O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Tovar bozorlari konyunkturasini o‘rganish hamda investitsiya loyihalari va dasturlarini ekspertizadan o‘tkazish Respublika markazi faoliyatining ayrim masalalari to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-fevraldagi PQ-3550-sonli “Loyihaoldi, loyiha, tender hujjatlari va kontraktlarni ekspertizadan o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Tovar bozorlari konyunkturasini o‘rganish hamda investitsiya loyihalari va dasturlarini ekspertizadan o‘tkazish Respublika markazining samarali faoliyatini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Tovar bozorlari konyunkturasini o‘rganish hamda investitsiya loyihalari va dasturlarini ekspertizadan o‘tkazish Respublika markazining (keyingi o‘rinlarda Respublika markazi deb ataladi) asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib belgilansin:
umuman respublika va hududlar bo‘yicha tovarlar bozori konyunkturasini o‘rganish;
iste’mol tovarlarining alohida turlari va nomenklaturasi bozorlari konyunkturasini o‘rganish;
umuman va asosiy tovarlar guruhlari bo‘yicha iste’mol bozorining holati to‘g‘risida har oylik tahliliy ma’lumotlarni hamda har choraklik konyunktura obzorlarini tayyorlash;
iste’mol bozorini aholi ehtiyoji yuqori bo‘lgan tovarlar bilan to‘ldirishga doir tavsiyalar va takliflar tayyorlash;
iste’mol bozorining qisqa muddatli prognozlarini ishlab chiqish;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar, shu jumladan xorijiy sarmoyalar ishtirokidagi korxonalar buyurtmalari bo‘yicha, shartnoma asosida marketing va konyunktura tadqiqotlari o‘tkazish;
kontraktlar tuzish bosqichida tashkilotlar uchun iste’mol tovarlarini va ishlab chiqarish maqsadlaridagi mahsulotlarni import qilishning maqbul variantini tanlash yuzasidan, shu jumladan xarid qilishning maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida qarorlar qabul qilish uchun tavsiyalar ishlab chiqish;
tashkilotlarning buyurtmalari bo‘yicha iste’mol tovarlari va ishlab chiqarish maqsadlaridagi mahsulotlar importining, xarid qilish-sotishning maqbul variantini tanlash bo‘yicha marketing va maslahat xizmatlari ko‘rsatish;
loyihalarni Mahalliylashtirish dasturiga kiritish uchun tashabbuskor tashkilotlar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlarni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi topshirig‘iga binoan ko‘rib chiqish;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlar tomonidan taqdim etiladigan investitsiya (TIA/DTIA, TIA/DTIH) loyihalarini O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi topshirig‘iga binoan ko‘rib chiqish.
2. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Tovar bozorlari konyunkturasini o‘rganish hamda investitsiya loyihalari va dasturlarini ekspertizadan o‘tkazish Respublika markazi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Tovar bozorlari konyunkturasini o‘rganish hamda investitsiya loyihalari va dasturlarini ekspertizadan o‘tkazish Respublika markazining boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 19 nafardan iborat bo‘lgan tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga, zarurat bo‘lganda, Respublika markazi tuzilmasiga boshqaruv xodimlarining belgilangan soni doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining Respublika markazi huzurida Axborot ta’minotini tashkil etish va tovar bozorlarida marketing tadqiqotlarini o‘tkazish hamda moddiy rag‘batlantirish budjetdan tashqari jamg‘armasini (keyingi o‘rinlarda Budjetdan tashqari jamg‘arma deb ataladi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
4. Quyidagilar Respublika markazini mablag‘ bilan ta’minlash manbalari etib belgilansin:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti — Respublika markazi xodimlari mehnatiga qonunchilikda belgilangan miqdorda haq to‘lash xarajatlari bo‘yicha;
Budjetdan tashqari jamg‘arma — boshqa xarajatlar bo‘yicha.
5. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Budjetdan tashqari jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
6. Respublika markazi direktori lavozim maoshi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining bo‘lim boshlig‘iga tenglashtirilsin.
