O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Matbaa korxonalarini ro‘yxatga olish va hisobga qo‘yish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-dekabrdagi 1017-sonli “Ommaviy axborot va kommunikatsiyalar sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatishning ayrim ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston matbuot va axborot agentligining faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” 2002-yil 3-iyuldagi 241-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Matbaa korxonalarini ro‘yxatga olish va hisobga qo‘yish tartibi to‘g‘risidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida matbaa faoliyatini tartibga solish to‘g‘risida” 1998-yil 2-fevraldagi 52-son qaroriga 2-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari H. Karomatov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri O‘. SULTONOV
Toshkent sh.,
2002-yil 27-dekabr,
454-son
Matbaa korxonalarini ro‘yxatga olish va hisobga qo‘yish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi hududida matbaa korxonalarini ro‘yxatga olish va hisobga qo‘yish tartibini belgilab beradi.
Mazkur Nizom hujjatlardan faqat nusxa ko‘chirish faoliyatiga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Matbaa faoliyati deb, barcha turdagi bosma nashrlarning bosma shakllarini yasash maqsadida ular matnini terish, bosma shakllarini tayyorlash (shu jumladan muhr va shtamplarni yasash), maketini tayyorlash, bosish, muqovalash, tirajini tayyorlash tushuniladi. Matbaa faoliyati yuqorida sanab o‘tilgan jarayonlarni (turlarni) uzviy birgalikda yoki alohida-alohida olingan holatlarini ham o‘z ichiga oladi.
Matbaa korxonalari deb matbaa faoliyatini amalga oshirish maqsadida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan tashkil etilgan tuzilmalar (konsern, kombinat, fabrika, bosmaxona, markaz, ustaxona, sex, laboratoriya, bo‘linmalar va boshqalar) tushuniladi.
Matbaa korxonasi alohida yuridik shaxs sifatida yoki mavjud yuridik shaxsning tarkibiy tuzilmasi sifatida tashkil etilishi mumkin.
Jismoniy shaxslar matbaa faoliyatini amalga oshirish uchun yakka tartibdagi tadbirkor sifatida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tishlari lozim.
Muhr va shtamp tayyorlash faoliyati faqat yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
3. Matbaa korxonalari O‘zbekiston matbuot va axborot agentligida ro‘yxatga olingandan so‘ng o‘z faoliyatini boshlaydilar.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 2-noyabrdagi 294-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2011-y., 45-46-son, 470-modda)
4. Ro‘yxatga olingan matbaa korxonalari tegishli vakolatli organlarning ruxsatisiz aholi bilan pullik hisob-kitoblar qilishda foydalaniladigan pul belgilari, obligatsiyalar, aksiyalar, chiptalar, markalar, talonlar va boshqa belgili hamda raqamli to‘lov vositalarini bosish huquqiga ega emas.
Raqamlangan blankalarni (tovar-transport hujjatlari, yo‘l varaqalari va boshqa hisobot blankalarini) qat’iy hisob orqali faqat ixtisoslashgan nashriyotlar buyurtmasi bo‘yicha bosishga ruxsat etiladi.
5. Matbaa korxonalarini ro‘yxatga olish uchun yuridik va jismoniy shaxslar O‘zbekiston matbuot va axborot agentligiga davlat tilida yozilgan ariza bilan murojaat qiladilar.
Ro‘yxatga olish uchun beriladigan arizada matbaa faoliyatining turi, matbaa korxonasining (muassisining) to‘liq va qisqartirilgan nomi, tashkiliy-huquqiy shakli (yuridik shaxslar uchun), uning joylashgan joyi (pochta manzili), matbaa faoliyati amalga oshiriladigan manzili va muloqot telefonlari ko‘rsatiladi.
Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
yuridik shaxslar uchun — yuridik shaxs davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning nusxasi;
(5-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 17-iyuldagi 196-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2014-y., 31-son, 380-modda)
jismoniy shaxslar uchun — yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning nusxasi;
(5-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 17-iyuldagi 196-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2014-y., 31-son, 380-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(5-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 2-noyabrdagi 294-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — O‘R QHT, 2011-y., 45-46-son, 470-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
ro‘yxatga olganlik uchun davlat boji to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat;
(5-bandining yettinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 11-martdagi 63-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2009-y., 10-11-son, 115-modda)
o‘rnatilgan yoki o‘rnatilishi mo‘ljallanayotgan matbaa uskunalarining turi, nomi va miqdorini ko‘rsatuvchi ro‘yxat.
6. Ro‘yxatga olish haqidagi ariza u topshirilgan kundan e’tiboran o‘n besh kun ichida ko‘rib chiqiladi.
Arizani ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi matbaa korxonasini ro‘yxatga olish yoki ro‘yxatga olishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Ro‘yxatga olinganlik haqidagi guvohnoma tegishli qaror qabul qilingan kundan boshlab uch kun ichida arizachiga beriladi. Ro‘yxatga olinganlik haqidagi guvohnoma besh yil muddatga beriladi.
Ro‘yxatga olinganlik haqidagi guvohnomada matbaa korxonasida amalga oshiriladigan matbaa faoliyatining aniq turlari ko‘rsatiladi.
O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi ro‘yxatga olingan matbaa korxonalarini Yagona davlat reyestriga kiritadi.
7. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi ro‘yxatdan o‘tkazilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma berilgan kundan boshlab uch kun mobaynida korxona to‘g‘risidagi ma’lumotlarni (matbaa korxonasining (uning muassisining) to‘liq va qisqartirilgan nomini, tashkiliy-huquqiy shaklini, matbaa faoliyati amalga oshiriladigan joyning manzilini, bog‘lanish telefonlari raqamlarini, ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning tartib raqamini) Ichki ishlar vazirligiga matbaa korxonasini hisobga qo‘yish uchun yuboradi.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 2-noyabrdagi 294-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2011-y., 45-46-son, 470-modda)
8. Matbaa korxonalaridan davlat ro‘yxatiga olganlik uchun stavkalar bo‘yicha davlat boji undiriladi:
| T/r | Matbaa faoliyati turi | Davlat boji stavkasi |
| 1. | Bosma nashrlarni bosish: a) yillik ish hajmi 2 mln bosma taboqqacha bo‘lgan korxonalar; |
eng kam oylik ish haqining 10 baravari miqdorida |
|
b) yillik ish hajmi 2 mln bosma taboqdan ortiq bo‘lgan korxonalar |
eng kam oylik ish haqining 25 baravari miqdorida | |
| 2. | Nashrlarning bosma shakllarini yasash maqsadida ular matnini terish (nabor). Nashrlarning bosma shakllarini yasash. Bosma mahsulotlarning original maketlarini tayyorlash | eng kam oylik ish haqining 2,5 baravari miqdorida |
| 3. | Muhr va shtamplar tayyorlash. Bosma mahsulotlarini muqovalash. Mahsulotlarni qadoqlash qutilarini va yorliqlarini tayyorlash | eng kam oylik ish haqining 5 baravari miqdorida |
| 4. | Matbaa korxonalari chet el investitsiyalari ishtirokida tashkil etilgan yoki korxonaga O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarolari muassis (hammuassis) bo‘lsa | 500 AQSh dollari miqdorida |
Matbaa faoliyatining bir necha turlari bilan shug‘ullanish uchun ariza berilganda, davlat boji amalga oshirilishi mo‘ljallanayotgan faoliyat turlari uchun belgilangan davlat boji miqdorlarining eng yuqorisi bo‘yicha to‘lanadi.
Ro‘yxatga olingan matbaa korxonalari, qo‘shimcha matbaa faoliyati turlarini amalga oshirish uchun qayta ro‘yxatga olinayotganda, davlat boji umumiy tartibda undiriladi. Matbaa korxonasi boshqa asoslarga ko‘ra qayta ro‘yxatga olinganda, davlat boji belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida to‘lanadi.
