Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Sogʻlom avlod uchun” hukumatga qarashli boʻlmagan xalqaro xayriya jamgʻarmasi faoliyatini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 30-yanvardagi 20-sonli “Sogʻlom avlod uchun” hukumatga qarashli boʻlmagan Xalqaro xayriya fondini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Sogʻlom avlod” davlat dasturini amalga oshirishda “Sogʻlom avlod uchun” hukumatga qarashli boʻlmagan xalqaro xayriya jamgʻarmasining faol qatnashishi uchun shart-sharoitlar yaratish, Jamgʻarma funksiyalari kengayganligini hisobga olgan holda uning moddiy va maʼnaviy bazasini mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar “Sogʻlom avlod uchun” hukumatga qarashli boʻlmagan xalqaro xayriya jamgʻarmasining muhim vazifalari deb hisoblansin:
“Sogʻlom avlod” davlat dasturi bajarilishini taʼminlash uchun zarur mablagʻlar va resurslarni safarbar qilish, jamoatchilikni, korxonalar va tashkilotlar rahbarlarini unga faol jalb qilish;
“Sogʻlom avlod” davlat dasturining maqsadlari va mazmunini, ona va bola sogʻligini mustahkamlashni, sogʻlom avlodni shakllantirish va tarbiyalashda oilaning rolini kuchaytirishni aholi oʻrtasida keng targʻib qilishni tashkil etish;
xorijiy va mamlakatimiz homiylarining muruvvat xayriya yordami mablagʻlarini jalb qilish va toʻplash ishlarini faol olib borish;
jamoat va nodavlat tuzilmalarining sogʻlom avlodni shakllantirishga qaratilgan, ona va bola sogʻligini muhofaza qilish bilan bogʻliq vazifalarni hal etishga doir saʼy-harakatlarini muvofiqlashtirish;
aholining ehtiyojmand qatlamlariga, eng avvalo koʻp bolali oilalarga, kamqonlik kasalligiga duchor boʻlgan ayollarga, nogiron bolalarga hamda bolalar, mehribonlik uylari va internatlarda tarbiyalanayotgan bolalarga muruvvat yordami koʻrsatish;
ona va bola sogʻligini muhofaza qilish, sogʻlom avlodni tarbiyalash ishida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va chuqurlashtirish.
* 2-ilova berilmaydi.
Vasiylik kengashiga:
Jamgʻarmaning moddiy-texnika va moliyaviy negizi mustahkamlanishida, “Sogʻlom avlod” davlat dasturini amalga oshirish boʻyicha Jamgʻarmaga yuklangan funksiyalar roʻyobga chiqarilishida unga har tomonlama koʻmaklashish;
Jamgʻarma tomonidan safarbar qilinayotgan mablagʻlardan maqsadli foydalanilishi ustidan qatʼiy nazorat qilinishini taʼminlash, Jamgʻarma boshqaruvi raisi va uning tuzilmalarining jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisidagi hisobotlarini har chorakda eshitish tavsiya qilinsin.
3. Quyidagilar:
“Sogʻlom avlod uchun” jamgʻarmasi markaziy apparati va uning mintaqaviy filiallari tuzilmasi 3 va 4-ilovalarga muvofiq;
“Sogʻlom avlod uchun” hukumatga qarashli boʻlmagan xalqaro xayriya jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom 5-ilovaga muvofiq maʼqullansin.
Jamgʻarma boshqaruvi raisi maqomiga koʻra Sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosariga, jamgʻarma mintaqaviy filiallari rahbarlari esa — sogʻliqni saqlash mintaqaviy organlari rahbarlari oʻrinbosarlariga tenglashtirilsin.
“Sogʻlom avlod uchun” hukumatga qarashli boʻlmagan xalqaro xayriya jamgʻarmasiga Jamgʻarma huzurida Aholining tibbiy madaniyatini oshirish boʻyicha maslahat kengashi tashkil etish, uning tarkibiga amaliyotchi mutaxassislar, tibbiyot oʻquv yurtlarining olimlari va oʻqituvchilarini kiritish tavsiya qilinsin.