7. Respublika markazi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining Toshkent sh., O‘zbekiston ko‘chasi, 45a-uy manzilidagi binosiga joylashtirilsin.
8. Quyidagilar:
Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Istiqbolni belgilash va statistika davlat qo‘mitasi huzurida Tovar bozorlari konyunkturasini o‘rganish markazini tashkil etish to‘g‘risida” 1996-yil 23-yanvardagi 35-son qarori;
Vazirlar Mahkamasining “Tovar bozorlari konyunkturasini o‘rganish markazini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Istiqbolni belgilash va statistika davlat qo‘mitasi huzuridagi Tovar bozorlari konyunkturasini o‘rganish respublika markaziga aylantirish to‘g‘risida” 1996-yil 14-avgustdagi 286-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 7-may,
113-son
Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 7-maydagi 113-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Tovar bozorlari konyunkturasini o‘rganish hamda investitsiya loyihalari va dasturlarini ekspertizadan o‘tkazish Respublika markazi to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Tovar bozorlari konyunkturasini o‘rganish hamda investitsiya loyihalari va dasturlarini ekspertizadan o‘tkazish Respublika markazi (keyingi o‘rinlarda Respublika markazi deb ataladi) tovar bozorlarini tizimli o‘rganish, iste’mol bozorining qisqa muddatli prognozlarini ishlab chiqish, uni to‘ldirish chora-tadbirlarini belgilash, iste’mol va ishlab chiqarish maqsadlaridagi import mahsulotlarni xarid qilishda maqbul variantni tanlashga oid xizmatlar ko‘rsatish maqsadida tashkil etilgan.
2. Respublika markazi davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi, alohida mol-mulkka, mustaqil balansga, banklarda hisob-kitob va valyuta hisobiga, o‘z nomi yozilgan dumaloq muhrga, ish qog‘ozlari va shtampga ega bo‘ladi.
3. Respublika markazi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, boshqa qonun hujjatlariga va mazkur Nizomga amal qiladi.
4. Respublika markazi quyidagi firma nomiga ega bo‘ladi:
davlat tilida — O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Tovar bozorlari konyunkturasini o‘rganish hamda investitsiya loyihalari va dasturlarini ekspertizadan o‘tkazish Respublika markazi (qisqacha — Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Respublika markazi);
rus tilida — Respublikanskiy tsentr po izucheniyu kon’yunkturi tovarnix rinkov i ekspertizi investitsionnix proyektov i programm pri Ministerstve ekonomiki Respubliki Uzbekistan (qisqacha — Respublikanskiy tsentr pri Ministerstve ekonomiki).
5. Respublika markazi o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining topshiriqlari va buyurtmalari, tashkilotlarning buyurtmanomalari, shuningdek ilmiy ishlar va xizmatlardan foydalanuvchilar bilan tuziladigan shartnomalar asosida amalga oshiradi.
II. Respublika markazining vazifalari va funksiyalari
6. Quyidagilar Respublika markazining asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari hisoblanadi:
umuman respublika va hududlar bo‘yicha tovarlar bozori konyunkturasini o‘rganish;
iste’mol tovarlarining alohida turlari va nomenklaturasi bozorlari konyunkturasini o‘rganish;
umuman va asosiy tovarlar guruhlari bo‘yicha iste’mol bozorining holati to‘g‘risida har oylik tahliliy ma’lumotlarni hamda har choraklik konyunktura obzorlarini tayyorlash;
iste’mol bozorini aholi ehtiyoji yuqori bo‘lgan tovarlar bilan to‘ldirishga doir tavsiyalar va takliflar tayyorlash;
iste’mol bozorining qisqa muddatli prognozlarini ishlab chiqish;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar, shu jumladan xorijiy sarmoyalar ishtirokidagi korxonalar buyurtmalari bo‘yicha, shartnoma asosida marketing va konyunktura tadqiqotlari o‘tkazish;
kontraktlar tuzish bosqichida tashkilotlar uchun iste’mol tovarlarini va ishlab chiqarish maqsadlaridagi mahsulotlarni import qilishning maqbul variantini tanlash yuzasidan, shu jumladan xarid qilishning maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida qarorlar qabul qilish uchun tavsiyalar ishlab chiqish;
tashkilotlarning buyurtmalari bo‘yicha iste’mol tovarlari va ishlab chiqarish maqsadlaridagi mahsulotlar importining, xarid qilish-sotishning maqbul variantini tanlash bo‘yicha marketing va maslahat xizmatlari ko‘rsatish;
loyihalarni Mahalliylashtirish dasturiga kiritish uchun tashabbuskor tashkilotlar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlarni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi topshirig‘iga binoan ko‘rib chiqish;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlar tomonidan taqdim etiladigan investitsiya (TIA/DTIA, TIA/DTIH) loyihalarini O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi topshirig‘iga binoan ko‘rib chiqish.
