Qashqadaryo viloyati Muborak tumani hokimining
Qarori
Tumandagi dafn etish joylarini saqlash qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining “Dafn etish va dafn ishi toʻgʻrisida”gi Qonuni, (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y. 52-son, 508-modda) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 4-apreldagi 101-sonli “Dafn etish va dafn ishi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari hakida”gi qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami. 2011-y., 14-son, 138-modda) hamda viloyat hokimining 2015-yil 6-fevraldagi “Viloyatdagi qabristonlarda dafn etish xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha tariflar miqdorini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi X-67/02-sonli qarori (“Qashqadaryo” gazetasi 2015-yil 7-fevral, 017 (14930)-son) ga asosan tuman tasarrufidagi dafn etish joylarini saqlash va obodonlashtirish maqsadida hamda Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi 1993-y., 9-son, 320-modda)ning 6-moddasiga asosan qaror qilaman:
1. Viloyat hokimining 2015-yil 6-fevraldagi “Viloyatdagi qabristonlarda dafn etish xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha tariflar miqdorini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi X-67/02-sonli qarori maʼlumot va ijro uchun qabul qilinsin.
Mazkur qaror ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan “Tumandagi dafn etish joylarini saqlash qoidalari” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan hamkorlikda tumandagi qabristonlarni zarur darajada saqlash va obodonlashtirish ishlari hamda umumxalq hashari, xotirlash kunlari va boshqa tadbirlar tashkil etib borilsin.
3. Tuman Obodonlashtirish boshqarmasi (Sh. Hamidov) va qabristonlarning maʼmuriyati:
xizmatlar uchun qatʼiyan belgilangan tariflar boʻyicha hisob-kitob qilgan holda fuqarolarning qabristonda koʻrsatiladigan xizmatlarga doir buyurtmalarini oʻz vaqtida va sifatli bajarsinlar;
tumandagi qabristonlarning hududida “Tumandagi dafn etish joylarini saqlash qoidalari”ga hamda boshqa qonun hujjatlari talablariga qatʼiy rioya etilishini taʼminlasinlar va amalga oshirilgan ishlar hamda qoidalar talablari buzilishi holatlari yuzasidan har chorakda tuman hokimligiga axborot taqdim etib borsinlar.
4. Tuman bosh arxitektori (X. Qodirov), tuman Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi (N. Samiyeva) va tuman tabiatni muhofaza qilish inspeksiyasi (M. Normurodov)ga:
qabristonlar tashkil etish uchun yer uchastkasi tanlashni shaharsozlik hujjatlari, gidrogeologik tavsiflar, joy relyefining xususiyatlari, tuproq tarkibi, atrof tabiiy muhitga eng koʻp yoʻl qoʻyiladigan ekologik yuklamalarni hisobga olgan holda aholi punktlari va hududlarni qurish qoidalariga, shuningdek sanitariya meʼyorlari va qoidalariga muvofiq amalga oshirish;
qabristonlarning xizmat koʻrsatish davri muddatlariga rioya etilishini taʼminlash hamda ishlab turgan va loyihalashtirilayotgan qabristonlarning sanitariya-himoyalash zonasi hududida biror-bir turar joy va jamoat binolarini qurish yoki dafn etish uchun ajratilgan yer uchastkalaridan nooʻrin foydalanilishining oldini olish hamda ularga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish topshirilsin.