Belgilansinki, Jamgʻarma apparati va uning mintaqaviy filiallari sarf-xarajatlari Jamgʻarmaning oʻz mablagʻlari hisobiga qoplanadi.
4. “Sogʻlom avlod uchun” jamgʻarmasining asosiy pul mablagʻlari:
Jamgʻarma qatnashchilarining pul badallari;
budjetdan tashqari jamgʻarmalarning mablagʻlari hamda ham Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari, ham Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslarning, shuningdek xalqaro tashkilotlarning homiylik mablagʻlari;
Jamgʻarma faoliyatidan olingan daromadlar, shuningdek, Jamgʻarma oldiga qoʻyilgan vazifalarni hal etish maqsadida u tomonidan taʼsis etilgan korxonalar va tashkilotlarning daromadlari;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa tushumlar hisobiga shakllantirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi manfaatdor vazirliklar, idoralar va jamoat tashkilotlari bilan birgalikda:
2000-yil I choragi yakunlaridan boshlab har chorakda “Sogʻlom avlod uchun” hukumatga qarashli boʻlmagan xalqaro xayriya jamgʻarmasiga budjetdan tashqari jamgʻarmalar hisobiga qoʻshimcha mablagʻlar yoʻnaltirilishini nazarda tutsin, ushbu mablagʻlar “Sogʻlom avlod” davlat dasturini amalga oshirishga maqsadli yoʻnaltirilsin;
ikki hafta muddatda Jamgʻarmaning koʻrsatib oʻtilgan qoʻshimcha mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
“Sogʻlom avlod uchun” jamgʻarmasini u ustav vazifalarini hal etishida doimiy ravishda samarali qoʻllab-quvvatlasinlar;
bir oy muddatda Jamgʻarmaning mintaqaviy filiallarini moslashtirilgan binolarda joylashtirish, ularni filiallar oʻz funksiyalarini bajarishi uchun mebel hamda zarur texnika va aloqa vositalari bilan jihozlash chora-tadbirlarini koʻrsinlar.
7. Mahalliy oʻzini oʻzi boshqarish organlariga, “Mahalla” va “Kamolot” jamgʻarmalariga, “Oila” markaziga, xotin-qizlar qoʻmitalariga hamda boshqa jamoat tashkilotlari va jamgʻarmalarga “Sogʻlom avlod” davlat dasturining amalga oshirilishini taʼminlashda “Sogʻlom avlod uchun” hukumatga qarashli boʻlmagan xalqaro xayriya jamgʻarmasi bilan faol oʻzaro hamkorlik qilish tavsiya qilinsin.
8. Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 3-iyundagi 268-son qarorining 1—3, 9-bandlari va Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 28-oktabrdagi 524-son qarorining 7-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki hafta muddatda Vazirlar Mahkamasiga qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, idoraviy meʼyoriy hujjatlarni mazkur qarorga muvofiqlashtirish toʻgʻrisida taklif kiritsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari H.S. Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 4-mart,
74-son
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 4-martdagi 74-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
“Sogʻlom avlod uchun” hukumatga qarashli boʻlmagan xalqaro xayriya jamgʻarmaning
TUZILMASI
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 4-martdagi 74-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
“Sogʻlom avlod uchun” hukumatga qarashli boʻlmagan xalqaro xayriya jamgʻarmasi markaziy apparati
TUZILMASI
|
Lavozimlar |
Xodimlar soni |
|
Rahbariyat |
|
| Boshqaruv raisi — Sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosari | 1 |
| Ijrochi direktor | 1 |
| Kadrlar boʻyicha inspektor | 1 |
|
Onalik va bolalik boʻlimi |
|
| Boʻlim boshligʻi | 1 |