7. Respublika markazi o‘ziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun:
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek boshqa tashkilotlar buyurtmalari bo‘yicha tahliliy obzorlarni, shuningdek tovar bozorlari konyunkturasiga oid ma’lumotnomalarni tayyorlaydi;
shakllanayotgan konyunkturadan kelib chiqqan holda, aniq turlardagi tovarlarni respublikaga olib kirishning maqsadga muvofiqligini baholash bo‘yicha tahliliy ishlarni amalga oshiradi va tegishli tavsiyalar tayyorlaydi;
loyihalarni Mahalliylashtirish dasturiga kiritish uchun tashabbuskor tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi topshirig‘iga binoan ko‘rib chiqadi;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek boshqa tashkilotlar tomonidan taqdim etiladigan investitsiya (TIA/DTIA, TIA/DTIH) loyihalarini O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi topshirig‘iga binoan ko‘rib chiqadi.
III. Respublika markazining huquq va majburiyatlari
8. Respublika markazi o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
tovar bozorlari konyunkturasini o‘rganish sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish, shuningdek tarmoq loyihalarida va xalqaro loyihalarda qatnashish;
qo‘shma seminarlar, simpoziumlar tashkil etish va o‘tkazish, shuningdek xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda marketing va konyunktura tadqiqotlari sohasida tadqiqot dasturlarini amalga oshirish;
marketing va konyunktura tadqiqotlari bo‘yicha uslubiy tavsiyalarni ishlab chiqish;
tovar bozori konyunkturasini, talab va taklifni o‘rganish maqsadida tashkilotlar va aholi o‘rtasida savol-javoblarni va boshqa sotsiologik so‘rovlarni tashkil etish va amalga oshirish, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining hududiy organlari xodimlarini, shuningdek intervyu beruvchilar va respondentlarni shartnoma asosida jalb etish;
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, respublika ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan hamkorlikda, yirik ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etish uchun prognoz hujjatlarini, kompleks va maqsadli dasturlarni ishlab chiqishda qatnashish;
tovar bozorlari konyunkturasini o‘rganish sohasidagi xorijiy tajribani o‘rganish va umumlashtirish;
tovar bozorlarining muhim muammolarini hal etish maqsadida respublika va xorijiy mamlakatlar ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan ilmiy hamkorlik qilish;
tovar bozorlari konyunkturasini o‘rganish muammolari yuzasidan kengashlar, o‘quv kurslari va konsultatsiyalar berishni tashkil etish va o‘tkazish;
Respublika markazining ish sohasi bo‘yicha noshirlik faoliyatini amalga oshirish, ma’lumotnomalar, konyunktura obzorlari va boshqa zarur axborot materiallarini nashr etish va tarqatish;
Respublika markazi faoliyati xususiyatidan kelib chiquvchi konsultatsiya, axborot xizmatlari va boshqa xizmatlar ko‘rsatish;
investitsiya loyihalari va dasturlarini, shuningdek tashkilotlarning biznes-rejalarini ishlab chiqish va ekspertizaga qabul qilish;
Respublika markazi faoliyatini yaxshilashga yordam beradigan filiallarni tashkil etish;