5. Mazkur qaror “Muborak hayoti” gazetasida eʼlon qilinsii.
6. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
7. Ushbu qaror ijrosining nazorati tuman hokimining birinchi oʻrinbosari Sh. Mexmonovga yuklatilsin.
Hokim P. ALLAQULOV
Muborak t.,
2015-yil 9-mart,
X-150/03-son
Tuman hokimining 2015-yil 9-martdagi X-150/03-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Tumandagi dafn etish joylarini saqlash
QOIDALARI
1. Mazkur qoidalar tuman hududidagi dafn etish joylari (keyingi oʻrinlarda qabriston deb ataladi) va qabr usti yodgorliklari inshootlarini saqlash hamda mahalliy aholi, shuningdek boshqa millatlar va xalqlarning mavjud anʼanalari, urf-odatlari va udumlariga muvofiq ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Tuman obodonlashtirish boshqarmasi va qabristonlarning maʼmuriyati mazkur qoida va boshqa qonun hujjatlari ijrosi yuzasidan quyidagilarni taʼminlaydi:
qabristonlarni har kuni ziyoratlar va dafnlar uchun ochiq boʻlishi jumladan, diniy konfessiya va mahalliy anʼanalarga mansubligiga bogʻliq holda ochish va yopish vaqtlari (qabristonning ish jadvali, ziyorat qilish qoidalari) va boshqa yoʻl-yoʻriq hujjatlarini belgilash;
qabristonga asosiy kirish joyida maʼmuriy va boshqa binolar, yoʻllar, xiyobonlar, tarixiy va memorial qabrlar, jamoat hojatxonalari va boshqa obyektlarning joylashishini belgilagan holda qabristonning sxematik tarxi, tuman obodonlashtirish boshqarmasi, qabriston maʼmuriyati toʻgʻrisidagi (manzil va aloqa bogʻlash telefonlari) va boshqa maʼlumotlarni taxtada koʻrsatgan holda oʻrnatish;
qabristonlar hududida jamoat tartibi va sokinlikni buzish, mast-alast, giyohvandlik hamda boshqa aql-iroda faoliyatiga taʼsir etuvchi moddalar taʼsiri ostida boʻlish, qabr usti yodgorliklariga va yashil oʻsimliklarga shikast yetkazish, shuningdek quruq oʻt, barg, shox-shabba va daraxtlarning shoxchalarini yoqish, mol va boshqa uy hayvonlarini boqish, mevali koʻchatlar oʻtqazish hamda qishloq xoʻjaligi ekinlari oʻstirishni oldini olish;
yodgorliklardagi yozuvlarning mazmunini nazorat qilish, ularda oʻlim toʻgʻrisidagi hujjatlardagi maʼlumotlarga nomuvofiqliklar boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik, qabrlarni va qabr usti yodgorliklarini roʻyxatdan oʻtkazish daftarlari hamda dafn etishni amalga oshirish huquqini beradigan barcha hujjatlarni raqamlangan va ip bilan tikilgan holda hujjatlar yigʻma jildlarini yuritish va belgilangan tartibda saqlash;
bosh hiyobon, asosiy va ikkinchi darajali yoʻllarda toʻsiqsiz yurish va oʻtish imkoniyatini (qordan tozalash, muzni parchalash, qum sepish va shu kabilarni) taʼminlash;
eskirgan (qurigan) daraxtlarning agʻdarilishi va qabr usti yodgorliklarini shikastlashiga yoʻl qoʻymaslik uchun ularning oʻz vaqtida kesilishini taʼminlash;
umumiy foydalanish joylarini toza saqlash, xiyobonlar boʻylab maishiy chiqindilar uchun maxsus yashik va qutilar oʻrnatish, maishiy chiqindilarning qabriston hududidan oʻz vaqtida olib chiqilishini taʼminlash;
qabristonning butun hududini har yili kamida ikki marta har tomonlama supurib-sidirishni amalga oshirish;
muhandislik inshootlarining zarur darajada ishlashini taʼminlash, tashqi toʻsiq, bino va inshootlar, yoʻllar, muhandislik tarmoqlari va inshootlarining joriy va mukammal taʼmirlanishini amalga oshirish hamda koʻkalamzorlashtirish;
barcha turdagi yashil oʻsimliklarni sugʻorish va parvarishlashni taʼminlash, ularni yangilash, zararkunandalar, kasalliklar va begona oʻtlarga qarshi kurashish;
tuman FHDY boʻlimi tomonidan berilgan, oʻlim toʻgʻrisida belgilangan shakldagi tegishli hujjatlar va sud-tibbiy xulosa berish bilan bogʻliq oʻlimlarga oid hujjatlar taqdim etilganidan keyin dafn etish uchun joy (uchastka) ishlab turgan qabristonlarda bepul va qatʼiyan sanitariyaga doir va boshqa qoidalar hamda meʼyorlarga muvofiq fuqarolarga (tashkilotlarga) ularning buyurtmanomalariga koʻra ajratish;
marhumlarni goʻr qazish meʼyorlari va qoidalariga rioya etgan holda dafn etishni taʼminlash;
qabrning roʻyxat raqamini koʻrsatilgan beton ustunga oʻrnatish;
anjomlarning (belkurak, panshaxa, paqir, hokandoz, supurgi, zambil va hokazolarning) yetarli miqdorda boʻlishini va ularning fuqarolarga qabrlarga qarash uchun bepul (tilxat bilan) berilishini taʼminlash;