| Bosh mutaxassis | 1 |
| Etakchi mutaxassis | 1 |
|
Muruvvat yordami boʻlimi |
|
| Boʻlim boshligʻi | 1 |
| Bosh mutaxassis | 1 |
| Etakchi mutaxassis | 1 |
|
Tashkiliy-uslubiy boʻlim |
|
| Boʻlim boshligʻi | 1 |
| Bosh mutaxassis | 1 |
| Etakchi mutaxassis | 2 |
|
Mablagʻlardan maqsadli foydalanilishini moliyaviy nazorat qilish boʻlimi |
|
| Boʻlim boshligʻi | 1 |
| Bosh mutaxassis | 1 |
| Etakchi mutaxassis | 1 |
|
Buxgalteriya |
|
| Bosh buxgalter | 1 |
| Buxgalter | 1 |
|
Jami: |
18 |
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 4-martdagi 74-son qaroriga
4-ILOVA
4-ILOVA
“Sogʻlom avlod uchun” hukumatga qarashli boʻlmagan xalqaro xayriya jamgʻarmasi mintaqaviy filialining
TUZILMASI
|
Lavozimlar |
Xodimlar soni |
|
Direktor |
1 |
|
Bosh mutaxassis — “Sogʻlom avlod” davlat dasturini amalga oshirish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi |
1 |
|
Etakchi mutaxassis (moliyachi) |
1 |
|
Buxgalter |
1 |
|
Jami: |
4 |
Izoh: mintaqaviy filiallarga yuklangan funksiyalarni Toshkent shahri boʻyicha Jamgʻarma markaziy apparati bajaradi.
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 4-martdagi 74-son qaroriga
5-ILOVA
5-ILOVA
“Sogʻlom avlod uchun” hukumatga qarashli boʻlmagan xalqaro xayriya jamgʻarmasi toʻgʻrisida
NIZOM
I. UMUMIY QOIDALAR
1. “Sogʻlom avlod uchun” hukumatga qarashli boʻlmagan xalqaro xayriya jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda “Jamgʻarma” deb ataladi) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1993-yil 23-apreldagi PF-596-son Farmoni va Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 3-iyundagi 268-son va 2000-yil 4-martdagi 74-son qarorlari bilan tashkil etilgan.
2. Jamgʻarma hukumatga qarashli boʻlmagan xalqaro xayriya jamoat tashkiloti sifatida davlat roʻyxatiga olingan vaqtdan boshlab yuridik shaxs huquqiga ega boʻladi. Xoʻjalik mustaqilligi asosida faoliyat koʻrsatadi, oʻz mol-mulkiga, mustaqil balansga, banklarda hisob raqamlariga, shu jumladan xorijiy valyutadagi hisob raqamlariga ega boʻladi. Mulkiy va mulkiy boʻlmagan huquqlarga oʻz nomidan ega boʻladi, tegishli majburiyatlarni bajaradi.
3. Jamgʻarma oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, mazkur Ustavga va Jamgʻarma Ustaviga muvofiq amalga oshiradi.
4. Jamgʻarma istalgan shaklda ulush qoʻshish uchun Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlari boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslar, xalqaro tashkilotlar uchun ochiqdir.
5. Jamgʻarmaning faoliyati xayriya tusidadir. Uning mablagʻlari, ularning tushish manbalaridan qatʼi nazar, ustavda koʻrsatilgan vazifalar va maqsadlarga erishish uchun sarflanadi.
6. Jamgʻarmaning yuridik manzili: Oʻzbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, Oxunboboyev koʻchasi, 15-uy.
II. JAMGʻARMANING MAQSADI, ASOSIY VAZIFALARI VA FAOLIYAT YOʻNALIShLARI
7. 2000-yil Oʻzbekiston Respublikasida “Sogʻlom avlod yili” deb eʼlon qilinganligi munosabati bilan “Sogʻlom avlod” davlat dasturi amalga oshirilishida faol qatnashish, sogʻlom avlodni tarbiyalashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, yuksak insoniy qadriyatlarga asoslangan hayotiy nuqtai nazarga ega boʻlgan maʼnaviy boy, axloqiy yetuk aql-zakovatli, yuqori bilimli jismonan sogʻlom, uygʻun rivojlangan shaxsni kamol toptirish, onalik va bolalikni muhofaza qilish Jamgʻarma faoliyatining maqsadi hisoblanadi.