Olingan mablag‘larning 80 foizi O‘zbekiston matbuot va axborot agentligida qo‘shimcha mablag‘ sifatida matbaa faoliyatini rivojlantirish uchun qoldiriladi, qolgan mablag‘lar esa tumanlar va shaharlar budjetlariga o‘tkaziladi.
(8-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 26-apreldagi 122-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 17-son, 176-modda)
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-noyabrdagi 313-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 44-son, 507-modda)
9. Ro‘yxatga olish faqat quyidagi hollarda, agar:
shu nomdagi matbaa korxonasi avval ro‘yxatga olingan bo‘lsa;
matbaa korxonasining ishlab chiqarish binosi tozalik, yong‘in xavfsizligi, ekologiya, texnik va qo‘riqlash-yong‘inga qarshi ogohlantirish moslamalari bilan jihozlashga doir talablarga javob bermasa, rad etilishi mumkin.
Ro‘yxatga olishni rad etish to‘g‘risidagi yozma javob mazkur Nizomda ko‘zda tutilgan asoslarni ko‘rsatgan holda yetti kun ichida matbaa korxonasiga (uning muassisiga) yuboriladi.
Matbaa korxonasini ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi arizani qayta ko‘rib chiqishda ilgari ro‘yxatga olishni rad etish to‘g‘risidagi bildirishnomada ko‘rsatilmagan asoslar bo‘yicha matbaa korxonasini ro‘yxatga olishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-noyabrdagi 313-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2012-y., 44-son, 507-modda)
10. Ro‘yxatga olingan matbaa korxonalari quyidagi hollarda qayta ro‘yxatga olinadi:
matbaa korxonasi ro‘yxatga olinganlik haqidagi guvohnomada ko‘rsatilmagan matbaa faoliyatining boshqa turlarini amalga oshirishni istasa;
matbaa korxonasining nomi, tashkiliy-huquqiy shakli (agar u yuridik shaxs sifatida tashkil etilgan bo‘lsa), uning joylashgan joyi (pochta manzili), matbaa faoliyati amalga oshiriladigan manzili o‘zgarsa;
matbaa korxonasining muassislari yuridik shaxs sifatida yoki yakka tartibdagi tadbirkor sifatida qayta ro‘yxatdan o‘tkazilsa.
Matbaa korxonasi qayta ro‘yxatga olish haqidagi ariza bilan yuqorida ko‘rsatilgan ma’lumotlarni tasdiqlovchi hujjatlarni O‘zbekiston matbuot va axborot agentligiga taqdim etadi.
(10-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-noyabrdagi 313-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 44-son, 507-modda)
Qayta ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi ariza O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tomonidan o‘n kun ichida ko‘rib chiqiladi. Matbaa korxonasini qayta ro‘yxatga olish ro‘yxatga olish uchun nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
11. Matbaa korxonalari tomonidan mazkur Nizom hamda matbaa sohasidagi boshqa qonun hujjatlarining bajarilishini nazorat qilish belgilangan tartibda O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi va Ichki ishlar vazirligining hududiy organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Matbaa korxonasi (uning muassisi) tomonidan matbaa sohasidagi qonun hujjatlari buzilgan taqdirda O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi quyidagi huquqlarga ega:
matbaa korxonasiga (uning muassisiga) aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risida, bartaraf etish muddatlari ko‘rsatilgan holda, bajarilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar (qarorlar) kiritish;
matbaa korxonasining ro‘yxatga olinganlik haqidagi guvohnomasi amal qilishini olti oygacha to‘xtatib turish;
matbaa korxonasining ro‘yxatga olinganlik haqidagi guvohnomasi amal qilishini tugatish.
12. Matbaa korxonasi ro‘yxatga olinganligi haqidagi guvohnomaning amal qilishi quyidagi hollarda to‘xtatib turilishi mumkin:
o‘zga matbaa korxonasining nomi bilan mahsulot chop etsa va tayyorlasa;
noqonuniy ravishda buyurtmalar qabul qilsa va bajarsa;
matbaa korxonasi amaldagi Davlat va soha standartlari talablarini buzsa hamda O‘zbekiston Respublikasining mehnatni, atrof muhitni muhofaza qilish va tozalik, yong‘in xavfsizligi to‘g‘risidagi qonun-qoidalarini buzganligi haqida kamida ikki marta ogohlantirish olgan bo‘lsa;
O‘zbekiston matbuot va axborot agentligining aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risidagi taqdimnomasi bajarilmasa.
