumladan bir nafar birinchi oʻrinbosarga ega boʻladi.
11. Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligining bosh direktori maqomiga koʻra vazirga, bosh direktorning birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlari tegishli ravishda vazirning birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosariga tenglashtiriladi.
12. Agentlikning bosh direktori yakkaboshchilik asosida Agentlik faoliyatiga rahbarlik qiladi va Agentlikka yuklangan vazifalar bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
13. Bosh direktor:
Agentlikning normativ hujjatlarini tasdiqlaydi (imzolaydi);
qonun hujjatlari va boshqa normativ hujjatlar loyihalarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining koʻrib chiqishi uchun belgilangan tartibda kiritadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan xodimlarning soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida Agentlik markaziy apparatining tuzilmasi va shtat jadvalini, uning hududiy organlari xodimlari sonini, shuningdek mablagʻ ajratishning tegishli davriga davlat budjetida tasdiqlangan doirada ular taʼminoti xarajatlari smetasini tasdiqlaydi;
Agentlikning mansabdor shaxslari, hududiy organlar, Agentlik ixtiyoridagi tashkilotlar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan buyruqlar chiqaradi va koʻrsatmalar beradi, shuningdek belgilangan tartibda ularning bajarilishini nazorat qiladi;
Agentlik markaziy apparati xodimlarini va hududiy organlar rahbarlarini belgilangan tartibda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi;
Agentlikning tarkibiy boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlaydi;
Agentlik ixtiyoridagi tashkilotlar ustavlarini tasdiqlaydi, ularning rahbarlari bilan mehnat shartnomalarini (kontraktlarni) belgilangan tartibda tuzadi, oʻzgartiradi va bekor qiladi;
Agentlik vakolatiga tegishli boʻlgan masalalar boʻyicha Agentlikning Oʻzbekiston Respublikasi davlat hokimiyati organlari bilan oʻzaro hamkorligini belgilangan tartibda taʼminlaydi;
Bosh direktorning oʻrinbosarlari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi.
14. Agentlikda bosh direktor (hayʼat raisi) va lavozimiga koʻra unga kiruvchi bosh direktorning oʻrinbosarlari, shuningdek bosh direktorning tavsiyasi boʻyicha ommaviy axborot vositalari va ommaviy kommunikatsiyalar, matbuot sohasidagi, nashriyotlar va matbaaning boshqa rahbar xodimlaridan hamda boshqa shaxslardan iborat boʻlgan 7 kishidan iborat hayʼat tashkil etiladi.
Hayʼat aʼzolari, uning tarkibiga lavozimi boʻyicha kiruvchi shaxslardan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Hayʼat Agentlik faoliyatining asosiy masalalarini koʻrib chiqadi. Hayʼat qarorlari, qoidaga koʻra, bosh direktorning buyruqlari bilan amalga oshiriladi. Bosh direktor bilan hayʼat aʼzolari oʻrtasida kelishmovchilik kelib chiqqan taqdirda bosh direktor uzil-kesil qaror qabul qiladi hamda paydo boʻlgan kelishmovchiliklar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot beradi. Hayʼat aʼzolari oʻz fikrini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga maʼlum qilishlari mumkin.
15. Qoraqalpogʻiston Respublikasida, viloyatlar va Toshkent shahrida Agentlikning hududiy organlari – tegishli ravishda Matbuot va axborot agentligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi matbuot va axborot boshqarmalari tashkil etiladi.
16. Agentlik huzurida ekspert kengashlar va komissiyalar tashkil etilishi mumkin. Kengash va komissiyalar toʻgʻrisidagi nizomlar va ularning tarkibi bosh direktor tomonidan tasdiqlanadi.
17. Agentlikning markaziy apparati va hududiy organlari taʼminoti sarf-xarajatlari davlat boshqaruvi uchun nazarda tutiladigan davlat budjeti mablagʻlari, shuningdek Agentlikka qarashli tashkilotlarning shartnoma asosidagi ajratmalari, xoʻjalik faoliyatidan olinadigan boshqa tushumlar hisobiga mablagʻ bilan taʼminlanadi.
Ommaviy axborot vositalari monitoringi va ularni litsenziyalash markazi davlat budjeti mablagʻlari hisobiga mablagʻ bilan taʼminlanadi.
18. Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi yozilgan muhrga, bank muassasalarida hisob-kitob raqamiga va boshqa hisob raqamlariga ega boʻladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2002-y., 13-son, 104-modda; 2004-y., 24-son, 272-modda)