8. Quyidagilar Jamgʻarmaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
“Sogʻlom avlod” davlat dasturi bajarilishini taʼminlash uchun zarur mablagʻlar va resurslarni safarbar qilish, jamoatchilikni, korxonalar va tashkilotlar rahbarlarini unga faol jalb qilish;
“Sogʻlom avlod” davlat dasturining maqsadlari va mazmunini, ona va bola sogʻligini mustahkamlashni, sogʻlom avlodni shakllantirish va tarbiyalashda oilaning rolini kuchaytirishni aholi oʻrtasida keng targʻib qilishni tashkil etish;
xorijiy va mamlakatimiz homiylarining muruvvat xayriya yordami mablagʻlarini jalb qilish va toʻplash ishlarini faol olib borish;
jamoat va nodavlat tuzilmalarining sogʻlom avlodni shakllantirishga qaratilgan, ona va bola sogʻligini muhofaza qilish bilan bogʻliq vazifalarni hal etishga doir saʼy-harakatlarini muvofiqlashtirish;
respublikaning butun hududida aholini sogʻlom avlod tugʻish, tarbiyalash va onalik va bolalikni muhofaza qilish masalalari boʻyicha yalpi oʻqitish tizimini tashkil etishga, aholining tibbiy madaniyatini oshirishga qaratilgan kompleks ijtimoiy va tashviqot-targʻibot dasturlarini tashkil etish, ishlab chiqish va amalga oshirish yoʻli bilan ijtimoiy ongda toʻlaqonli, uygʻun rivojlangan va sogʻlom avlod tugʻilishi va tarbiyalanishi uchun yuksak javobgarlik psixologiyasi shakllantirilishiga koʻmaklashish;
aholining ehtiyojmand qatlamlariga, eng avvalo koʻp bolali oilalarga, kamqonlik kasalligiga duchor boʻlgan ayollarga, nogiron bolalarga hamda bolalar, mehribonlik uylari va internatlarda tarbiyalanayotgan bolalarga muruvvat yordami koʻrsatish;
tugʻishga yordam beruvchi va bolalar muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga, ularni ixtisoslashtirilgan asbob-uskunalar bilan jihozlashga, yalpi samarali davolash vositalari bilan taʼminlashga koʻmaklashish;
bolalarning sogʻligini mustahkamlash, bilim olishlari va ularni tarbiyalash uchun shart-sharoitlarni yaxshilash chora-tadbirlarini amalga oshirish;
“Mehribonlik” uylarida, maktab-internatlarda va ixtisoslashtirilgan maktablarda tarbiyalanayotgan bolalarga yordam koʻrsatish;
onalik va bolalikni muhofaza qilish, sogʻlom avlodni tarbiyalash ishida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va chuqurlashtirish.
9. Qayd etib oʻtilgan vazifalarga erishish uchun Jamgʻarma quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha faoliyat koʻrsatadi:
tibbiyot, ovqatlanish, ekologiya sohalarida hamda onalik va bolalikning hayotiy ehtiyojlarini qondirish boʻyicha boshqa yoʻnalishlar sohasida yangi texnologiyalar, texnika va asbob-uskunalar joriy etilishini tashkil etish;
ona va bola hayot faoliyatining huquqiy, axloqiy-etik, ijtimoiy-ruhiy shart-sharoitlarini takomillashtirishga koʻmaklashish;
respublikada bolalar oziq-ovqatini yaxshilash, uning sanoat yoʻli bilan ishlab chiqarilishini koʻpaytirish;
tugʻruqxona komplekslariga, qishloq vrachlik punktlariga, bolalar uylariga, ayollar maslahatxonalariga va onalik bilan bogʻliq boʻlgan boshqa muassasalarga vasiylik va gʻamxoʻrlik qilishni amalga oshirish;
aholining tibbiy madaniyatini oshirish uchun Jamgʻarma huzurida Maslahat kengashi faoliyatini tashkil etish;
Jamgʻarmaning yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan filiallarini tashkil etish;
onalik va bolalikni muhofaza qilishning eng dolzarb muammolarini hal etish uchun Jamgʻarma huzurida ixtisoslashtirilgan korxonalar va tashkilotlar tashkil etish.