qabristonda zarur darajadagi tartibni taʼminlash boʻyicha, shu jumladan umumxalq hashari, xotirlash kunlari va boshqa tadbirlarni tashkil etishda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan yaqin aloqada boʻlish;
xizmatlar uchun qatʼiyan belgilangan tariflar boʻyicha hisob-kitob qilgan holda fuqarolarning qabristonda koʻrsatiladigan xizmatlarga doir buyurtmalarini oʻz vaqtida va sifatli bajarish;
qabr usti yodgorliklarini oʻrnatish tartibiga, hududni koʻkalamzorlashtirish uchun daraxt va butalarning turlarini toʻgʻri tanlashga rioya etilishini nazorat qilish;
qabr atrofida metalldan yasalgan va boshqa toʻsiqlarni oʻrnatish (oʻsimliklardan iborat yashil toʻsiqlardan tashqari), qoʻshni qabrlarning hududlarini va boʻsh yer uchastkalarini egallab oladigan qabr usti yodgorliklarini barpo etishni taqiqlash;
dafn etilganning qarindoshlariga eskirib ketgan qabr usti yodgorligi toʻgʻrisida yozma xabar qilish va uni tuzatishni talab qilish;
yongʻin xavfsizligi qoidalariga rioya etilishini taʼminlash, yongʻinga qarshi shitlarni zarur miqdorda yongʻinga qarshi anjomlar bilan butlash.
qabr usti yodgorliklarining saqlanishini taʼminlash, ular oʻgʻirlangan, buzilgan, vayron qilingan taqdirda huquqni muhofaza qilish organlarini va yodgorliklarning egalarini xabardor qilish;
goʻr qazuvchi ishchilar hamda marhumlarni yuvuvchi va kiyintiruvchi ishchilarga sanitariya qoidalarini hamda diniy va mahalliy anʼanalarni hisobga olib meʼyorlarni qatʼiyan bajargan holda ishlarni bajarishning xavfsiz usullarini oʻrgatishni tashkil qiladi.
3. Qabriston xizmatlaridan foydalanuvchi fuqarolar (tashkilotlar)ning huquqlarga va majburiyatlari:
tegishli diniy konfessiya qabristonida vafot etgan yaqinlari va qarindoshlarini dafn etish uchun bepul uchastka olish hamda qabrga va qabr usti yodgorliklariga qarash uchun qabriston anjomlaridan bepul foydalanish;
sanitariya qoidalari hamda boshqa qoidalar va meʼyorlarga zid boʻlmagan diniy marosimlar va mahalliy anʼanalarga rioya etgan holda dafn etish udumini bajarish;
dafn etishni amalga oshirgan fuqarolar va tashkilotlar qabrlar hamda qabr usti yodgorliklarini zarur holatda saqlash;
marosim xizmatlaridan foydalanish va ularga belgilangan tariflar boʻyicha haq toʻlash;
buyurtirilgan xizmatlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini qabriston maʼmuriyatidan talab qilish;
tuman obodonlashtirish boshqarmasi bilan kelishgan holda yaqinlari va qarindoshlarining qabrlariga qabr usti yodgorliklari oʻrnatish.
qabr usti yodgorliklarining oʻlchamlari va joylashtirilishi, shuningdek daraxt va butalar oʻtqazish oldindan qabriston maʼmuriyati bilan kelishadi.
4. Mahalliy davlat hokimiyati organi mazkur qoida va boshqa qonun hujjatlari ijrosi yuzasidan quyidagilarni taʼminlashi shart:
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va diniy tashkilotlarning takliflarini hisobga olgan holda ekologik ekspertiza va sanitariya-gigiyena xulosasi mavjud yangi qabristonlarni barpo etish va ishlab turganlarini qayta qurish hamda koʻchirish (yopish) ishlarini yer toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq, belgilangan tartibda qarorlar bilan rasmiylashtirish;
yopilgan qabristonlarga dafn etish, shu jumladan eski qabrga dafn etishni taqiqlash;
taniqli davlat arboblari va rahbarlarning qabrlari, qabr usti yodgorliklarini, tarixiy obidalar roʻyxatini tasdiqlash. Mahalliy budjet mablagʻlaridan ularni namunali tartibda saqlashni amalga oshirish;
qabristonlarni koʻkalamzorlashtirish — qabriston hududi atrofida yashil zona barpo etish, xiyobonlar, yoʻllar, maydonchalar boʻylab daraxtlar, butalar va yashil ihota oʻsimliklari ekishni mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan amalga oshirish;
aholi punkti uchun qabristonga yer uchastkalari uning hududidan tashqarida, yaʼni qoʻshni tuman (shahar) hududida berilgan hollarda loyihalash, qurish, saqlash va foydalanish boʻyicha barcha xarajatlar qabriston joylashgan joy tumanning mahalliy budjeti hisobiga, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirish;
xayr-ehsonlarni amalga oshirish bilan bogʻliq tashkiliy masalalarni hal etish uchun boshqarma vakili (buxgalter), qabriston nazoratchisi, hududida qabriston joylashgan fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi (mahalla qoʻmitasi) vakilidan iborat tarkibdagi komissiya (keyingi oʻrinlarda komissiya deb ataladi)ni tegishli tartibda qarorlar bilan tashkil etadi.