Respublika markazining asosiy faoliyati bilan bog‘liq muammolarni yanada chuqur tahlil etish uchun, asosiy vazifalarga zarar yetkazmagan holda, tanlov grantlari, tashkilotlar buyurtmalari tomonidan moliyalashtiriladigan ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish;
bozorni iste’mol tovarlari va ishlab chiqarish maqsadlaridagi mahsulotlar bilan to‘ldirishga yordam beradigan kontraktlar tuzishga shartnoma asosida ko‘maklashish;
Respublika markazining faoliyati yo‘nalishlari bo‘yicha tashqi iqtisodiy faoliyatni, shu jumladan xorijiy tadqiqot tashkilotlari va eksport qiluvchilar bilan to‘g‘ridan to‘g‘rialoqalar asosida, amalga oshirish;
Respublika markaziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun zarur bo‘lgan axborotlarni davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlaridan, birja va tijorat banklaridan olish;
Respublika markazining asosiy vazifalarini bajarish doirasida, uning faoliyati uchun zarur bo‘lgan texnik vositalar, asbob-uskunalar, nou-xau va boshqa mahsulotlarni sotib olish;
mamlakatimizdagi va xorijiy tashkilotlar bilan marketing va konyunktura tadqiqotlari o‘tkazish, xizmat ko‘rsatish yuzasidan shartnomalar tuzish;
tashkilotlar buyurtmasiga asosan iste’mol tovarlari va ishlab chiqarish maqsadlaridagi mahsulotlarni import qilishning, sotib olish-sotishning maqbul variantini tanlash bo‘yicha tavsiyalarni ishlab chiqish va taqdim etish tartibini belgilash;
Respublika markazi sohasi bo‘yicha o‘zaro bog‘liq reja va dasturlar yuzasidan muhim ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etish maqsadida respublika va xorijiy mamlakatlar ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan ilmiy hamkorlikni amalga oshirish;
konyunktura obzorlarini va ilmiy-uslubiy adabiyotlarni ayirboshlash, faoliyat sohasi o‘xshash boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qilish;
ilmiy xodimlarni tayyorlashni, shuningdek stajirovkalar orqali, shuningdek mutaxassislarni xorijiy mamlakatlarga yuborib ularning malakasini oshirishni tashkil etish;
yuridik va jismoniy shaxslardan homiylik (beg‘araz) yordami olish;
mahalliylashtirish va investitsiya loyihalari bo‘yicha hujjatlarni ko‘rib chiqishda loyiha tashabbuskorlaridan qo‘shimcha ma’lumotlarni so‘rab olish, shuningdek, zarurat bo‘lganda, ular bilan amaliy kengashlar o‘tkazish.
9. Respublika markazi:
iste’mol bozorining ahvoli to‘g‘risidagi konyunktura obzorlarini va tahliliy ma’lumotnomalarni o‘z vaqtida tayyorlashni;
ham O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi uchun, ham tashkilotlarning buyurtmalari bo‘yicha bajariladigan tahliliy ishlanmalarning yuqori sifatli va ilmiy asoslangan bo‘lishini;
tashkilotlarning buyurtmalari asosida iste’mol tovarlarining aniq turlarini va ishlab chiqarish maqsadlaridagi mahsulotlarni import qilish yuzasidan maqbul variantni tanlash va uning maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi tavsiyalarning o‘z vaqtida tayyorlanishini;
iste’mol bozori konyunkturasi qisqa muddatli prognozlarining iqtisodiy asoslanganligini;
iste’mol tovarlari va ishlab chiqarish maqsadlaridagi mahsulotlar importining maqbul variantlarini tanlash yuzasidan buyurtmachilar oldidagi majburiyatlarning so‘zsiz bajarilishini;
mahalliylashtirish, investitsiya loyihalari va dasturlari hujjatlarining belgilangan muddatda ko‘rib chiqilishini ta’minlashga majbur.