Ro‘yxatga olinganlik haqidagi guvohnomaning amal qilishi sudning qaroriga binoan ham to‘xtatib turilishi mumkin.
13. Matbaa korxonasi ro‘yxatga olinganligi haqidagi guvohnomaning amal qilishi quyidagi hollarda tugatilishi mumkin:
matbaa korxonasining (muassisning) arizasi bo‘yicha;
matbaa korxonasini ro‘yxatga olishda qalbaki hujjatlardan foydalanganlik holati aniqlanganda;
matbaa korxonasi qayta ro‘yxatga olinishi shart bo‘lgan hollarda belgilangan muddatda qayta ro‘yxatdan o‘tmaganda;
matbaa korxonasi yoki uni ta’sis etgan yuridik shaxs tugatilganda;
matbaa korxonasini tashkil etgan jismoniy shaxs — yakka tartibdagi tadbirkorning davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnomasi amal qilishi tugatilganda;
matbaa korxonasini tashkil etgan jismoniy shaxs — yakka tartibdagi tadbirkorning muomalaga layoqatliligi belgilangan tartibda cheklanganda yoki u muomalaga layoqatsiz deb topilganda;
matbaa korxonasi matbaa sohasidagi qonun hujjatlarini muntazam ravishda yoki bir marta qo‘pol ravishda buzganda;
O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi belgilagan muddatda matbaa korxonasi ro‘yxatga olinganlik haqidagi guvohnomaning amal qilishini to‘xtatib turishiga olib kelgan holatlarni bartaraf etmaganda.
Ro‘yxatga olinganlik haqidagi guvohnomaning amal qilishi sudning qaroriga binoan ham tugatilishi mumkin.
14. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi matbaa korxonasining ro‘yxatga olinganligi haqidagi guvohnomasi amal qilishini to‘xtatib turish yoki tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilganda, bu haqda, qaror qabul qilingan kundan boshlab bir ish kunidan kechiktirmay, arizachiga va Ichki ishlar vazirligining tegishli hududiy organiga xabar qiladi.
(14-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 16-apreldagi 93-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 15-son, 181-modda)
Amal qilishi tugatilgan guvohnoma O‘zbekiston matbuot va axborot agentligiga qaytarilishi shart.
15. Muassis yoki korxona egasi tomonidan matbaa korxonasi tugatilganda, ular O‘zbekiston matbuot va axborot agentligiga yozma ravishda xabar berishlari lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida matbaa faoliyatini tartibga solish to‘g‘risida” 1998-yil 2-fevraldagi 52-son qaroriga kiritilayotgan o‘zgartirishlar
1. 1-bandning ikkinchi xatboshi va qarorning 1-ilovasi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
2. 2-bandda:
birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Belgilab qo‘yilsinki, matbaa korxonalari O‘zbekiston matbuot va axborot agentligida ro‘yxatga olingandan va Ichki ishlar vazirligining hududiy organlarida hisobga qo‘yilgandan so‘ng o‘z faoliyatini boshlaydilar”;
ikkinchi xatboshi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
3. 3-bandda “O‘zbekiston Respublikasi Davlat matbuot qo‘mitasiga” so‘zlari “O‘zbekiston matbuot va axborot agentligiga” so‘zlari bilan almashtirilsin.
4. Qaror 2-ilovasining 3-bandida “O‘zbekiston Respublikasi Davlat matbuot qo‘mitasi” so‘zlari “O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi” so‘zlari bilan almashtirilsin.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2002-y., 24-son, 199-modda; 2009-y., 10-11-son, 115-modda; 2011-y., 45-46-son, 470-modda; 2012-y., 44-son, 507-modda; 2014-y., 31-son, 380-modda; 2015-y., 15-son, 181-modda; 2016-y., 17-son, 176-modda)