5. Tuman arxitektura va qurilish boʻlimi, tuman Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi va tuman tabiatni muhofaza qilish inspeksiyasi mazkur qoida va boshqa qonun hujjatlari ijrosi yuzasidan quyidagilarni taʼminlaydi:
ilgari qabristonlar joylashgan hududlardan, ular koʻchirilgan paytdan boshlab yigirma yil oʻtgandan keyin foydalanishga ruxsat berilgandan soʻng mazkur hududlardan faqat manzarali yashil oʻsimliklar oʻtqazish uchun foydalanishni hamda ushbu hududlarda bino va inshootlar qurish oldini olish va ularga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish;
qabristonlar tashkil etish uchun yer uchastkasini tanlash shaharsozlik hujjatlari, gidrogeologik tavsiflar, joy relyefining xususiyatlari, tuproq tarkibi, atrof tabiiy muhitga eng koʻp yoʻl qoʻyiladigan ekologik yuklamalarni hisobga olgan holda aholi punktlari va hududlarni qurish qoidalariga, shuningdek sanitariya meʼyorlari va qoidalariga muvofiq amalga oshirilishini hamda dafn joyining belgilanmagan uzoq muddat mavjud boʻlishini taʼminlash;
qabristonlarda yashil oʻsimliklarni muhofaza qilish boʻyicha zarur hollarda biologik va kimyoviy tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlaydi.
6. Tuman obodonlashtirish boshqarmasi dafn etish joylarini saqlash va obodonlashtirishga yuridik va jismoniy shaxslarning xayr-ehsonlarni yigʻish, hisobga olish va ulardan maqsadli foydalanishni tashkil etish boʻyicha mazkur qoida va boshqa qonun hujjatlari ijrosi yuzasidan quyidagilarni taʼminlaydi:
yuridik va jismoniy shaxslarning xayr-ehsonlaridan (pul mablagʻlari, tovar-moddiy boyliklar berish, shuningdek ishlarni bajarish yoki xizmatlar koʻrsatish) qabriston hududini saqlash va obodonlashtirish joriy va mukammal taʼmirlash maqsadlarida foydalanish;
xayr-ehsonlarni yigʻish uchun qabriston hududida maxsus ajratilgan joylarda plombalangan turgʻun metall yashiklar (qutilar)ni qoʻriqlash, qabristonning xizmat koʻrsatuvchi xodimi zimmasiga yuklash;
jismoniy shaxs tomonidan naqd pul mablagʻlari tarzidagi xayr-ehsonlar ismini oshkor etmasdan yoki (jismoniy shaxsning xohishiga koʻra) ushbu jismoniy shaxs bilan boshqarma oʻrtasida tuziladigan ixtiyoriy xayr-ehson qilish toʻgʻrisidagi shartnomaga asosan beradi.
7. Tuman hokimligi moliya boʻlimi va tuman Gʻaznachilik boʻlimi xayr- ehsonlarni jamgʻarish ijrosi boʻyicha nazoratni mazkur qoida va boshqa qonun hujjatlariga asosan olib boradi.
8. Qabristonlarni yopish toʻgʻrisidagi qarorlar majburiy tartibda ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinib hokimlikning rasmiy “Veb-sayti”ga joylashtiriladi. Ushbu turdagi qarorlar ijrosi boʻyicha va tashkiliy ishlar rejasini tegishli ijrochilarga hamda aholi punktlariga fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari orqali ham yetkaziladi.