IV. Respublika markazi direktorining majburiyatlari va huquqlari
10. Respublika markazi direktori O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi.
11. Respublika markazi direktori qonunchilikka, mazkur Nizomga va O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining buyruqlariga hamda vazirlik hay’ati qarorlariga muvofiq Respublika markazi faoliyatiga rahbarlik qiladi va uning natijalari uchun shaxsan javob beradi.
12. Direktor:
Respublika markazi tomonidan amalga oshiriladigan ishlanmalarning yuksak ilmiy-uslubiy darajasi va sifatini;
tovar bozori konyunkturasini tahlil etish va prognoz qilish uchun Respublika markazi mutaxassislari malaka va kasbiy darajasining doimiy oshib borishini;
Respublika markazi mutaxassislariga nisbatan qo‘yiladigan malaka talablari ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini, ularning vakolatlari va funksional vazifalarini belgilashni;
Respublika markazi ijtimoiy rivojlanish masalalarining hal etilishini, xodimlarining mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilashni ta’minlashga majbur.
13. Respublika markazi direktori quyidagi huquqlarga ega:
Respublika markazi faoliyatiga rahbarlikni o‘zi ishlab chiqqan va O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi hay’ati tasdiqlagan joriy va istiqbol rejalari hamda dasturlar asosida mustaqil ravishda belgilash va amalga oshirish;
Respublika markazi xodimlari bilan mehnat shartnomalari tuzish;
Respublika markazi xodimlarining lavozim maoshiga shaxsiy ustamalarni belgilash va olib tashlash;
Respublika markazi sohasiga muvofiq bo‘lgan tashabbuskorlik va izlanishlar bo‘yicha tadqiqotlar mavzuini ishlab chiqish;
mamlakatimizdagi va xorijiy tashkilotlarda Respublika markazi manfaatlarini ifodalash;
Respublika markazi mol-mulki va mablag‘larini belgilangan tartibda tasarruf etish;
yuridik va jismoniy, shuningdek xorijiy shaxslar bilan shartnomalar tuzish;
tarkibiy bo‘linmalar rahbarlarining shaxsiy javobgarlik darajasini belgilash;
Respublika markazi faoliyatini ta’minlash uchun boshqa xo‘jalik masalalarini hal etish.
V. Respublika markazini moliyalashtirish manbalari, uning mol-mulki va foydadan foydalanish
14. Respublika markazining ta’minoti quyidagi mablag‘lar hisobiga amalga oshiriladi:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti — qonunchilikda nazarda tutilgan miqdorda Respublika markazi xodimlari mehnatiga haq to‘lash xarajatlari bo‘yicha;
Budjetdan tashqari jamg‘arma — boshqa xarajatlar bo‘yicha.
Respublika markazi xodimlari mehnatiga haq to‘lash, shu jumladan lavozim maoshlari, lavozim maoshiga 20 foiz ustamalar (rag‘batlantirish koeffitsiyenti), shuningdek mukofotlash va moddiy yordam ko‘rsatish xarajatlari qonunchilikda nazarda tutilgan shartlar asosida O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
15. O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari, shuningdek shartnoma asosida bajariladigan ishlar va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun olingan daromadlar va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar Respublika markazi mol-mulkini shakllantirish manbalari hisoblanadi.
VI. Yakunlovchi qoidalar
16. Respublika markazi belgilangan tartibda buxgalteriya, statistika hisobi va hisobotini yuritadi.
17. Respublika markazini qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 7-maydagi 113-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Tovar bozorlari konyunkturasini o‘rganish hamda investitsiya loyihalari va dasturlarini ekspertizadan o‘tkazish Respublika markazining
TUZILMASI
Boshqaruv xodimlarining cheklangan umumiy soni — 19 kishi (yordamchi va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlardan tashqari).
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2015-y., 19-son, 232-modda)