III. JAMGʻARMANING HUQUQLARI VA BURChLARI
10. Jamgʻarma qayd etib oʻtilgan vazifalarni va faoliyat yoʻnalishlarini taʼminlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq quyidagi huquqlarga ega boʻladi:
oʻz vakolati doirasida yuridik va jismoniy shaxslar bilan huquqiy aktlarni mustaqil amalga oshirish;
keng tushuntirish ishlari yordamida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va xorijiy fuqarolarning, jamoat tashkilotlarining, banklarning, korxonalar va firmalarning ham pul mablagʻlari koʻrinishida, ham adabiyot va sanʼat asarlari, ilmiy va loyiha ishlanmalari, mashinalar, asbob-uskunalar, inshootlar va boshqa moddiy boyliklar koʻrinishidagi koʻngilli ulushlarini jalb etish;
davlat tashkilotlari bilan hamda boshqa tashkilotlar, korxonalar, muassasalar va firmalar bilan birgalikda oʻz loyiha va dasturlarini amalga oshirish;
milliy va erkin almashtiriladigan valyutada kreditlar olish, oʻz nomidan shartnomalar va kontraktlar tuzish, mulkiy huquqlarga ega boʻlish, sudda daʼvogar va javobgar boʻlish;
Ustavda koʻrsatilgan oʻz vazifalarini bajarish uchun ishlab chiqarish, ilmiy va boshqa korxonalar, tashkilotlar va firmalar, shu jumladan xorijiy sheriklar bilan birgalikda, vaqtinchalik tarkibiy boʻlinmalar tashkil etish;
innovatsiya loyihalarini ishlab chiqish va joriy etish;
yuridik va jismoniy shaxslarga injiniring, maslahat, axborot xizmatlari va xizmatlarning boshqa turlarini koʻrsatish;
noshirlik, axborot, madaniy-maʼrifiy faoliyatni amalga oshirish;
koʻrgazmalar, savdo-sotiq yarmarkalari, tovarlar, mahsulotlar (ishlar, xizmatlar), sanʼat asarlari kim oshdi savdolari, telemarafonlar, konsertlar va boshqa tomosha tadbirlari oʻtkazish;
lotereyalar chiqarish;
Jamgʻarma maqsadlari va vazifalariga muvofiq tanlovlar oʻtkazish hamda mukofotlar taʼsis etish;
oʻz maqsadlari va vazifalariga muvofiq tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda milliy va xorijiy valyutalarda bank hisob raqamlariga ega boʻlish;
Jamgʻarma maqsadlarini taʼminlash uchun tibbiyot asbob-uskunalari va anjomlari, dori-darmonlar, bolalar ovqati va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarishni mablagʻ bilan taʼminlash;
belgilangan tartibda xalqaro jamoat tashkilotlariga va ixtisoslashtirilgan tashkilotlarga kirish, shuningdek amaliy aloqalarga kirishish.
11. Jamgʻarma:
“Sogʻlom avlod” davlat dasturini amalga oshirishda faol qatnashishi;
Jamgʻarma tomonidan safarbar qilinayotgan moliyaviy mablagʻlardan qatʼiy maqsadga muvofiq foydalanilishini taʼminlashi;
oʻziga qarashli korxonalar va tashkilotlarning faoliyati hamda oʻtkazilayotgan barcha tadbirlar ustidan maqsadga qaratilgan rahbarlikni va muntazam nazoratni taʼminlashi shart.
IV. JAMGʻARMA QATNAShChILARI
12. Davlat, jamoat, ilmiy va ijodiy tashkilotlar, birjalar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, banklar, aksiyadorlik jamiyatlari va uyushmalar, shu jumladan xorijiy, xalqaro tashkilotlar, shuningdek Jamgʻarmaning asosiy vazifalarini roʻyobga chiqarishda ixtiyoriy asosda qatnashuvchi boshqa jismoniy shaxslar (rezidentlar va norezidentlar) Jamgʻarmaning qatnashchilari hisoblanadilar.
V. BOShQARUV ORGANLARI
13. Jamgʻarma boshqaruvining yuqori organi Jamgʻarma qatnashchilarining konferensiyasi hisoblanadi. Konferensiya Jamgʻarma Ustaviga muvofiq faoliyatning asosiy yoʻnalishlarini belgilaydi.
Konferensiyada Jamgʻarma boshqaruvi, boshqaruv raisi, taftish komissiyasi saylanadi, Jamgʻarmaning ijrochi direktori tasdiqlanadi.
14. Jamgʻarma Ustavda koʻrsatilgan oʻz faoliyatini amalga oshirishiga har tomonlama koʻmaklashish, uning moddiy-texnika va moliyaviy bazasini mustahkamlash, shuningdek Jamgʻarma tomonidan safarbar etiladigan mablagʻlardan samarali foydalanish ustidan nazoratni amalga oshirish uchun Vasiylik kengashi tashkil etiladi.
Vasiylik kengashi yilning har choragida Jamgʻarma boshqaruvi raisining Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanilishi toʻgʻrisidagi hisobotini eshitishi va tasdiqlashi shart.
15. Nazorat-taftish komissiyasi Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi, Jamgʻarmaning, unga qarashli korxonalar va tashkilotlarning moliyaviy va xoʻjalik faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi.
16. Jamgʻarma boshqaruvi raisi va aʼzolari Jamgʻarma qatnashchilari konferensiyasi tomonidan saylanadi.
Jamgʻarma boshqaruvi raisi maqomiga va mehnatga haq toʻlash shartlariga koʻra Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosariga tenglashtiriladi.
17. Jamgʻarma boshqaruvi raisi Jamgʻarmaga rahbarlik qiladi hamda Jamgʻarma va mintaqaviy filiallar faoliyati uchun javob beradi, Jamgʻarma nomidan ishonchnomasiz ish koʻradi, boshqa yuridik shaxslar, shu jumladan xorijiy yuridik shaxslar bilan munosabatlarda Jamgʻarma manfaatlarini ifodalaydi, boshqaruv qarorlarini imzolaydi.
Boshqaruv rais rahbarligi ostida:
Jamgʻarma faoliyatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha uning faoliyatini muvofiqlashtiradi;
Jamgʻarma markaziy apparati, uning mintaqaviy filiallari va vakolatxonalari faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi;
maqsadli dasturlar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini tashkil etadi;
har xil tashkilotlarda, shu jumladan xorijiy tashkilotlarda Jamgʻarma manfaatlarini ifodalaydi.
18. Jamgʻarma markaziy apparatining joriy faoliyatiga ijrochi direktor rahbarlik qiladi, u Jamgʻarma nomidan ishonchnomasiz ish koʻradi, oʻz vakolati doirasida buyruqlar chiqaradi, mehnat toʻgʻrisidagi qonunlarga muvofiq xodimlarni (Jamgʻarma boshqaruvi bilan kelishgan holda) ishga qabul qiladi va ishdan boʻshatadi, shtat jadvalini, markaziy apparat va mintaqaviy filiallarning joriy sarf-xarajatlari smetasini tasdiqlaydi, Jamgʻarma mablagʻlarini belgilangan tartibda tasarruf qiladi, yuridik va jismoniy shaxslar bilan shartnomalar tuzadi.
19. Jamgʻarma mintaqaviy filiallari rahbarlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining raisi, viloyatlar hokimlarining tavsiyasiga koʻra Vasiylik kengashi bilan kelishgan holda tayinlanadilar hamda maqomiga va mehnatga haq toʻlash shartlariga koʻra sogʻliqni saqlash mintaqaviy organlari rahbarlarining oʻrinbosarlariga tenglashtiriladilar.
20. Jamgʻarma markaziy apparatining shtatdagi xodimlari soni 18 nafar etib (xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari), mintaqaviy filiallar xodimlari soni esa 4 nafar etib belgilanadi.
Jamgʻarma apparati va uning mintaqaviy filiallarining sarf-xarajatlari Jamgʻarmaning oʻz mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
Jamgʻarma markaziy apparati va uning mintaqaviy filiallari xodimlarining lavozim maoshlarini belgilashda Yagona tarif setkasi boʻyicha quyidagi tarif razryadlari qoʻllaniladi:
| | |
|
Lavozimlar nomi |
Yagona tarif setkasi |
| Ijrochi direktor |
16 |
| Boʻlim boshligʻi |
14 |
| Bosh mutaxassis (muvofiqlashtiruvchi) |
12 |
| Etakchi mutaxassis |
11 |
| | |
VI. JAMGʻARMANING MOL-MULKI VA MABLAGʻLARI
21. Jamgʻarmaning mol-mulki asosiy vositalardan va Jamgʻarma qatnashchilarining badallari hamda boshqa tushumlar hisobiga Jamgʻarma tomonidan sotib olingan boshqa aktivlardan shakllanadi.
22. “Sogʻlom avlod uchun” hukumatga qarashli boʻlmagan xalqaro xayriya jamgʻarmasining pul mablagʻlari:
Jamgʻarma qatnashchilarining pul badallaridan;
budjetdan tashqari jamgʻarmalar ajratiladigan mablagʻlardan;
Oʻzbekiston Respublikasining ham rezidentlari, ham norezidentlari boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslarning, shuningdek xalqaro tashkilotlarning homiylik mablagʻlaridan;
Jamgʻarma faoliyatidan, shuningdek Jamgʻarma oldiga qoʻyilgan vazifalarni hal etish maqsadida u tomonidan tashkil etilgan korxonalar va tashkilotlar faoliyatidan olingan daromadlardan;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa tushumlardan shakllanadi.
23. Jamgʻarmaning daromadlari va xarajatlari yillik smetasi Jamgʻarma boshqaruvining taqdimnomasiga koʻra Vasiylik kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Jamgʻarma mablagʻlari birinchi navbatda tegishli davlat dasturlari va Hukumat qarorlari bilan nazarda tutilgan tadbirlarga, eng avvalo “Sogʻlom avlod” davlat dasturini amalga oshirishga sarflanadi.
Jamgʻarma mintaqaviy filiallari hisob raqamlaridagi mablagʻlar qoldigʻi kalendar yil oxiridagi holatiga koʻra uch kun muddatda ularni Jamgʻarma markaziy apparatining maxsus hisob raqamiga oʻtkazish yoʻli bilan toʻplanadi va undan navbatdagi kalendar yilda maqsadli xarajatlarni mablagʻ bilan taʼminlash uchun foydalanilishi mumkin.
24. Jamgʻarma soliqlar, yigʻimlar va toʻlovlarni amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq toʻlaydi.
25. Jamgʻarma va uning mintaqaviy filiallari oʻz majburiyatlari boʻyicha oʻziga tegishli barcha mol-mulk bilan javob beradi.
Davlat Jamgʻarma majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi, Jamgʻarma esa davlat majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi.
26. Jamgʻarmaning mulkiy huquqlari Oʻzbekiston Respublikasining jamoat tashkilotlari uchun belgilangan qonun hujjatlariga muvofiq himoya qilinadi.
VII. JAMGʻARMANI TUGATISh
27. Jamgʻarma faoliyati Jamgʻarma konferensiyasining qaroriga koʻra yoki qonun hujjatlarida belgilangan hollarda toʻxtatiladi.
28. Tugatilgan Jamgʻarmaning kreditorlarning talablari qondirilgandan keyin qolgan mol-mulki davlat ixtiyoriga oʻtadi.